Teri kasalliklariga chalinmaslik uchun nimalarga ahamiyat berish zarur?

    Hozirgi kunda teri kasalliklari bilan xastalangan bemorlar soni aholi orasida koʻpayib bormoqda. Teri kasalliklari orasida ogʻir kechayotgani poʻrsildoq yara kasalligidir. Shuningdek, turli ichki va tashqi omillar teri kasalliklarining nisbattan ogʻir kechishiga sabab boʻladi.

    Xususan, organizm immun tizimining buzilishi, modda almashinuvi, neyro-endokrin kasalliklari xamda tashqi omillardan ekologik omillar, alimentar, asabiylashish va shu bilan bir qatorda bemor tomonidan nazoratsiz dori vositalarini qabul qilishlari kasalliklarning rivojlanishi va ogʻir shakllariga oʻtib ketishiga sabab boʻladi.

    Teri butun inson tanasini qoplab turuvchi aʼzo boʻlib qolmay, balki barcha ichki aʼzolar bilan uzviy bogʻliq xolda, qator muhim vazifalarni bajaradi. Odamning sogʻligʻi, yurak-qon tomir, asab, oshqozon-ichak trakti, endokrin tizimi bilan bir qatorda, terining funksiyasi va xususiyatiga ham bogʻliq.

    Uchuq

    Viruslar sabab kelib chiquvchi dermatozlar teri kasalliklari ichida salmoqli oʻrinni egallaydi. Uchuq (gerpes virusi), kontagioz mollyuska, soʻgallar bolalarda koʻp uchraydi. Oddiy uchuq virusi boshqa viruslardan farq qilib, u inson organizmida yillab saqlanishi, baʼzi noxush xolatlar (zotiljam, bronxit, OʻRVI, har xil intoksikatsiyalar va boshqalar) taʼsir etganda faollashi mumkin. Aksariyat hollarda qoʻrqish, sovqotish, shamollash, gipovitaminoz holatlari ham viruslarni qoʻzgʻatib oddiy uchuqqa sabab boʻladi.

    Baʼzan bemor bilan muloqotda boʻlganda ham kasallik yuqishi mumkin. Kasallik onadan bolaga muloqot vaqtida, tugʻruq yoʻllari orqali, ifloslangan homila oldi suyuqligi orqali va platsenta orqali yuqadi. Bunday hollarda kasallik ogʻir, asoratli kechishi mumkin. Kasallik OʻRVI kasalliklar bilan birga kechganda havo-tomchi yoʻli bilan ham yuqadi.

    Teridagi oq dogʻlarning kelib chiqish sababi

    Xalqimiz orasida oq dogʻlar baliq, sut, tuxum mahsulotlarining aralashtirib yeyishdan kelib chiqadi, degan qarash bor. Aslida esa vitiligo kasalligining kelib chiqish sabablari boshqa.

    Vitiligo — teri kasalliklari orasida keng tarqalgan boʻlib, teri sohasida yalligʻlanmagan har xil shakllarga va oʻlchamlarga ega boʻlgan oq dogʻlarning paydo boʻlishi bilan ifodalanadi.

    Bu kasallikning kelib chiqishiga koʻplab omillar sabab boʻladi. Asab, endokrin va immunitet tizimi va lipidlar perekis oksidlanishi tizimining buzilishi hamda hujayralarni oʻz-oʻzini yemirishi, shuningdek, terining mikroelement tarkibi va metabolik jarayonning oʻzgarishi shular jumlasidandir.

    Vitiligo surunkali avj olib kechishi bilan ajralib turadi. Ayol va erkakda bir xilda uchraydi. U kasallikka moyillik (genetik) va qoʻzgʻatuvchi (tashqi) omillar taʼsirida paydo boʻladi. Tashqi omillarga emotsional asabiylashish va quyosh taʼsirida kuyish misol boʻla oladi. Kasallikning zoʻrayishiga ichki aʼzolarning surunkali yalligʻlanishi, zaharlanish, disbakterioz, gijja, endokrin va immun tizimi buzilishlari sabab boʻlishi mumkin. Vitiligo odatda toʻsatdan boshlanadi. Bemor, eng avvalo, depigmentatsiya oʻchogʻi (yoki oʻchoqlari)ni sezadi. Vitiligoning klinik koʻrinishi teri qoplami turli sohalarida gipo va depigmentatsiya oʻchoqlarining mavjudligi bilan xarakterlanadi va vaqt oʻtishi bilan kattalashishga moyil boʻladi. Ushbu xastalik kosmetik nuqson boʻlib, koʻpincha bemorga ruhiy tushkunlikni keltirib chiqaradi.

    Nasldan naslga oʻtuvchi irsiy kasalliklar

    Terining irsiy kasalliklari genodermatozlar, deb ataladi. Hozir uning 200 dan ortiq turi mavjud boʻlib, ular butun teri kasalliklarining 10 foizini tashkil etadi. Ularga:

    • ixtioz,
    • tugʻma
    • bullyoz
    • epidermoliz,
    • Dare kasalligi,
    • keratodermiyalar,
    • albinizm,
    • enteropatik
    • akrodermatit kasalligi va boshqalar kiradi. Ushbu kasalliklar maʼlum bir genga bogʻliq boʻlib, nasldan naslga oʻtadi.

    Kasallikni kelib chiqishida qarindoshlar oʻrtasidagi nikoh, onaning homiladorlik vaqtidagi turli xil genital va ekstragenital xastaliklar bilan ogʻrishi sabab boʻladi. Shuningdek, nasldan-naslga oʻtadigan teri kasalliklariga teri allergik kasalliklari turkumiga kiruvchi – atopik dermatit ham misol boʻla oladi. Ushbu kasallik genetik-determinatsiyalashgan teri kasalligi boʻlib, terining yalligʻlanishi, qichish holati bilan kechadi.

    Teri saratoniga chalinmaslik uchun nimalarga ahamiyat berish zarur?

    Terining oʻsma kasalliklari oʻz oʻrnida oʻsma oldi kasalliklari, terining yaxshi sifatli oʻsma kasalliklari va terining yomon sifatli oʻsma kasalliklariga ajratiladi. Terining saraton kasalliklariga bazalioma, melanoma, yassi hujayrali teri saratoni, T va V hujayrali teri limfomalari va boshqalar kiradi.

    Teri saratoniga chalinmaslik uchun terini toʻgʻri parvarish qilish, teri gigiyenasiga rioya qilish, teri kasalliklarini oʻz vaqtida shifokor nazoratida, asoratlarsiz, toʻgʻri davo muolajasini olib borish, quyosh nuridan saqlanish va quyosh nuridan toʻgʻri foydalanish, terini turli xil jarohatlardan himoya qilish, bilib-bilmasdan terida paydo boʻlgan nuqsonlarni tabiblarda shifokor koʻrigisiz davolamaslik zarur.

    Dermatoonkologiya hozirgi zamonaviy tibbiyotda rivojlanib kelayotgan sohalardan biri boʻlib, ushbu soha kasallikka oʻz vaqtida, erta, zamonaviy ilgʻor tibbiyot diagnostikasi usullardan, yaʼni shu oʻrinda molekulyar-genetik tekshirish usullari, sitologik, fotodiagnostika, immunogistoximiya, gistomorfologik va boshqa usullarini qoʻllash asosida foydalangan holda aniq tashxis qoʻyish, zudlik bilan davo choralarini koʻrishga va kasallikni oldini olish uchun aholi orasida tibbiy madaniyatni oshirishga qaratilgan.

    B.Azizov,

    Toshkent davlat stomatologiya instituti

    dermatovenerologiya va kosmetologiya

    kafedrasi mudiri, dotsent

    I.Nurmatova,

    Toshkent tibbiyot akademiyasi,

    dermatovenerologiya va kosmetologiya kafedrasi dotsenti