Texnologik metallar oliy maktabi tashkil etiladi

    Kuni kecha “Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati” AJ va Istanbul texnika universiteti oʻrtasida taʼlim va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha memorandum imzolandi.

    Unda “OʻzTMK” AJ raisi Farhod Abdullayev hamda ITÜning “Konchilik” fakulteti dekani, professor Mustafa Kumral kelishuviga asosan, Markaziy Osiyo universiteti qoshida Texnologik metallar oliy maktabi tashkil etiladigan boʻldi.

    Ushbu oliy maktabning vazifasi texnologik metallar sohasida magistratura va doktorantura talabalarini, ilmiy tadqiqotchilarni yetishtirib chiqarish, shu bilan birga, ilmiy materiallar va maʼlumotlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, togʻ-kon ishlari, metallurgiya, materialshunoslik, nanotexnologiya hamda energetika boʻyicha qoʻshma tadqiqotlarni olib borishdan iborat.

    Shuningdek, Texnologik metallar oliy maktabi dual taʼlim tamoyiliga asoslangan boʻlib, unga koʻra talabalar 70-80 foiz vaqtini ishlab chiqarish korxonalarida (yaʼni amaliyotda) oʻtkazadi.

    Mazkur maktabni bitirgan bitiruvchilar kelgusida “OʻzTMK” AJ qoshidagi korxonalarda oʻz faoliyatlarini olib borishlari mumkin boʻladi.

    Maʼlumot uchun, Istanbul texnika universiteti dunyodagi uchinchi eng qadimgi muhandislik universitetlaridan biri hisoblanadi. Universitetda 39 ta bakalavr, 144 ta magistratura dasturlari, 13 ta kollej, 346 ta laboratoriya va 12 ta ilmiy markazlar mavjud.