Talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasi oshiriladi

    Urbanizatsiya 1 Sentabr 2020 4468

    Prezidentning “Respublika oliy taʼlim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish choralari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi eʼlon qilindi.

    Qaror loyihasiga koʻra, Respublika davlat oliy taʼlim muassasalarida talabalar turar joylarini qurish, rekonstruksiya qilish, jihozlash va ulardan foydalanishni tashkil etishning davlat-xususiy sheriklik asosidagi tizimi joriy etiladi.

    Bunda, davlat-xususiy sheriklik munosabatlari Oʻzbekiston “Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi qonuni hamda Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-apreldagi 259-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida nizom” asosida amalga oshiriladi.

    2021—2025-yillarda oliy taʼlim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish dasturi, uning tarkibida quyidagilar:

    • 2021—2025-yillarda tarmoqlar va hududlarni rivojlantirishning tasdiqlangan konsepsiyalari va dasturlari, Oʻzbekiston Prezidenti hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan quriladigan talabalar turar joylari roʻyxati;
    • 2021—2025-yillarda davlat-xususiy sheriklik asosida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar;
    • Davlat-xususiy sheriklik asosida talabalar turar joylarini qurish, rekonstruksiya qilish, jihozlash va ulardan foydalanishni tashkil etish loyihalarini maxsus hisobvaraqdan kredit bilan taʼminlash hamda davlat sherigi mablagʻlari hisobidan qisman moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisida nizom tasdiqlanadi.

    Qarorda belgilanishicha:

    • oliy taʼlim muassasalari hududidan talabalar turar joylarini qurish uchun yer maydonlari tasarrufida oliy taʼlim muassasasi boʻlgan vazirlik va idoralarning buyrugʻi asosida xususiy sherikka ajratib beriladi;
    • oliy taʼlim muassasalari hududidan tashqaridagi yer maydonlarini hududdagi oliy taʼlim muassasalarining ehtiyojlaridan kelib chiqib, Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan oliy taʼlim muassasalaridan uzoq boʻlmagan hududlardan ajratib beriladi. Bunda, xususiy sherik qonunchilikda belgilangan tartibda tender tanlovlari asosida tanlanishini inobatga olib, talabalar turar joylarini qurish uchun ajratiladigan yer maydonlarini E-Ijro Auksion savdo maydonchasida elektron onlayn-auksionga qoʻymagan holda ajratiladi;
    • binolar qurilishi yakunlanganidan keyin davlat-xususiy sheriklik shartnomasida koʻrsatilgan muddat mobaynida talabalar turar joyi sifatida foydalanish sharti bilan xususiy sherik boʻlgan tadbirkorlik subʼektiga qonunchilikda belgilangan tartibda mahalliy (shahar) hokimlikning qarori asosida Koʻchmas mulk obyektiga (yer uchastkasi bilan) egalik huquqi beriladi va davlat yer kadastri guvohnomasi rasmiylashtiriladi. Bunda, xususiy sherik tomonidan shartnomadagi muddat ichida binodan foydalanish maqsadi oʻzgartirilganda, bino tegishli hududi bilan birgalikda oʻrnatilgan tartibda oliy taʼlim muassasasiga qaytariladi.

    Oʻzbekiston Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Oʻzbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining:

    Davlat-xususiy sheriklik asosida talabalar turar joylarini qurish, rekonstruksiya qilish, jihozlash va ulardan foydalanishni tashkil etish loyihalarini moliyalashtirishga yoʻnaltiriladigan mablagʻlarni Oʻzbekiston Moliya vazirligining alohida ochiladigan maxsus hisobvaragʻida jamlash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullanadi.

    Quyidagilar maxsus hisobvaraqda jamlanadigan mablagʻlarni shakllantirish manbalari etib belgilanadi:

    • Oʻzbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining ekvivalenti 100,0 million AQSH dollari miqdoridagi bosqichma-bosqich ajratiladigan mablagʻlari;
    • xalqaro moliya institutlari kreditlari;
    • Oʻzbekiston davlat oliy taʼlim muassasalarining moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqib, shartnoma asosida barcha zarur xarajatlarni qoplaganidan soʻng boʻsh turgan byudjetdan tashqari mablagʻlari;
    • maxsus hisobvaraqda jamlangan vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarni tijorat banklariga depozitga joylashtirishdan olinadigan daromadlari;
    • qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

    Quyidagilar belgilanadi:

    • maxsus hisobvaraqdagi mablagʻlar talabalar turar joylarini qurish, rekonstruksiya qilish, jihozlash va ulardan foydalanishni tashkil etish maqsadida imtiyozli kreditlarni berish uchun tijorat banklariga taqdim etiladi;
    • kredit mablagʻlari davlat-xususiy sheriklik loyihalarini moliyalashtirishga besh yillik imtiyozli davr va foydalanganlik uchun yillik 8 foiz ustama bilan 30 yil muddatgacha ajratiladi;
    • kredit mablagʻlari davlat-xususiy sheriklik loyihasi qiymatining koʻpi bilan 70 foizigacha boʻlgan miqdorda ajratiladi;
    • maxsus hisobvaraqdagi mablagʻlar hisobidan kreditlar tijorat banklari tomonidan xususiy talabalar turar joylarini qurish, rekonstruksiya qilish, jihozlash va ulardan foydalanishni tashkil etishni amalga oshiruvchi xususiy sherik-tadbirkorlik subʼektlariga qonun hujjatlariga muvofiq, loyihani amalga oshirish grafigi asosida, belgilangan muddat va shartlarga amal qilgan holda ajratib beriladi.

    Oʻzbekiston Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tuzilmasida 3 ta shtat birligidan iborat “Oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish boʻlimi” tashkil etiladi. Boʻlimning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

    • Oliy taʼlim muassasalarida davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini tashkil etish, rivojlantirish va loyihalarni amalga oshirilishini monitoring qilish;
    • oliy taʼlim muassasalarida talabalar turar joylarini qurish, rekonstruksiya qilish, jihozlash va ulardan foydalanishni tashkil etish loyihalari konsepsiyasi va baholash hujjatlarini tayyorlashda amaliy yordam koʻrsatish. Zarur hollarda loyiha konsepsiyasi va baholash hujjatlarini iqtisodiy ekspertizadan oʻtkazilishini tashkil etish hamda vakolatli davlat organlari bilan kelishish;
    • davlat-xususiy sheriklik loyihalariga xususiy sherikni tanlash uchun oʻtkaziladigan tender savdolarini tashkil etish va oʻtkazishga amaliy yordam koʻrsatish;
    • davlat-xususiy sheriklik bitimi matnini kelishish va bitim talablarini bajarilishi ustidan doimiy monitoring olib borish;
    • xususiy sheriklarga qoʻshimcha daromad keltiruvchi pullik xizmatlarni tashkil etishga koʻmaklashish.