Tadbirkor kelajak faoliyati uchun 20 dan ortiq qonuniy brend oldi

    Ijtimoiy hayot 30 Yanvar 2023 1547

    Avvallari nafaqat fuqarolar, balki tadbirkorlik bilan shugʻullanuvchi ishbilarmonlar ham intellektual mulk, qonuniy brend va tovar belgilari haqida juda kam maʼlumotga ega edilar. Hozirgi kunga kelib intellektual mulk huquqlari, kontrafakt mahsulotlarni ishlab chiqarish va ularning muomalasi haqida har bir fuqaroda yetarli tushuncha va bilimlar shakllanib ulgurdi.

    Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi intellektual mulkni himoya qilish sohasida 2021-yil davomida murojaatlar 150 tani tashkil etgan boʻlsa, 2022-yilda boshqarma tomonidan 200 dan ortiq aholi shikoyatlari ish yurituviga olingan va 197 ta murojaatlar ijobiy qanoatlantirilgan.

    — Biz oʻn yildan buyon gilam mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanamiz, — deydi Qoʻqon shahrida faoliyat yuritayotgan tadbirkor Otabek Mirsodiqov. — Soʻngi bir yil davomida faoliyatimiz kengayib, vodiy viloyatlarida minglab mijozlarning eʼtiborini qozondik. Adliya boshqarmasiga murojaat qilib oʻz brendimizga qonunan ega boʻldik. Avval ham bu borada harakatlar boshlangan edi. Lekin Toshkentga bordi-keldi masalalarida ancha vaqt yoʻqotar edik. Endilikda bu imkoniyatlar birgina adliya boshqarmasining oʻzida ortiqcha sansalorliklarsiz bitmoqda.

    Elmurod Mirzayev Fargʻonadagi kredit asosida savdo qiluvchi yiriq tarmoqning marketing boʻlimi boshligʻi. U faoliyat koʻrsatayotgan doʻkonlar tarmogʻining mamlakatimiz boʻylab 60 ga yaqin filiallari ishlab turibdi.

    — 2021-yilda Toshkentdan 2 ta brend oldik, — deydi Elmurod Mirzayev. Biroq shu ikki dona brend belgisi uchun 1 yil vaqt ketdi. Fargʻonadan Toshkentga necha marta borib kelganimni eslolmayman. Lekin biz oʻz doʻkonlarimiz nomini qonuniylashtirib, kelajakda 10 dan ortiq yoʻnalishlar uchun ham brend -savdo belgisini olib qoʻymoqchi edik. Ana shu niyatlarimiz shu yilda amalga oshdi. Hammasi osonlashib ketdi. Fargʻona adliya boshqarmasiga murojaat qildik va onlayn tarzda ariza yuborish yoʻli bilan 20dan ortiq brendlarimizga qonunan ega boʻldik.

    Shu kunga qadar viloyatda faoliyat olib borayotgan 200 dan ortiq tadbirkorlik subyektlariga xizmat koʻrsatish va oʻz tovar belgisi, oʻz intellektual mulk obyektlarining davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi bilan bogʻliq faoliyatlariga, oʻz brendlariga ega boʻlishlari uchun koʻmak berildi.

    Hozirgi kunda Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi oʻzganing tovar belgisi yoki xizmat koʻrsatish belgisidan noqonuniy foydalanayotgan yoki kontrafakt mahsulotlarni realizatsiya qilayotgan ayrim yuridik va jismoniy shaxslar faoliyatiga chek qoʻyish borasida ham aytarli natijalarga erishyapti. Masalan, 2022-yilda shu yoʻnalishda 75 ta tadbirkorlik subyektlariga nisbatan taqdimnoma, 51 nafar tadbirkorlarga ogohnoma taʼsir choralari qoʻllanildi.

    Oʻzganing tovar belgisidan yoki mualliflik huquqidan noqonuniy foydalangan 16 ta holatga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, tegishli tartibda jinoyat ishlari boʻyicha sudlar tomonidan maʼmuriy jarima jazo choralari qoʻllanildi.

    — Hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Fargʻonada faoliyat olib borayotgan 38 ta yirik bozorlar va boshqa savdo obyektlarida 73 marotaba profilaktik kuzatuv-monitoring tadbirlari oʻtkazdik, — deydi Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi boʻlim bosh maslahatchisi Umidjon Nazirov. Monitoringlar davomida 50 dan ziyod kontrafakt mahsulotlari aniqlanib, ushbu mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilariga va realizatsiya qiluvchi sotuvchilarga huquqiy tushuntirishlar berildi.

    Bugungi taraqqiyot davrida zamon va qarashlar tinimsiz yuksalib boryapti. Bu esa barcha tizimlarga boshqa rakurslardan qarash va fikrlash masʼuliyati yukladi. Shuningdek, intellektual mulk sohasida ham tadbirkorlik subyektlari, shoirlar, yozuvchilar va boshqa soha vakillari bilan yanada yaqindan hamkorlikda ishlar olib borilishi nazarda tutilgan.

    Elyorjon Ehsonov,

    Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi

    Jamoatchilik bilan aloqalar boʻyicha

    yetakchi maslahatchisi.