Oʻzbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi mana shu urush davrida xalqimiz koʻrsatgan mardlik va matonat, yuksak insoniy fazilatlarini abadiylashtirishga muhim ahamiyat berib kelmoqda.
Xususan, 2022-yilda Markaz Belarus Davlat Ulugʻ Vatan urushi tarixi muzeyi bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatdi: 2023-yilning 17-yanvarida Minsk shahrida «Xalq xotirasi abadiy» mavzusida koʻrgazma oʻtkazdi. Unda «Oʻzarxiv» agentligi tomonidan taqdim etilgan 70ga yaqin arxiv fotosuratlarda oʻzbek xalqining Ulugʻ Vatan urushi yillarida fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga qoʻshgan hissasi yoritilgan.
Belorus Davlat tarixi muzeyi taklifiga binoan Oʻzbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi shu yilning 27- 28-mart kunlari boʻlib oʻtgan «Tarixiy xotiraga sadoqat» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasida onlayn formatida ishtirok etdi. Tadbirda Toshkent shahridagi «Gʻalaba bogʻi» majmuasi ilmiy xodimlari ham qatnashdi.
Konferensiyaning maqsadi Belarus hududida fashist bosqinchilariga qarshi kurashda MDH mamlakatlari xalqlarining birligini koʻrsatish, har bir xalqning Buyuk gʻalabaga qoʻshgan hissasini aks ettirish, hamda Oʻzbekiston Respublikasida keng nishonlanadigan «9-may — Xotira va qadrlash kuni», Oʻzbekistonning Ikkinchi jahon urushidagi buyuk gʻalabasiga qoʻshgan ulkan hissasini keng ommaga targʻibot etish, yoshlarni ona-vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashdir.
Tadbirda Belarusda fashist bosqinchilariga qarshi kurashda koʻp millatli Oʻzbekiston xalqi ham jang maydonlari va front ortida ulkan jasorat va matonat koʻrsatib, fashizm ustidan qozonilgan gʻalabani taʼminlashga munosib hissa qoʻshganligini taʼkidlandi.
Shu tariqa biz oʻz tariximizni, ajdodlarimizga xos jasorat va matonat tuygʻusini, jangovar anʼanalarni kelgusi avlodlarimizga meros qilib qoldirishga erishamiz. Prezidentimiz taʼkidlaganlariday: «Tarixga sergak qaragan odamgina doimo hushyor va ogoh boʻlib yashaydi».
Oʻzbekistonda SHHTning Xalq diplomatiyasi
markazi matbuot xizmati