Tashqarida ayomajuz, ichkarida esa dilni entiktiruvchi koʻklamoy

    Sabiha opa tandirdan endigina uzilgan koʻk somsalarni oldimizga qoʻyar ekan, yangilanish faslining ilk kunlarida hovuri chiqib turgan somsalarga rizqimiz qoʻshilgani ham bir xislat ekanligini taʼkidladi.

    Ayni kunlarda yangilanish va yasharish fasli — bahor oʻzi ketsa ham izgʻirinli ayozi ketmayotgan qish bilan astoydil xayrlashib, yashillik va yaratuvchanlikning bor goʻzalligini zamin uzra sep qilib yoyishga intilmoqda. Bir qarich yerga urugʻ qadayotgan, har bir nihol va koʻchatini koʻz qorachigʻidek asrab, butun mehrini yerga berayotgan omilkor dehqon esa dala yumushlarini ado etishga kirishgan.

    Toshkent viloyati hokimligi tomonidan Sabzavot mahallasiga uyushtirilgan press-tur jarayonida bunga oʻzimiz ham amin boʻldik. Toʻrt yarim gektar yerda golland lolalari va atirgullari ekilgan issiqxonaga kirib borar ekanmiz, rang-barang gullar iforidan navbahorning haqiqiy nafasini his qildik. Tashqarida ayomajuz, ichkarida esa dilni entiktiruvchi koʻklamoy bor tarovatini namoyish qilib, yastanib yotganday.

    — Issiqxonamiz 2016-yilda bunyod etilgan. Bu yerda Gollandiyadan keltirilgan noyob lolalar yetishtiriladi, – deydi issiqxona agronomi Alijon Ahmadjonov. – Barchamizga maʼlumki, golland lolalari beqiyos goʻzalligi bilan dunyoda eʼtirof etilgan. Oʻtgan toʻrt yuz yil davomida gollandlar bu gullarni yetishtirishda aql bovar qilmas natijalarga erishgan. Aynan ular hozirgi vaqtda ham sayyoramizdagi asosiy lola yetkazib beruvchilar hisoblanadi. Shuning uchun ham biz Gollandiyadan turli xil lola piyozlarini olib keldik. Uch yildan buyon ularning 40 dan ziyod turlarini yetishtiryapmiz. Lola piyozi yerga qadalgach, 4 oyda gʻuncha holiga keladi. Ekilayotgan piyoz sogʻlom, chirimagan, butun boʻlishi lozim.

    Lola piyozi zax boʻlmagan, suv shimuvchi, yaxshi oʻgʻitlangan yumshoq yerga ekiladi. Qadalgandan soʻng koʻp suv va oʻgʻit talab qilmaydi, kasalliklarga chidamli. Hozirda bu gulga talab juda katta. 3 haftagacha sarxil holda saqlash va uzoq masofalarga avtotransport vositalarida yetkazish mumkin. Birinchi yil ushbu gullar sonini yuz, ikkinchi yil ikki yuz, bu yil besh yuz mingtaga yetkazib, yildan yilga koʻpaytirib borishni rejalashtiryapmiz. Eng asosiysi, koʻrib turganingiz, koʻzni quvnatib turgan bu golland lolalari bahorda nishonlanajak bayramlarga eng munosib sovgʻa boʻladi.

    Yilning toʻrt faslida ham ifori olamni tutadigan gullardan tortib turli tropik mevalarni yetishtirayotgan ushbu xoʻjalikning ish boshlaganiga yaqinda uch yil boʻladi. Issiqxonada ayni paytda ish jarayonlari qizgʻin, ishchilarning qoʻli-qoʻliga tegmaydi, sababi bahoriy ayyomlar yaqin.

    Lola va atirgullar iforidan bahra olib, quchoq-quchoq gullar bilan suratlarga tushar ekanmiz, yon-atrofimizdagi boshqa issiqxonalarda yetishtirilayotgan qulupnay va limon singari sarxil mevalardan totib koʻrishni ham unutmadik. Tanti dehqonlarimiz idish toʻla qulupnaylarni oldimizga terib qoʻyishdi.

    — Bugungi kunda Toshkent tumanidagi 151 gektar yer maydonida 80 ta issiqxona xoʻjaligi faoliyat yuritmoqda. Gulchilik sohasini rivojlantirishga tuman hokimligi tomonidan alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada Prezidentimizning 2021-yilning 4-avgustdagi “Respublika hududlarida gulchilik va koʻchatchilik sohalarini yanada rivojlantirish toʻgʻrisida”gi qarori dasturilamal boʻlayotir, – deydi Toshkent tumani hokimi matbuot kotibi Dilafroʻz Ismoilova.

    – Mazkur qaror dehqonlarning manfaat koʻrishida muhim ahamiyat kasb etayotir.

    Darhaqiqat, yerni eʼzozlamagan, har bir qarichidan unumli foydalanmagan, intilib-izlanmagan, tashabbus koʻrsatib, yangilik yaratmagan odamni hayotning oʻzi bir chekkaga chiqarib qoʻyadi. Sabzavot mahallasi misolida amalga oshirilayotgan dehqonchilik ishlari nafaqat ichki bozorlardagi narx-navoning barqarorligini taʼminlamoqda, balki xonadonlarga fayzu baraka olib kirmoqda.

    Press-tur doirasida issiqxonada mirishkor dehqonlarning qulupnay yetishtirish borasidagi tajribalari bilan ham tanishdik.

    — Shifokorlar faol shifobaxsh vosita sifatida taʼriflaydigan qulupnayni ishtaha ochadigan, hazm qilish faoliyatini meʼyorlashtiradigan neʼmat, deya taʼriflaydi. Aytishlaricha, uning boshqa shifobaxsh xususiyatlari ham. Jumladan, xotirani yaxshilab, koʻrish qobiliyatini oshiradi va qondagi qand miqdorini meʼyorlashtiradi. Tarkibidagi antioksidantlar organizmni erta qarishdan va jiddiy kasalliklardan himoya qilib, saraton kasalligining oldini oladi, – deydi Sabzavot mahallasi faoli Mohira opa Rahimova biz bilan suhbatda. – Shuning uchun ham mahallamizdagi deyarli har bir xonadonning tomorqasida qulupnay ekiladi.

    Tuman va poytaxt bozorlarini yilning toʻrt faslida toʻldirib turadigan qulupnaylarning koʻpini Sabzavot mahallasi mirishkorlari yetishtiradi. Agar shu kunlarda mazkur hududga yoʻlingiz tushsa, mahalliy aholi issiqxonada hosilni terib olayotganining ustidan chiqasiz.

    Issiqxonadagi ish esa yil boʻyi toʻxtamaydi. Qulupnaylarning ayni “ilikuzildi” paytida mahalliy bozorlarga yetkazilib berilishi quvonarlidir. Muhimi, bu orqali koʻplab oilalar bandligi taʼminlangan.

    Ha, tomorqa rizq-roʻz, qoʻshimcha daromad manbai, bandlikni, arzonchilikni taʼminlashning samarali yoʻlidir.

    Soʻnggi manzilimiz Tutzor mahallasida istiqomat qiluvchi tadbirkor Sabiha Karimovaning xonadoni boʻldi. Opaning aytishicha, tandirida somsa yopish ona meros kasb. 4 farzandning onasi, 11 nevara va bir chevaraning buvisi Sabiha opa tandirdan endigina uzilgan koʻk somsalarni oldimizga qoʻyar ekan, yangilanish faslining ilk kunlarida hovuri chiqib turgan somsalarga rizqimiz qoʻshilgani ham bir xislat ekanligini taʼkidladi.

    Kun davomida Toshkent tumani sabzavot mahallasidagi bir nechta issiqxonalarda boʻlib, u yerda faoliyat olib borayotgan ishchi-xodimlarning quvonch va tashvish­larini oʻrganar ekanmiz, koʻnglimizdan shunday gaplar kechdi: mehnat qilgan elda aziz.

    Gulichehra DURDIYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri