Terrorizmga qarshi kurashning milliy andozasi shakllantirildi

    Poytaxtimizda SHHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (MATT) X xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi va MDHning terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash boʻyicha ikkinchi konferensiyasi boʻlib oʻtmoqda.

    Tadbirda SHHT va MDHga aʼzo davlatlarning vakolatli organlari, MDH organlari ishchi tuzilmalari hamda xalqaro tashkilotlar delegatsiyalari vakillari ishtirok etayotir.

    Konferensiyada Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisining birinchi oʻrinbosari, general mayor B.Tursunov soʻzga chiqib, mustaqil taraqqiyot yillarida dunyoning boshqa mamlakatlari kabi Oʻzbekiston ham terrorizm va ekstremizmning turli shakllariga duch kelganini qayd etdi.

    – Xavfsizlikning bu tahdidlariga qarshi kurashish bizga bu sohada milliy andozani shakllantirish imkonini berdi. Ayni paytda, terrorizm va ekstremizmga qarshi yondashuvimiz takomillashmoqda, biz yangi chaqiriq va tahdidlarga moslashyapmiz.

    2021-2026-yillarga moʻljallangan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi va uni amalga oshirish boʻyicha Harakatlar rejasining qabul qilinishi bu boradagi tub burilish boʻldi. Ushbu hujjatlarda huquqni himoya qilish tuzilmalari, hokimiyat va boshqaruv organlarining fuqarolik jamiyati institutlari, xorijiy hamkorlar va xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorligining asosiy yoʻnalishlari belgilab berilgan.

    Ekstremistik gʻoyalarning sobiq va salohiyatli tarafdorlari bilan ijtimoiy va psixologik ishlash, ularni oʻqitish, ish bilan taʼminlash, umuman, oʻz qobiliyatlarini roʻyobga chiqarishi uchun sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bunday oʻzgarish va yondashuv yuksak natijalarni berib, xalqaro miqyosda eʼtirofga sazovor boʻlmoqda.

    Xususan, 2019-yildan buyon 5 ta “Mehr” gumanitar aksiyalari doirasida Suriya, Iroq va Afgʻonistondan 531 nafar repatriant Oʻzbekistonga qaytarildi. Ularga ijtimoiy, tibbiy va boshqa yordamlar koʻrsatildi. Natijada, bugungi kunda repatriantlarning 90,2 foizi zamonaviy turmush tarzini olib bormoqda, 9,8 foizi anʼanaviy islom diniga eʼtiqod qiladi, – dedi B.Tursunov.