Tanzila Narbayeva: “Gender tenglik Yangi Oʻzbekiston ustuvor yoʻnalishining ajralmas qismiga aylandi”

    OAV O‘zbеkiston haqida 6 Dekabr 2021 3424

    Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayevaning mamlakatimizda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqidagi intervyusi Qozogʻistonning “Kursiv” biznes-nashrida eʼlon qilindi.

    Tanzila Narbayeva: “Gender tenglik Yangi Oʻzbekiston ustuvor yoʻnalishining ajralmas qismiga aylandi”
    Oliy Majlis Senati Raisi Oʻzbekiston Respublikasida xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash dasturlari qanday amalga oshirilayotgani haqida soʻzlab berdi.

    2021-yilda Oʻzbekistonda 2030-yilgacha moʻljallangan Gender tenglikka erishish strategiyasi tasdiqlandi. Hujjatda boshqaruvda xotin-qizlar sonini koʻpaytirish, gender nomutanosibligini kamaytirish, taʼlim olishga imkoniyat yaratish, xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlik va tazyiqqa qarshi kurashish nazarda tutilgan. Bugun respublikada gender tenglik davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan. Uning ahamiyatini Prezident tilga olmoqda, mamlakatimizda xalqaro tashkilotlar koʻmagida xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha turli dasturlar amalga oshirilmoqda. Bugun Oʻzbekistonda va butun mintaqada xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash dasturlari qanday amalga oshirilayotgani haqida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti rahbari Tanzila Narbayeva bilan suhbatlashdik.

    Xotin-qizlar uchun islohotlar

    – Tanzila Kamalovna, bugun davlat tomonidan gender tenglikka qanday eʼtibor berilmoqda?

    – Anʼanaga koʻra Oʻzbekiston jamiyatida ayol, eng avvalo, mehribon ona, uy bekasi, birinchi tarbiyachi va ustozdir. Bu paxta yakkahokimligi davrida sunʼiy ravishda buzildi. Oʻshanda dalalarda asosiy ishchi kuchi ayollar edi, ular oylar davomida bellarini bukib, boʻlajak hosil haqida yeng shimarib gʻamxoʻrlik qilar edi. Qishloq ayoli taʼlim olish va lavozimi koʻtarilishi haqida oʻylay olmasdi. Kasb-hunari yoʻqligi ularning barqaror daromad olishiga imkon bermasdi, shu tufayli ayollar ojiza boʻlib qolgan edi.

    Bugun Oʻzbekistonda xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga, davlat boshqaruvi va jamiyatning barcha jarayonlarida ularning rolini oshirishga qaratilgan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Soʻz xotin-qizlarning alohida maqomi va ularga nisbatan hurmatni tiklash haqida bormoqda. Bu tamoyillar gender tenglik sohasida amalga oshirilayotgan davlat siyosatining asosiga aylandi.

    Bu vazifalarni amalga oshirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Biroq eng muhimi kuchli siyosiy iroda bor.

    Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev inauguratsiyadagi nutqida xotin-qizlarga doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrlik davlat siyosatining ajralmas qismi boʻlishini, bu borada tegishli Milliy dastur qabul qilinishi kutilayotganini taʼkidladi.

    – 2021-yil may oyida Senat Gender tenglikka erishish strategiyasini tasdiqladi. Ushbu hujjat qanday amalga oshiriladi?

    – Mazkur hujjatning qabul qilinishi davlatimizda gender siyosatini rivojlantirishda muhim bosqich boʻldi. Strategiyada xotin-qizlarni munosib ish bilan taʼminlash, qizlarimizni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasini oshirish, ularni rahbarlik lavozimlariga, shu jumladan, vaqtinchalik kvota tizimi orqali koʻrsatish, kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarni qoʻllab-quvvatlash kabi yoʻnalishlarda davlat tuzilmalari faoliyatining 2021-2030-yillarga moʻljallangan muhim jihatlari aks ettirilgan. Bu yoʻnalishlar yaqin istiqbolda ustuvor yoʻnalishlarga aylanadi, Strategiyada esa ushbu jarayonlarni amalga oshirishda, qarorlar qabul qilishning barcha darajalarida ayollar va erkaklarning teng ishtiroki nazarda tutilmoqda.

    Zoʻravonlik va odam savdosining oldini olish Strategiyaning yana bir asosiy xususiyatidir. Oʻzbekiston xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikning har qanday koʻrinishidan huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy himoya qilishni nazarda tutuvchi asosiy xalqaro shartnomalarning ishtirokchisi hisoblanadi. Bu masalalarda biz xalqaro tashkilotlar bilan faol hamkorlik qilib, turli dasturlarni amalga oshiryapmiz, bu esa oʻzining ijobiy natijalarini bermoqda.

    – Oʻzbekistonning amaldagi qonunchiligida xotin-qizlar huquqlari qanday aks ettirilgan?

    – Bugungi kunda ayollar va erkaklar mutlaqo teng huquqqa ega. Bu Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlab qoʻyilgan. Gender omili Mehnat kodeksida ancha batafsil aks ettirilgan. Davlat tomonidan ayollar uchun mehnat meʼyorlari, tugʻruq taʼtillari, voyaga etmagan bolalarni tarbiyalayotgan onalar uchun ish tartibi belgilangan. Ish beruvchilarning kasaba uyushmalari bilan tuzgan mehnat shartnomalarida ham xotin-qizlarning huquqlarini taʼminlashning turli normalari mustahkamlangan.

    Masalan, ip-kalavani qayta ishlovchi korxonalardagi paxta-toʻqimachilik klasterlarida xodimlarga xizmat transporti taqdim etiladi, ularga bepul oziq-ovqat va maxsus kiyim beriladi, bolalarni maktabgacha taʼlim tashkilotlariga joylashtirishda koʻmak beriladi. Bu masalalarning barchasi ish beruvchi tomonidan hal qilinadi. Ishlovchi ayollarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash siyosati amalda tatbiq etilayotganiga bunday misollarni koʻp keltirish mumkin.

    Biznesga xush kelibsiz

    – Bugun ayollar tobora koʻproq biznesda oʻzlarini namoyon qilmoqda. Davlat ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga qanday koʻmak bermoqda?

    – Bugun respublikada tadbirkor ayollarning biznesdagi ulushi 39 foizni tashkil etmoqda, bu hozirgi zamon oʻzbek jamiyatining alohida toifasi boʻlib, uni ham qoʻllab-quvvatlash zarur.

    Tadbirkorlik tuzilmalariga rahbarlik qilayotgan tashabbuskor ayollar tufayli yangi korxonalar ochilib, ish oʻrinlari yaratilmoqda. Bu ayollar oʻzlari istiqomat qilayotgan hududlarni obodonlashtirishda, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishda faol ishtirok etmoqda. Eng muhimi, ular oʻz biznesini yoʻlga qoʻymoqchi boʻlgan boshqa qizlar va ayollarga oʻrnak boʻlmoqda. Shu bois mamlakatimizning barcha hududlarida tadbirkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashishni tashkil etish maqsadida ayollar tadbirkorligi markazlari tashkil etildi. Birgina 2021-yilning oʻzida 53,8 ming nafardan ortiq oʻzbekistonlik xotin-qizlar ularda turli kasb-hunarlarga oʻqitildi.

    Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 100,3 milliard soʻmdan ortiq (9,2 million dollar) kreditlar ajratildi. Mazkur chora-tadbirlar tufayli 34,5 ming nafar xotin-qiz ish bilan taʼminlandi.

    Kreditlar, imtiyozlar va ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlashning boshqa koʻrinishlari mamlakatimiz iqtisodiyotining jahon miqyosida rivojlanishiga qoʻshilayotgan hissadir. Boston Consulting Group ekspertlarining fikricha, agar tadbirkor ayollar soni biznesdagi erkaklar soniga tenglashsa, jahon yalpi ichki mahsuloti ikki barobar ortadi.

    – Bunday loyihalar davlat tomonidan moliyalashtirilishni talab qiladi. Bunday tashabbuslarni targʻib qila oladigan xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ishtiroki qanchalik keng yoyilgan?

    – Bugun xotin-qizlar turli sohalarda oʻz salohiyatlarini roʻyobga chiqarishlari mumkin. Davlat boshqaruvida ayollar vakillarini koʻpaytirish uchun siyosat, iqtisodiyot va jamiyat hayotida yetakchi lavozimlarni egallashga qodir 15 ming nafardan ortiq xotin-qizlardan kadrlar zaxirasi shakllantirildi. Lider ayollar tayyorlash borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

    2019-yil dekabr oyida boʻlib oʻtgan parlament saylovi yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston tarixida ilk bor milliy parlamentdagi ayollar soni 32 foizga yetdi. Parlamentlararo ittifoqning “Milliy parlamentlarda ayollar” reytingiga koʻra (2020-yil boshiga koʻra) Oʻzbekiston parlamenti 193 ta davlat orasida 44-oʻrinni egalladi. Siyosiy partiyalarda xotin-qizlarning ulushi 46 foizga, oliy taʼlimda 47 foizga yetdi. Mamlakatda rahbarlik lavozimlarida ayollar va erkaklar nisbati mos ravishda 27 foiz va 73 foizni tashkil etmoqda.

    Manzilli yordam

    – Lider boʻlish hammaning ham qoʻlidan kelavermaydi, koʻplab oʻzbekistonlik ayollar hayotida qiyin vaziyatlarga tushib qoladi. Davlat ularga qanday yordam bermoqda?

    – Bunday murakkab masalalarni hal etishda, birinchi navbatda, joylarda maqsadlilik tamoyiliga amal qilinadi. “Ayollar daftari” noyob loyihasi doirasida 2021-yildan boshlab amalga oshirilayotgan ishlar buni yaqqol koʻrsatib turibdi.

    Ushbu dastur hayotida qiyin vaziyatlarda ayollarni qoʻllab-quvvatlash uchun moʻljallangan. Eng muhimi, bu jarayon imkon qadar shaffofdir. Muhtojlar roʻyxati joylardagi masʼul idoralar tomonidan shakllantiriladi, ularning bajarilishi esa deputatlar tomonidan nazorat qilinadi, ular oʻz tumanlarida bunday yordam oluvchilar bilan aloqada boʻladi.

    “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar turmush sharoitini, jumladan, ularni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish va bandligini taʼminlash orqali yaxshilashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. 98 ming nafarga yaqin xotin-qiz 1 trln 197 mlrd soʻmdan ortiq (qariyb $112 mln) imtiyozli kredit oldi.

    Samarali muloqot

    – Siz Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti rahbarisiz. Bu qanday tashkilot?

    – Birlashma 2020-yil dekabr oyida tashkil etilgan boʻlib, Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari yetakchi ayollari oʻrtasidagi hamkorlik platformasi hisoblanadi.

    Muloqot doirasida mintaqada tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni saqlash, mamlakatlarimizda gender dasturlari va loyihalarini amalga oshirish borasida fikr va tajriba almashamiz. Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi va BMTTDning Mintaqaviy byurosi koʻmagida tashkil etilgan. Ushbu birlashma ishlagan birinchi yilda unga raislik qilish Oʻzbekistonga yuklangan edi.

    – Joriy yilda ushbu tashkilotga raisligingiz doirasida qanday yoʻnalishlar ishlab chiqilishiga erishildi?

    – Bu yil Muloqot doirasida qator tadbirlar oʻtkazdik. Biz eʼtiborimizni qaratgan asosiy mavzular ayollar yetakchiligi va tadbirkorlik masalalari boʻldi. Boz ustiga, mazkur uchrashuvlar nafaqat dolzarb masalalarni muhokama qilish maydoniga, balki mamlakatlarimiz turli davlat tuzilmalari, nodavlat tashkilotlar, biznes tuzilmalari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun maydonga aylandi.

    Iyun oyida Toshkentda “Markaziy Osiyo va Afgʻonistonda barqaror rivojlanish sari xotin-qizlarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” Muloqotining birinchi forumi boʻlib oʻtdi, unda mintaqadagi tadbirkor ayollarning hamkorligi boʻyicha “Yoʻl xaritasi” qabul qilindi. Sentyabr oyida Bishkek shahrida oʻtkazilgan “Qirgʻiziston va Oʻzbekiston tadbirkor ayollari muloqoti” biznes-forumi ushbu dasturni amalga oshirishning dastlabki bosqichlaridan biri boʻldi. Unda ikki davlatdan 100 dan ortiq ishbilarmon ayollar ishtirok etdi. Umumiy qiymati 21 mln dollardan ortiq boʻlgan 20 dan ortiq shartnoma va hamkorlik memorandumlari imzolanishi Qirgʻizistonda oʻtkazilgan tadbirkorlar uchrashuvining asosiy natijasi boʻldi.

    Sentyabr oyi oxirida Toshkentda Markaziy Osiyo tadbirkor ayollari oʻrtasida V2V-uchrashuvlari formatida kooperatsiya birjasi oʻtkazildi. 250 dan ortiq ishbilarmon ayollar oʻzlari haqida soʻzlab berish va qoʻshni respublikalarda hamkasblari nima bilan shugʻullanayotganini bilish uchun Oʻzbekiston poytaxtiga tashrif buyurdi. Forum yakunida umumiy qiymati 20 mln dollardan ortiq 21 ta hamkorlik shartnomasi tuzildi.

    Oktyabr oyi oxirida biz BMT tuzilmalari bilan birgalikda Toshkentda “Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish va ayollar yetakchiligi” mavzusida konferensiya oʻtkazdik. Noyabr oyida esa Toshkent viloyatida mahalliy qizlar uchun yetakchilik, murabbiylik va gender tenglik masalalari boʻyicha mintaqaviy oʻquv oromgohi tashkil etildi. Unda oʻz hayotini biznes, davlat boshqaruvi, ilm-fan, siyosat va boshqa sohalar bilan bogʻlamoqchi boʻlgan 30 dan ortiq qizlar ishtirok etdi.

    Oʻzbekiston raisligi doirasida biz oʻzaro hamkorlikning ushbu formatini imkon qadar foydali qilishga harakat qildik. Muloqot doirasidagi tadbirlarda turli sohadagi ayollar ishtirok etgani esa gender tenglik muammolariga turlicha qarash va bu muammolarni oʻz davlatlarida toʻplangan tajriba va bilimlarni hisobga olgan holda hal etish imkonini beradi.

    Ish va oila uchun ilhom

    – Siz siyosatda anchadan beri faoliyat yuritib, faoliyatingiz davomida muvaffaqiyatga erishdingiz. Sizningcha, Oʻzbekistonda ayol kishining rahbar boʻlishi qiyinmi?

    – Mamlakatimizda ayollarning rahbarlik qilish anʼanasi nisbatan yaqinda paydo boʻlgan. Bir paytlar ayol kishining rahbar boʻlishi istisno sifatida qabul qilinar edi. Biroq tartiblar oʻzgarmoqda va bugun ayollar biznes sohasida oʻzlarining qadr-qimmatini isbotladi.

    Ayol kishining boshqaruv uslubi xotirjamroq, muvozanatliroq, yumshoqroqdir. Oʻz ishida qatʼiyatlilik, sabr-toqat va narsalarni oxiriga yetkazish qobiliyati yetakchi ayolga muvaffaqiyatga erishishga yordam beradi. Agar kompaniya ayol tomonidan boshqarilsa, rivojlanish odatda izchil boʻladi.

    Masʼuliyat va kichik masalalarga ham eʼtibor qaratish birinchi oʻringa chiqadi. Qaror qabul qiluvchi tuzilmalarda ayollarning faoliyat olib borishi siyosatning ijtimoiy yoʻnaltirilishini taʼminlaydi.

    Men masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishga yoki yetakchi boʻlishga qaror qilgan ayollar uchun alohida qiyinchiliklar bor deb aytmagan boʻlardim. Asosiysi, oʻzingizga boʻlgan ishonch.

    – Tanqid haqida nima deyish mumkin? Siz bunga ish davomida duch kelgan boʻlsangiz kerak? Bu xalal bermaydimi?

    – Sogʻlom va konstruktiv tanqidni oddiy qoʻpollik va hurmatsizlikdan ajratish muhimdir. Afsuski, bugun Internet va ijtimoiy tarmoqlarda bu juda keng tarqalgan. Faoliyatim va hokimiyat organlari faoliyati toʻgʻrisida faktlarni notoʻgʻri talqin qilmasdan, kontekstdan alohida iboralarni kesib olmasdan, mohiyatan ochiq gapirayotgan odamlarning fikrini hurmat qilaman va ularga quloq solaman.

    Sogʻlom tanqid shaxsan menga masalaga boshqacha qarashga, xulosa qilib olishga va turli fikrlarni hisobga olib, eng toʻgʻri qaror qabul qilishga yordam beradi. Oʻzbekistondagi ommaviy axborot vositalari va eng dolzarb masalalarni, jumladan, gender tenglikni ochiq va xolisona koʻtarayotgan xorijiy ommaviy axborot vositalarining saviyasi keyingi paytlarda sezilarli darajada oshganini mamnuniyat bilan qayd etaman. Bu jamiyatimiz yetukligi ortib borayotganidan dalolat beradi.

    – Oʻzbekistonda xotin-qizlar uchun ijtimoiy koʻtarilish shartlari hozirgi va avvalgi yillardagidan farq qiladimi?

    – Bugun yaratilayotgan shart-sharoitlar, qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari, har xil tanlovlar, taʼlim olish va kasb-hunar egallash uchun berilgan imtiyozlar, moliyaviy vositalardan foydalanish imkoniyati yaratilgani – bularning barchasi va yana koʻp boshqa narsalar xotin-qizlarning hayotning barcha jabhalarida oʻzini namoyon qilishi uchun keng imkoniyatlar ochmoqda.

    Oddiy qishloq mehnatkashlari xususiy sektordagi turli tuzilmalarni muvaffaqiyatli boshqarib kelayotganiga koʻplab misollar keltirish mumkin. Masalan, yaqin vaqtgacha Oʻzbekistonda bolalar bogʻchalari bilan qamrov darajasi 26 foizdan oshmas edi. Hozir bu koʻrsatkich allaqachon 60 foizdan oshib ketgan. Gap shundaki, aksariyat bolalar bogʻchalari xususiy yoki davlat-xususiy sheriklik asosida ayollar tomonidan ochiladi.

    – Ayol ilhomni qayerdan izlaydi? Sizning layfxakingiz.

    – Albatta, har bir ayol baxtni oʻziga xos tarzda tushunadi. Uni orzu bilan solishtirish mumkin. Moʻtadillikka erishish, yaʼni oila, muhabbat va ish oʻrtasida muvozanat yaratishga oʻrganish muhimdir va ayollarimiz orasida bundaylar koʻp. Bu oddiy tuyulishi mumkin, lekin ishdan, oiladan ilhom olish, kun behuda oʻtmaganligini tushunishdan zavqlanish lozim. Bularning barchasi hayotga maʼno beradi.

    – Kelajakda Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo ayollarini qanday tasavvur qilasiz?

    – Odatda barchamizda kelajak bilan bogʻliq yorqin rejalarimiz bor, inson shunday yaratilgan. Davlat va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar hamda tuzilmalar darajasida amalga oshirilayotgan ulkan saʼy-harakatlar esa oʻz samarasini berishi kerak. Asosiysi, ayollar nafaqat oilada, balki jamiyatda ham eʼtirofga erishishga intilmoqda. Bu optimistik prognozlar qilishga asos beradi.

    Men kelajakda Oʻzbekiston va boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlari ayollarini albatta sogʻlom va baxtli ayollar sifatida tasavvur qilaman. Hozir haqiqatga aylangan erkin tanlov imkoniyati bunday baxtga erishishga yordam beradi, deb oʻylayman. Mamlakatimiz va mintaqamiz xotin-qizlari turli sohalarga tobora koʻproq jalb etilmoqda, ularning oʻrni faqat oshxonada, degan eskicha qarashlarga barham berilmoqda.

    Bundan keyin ham yurtdoshlarimiz muhim qarorlar qabul qilishda oldingi safda boʻlishadi. Davlatlarimiz jamiyatda totuvlikni taʼminlashni maqsad qilib qoʻygan, buni gender tengliksiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Ishonchim komilki, tez orada bu ish doimiy va uzoq muddatli natijalar beradi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati.