Tadbirkor maʼnaviyati: yangi davr talablariga javob berayaptimi?

    “Tadbirkor maʼnaviyati” tushunchasi nimani anglatadi? Aslida, alohida tadbirkor maʼnaviyati haqida gapirish mumkinmi? Jamiyat manfaatlariga mos tadbirkor maʼnaviyatini qanday shakllantirish mumkin?

    (Birinchi maqola)

    Bugungi kunda Prezidentimizning Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining 2023-yil 22-dekabr kuni boʻlib oʻtgan kengaytirilgan yigʻilishidagi maʼruzasi asosida jamiyatimiz maʼnaviy rivojini yanada yuksaltirishga xizmat qiladigan tizimli faoliyat dasturlari ishlab chiqilib, ularni bajarish yoʻllari belgilab olindi.

    Maʼruzaning “Maʼnaviyat hayotimizda yangi kuch, yangi harakatga aylanishi kerak” deb nomlangani bejiz emas, albatta. U jamiyatimizda yangi maʼnaviy makonni yaratish, gʻoyaviy barkamol avlodni voyaga yetkazish strategiyasining nafaqat joriy yil, balki kelgusi yillardagi faoliyati uchun ham tayanch hujjat vazifasini oʻtaydi.

    Ilmiy-nazariy jihatdan ushbu maʼruza hozirgi yangi bosqichdagi keng qamrovli maʼnaviy-maʼrifiy islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, jumladan, tadbirkorlar va mulkdorlar qatlamining butun jamiyat manfaatlariga mos yangi maʼnaviy qiyofasini shakllantirish yoʻnalishidagi ishlarning muhim dasturulamali ekanligi ham shubhasiz.

    Maʼruzada keyingi yillarda maʼnaviy hayotimizda erishilgan marralar sarhisobiga doir keltirilgan misollar va dalillar keng koʻlamli islohotlarning samarali amaliyoti va natijalari haqida aniq-tiniq tasavvur uchun manba hisoblanadi, bu boradagi moddiy asoslar tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.

    Ayni paytda, soʻnggi 3–-4-yilda xalqaro maydonda boʻlayotgan oʻzgarishlar dunyo iqtisodiyoti, jumladan, milliy iqtisodiyotimizga va yurtimizdagi tadbirkorlar faoliyatining baʼzi yoʻnalishlariga katta taʼsir oʻtkazmoqda. Turli ziddiyatlar tufayli logistika va mahsulot yetkazib berish zanjirida uzilishlar boʻlayotgani, hamkor mamlakatlar valyutasining qadrsizlangani, global miqyosda inflyatsiya darajasi yuqori boʻlib qolayotgani, moliyaviy resurslarning ilgarigiga nisabatan kamayib borayotgani va qimmatlashayotgani kabi omillar taʼsirini soha vakillari sezib turibdi.

    Bunday murakkab sharoitda muammolarni bevosita biznes vakillarining oʻzidan eshitib, ularga birgalikda yechim topish va bu orqali tezkorlik bilan qaror qabul qilish eng toʻgʻri yoʻldir. Bundan uch yil oldin yaxshi bir tajriba – Tadbirkorlar kuni arafasida Prezidentimizning sohaning eng ilgʻor vakillari bilan ochiq muloqot shaklidagi uchrashuvlari, yaʼni toʻplanib qolgan masalalarga birgalikda yechim topish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgani va ushbu anʼana davom etayotgani bunga yaqqol dalil.

    TADBIRKORLIK ODIMLARI

    Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki yillardanoq tadbirkorlik va ishbilarmonlik harakatiga keng yoʻl ochilib, mulkchilik munosabatlari oʻzgardi, tadbirkorlar va mulkdorlar qatlami shakllana boshladi. Oʻtgan oʻn yilliklarda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal demokratik partiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va “Tadbirkor ayol” uyushmasi kabi tashkilotlarning paydo boʻlgani ana shu serqirra jarayonning natijasidir.

    Oʻzbekiston taraqqiyotining hozirgi yangi davrini boshlab bergan keyingi yillarda tadbirkorlik va mulkdorlik bilan bogʻliq masalalarga yanada katta eʼtibor berilmoqda va bu bejiz emas. Negaki, jahon xalqlari va zamonaviy ilgʻor mamlakatlar iqtisodiyotining natijadorligi, harakatchanligi va dinamikligini taʼminlash va rivojlantirishda tadbirkorlarning oʻziga xos oʻrni borligi allaqachon isbotlangan. U bugungi taraqqiy etgan mamlakatlar hayotining asosiy elementlaridan va bizning yurtimiz iqtisodiyoti uchun ham eng muhim omillardan biri sifatida oʻz samaradorligini koʻrsatmoqda.

    Alohida taʼkidlash joizki, ishbilarmon doiralar vakillari boʻlgan tadbirkorlik va mulkdorlik subyektlari uchun 2023-yil alohida ahamiyatga ega boʻldi. Xususan, oʻtgan yilning 18-avgust kuni Oʻzbekiston tarixida uchinchi marta Prezidentimizning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti boʻlib oʻtdi.

    Mazkur tadbirda belgilangan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2023-yildagi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi va ushbu hujjat bilan 42 ta banddan iborat “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi. Unda tadbirkorlikni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha 57 ta tashabbus ilgari surilgan. Qaror bilan 5 ta yoʻnalish boʻyicha tasdiqlangan “yoʻl xaritasi”ga asosan 11 ta qonun, Prezidentimizning 1 ta farmoni, 15 ta qarori, Vazirlar Mahkamasining 10 ta qarori, 10 ta amaliy chora-tadbir, 3 ta chora-tadbir rejasi hamda 1 ta Shaharsozlik normalari va qoidalari qabul qilinishi belgilandi.

    Oʻtgan bir yilda kichik tadbirkorlar soni 40 mingtaga koʻpayib, 490 mingtaga, oʻrta tadbirkorlar soni 2 mingtaga oshib, 10 mingtaga yetdi, yirik korxonalar soni esa bir yilda 400 taga koʻpayib, 1,5 mingta boʻldi. Bu koʻrsatkich Toshkent viloyatida 38 ming 876 taga, Samarqand viloyatida 37 ming 680 taga, Fargʻona viloyatida 36 ming 359 taga yetdi. Tadbirkorlik subyektlarining soni har 1000 aholiga 14,1 tani tashkil etyapti. Bu koʻrsatkich Samarqand viloyatida 11,8 ta, Toshkent viloyatida 15,2 ta, Fargʻonada 11,9 ta. 2023-yilning yanvar-sentyabr oylarida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda kichik tadbirkorlikning ulushi 25,9 foizni tashkil qildi.

    Bularning barchasi ushbu sohaga alohida eʼtibor qaratilayotgani, islohotlar aniq-tiniq amalga oshirilayotgani bilan izohlanadi. Bunda quyidagi yoʻnalishlar nihoyatda muhim ahamiyat kasb etmoqda:

    Birinchidan, biznes subyektlari mikro, kichik, oʻrta va yirik toifalarga boʻlindi va ularning har biri bilan alohida yondashuvlar asosida ishlash tizimi yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, tuman va shaharlar ham 5 toifaga ajratildi, 60 tumanga alohida soliq, kredit va moliyaviy yordam rejimlari joriy qilindi. Natijada bu tumanlardagi tadbirkorlar qariyb 1 trillion soʻm imtiyozlardan foydalandi. Buning hisobidan 20 tumandagi tadbirkorlarning daromadi 1,5–2 barobar oshdi.

    Ikkinchidan, qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarish muddati qisqartirilib, 2022-yil 1-avgustdan 2023-yil 1-avgustgacha 6 mingta korxonaga 20 trillion soʻm qaytarib berildi. Ayniqsa, eksportdan valyuta tushumini kutmasdan, qoʻshilgan qiymat soligʻini intizomli eksportchi korxonalarga qaytarib berish tartibi joriy qilingani natijasida 2 mingdan ziyod tadbirkorning hisob raqamiga 7 trillion soʻm kelib tushdi. Eng muhimi, ushbu soliq stavkasining 12 foizga tushirilgani hisobidan qoʻshilgan qiymat zanjiri ishtirokchilari soni 26 mingtaga koʻpayib, ularning faoliyati “soyadan” chiqdi. Qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilar soni 184 mingtaga yetdi. Samarasiz soliq mexanizmlarini qoʻllash oqibatida vujudga kelgan soliq qarzdorligidan voz kechilgani hisobidan biznes ixtiyorida 2 trillion soʻm qoldi.

    Uchinchidan, kredit berishda aylanmadagi tovarlar, eksport shartnomalari, akkreditivlar va kelgusi tushumlardan ham garov taʼminoti sifatida foydalanish tizimi yaratildi. Bu imkoniyatdan foydalangan tadbirkorlarga 1 milliard dollar kreditlar berildi. Shuningdek, mikro-moliya tashkilotlarini ochish tartibi osonlashdi. Natijada mamlakatimizda banklarga muqobil kreditlar bozori paydo boʻldi. Soʻnggi bir yilda bunday tashkilotlar soni 1,5 barobar, ular ajratgan kredit miqdori esa 3 barobar oshdi. Bir yilda nobank tashkilotlar 3 trillion soʻm kredit berdi.

    Bojxona hududida qayta ishlash tizimi soddalashtirildi va ushbu rejimdan foydalanuvchi tadbirkorlar soni 2 barobar koʻpaydi. Misol uchun, bir yil ichida shu imkoniyat orqali 455 million dollarlik mahsulot eksport qilindi va 110 million dollarlik qoʻshilgan qiymat yaratildi.

    Toʻrtinchidan, ilgari yangi tadbirkorlar uchun “kirish qiyin boʻlgan” 119 ta faoliyat boʻyicha litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi yoki xabardor qilish shakliga oʻtkazildi. Mamlakatimiz hududida yuklarni avtomobilda tashish faoliyati boʻyicha litsenziyalarni bekor qilish hisobidan yuk tashish hajmi 1,5 barobar oshdi.

    Beshinchidan, toʻgʻri ishlaydigan soliq toʻlovchilar faoliyatida tekshirishlar keskin qisqargani muhim omil boʻldi. Xususan, 2023-yilning olti oyida tekshirishlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 40 foiz yoki 104 mingtadan 64 mingtaga kamaygan. Yaʼni, tadbirkorlar toʻgʻri ishlash “soyada” ishlashdan koʻra afzal ekanini tushunib yetmoqda. Shuning uchun ham soliq hisobotlarini topshirish va kameral tekshirish natijalari boʻyicha moliyaviy jarimalar qoʻllash bekor qilindi. Berilgan yengilliklardan foydalangan 155 korxonaning yillik aylanmasi 100 million dollardan oshdi. Kiritilgan yillik xorijiy sarmoyalar hajmi esa ilk bor 10 milliard dollarga yetdi. Bu – 2017-yilga nisbatan 3 barobar koʻp.

    Boʻlib oʻtgan ochiq muloqotlardan keyin soʻnggi ikki yilda korxonalar tomonidan 25 milliard dollarlik mahsulotlar eksport qilindi va avval import qilingan 10 milliard dollarlik mahsulotni oʻzimizda ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

    Bugungi kunda ana shunday natijalarga erishayotgan, ishlab chiqarish, servis va xoʻjalik yuritishning boshqa sohalarida tashabbus koʻrsatayotgan, mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan faol tadbirkorlar avlodini tarbiyalash muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bilan birga, import oʻrnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlashga oʻzining munosib hissasini qoʻshayotgan ilgʻor tadbirkorlarning faoliyati ham jamiyat rivoji uchun muhim omil hisoblanadi.

    Aytib oʻtish joizki, hududlarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik jadal rivojlanishini ragʻbatlantiruvchi biznes muhitini yaratish, mamlakat iqtisodiyotida xususiy sektorning ulushi va ahamiyati, tadbirkorlarning kasbiy mahorati va bilim darajasini oshirish uchun zarur shart-sharoit yaratish alohida eʼtiborni talab qilmoqda.

    Tadbirkorlar faoliyatidagi ilgʻor tajribalarni ommalashtirish, ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni reklama qilish hamda oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalariga koʻmaklashish, yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish va oʻz tengdoshlariga oʻrnak boʻlayotgan yosh tadbirkorlarni ragʻbatlantirish bu boradagi asosiy vazifalar sirasiga kiradi.

    Ushbu masalaning dolzarbligi ishbilarmonlar va mulkdorlarning maʼnaviy qiyofasini yangi kun talablari darajasida shakllantirish zarurati bilan bogʻliq, albatta. Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil – Biznes-ombudsman, OʻzLiDeP, Savdo-sanoat palatasi va “Tadbirkor ayol” uyushmasi kabi tashkilotlarning faoliyati muhim ahamiyat kasb etmoqda.

    Masalan, birgina OʻzLiDeP tizimida “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirilishi boʻyicha belgilangan vazifalar doirasida “Jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash” yoʻnalishidagi 38–44 maqsadlar boʻyicha amalga oshirilgan ishlar tahlili ham bu boradagi faoliyat nihoyatda muhim pallaga kirganidan dalolat beradi. Unga koʻra, 2023-yilning soʻnggi choragi davomida mamlakat miqyosida 120 dan ortiq tadbir, tanlov, davra suhbati, kitoblar taqdimoti, maʼnaviyat kunlari, muzey, madaniyat va sanʼat markazlari, muqaddas qadamjolarga tashriflar tashkil etildi. Hududlarda “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar uchun 21-marta muzeylarga va 17-marta muqaddas qadamjolarga sayohatlar, “Yangi Oʻzbekiston – maʼrifatparvar davlat” mavzusida respublikaning 14 hududida 28 ta davra suhbati tashkil etildi.

    Bugungi amaliyot, bir tomondan, mamlakatimizda tadbirkorlar soni va faoliyatining samarasi ortib va qamrovi tobora kengayib borayotgani, ikkinchidan, ushbu sohaga eʼtibor kuchayib, davlat tomonidan yanada keng imkoniyatlar yaratilayotganidan dalolatdir.

    Bu ayni paytda saflariga muttasil ravishda yangi avlod vakillari kirib kelayotgan tadbirkorlar qatlamining maʼnaviy qiyofasida ijobiy xislatlar va ezgulikka xizmat qiladigan xususiyatlarni tizimli tarbiyalab borishni zaruratga aylantirmoqda.

    MAʼNAVIYAT MEZONLARI

    Inson oʻz maʼnaviyatini shaxs sifatida oʻzini anglagan va kamolotga yetgan yillaridan boshlab umrining oxirigacha shakllantirib, rivojlantirib boradi. Keyingi yillarda yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi tadbirkorlar avlodini shakllantirishda ana shu jihatga alohida ahamiyat qaratilayotgani bejiz emas.

    Zamonaviy tadbirkorlarga xos maʼnaviy yetuklik shartlaridan biri insoniy sifatlarning uygʻunligidir. Kishining ichki va tashqi dunyosi, sogʻlom fikri, oqilona soʻzi bilan amaliy faoliyati, tili bilan dili birday boʻlishi yetuklik mezoni hisoblanadi.

    Shu jihatdan qaraganda, “tadbirkor maʼnaviyati” tushunchasi nimani anglatadi? Aslida, alohida tadbirkor maʼnaviyati haqida gapirish mumkinmi? Jamiyat manfaatlariga mos tadbirkor maʼnaviyatini qanday shakllantirish mumkin? Bu borada qanday samarali usullar va vositalardan foydalangan maʼqul? Mazkur savollar va ularning javoblari mavzuning mazmun-mohiyatini hamda uning tadbirkorlik uchun ahamiyatini aks ettiradi, albatta. Afsuski, bu kabi savollarga joʻyali javoblar olish va amaliyotda foydalanish imkoniyatini beradigan tadqiqotlar kam. Bugungi kunda ularga ehtiyoj tobora ortib borayotgani ham haqiqat.

    “Tadbirkor maʼnaviyati” tushunchasi har bir tadbirkorning ichki dunyosi va ruhiyati, ijtimoiy masʼuliyati, adolatni razillikdan, yaxshilikni yomonlikdan, oqillikni johillikdan ajrata bilish qobiliyati, oʻz-oʻzini anglashi, did-farosati va aql-zakovati hamda ularni amalga oshirish yoʻlida ongli faoliyati majmuini ifodalaydi.

    Yuqoridagi talqiniga koʻra, toʻgʻri shakllangan maʼnaviyat zamonaviy tadbirkorlardan oʻzi tugʻilib oʻsgan shu muqaddas zamin uchun fidoyi boʻlishni, el-yurt rivoji va xalq farovonligi uchun doimo masʼuliyat sezib yashashni, ajdodlarimizning bebaho merosi, milliy qadriyat va anʼanalarimizni asrashni, yuksak fazilatli va komil inson sifatida yangilanish va yaratuvchilik ishlariga faol koʻmaklashishni talab qiladi.

    Shu bilan birga, tadbirkorlarning mustaqil fikrlash, mustaqil qaror qabul qilish va masʼuliyatni oʻz zimmasiga olish kabi xislatlarini ham tarbiyalash lozim. Buning uchun quyidagilarga alohida ahamiyat qaratish zarur:

    – har bir tadbirkor hayotida turli vaziyatlarga tushib qolganida uning hayot mobaynida toʻplagan tajribasi, insoniy fazilatlari yetakchi rol oʻynaydi;

    – tadbirkorlarda muammolar, voqea-hodisalarni real makon va vaqt chegaralarida aniq tasavvur qilish va yechimlarini belgilay olishni rivojlantirishga diqqatni qaratish ulkan yutuqlar omili boʻlishi mumkin;

    – tadbirkorlar faoliyatida bir vaqtning oʻzida bir qancha muammolar mohiyatini anglash orqali tafakkurni yangi muammolar yechimiga yoʻnaltirish ham foydadan xoli emas.

    Bularning barchasi, har bir tadbirkorning oʻzini-oʻzi boshqarish, oʻz faoliyatini aniq va toʻgʻri tashkil qilish qobiliyati, har qanday ishga shaxsan kirisha bilish va uning bajarilishini nazorat qilish kabi shaxsiy xususiyatlarini shakllantirishga asosiy eʼtibor qaratish muhim ahamiyatga egaligidan dalolat beradi.

    Ayni paytda, bu sohada olimlar va mutaxassislarning diqqatini tortayotgan va dunyoning qariyb barcha mamlakatlariga xos bir qator muammolar, yaʼni, mulkdorlik va tadbirkorlik subyektlarining barqaror faoliyatini taʼminlash siyosati samarali yoʻlga qoʻyilishi, tijorat faoliyati bilan shugʻullanuvchilar oʻrtasida monopolistik tendensiyalar yuzaga kelish holatlariga barham berish, bu sohada adolatsiz raqobatning oldini olish va korrupsiya holatlarini bartaraf etish kabilar bilan bogʻliq masalalar dolzarb ahamiyatini saqlab qolmoqda.

    Bu jihatdan, davlat organlari va fuqarolik institutlari, ijtimoiy subʼktlar va tashkilotlar faoliyatida amal qilish zarur boʻlgan va bugungi tadbirkorning milliy qadriyatlarga asoslangan zamonaviy dunyoqarashi va maʼnaviy qiyofasi shakllanishiga katta taʼsir koʻrsatadigan quyidagi omillar muhim ahamiyat kasb etishini alohida qayd etish lozim:

    – tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va tadbirkorlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida davlat siyosatini samarali va tizimli amalga oshirish tamoyillariga ogʻishmay amal qilish;

    – davlat organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish, tadbirkorlarga bu borada aniq va tizimli yordam berish mexanizmini yoʻlga qoʻyish;

    – tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirish amalga oshirilayotganda ularni huquqiy va maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash. Bunday tekshiruvlarni muvofiqlashtirish hamda nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyati tekshiruvlari oʻtkazilishining qonuniyligiga qatʼiy amal qilish;

    – tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari normalari va talablarining amalda roʻyobga chiqarilishini taʼminlash. Qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning tadbirkorlik faoliyatini bajarishga taʼsiri samaradorligini oshirishga koʻmaklashish;

    – tadbirkorlik subyektlarining huquqiy kafolatlarini mustahkamlash, ularni rivojlantirishni ragʻbatlantirishga qaratilgan qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan samarali faoliyatni yoʻlga qoʻyish. Ushbu jarayonga tadbirkorlik subyeklari va ularning vakillarini keng jalb etilishiga erishish.

    Shu bilan birga, har bir tadbirkor oʻz manfaatlarini roʻyobga chiqarish jarayonida nafaqat moddiy neʼmatlar, balki maʼnaviy boyliklar, tashkiliy-boshqaruv tuzilmalari, jamiyatda mavjud turli munosabatlarni, yaʼni butun ijtimoiy-maʼnaviy hayotni ham yaratadi. Bu jarayonda tadbirkorlik sohasida ajdodlarimizdan meros boʻlib kelayotgan maʼnaviy mezonlar va qadriyatlarning koʻpchiligiga yangi mazmun bagʻishlab, baʼzilarini qayta tiklashdan koʻzlangan maqsad oʻtmishga sigʻinish emas, balki maʼnaviyatning milliy-etnik asoslariga suyanib, undan foydalanib olgʻa siljish, taraqqiyotning yangi bosqichiga chiqishdan iboratdir. Bugungi tadbirkorlarimiz maʼnaviyatiga umuminsoniy va milliy qadriyatlarni oʻzlashtirish, xalqning maʼnaviy tajribasi va anʼanalarini bilib olish hamda tadrijiy davom ettirish, rivojlantirish nuqtayi nazaridan yondashish zarurligi davr talabiga aylandi.

    Globallashuv jarayonida mafkuraviy kurash oʻzining yuqori nuqtasiga chiqayotgan bugungi kunda, turli maʼnaviy taʼsirlar, avvalo, tadbirkorlarning ongini zaharlash va ularni oʻz manfaatlari yoʻlida foydalanish oqibatlari bizga shuni yana bir bor isbotlamoqdaki, mana shu qatlam orasida gʻoyaviy tarbiya va targʻibotni keng koʻlamda yoyish, uning mohiyatini ochib berishga xizmat qiladigan turli maʼrifiy tadbirlar, taʼlim tizimi va xilma-xil targʻibot texnologiyalaridan foydalanish kutilgan natijalarni berishi mumkin.

    Bularning barchasi, bugungi kunda yurtimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek ezgu maqsadni izchil amalga oshirishga qaratilgan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida tadbirkorlar maʼnaviy qiyofasini yuksaltirish uchun tizimli faoliyat olib borish hozirgi davr talabi va taqozosi, uni takomillashtirish omillari va tamoyillarini belgilaydigan faoliyat mezoniga aylanayotganidan dalolat beradi.

    Prezidentimizning ushbu maʼruzasi esa ana shu yoʻnalishdagi faoliyatning joriy yildagi dolzarb vazifalari aniq-tiniq belgilab berilgan hujjat sifatida hozirgi kunlardagi ishlarimizning samarali amalga oshishini taʼminlash mezoni tarzida nihoyatda katta nazariy va amaliy ahamiyatga egadir.

    Ayni paytda mazkur yoʻnalishdagi dasturlar va chora-tadbirlarning mazmun-mundarijasini tubdan yaxshilash, ushbu sohaning maqsadi va mohiyatini belgilaydigan tizimli ishlar bilan bogʻliq faoliyat samardorligini taʼminlash alohida eʼtiborni talab qilmoqda.

    Shu bilan birga, biror bir qatlam yoki soha vakillariga xos maʼnaviyat tamoyillari toʻla-toʻkis shakllanishi va ularning yetuk, takomillashgan holatga kelishi uchun koʻp yillar, baʼzida bir necha oʻn yil kerak boʻlishi ham maʼlum. Oʻtgan asrda qariyb 70-yil davomida inkor qilib kelingan va istiqlol yillarida qayta boʻy koʻrsata boshlagan tadbirkorlik harakati va uning vakillariga xos maʼnaviy mezonlar hamda tamoyillar shakllanishi ham ana shunday tadrijiy jarayondir.

    Ushbu jarayonning samarali amalga oshishi uchun jamiyatning siyosiy-iqtisodiy va ijtimoiy-maʼnaviy hayotida tub oʻzgarishlar roʻy berishi va mazkur yangilanishlar tadbirkorlar qalbi va ongiga singishi hamda mustahkamlanishi darkor. Oʻz navbatida bu, taraqqiyotning yangi bosqichiga oʻtgan Oʻzbekiston jamiyatida “tadbirkor maʼnaviyati” tushunchasining vujudga kelishi va mustahkamlanishi jarayonini belgilaydigan tayanch omillar tizimi yangilanishini taqazo qiladi.

    Qiyom NAZAROV,

    falsafa fanlari doktori, professor