Taraqqiyot va salohiyat sinergiyasi

    Navoiy viloyati haqida so'z ketsa, ko'pincha unga navqiron, degan sifat qo'shib tilga olinadi. Albatta, ma'muriy birlik sifatida vujudga kelishi jihatdan bu ta'rifga to'la mos keladi.

    Chunki, viloyat 1982-yilda tashkil etilgan. Oradan olti yil o'tib ma'muriy birlik sifatida tugatilib, mustaqillik inoyati va hudud xalqi xohish-irodasi o'laroq, 1992-yil boshida qayta tiklandi. Bir so'z bilan aytganda, hazrat Mir Alisher Navoiy nomidagi voha mustaqillik farzandi. Ta'bir joiz bo'lsa, ayni kunga kelib, u innovatsiya va yuqori texnologiyalar asosida rivoj topayotgan, dunyoning eng etakchi kompaniyalarini ham raqobatda ortda qoldirayotgan, ma'naviy-ma'rifiy kuch-quvvati jo'sh urgan barkamol avlodlar yurtiga aylandi.

    Tabiiyki, Navoiy viloyati hokimi Qobul TURSUNOV bilan suhbatimiz ana shu mazmunda davom etishini kutgan edik. Lekin muloqotimiz moziyni yodga olib, ish tutmakdan boshlandi.

    — Bu hududni ota-bobolarimiz ibtidoiy davrdan makon tutib, minglab yillik tarixda Sarmishsoy darasidagi qoyatosh suratlari, Uchtut chaqmoqtosh shaxtalari, Raboti Malik karvonsaroyi va sardobasi, Nurotaning noyob me'moriy obidalari bilan taraqqiyot tamaddunida munosib iz qoldirishgan. Vohada ne-ne allomayu avliyolar yashab o'tgan, ular nomini yod etib, dunyoning turli burchaklaridan odamlar ziyoratga kelishadi. Shu bois u tabarruk tarixga ega muazzam zaminlar safida munosib o'ringa ega, desak hech bir yanglishmaymiz.

    Prezidentimiz “Yangi O'zbekiston” gazetasi bosh muhariri bilan suhbatda “Bugungi kunda butun xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan, umummilliy harakatga aylanib borayotgan “Yangi O'zbekiston” g'oyasi zamirida ana shunday ulug' ajdodlarimiz, umuman olganda, milliy tariximizda Birinchi va Ikkinchi uyg'onish davrlariga asos solgan alloma bobolarimizning orzu-intilishlari va armonlari ham mujassam, desak, adashmagan bo'lamiz, ”degan fikrni ilgari surdi.

    Haqiqatda ham, shunday. “Yangi O'zbekiston” va “Uchinchi Renessans” so'zlari hayotimizda o'zaro uyg'un va hamohang bo'lib yangramoqda, xalqimizni ulug' maqsadlar sari ruhlantirmoqda.

    Shu nuqtai nazardan qaraganda, Hazrat mir Alisher Navoiy nomidagi viloyatning bugungi yaratuvchanlik ko'lamlari, bunyodkorlik shiddati, madaniy-ma'rifiy kamolot yo'lidagi jo'shqin sa'y-haraktlari ham buyuk bobolarimizning orzulari ro'yobga chiqayotganini, Yangi O'zbekistonni barpo etish va Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek vazifalarni bajarishga sidqidildan va eng shimarib kirishganini yaqqol ko'rsatib turibdi.

    O'zbekiston xaritasiga nazar tashlasangiz, viloyatning ma'muriy hududi xuddi porlab turgan ma'shalaga o'xshab ketadi. Bunda ham tabiiy bir hikmat mujassamday tuyuladi. Negaki, Navoiy viloyati mamlakatimiz iqtisodiyotida o'zining nodir er osti va usti boyliklari, ulkan iqtisodiy salohiyati jihatdan beqiyos o'rin tutadi. Bugungi kunga kelib ana shu noyob boyliklar, ularni qazib olish va qayta ishlash, umuman, ishlab chiqarishda qo'llanilayotgan yuqori texnologiyalar, amalga oshirilayotgan yangi loyihalar qanday ezgu maqsadlarga xizmat qilyapti?

    — Haqiqatan, Navoiy viloyatida Mendeleyev jadvalidan joy olgan barcha ma'danlar mavjud. Shu bois hududda konchilik, metallurgiya, kimyo, energetika, qurilish materiallari barqaror rivojlangan. Navoiy kon-metallurgiya kombinati, “Navoiyazot”, “Qizilqumtsement”, “Navoiy issiqlik elektr stantsiyasi” aksiyadorlik jamiyatlari va "Vaht-textile" MCHJ kabi yirik sanoat quvvatlari faoliyat ko'rsatadi. Ularda yiliga 65 trillion so'mlikdan ziyod sanoat mahsulotlari tayyorladi.

    Boshqacharoq ta'riflasak, asosan sanoat sohasi drayver hisoblanib, bu borada respublikada ishlab chiqarilgan mahsulotlarning beshdan bir qismi aynan viloyatimiz hissasiga to'g'ri keladi.

    Erishilayotgan bunday yutuqlar bilan qanchalik faxrlanmaylik, sanoatning viloyat markaziga yig'ilib, barcha tumanlarning faqatgina agrar sohaga ixtisoslashib qolganligi ularda o'ta o'tkir ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni yuzaga keltirgan edi. Xatirchi, Qiziltepa kabi dehqonchilikda ulkan maktab yaratgan aholi yashaydigan tumanlar uzoq yillar subventsiya yordamida yilni yilga ulab kelardi. Chunki, ularda etishtiriladigan paxta xomashyosidan birlamchi qayta ishlovchi korxonalarda qo'shimcha qiymat yaratilib, ularda ham nari borsa, 100-150 kishi mehnat qilardi. Bir so'z bilan aytganda, paxtaning tashvishi bizdayu daromadi tola bilan chetga chiqib ketardi. Bu — bir, ikki, hatto o'n yilning emas, zaminimizga ilk chigit qadalgandan buyon davom etib kelayotgan holat edi.

    Mamlakatimiz rahbari Navoiy viloyatiga ilk tashriflaridan birida Qiziltepa tumanidagi “Toshrabot” mahallasida bo'lib, paxtachilikda klaster usulini joriy etish, hududlarda engil sanoatni rivojlantirishni aholi farovonligi va daromadini oshirishning ustuvor vazifasi sifatida belgilab berdi.

    Shu asosda “Baht-Tekstile” MCHJ bilan hamkorlikda “Toshrabot textile” korxonasi dunyo etakchi kompaniyalari texnologiyalari bilan jihozlanib, sakkiz oyda ishga tushirildi. Bu bilan qishloqqa fayz, qut-baraka ham kirdi. Boisi, mazkur fabrikada mehnat qilayotgan mingga yaqin yoshlar 457 oilaning vakillari hisoblanadi. Bu shuncha oilaga qo'shimcha daromad kirdi, degani.

    Paxta endilikda nainki Qiziltepa, balki boshqa hududlarda ham qo'shimcha qiymat yaratib, qishloqlarga obodlik, turmushda to'kinlik, farovonlik imkoniyatlari eshigini ochdi. Xususan, joriy yilda barcha shahar va tumanlarda 28 ta to'qimachilik korxonasi ishga tushirib, 5 ming 800 ga yaqin ish o'rni yaratilishi rejalashtirilgan.

    Yana bir muhim jihat, investitsiya va innovatsiya, ular bir-biriga esh jarayon va rivojlanishning qo'sh qanoti. Bunga, o'z navbatida, ochiq va shaffof investitsiyaviy muhit, huquqiy kafolat, mustahkam tayanch hamda ishonch bo'lyapti. Mamlakatimizda bu borada olib borilgan tub o'zgarishlar Navoiy viloyatida ham chet el kapitali oqimining oshishiga, noan'anaviy loyihalarning ishga tushirilishiga, mahsulotlar eksportining ko'payishiga hamda yangi ish o'rinlarini tashkil etilishiga zamin yaratmoqda. Qiyoslaydigan bo'lsak, 2017-yilning 1-yanvar holatiga ko'ra, viloyat bo'yicha xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar soni 55 tani tashkil etgan bo'lsa, bugungi kunga kelib bu ko'rsatkich 4,6 barobarga ko'payib, 252 taga yetganligi uning yuqori salohiyatidan dalolat beradi. Natijada, viloyatda 211 turdagi yangi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish o'zlashtirildi va ularning aksariyati eksport qilinyapti.

    Viloyatda investitsiya loyihalarini joriy etishda ham shunday o'sish jarayonlari yuz bermoqda. Masalan, 2018-yilda qiymati 622,7 milliard so'mlik 402 ta investitsiya loyihasi ishga tushurilib, 3,4 mingta yangi ish o'rni yaratilgan bo'lsa, joriy yilda qiymati 17,5 trillion so'mlik 1342 ta investitsiya loyihasi ishga tushurilib, 16,1 mingga yaqin yangi ish o'rinlari yaratiladi. Lemak, bundan uch yil oldinga nisbatan bu boradagi ko'rsatkich 28 barobarga oshadi.

    Mazkur loyihalarni sohalar kesimida olganda, 274 tasi sanoat, 475 tasi xizmat ko'rsatish, 593 tasi qishloq xo'jaligiga to'g'ri keladi.

    Istiqbol rejalari yanada ko'lamdor. Viloyatda yaqin 5 yilda umumiy qiymati 61 trillion so'm miqdoridagi 1632 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Buning natijasida qariyb 8 trillion so'mlik ishlab chiqarish quvvati barpo etilib, 29,2 million dollarlik import o'rnini bosuvchi mahsulotlar, 50,2 million dollarlik eksport imkoniyatlari hamda 226 milliard so'mlik byudjetga tushum zaxiralari yaratilishi ko'zda tutilgan.

    Ulardan biri — Birlashgan Arab Amirliklarining “Abu Dhabi Future Energy Company - Masdar” kompaniyasi tomonidan 100 megavatt quvvatga ega quyosh fotoelektr stantsiyasini qurish ishlari nihoyasiga yetkazilayotgan bo'lsa, xuddi shu kompaniya tomonidan Tomdi tumani yaqinida Markaziy Osiyoda eng yirik hisoblangan 500 MVt shamol elektr stansiyasi bunyod etiladi. Nurota tumanida quvvati 200 MVt bo'lgan quyosh fotoelektr stantsiyasi qurilishi ham innovatsion loyihalar sirasiga kiradi.

    Shular bilan birga, xom ashyo va texnologik jarayonlarni o'zaro bog'lagan kimyo texnologik klasteri negizida qiymati 1,7 mlrd dollarga teng bo'lgan 3 ta yirik loyiha amalga oshirildi. Jumladan, yiliga 660 ming tonna ammiak va 577,5 ming tonna karbamid, yillik quvvati 100 ming tonna polivinilxlorid (PVX) ishlab chiqaruvchi majmua qurilib foydalanishga topshirildi. Mazkur sa'y-harakatlar natijasida tovar ishlab chiqarish hajmi 2016–2020-yillarda 3,1 barobar ortishiga erishildi.

    Keyingi yillarda lug'atimizga boshqa xorijiy so'zlar qatori sinergiya atamasi ham kirib keldi. Uni grekchadan o'zbekchaga o'giradigan bo'lsak, hamkorlik, o'zaro munosabat, birlashish ma'nolarini bildiradi. Iqtisodiy sohani, xususan kichik biznes rivojini o'zaro hamkorliksiz, tarmoqlararo kooperatsiyasiz tasavvur etib bo'lmaydi. Shunday ekan, bu boradagi sinergiya qanday jihatlari bilan manfaatli va samarali bo'lyapti?

    — 2019-yilda Prezidentimiz farmoni bilan Navoiy viloyati innovatsion, yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yo'naltirilgan va import o'rnini bosadigan ishlab chiqarishlarni mujassam yetgan erkin iqtisodiy zonaga aylantirilishi rivojlanishning yangi o'zanlariga asos soldi. Natijada mahsulot Uchquduq yoki Tomdining olis ovulida yoki Nurota tog' tizmalaridagi quvvatda ishlab chiqarilishidan qat'i nazar, agar u raqobatdosh va eksportbop bo'lsa, industrial hududlar uchun yaratilgan imtiyoz va rag'batlar berildi, qo'llab-quvatlandi. Ana shunday imkoniyatlarning yaratilishi, ulardan samaralari foydalanish tufayli viloyatda aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot, sanoat va qishloq xo'jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish bo'yicha respublikada birinchi, asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar, qurilish ishlari, ko'rsatilgan xizmatlar hajmi va chakana savdo aylanmasi bo'yicha ikkinchi, mahsulot va xizmatlar eksporti bo'yicha uchinchi o'ringa chiqdi. Jumladan, bugungi kunda “Navoiy” EIZ hududida jami 46 ta korxona negizida 63 ta loyiha amalga oshirildi. Joriy yilning yanvar-iyul oylarida ular tomonidan jami 2008,4 milliard so'mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi. Bu mahsulot hajmi o'tgan yilning mos davriga nisbatan 160,1foizga, eksportning 253,5 foizga ortganligidan dalolat beradi.

    Ayni davr har bir sohaga differentsial yondashuvni, sinnergiyani talab etyapti. Shundan kelib chiqqan holda, viloyatdagi yirik korxonalar bilan kichik biznes sub'ektlari o'rtasida kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishga katta e'tibor qaratilyapti. Natijada tadbirkorlik sub'ektlari soni yil sayin ortib, bugungi kunga kelib ular soni 20371 taga etdi. Bu 2016-yilga nisbatan qariyib uch barobar, 2017-yilga nisbatan esa 2,6 barobarga ko'p demakdir.

    Yana bir e'tiborga molik raqam. Viloyatda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik sub'ektlarining 76,2 foizi oxirgi 3 yilda tashkil etilgan. Bu respublikada ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo'yicha eng yuqori pog'onada turganimizni namoyon etadi.

    Bundan tashqari, viloyat mahalliy byudjet mablag'larining rejadan orttirib bajarilgan qismining hududlar ixtiyoriga qoldirilishi yillar davomida o'z echimini kutayotgan ijtimoiy muammolarning ijobiy hal etilishiga samarali yechim bo'ldi. Agar 2017-yilda mahalliy byudjet ixtiyorida qolgan erkin mablag'lar bor-yo'g'i 11 milliard so'm atrofida bo'lsa, keyingi uch yilda mazkur ko'rsatkich salkam 1 trillion so'mga yetib, qariyb 100 barobarga oshdi. Bu aholini qiynab kelayotgan ko'p yillik to'planib qolgan muamolarning ijobiy hal etilishida muhim moliyaviy asos bo'lyapti.

    Bundan uch to'rt-yil muqaddam ijtimoiy og'ir muammo deyilganda, avvalombor, aholini uy-joy bilan ta'minlashdagi qiyinchiliklar tilga olinardi. Bolalar bog'chasi, maktab, tibbiyot maskanlari ham yetishmas, mavjudlarining ko'pchiligi ta'mirtalab yoki allaqachon umrini o'tab bo'lgan alfozda edi. Viloyatning bugungi kundagi ijtimoiy yo'nalishi qanday mazmun-manzara kasb etmoqda?

    Bugun respublikamizni tom ma'noda ulkan qurilishlar maydoniga qiyoslash mumkin. Keyingi yillarda bunyodkorliklar ko'lami yanada oshib, Navoiy viloyatida ham 2016-2021-yillar davomida davlat dasturlari doirasida, hamda byudjet mablag'lari hisobidan umumiy qiymati 3091,1 millard so'm bo'lgan 526 ta ijtimoiy va boshqa soha ob'ektlari qurilib foydalanishga topshirildi.

    Uy-joy ta'minoti aholi farovonligining muhim mezonlaridan biri hisoblanadi. O'z boshpanasiga ega kishining ertangi kunga ishonchi mustahkam bo'ladi. Viloyatimizda ham keyingi besh yilda 716 ta ko'p qavatli uy-joylar qurilib, uning ko'lami 70 foizga oshdi. Mazkur qurilishlarga davlat byudjeti va tadbirkorlik sub'ektlarining mablag'lari yo'naltirilib, 11719 ta xonadonli arzon hamda tijorat uy-joylarining kaliti o'z sohiblari ixtiyoriga topshirildi. Shu tariqa fuqarolarimiz vatan ichra o'z “kichik vatan”lariga ega bo'lyapti.

    Mamlakatimiz rahbari o'z lavozimiga kirishganining ilk kunlaridanoq kelajak avlod tarbiyasi, ta'limiga alohida e'tibor qaratib keladi. Maktabgacha ta'lim tizimi butunlay izdan chiqqanligi, ushbu dargohlar onalar ishga borib kelguncha bolalarni saqlovchi maskan bo'lib qolganligini ta'kidlab, bolalar qamrovini zamonaviy bog'chalar qurish asosida oshirish vazifasini qo'ygan edi. Shu o'rinda misollarga murojaat etsak, viloyatda 2017-yilda 132 ta maktabgacha ta'lim tashkiloti faoliyat ko'rsatib, bolalarning 34,1 foizigina qamrab olingan edi. Ayni kunlarda bu ko'rsatkich 78,3 foizni tashkil etib, yil yakuniga qadar uni 95 foizdan oshirish rejalashtirilmoqda.

    Ta'lim va tarbiyaning keyingi bosqichi umumiy o'rta ta'limni rivojlantirish bo'yicha ham muayyan yutuqlarga erishdik. Chunonchi, 2019-2020-o'quv yilida viloyatdagi 361 ta maktabni 13044 nafar o'quvchi tamomlab, ularning 4649 nafari (35,6 foiz) oliy ta'lim muassasalariga talabalikka qabul qilindi. Bu respublikadagi eng yuqori ko'rsatkich.

    Ta'lim sohasidagi yutuqlar haqida so'z borarkan, “Bir million dasturchilar” loyihasi doirasida viloyatimizdan 33,1 ming nafar o'quvchi va o'qituvchi yakuniy sertifikatlarni qo'lga kiritib, respublikada eng yuqori ko'rsatkich qayd etilganini, mazkur loyiha doirasida eng faol informatika o'qituvchilar TOP-100 taligining 25 tasi hududimiz hissasiga to'g'ri kelishini e'tirof etmoq joiz. Shuningdek, bugungi kunda viloyat bo'yicha 700 nafarga yaqin yoshlar IELTS sertifikatini qo'lga kiritgan, ularning 170 nafari maktab o'quvchilaridir. Ushbu o'quvchilarning barchasi bugungi kunda muddatidan oldin oliy ta'lim muassasalari talabasi bo'lishdi.

    Eng g'ururlisi, Navoiy viloyatida respublika miqyosida yagona bo'lgan o'qitish metodikalarimiz mavjud. Misol uchun, viloyatimiz Finlyandiya bilan imzolangan memorandum asosida 2030 yilga qadar 10 000 talaba grand asosida eng nufuzli fin universtitlarida tahsil oladi. Finlyandiyalik o'qituvchilar ayni paytda Zarafshon shahridagi maktabda dars berishmoqda. Shuningdek, IT sohasini rivojlantirish maqsadida YAponiyaning IT-akademiyasi ochilgan bo'lib, xozirda o'z faoliyatini samarali davom ettirmoqda.

    Albatta, ushbu yutuqlar ta'lim tizimida ishlar risoladagidek yo'lga qo'yilgan, degani emas. Ayniqsa, olis hududlardagi yoshlarning ta'lim berishda sifat o'zgarishlariga erishish hamon dolzarbligicha qolmoqda. Bu borada Xatirchi tumani Tamabahrin mahallasi butun respublikamizga o'zining oliy ta'limga o'quvchilarni tayyorlash tajribasi bilan mashhur bo'lib, har yili ularning 4000 dan ortiq o'quvchisidan 90-95 foizi oliy ta'lim bo'yicha orzu-niyatlariga erishyapti. Bu maktab — mahalla — oila hamkorligining ibratli namunasiga aylandi. enlilikda bu tajribani keng yoyish ustida ish olib borilyapti.

    Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan joriy yildan e'tiboran Navoiy davlat konchilik institutida qishloq xo'jaligi, Navoiy davlat pedagogika institutida tibbiyot fakul`tetlari o'z faoliyatlarini boshlaydi.

    Shu o'rinda “Yoshlar daftari” doirasida olib borilayotgan ishlarga ham muxtasar to'xtalib o'tsangiz?

    Albatta, barcha yoshlarni ta'limning oliy bosqichiga qamrab olish imkoni yo'q. Qolaversa, yoshlarning hammasi ham buni istashmaydi. Biroq ularga hayotda o'z o'rnini topishi, kasbli, hunarli bo'lishlari uchun sharoit yaratish, o'zlarining biznesiga asos solishlariga ko'maklashish jamiyatning asosiy vazifasi hisoblanadi. Mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan joriy etilgan “Yoshlar daftari” ayni ana shu ezgu maqsadni nazarda tutadi.

    Bugungi kunda viloyat bo'yicha “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 19 ming 602 nafar yigit-qizlarning 18790 nafari ushbu daftardan chiqarildi. (Bu yuqorida biz keltirgan viloyatimizdagi ikki OTMda tahsil olayotgan yoshlar bilan qariyb teng demakdir). Ularning 8591 nafari doimiy ishga joylashtirilgan bo'lsa, 4682 nafariga o'z biznesini yo'lga qo'yishlari uchun imtiyozli kreditlar, “Har bir yoshga bir gektar” tamoyili asosida 2097 nafar yoshlarga 1 gektargacha yer maydoni ajratildi. 383 nafar yigit-qiz “Ustoz-shogird” an'anasi doirasida hunarmandlarga biriktirildi, 11 sinf bitiruvchilari maktab rejasidan tashqari kasbga o'qitilib ularning aksar qismi egallagan kasbi yo'nalishida o'z ishlarini yo'lga qo'ishgan va hakozo.

    Viloyatda jami 11 ta “Yoshlar sanoat zonasi”ni tashkil etish rejalashtirilgan, buning uchun 45 gektardan ortiq er maydoni ajratildi. Mazkur maskanlarda 292 ta loyihani tatbiq etish bo'yicha ish ketyapti, ularning qiymati 235,7 milliard so'mni tashkil etadi. Muhimi, mazkur loyihalar doirasida raqobatbardosh mahsulotlar tayyorlanishi barobarida 1642 ta yangi ish o'rni yaratilishi ham ko'zda tutilgan.

    Dunyoda ming-ming yildirki vaqt bilan bog'liq mezon o'zgarmagan. U soat, kun, oy, yil va asrlar bilan belgilanadi. Lekin mamlakatimiz tarixining keyinggi yillari haqida o'ylasak, yangilanishlar shiddati va taraqqiyot odimidan vaqt tezlashgandek tuyuladi, go'yo. Binobarin, shu qisqa vaqt ichida Navoiy viloyatida ham asrlarga tatigulik yangilanish va o'zgarishlar amalga oshirildiki, ularning barchasini bir suhbatga jamlash nihoyatda mushkul.

    Albatta, bularning barchasi oldimizga qo'yilgan vazifalar uddalandi, muammolardan xolimiz degani emas. Yurtboshimiz ta'kidlanganidek, yuksak marralar yo'lida ularni chetlab emas, bartaraf etib borishimiz zarur. Mazkur masalada tabiiyki, birdamlik va daxldorlik hissi muhim ahamiyatga ega. Boshqacharoq aytsak, bu Yangi O'zbekistonning rivojlanish va salohiyat sinergiyasi, ya'ni yagona maqsad yo'lida kuchlar birlashishidir.

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri

    Abdurauf Qorjovov suhbatlashdi