Texnopark — fan, ta'lim va ishlab chiqarish integratsiyasining generatori

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining shu yil 6-yanvar sonida Toshkent davlat texnika universiteti rektori Sadriddin Turobjonovning “Texnopark — fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasining generatori” nomli maqolasi chop etildi. Quyida uni oʻqishingiz mumkin.

    Bundan bir necha yil avval oliy taʼlim tizimida texnoparklarning yaratilishi haqida tasavvur ham qilmagan edik. Rivojlangan mamlakatlarning oliy oʻquv yurtlarida koʻrib, havas qilib, qani endi bizda ham shunday imkoniyatlar boʻlsa, deb oʻylardik. Chunki bunday zamonaviy uskunalar katta valyuta hisobiga xarid qilinar edi-da. Oliy oʻquv yurtlari talabalari uchun shunday katta mablagʻ sarflanishiga hech kim ishonmas edi. Bugun koʻzni quvontirib turgan Talabalar shaharchasida “INNO” innovatsion oʻquv-ishlab chiqarish texnoparkining qurilgani biz uchun, talabalarimiz uchun kutilmagan sovgʻa boʻldi. Texnopark faqat orzu edi, bugun ana shu orzumiz ushaldi!

    Ilm boʻlmasa, rivojlanish boʻlmaydi. Keyingi besh yilda mamlakatimizda barcha islohotlar mana shu qatʼiy tamoyil asosida kechdi. Davlatimiz rahbari Prezidentlik faoliyatining dastlabki kunlaridanoq ilm­-fan va innovatsiyalar rivojini eng ustuvor masala sifatida kun tartibiga qoʻydi. Jumladan, 2017-yil 23-dekabrda Oliy Majlisga Murojaatnomasida: “Kelgusi yilda ilmiy-­tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish, buning uchun zarur moliyaviy resurslarni safarbar etish, ushbu jarayonda iqtidorli yoshlar ishtirokini, ijodiy gʻoya va ishlanmalarini har tomonlama qoʻllab-­quvvatlash vazifasi eʼtiborimiz markazida boʻladi”, degan edi. Shuningdek, 2021-yil 6-noyabrda Prezident lavozimiga kirishish marosimidagi nutqida: “Yurtimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish uchun bizga zamonaviy ilm va yana bir bor ilm, tarbiya va yana bir bor tarbiya kerak”, deb taʼkidladi. Ana shu fikrlar bugun hayotda oʻzining amaliy isbotini topmoqda. Oʻtgan yillar davomida bu borada salmoqli natijalarga erishildi. Bugun yurtimizdagi biznes inkubatorlar, akselerator va kovorking oʻquv kurslari, IT markazlar mana shu maqsadga qaratilgani bilan diqqatga sazovor. Talabalar shaharchasida “INNO” innovatsion oʻquv­ishlab chiqarish texnoparki tashkil etilgani yuqoridagi fikrimizning yorqin isboti boʻla oladi.

    Ilm-­fan va innovatsiyalar Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotida strategik ahamiyatga ega ustuvor sohaga aylandi. Sohaga munosabat butkul oʻzgardi. Bitta ilmiy loyihani moliyalashtirish hajmi 3,5 barobar koʻpaydi. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, mamlakatimizning yetakchi oliy oʻquv yurtlari yirik ilmiy-­tadqiqot markazlari ham boʻlishi kerak. Oliy taʼlim tizimining vazifasi faqat talabalarni oʻqitishdan iborat emas. Bunday muassasalar izchil ilmiy faoliyat olib borishi, yoshlarni ilmiy tadqiqotlarga jalb qilishi va yirik loyihalarni amalga oshirishi lozim.

    Toshkent davlat texnika universitetida faoliyat koʻrsatayotgan 18 ta ilmiy-­tadqiqot va innovatsiya markazida professor­-oʻqituvchilar, tadqiqotchilar, yosh olimlar va iqtidorli talabalar iqtisodiyotning turli tarmoq va sohalarini ilmiy-­texnik rivojlantirishga xizmat qiladigan ustuvor yoʻnalishlarda innovatsion tadqiqotlar olib bormoqda. Taʼlim, fan va ishlab chiqarishning oʻzaro manfaatli hamkorlik mexanizmini yoʻlga qoʻyish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash va ularni ish oʻrinlari bilan taʼminlash jarayonida ishlab chiqarish korxonalari bilan aloqalarni kuchaytirish maqsadida 7 ta ilmiy-­texnik kengash faoliyat yuritmoqda. Yurtimiz iqtisodiyotining tarmoq ishlab chiqarish korxonalari bilan 135 dan ortiq innovatsion korporativ hamkorlik shartnomasi imzolangan.

    Universitetimizda korxonalarning 746 dan ortiq ilmiy­-texnologik muammolari bazasi tashkil qilinib, ular asosida 189 dan ortiq magistrlik, 70 dan ortiq doktorlik dissertatsiyasi ustida ilmiy izlanishlar olib borildi. 2021-yili universitetda ishlab chiqarish korxonalari buyurtmasi asosida jami qiymati 2956,14 million soʻmlik ilmiy­ tadqiqot ishlari bajarildi. Ularni tijoriylashtirish boʻyicha Navoiy kon­metallurgiya kombinati bilan qiymati 1080 million soʻmlik 3 ta loyiha, Olmaliq kon-­metallurgiya kombinati bilan qiymati 280 million soʻmlik 1 ta loyiha, “Oʻzbekneftgaz” AJ bilan qiymati 102 million soʻmlik 2 ta loyiha, “Qizilqumgeologiya” korxonasi bilan qiymati 600 million soʻmlik 1 ta loyiha amalga oshirildi. Ilk bor davlat granti hisobidan startap loyihalarni qoʻllab­quvvatlash va moliyalashtirish tizimi shakllantirildi. Ilmiy tashkilotlarning moddiy-­texnik bazasini mustahkamlash uchun salmoqli mablagʻ ajratilmoqda. 2030-yilgacha ilm­-fanni rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi.

    Bugun dunyoda eng qimmatbaho mahsulot — taraqqiyotni harakatlantiruvchi kuch yoki iqtisodiyotni rivojlantiruvchi drayver ham soʻzsiz ilm­-fandir. Shu bois, mamlakatimiz tanlagan ulugʻvor yoʻl — Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish borasidagi saʼy-­harakatlar yanada jadallashmoqda. 2020-yil 26-oktyabrda Toshkent shahrida qurilish sohasidagi loyihalar bilan tanishish vaqtida Prezidentimizga Toshkent davlat texnika universiteti hududida zamonaviy oʻquv­-amaliy kompleks barpo etish loyihasi taqdim etilgan edi. U davlatimiz rahbari tomonidan maʼqullanganidan soʻng amaliy ishlar boshlandi. Qisqa muddatda — bir yilda mazkur texnopark bitkazilib, foydalanishga topshirildi. “Inno” innovatsion oʻquv va ishlab chiqarish texnoparkining toʻrtta faoliyat yoʻnalishi belgilandi. Bular — robototexnika va mexatronika, IT texnologiyalar, muqobil energetika hamda biotexnologiya. Texnoparkda mazkur yoʻnalishlar negizida qator laboratoriyalar faoliyat yuritishi koʻzda tutildi. Jumladan:

    birinchidan, mexanik ishlov berish sexida eng ilgʻor, zamonaviy dastgoh va qurilmalar oʻrnatilgan boʻlib, ular metall, yogʻoch va polimer materiallarga ishlov berish hamda ulardan murakkab detallar ishlab chiqarishga moʻljallangan;

    ikkinchidan, mexanik ishlov berish sexida yaratilgan detallarni metrologik sinovdan oʻtkazib, standartlarga javob berish darajasini aniqlash uchun standartlashtirish laboratoriyasi tashkil etilib, zamonaviy qurilmalar bilan jihozlangan;

    uchinchidan, robototexnika laboratoriyasida yoshlar uchun robotlarni yigʻish jarayonida zarur boʻlgan barcha qulaylikka ega uskunalar oʻrnatilgan. “KUKA” robototexnika firmasining maxsus oʻquv xonasi tashkil etilgan;

    toʻrtinchidan, biotexnologiya laboratoriyasida murakkab mikrobiologik jarayonlar tahlilini oʻtkazish, tuproqshunoslik muammolarini oʻrganish hamda oʻsimliklar ustida tadqiqotlar olib borish uchun jihozlar, qurilmalar oʻrnatilgan hamda maxsus issiqxona qurilgan

    Universitetimizda “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” dasturida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida talabalarning startap loyihasi doirasida “Raqamli universitet” tizimiga qoʻyilgan birinchi qadam sifatida “Avtolib” raqamli kutubxona tizimi yaratildi. Ayni paytda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tashabbusi bilan ushbu tizim mamlakatimizdagi oliy oʻquv yurtlarining axborot­-resurs markazlarida joriy etilish arafasida. Oʻzbekistonning barcha hududi, jumladan, chekka qishloq, posyolkalar aholisining xoʻjalik va turmush ehtiyoji uchun bir vaqtning oʻzida elektr energiyasi va issiq suv bilan taʼminlaydigan quyosh kogeneratsion turdagi avtonom fotoelektrik issiqlik stansiyasi loyihasi ham qoʻshildi.

    Toshkent davlat texnika universitetida robototexnika va mexatronika, IT texnologiyalar, muqobil energetika va biotexnologiya yoʻnalishlari boʻyicha bajarilayotgan innovatsion loyihalar asosida tegishli innovatsion texnoparkda tashkil etiladigan oʻquv, amaliyot, ishlab chiqarish xonalari va ularda oʻrnatiladigan uskunalar va jihozlar toʻgʻrisida maʼlumotlar bazasi shakllantirildi.

    Texnoparkni quruvchi kompaniya rahbarlari bilan Toshkent davlat texnika universiteti rahbariyati oʻrtasida oʻtkazilgan uchrashuvda innovatsion texnoparkning har bir yoʻnalishi boʻyicha amaliyot va ishlab chiqarish bilan bogʻliq xonalarni muassasada olib borilayotgan, tijoriylashtirishga tayyor holatdagi loyihalardan kelib chiqib jihozlash masalalari yuzasidan kelishib olindi. Davlatimiz rahbarining Innovatsion oʻquv va ishlab chiqarish texnoparki ochilishiga bagʻishlangan tadbirga tashrifi chogʻida Toshkent davlat texnika universiteti talabalari, magistrant va doktorantlarining eng yaxshi deb tanlangan 8 ta startap va tijoriy loyihasi taqdimoti oʻtkazildi. Prezidentimiz taqdim etilgan loyihalarni maʼqulladi. Bu oldimizda turgan ilmiy maqsadlarimizning debochasidir. Jamoamizda katta ixtirolar, kashfiyotlarga qodir yoshlar koʻp. Ularning yangi gʻoya va loyihalarga qoʻl urib, amaliy natijaga erishishi uchun barcha shart­-sharoit va imkoniyat mavjud.

    Prezidentimiz huzurida 2020-yil 3-dekabr kuni kengaytirilgan tarzda oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida universitetimiz oldiga qoʻyilgan vazifalardan kelib chiqib, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “Navoiyazot” AJ, “Fargʻonaazot” AJ, “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” AJ, “Qizilqumsement” AJ, “Bekobodsement” AJ va “Quvasoysement” AJ kabi yirik tabiiy gaz va elektr energiyasi isteʼmolchilari buyurtmasi asosida mavjud texnologiyalardan foydalanib, energiyatejamkorlikni oshirish hamda Muborak, Shoʻrtan va Gazli neft­gaz konlarida yoʻldosh gazlarda ishlovchi kichik quvvatli issiqlik elektr stansiyalarini ishga tushirish boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni yoʻlga qoʻyish uchun mazkur tashkilotlar mutaxassislari, rahbarlari va universitetning yuqori malakali olimlari oʻrtasida bir necha marotaba uchrashuv oʻtkazildi. Qoʻshma ishchi guruhlarning joylardagi holatni chuqur tahlil qilish uchun uyushtirilgan xizmat safarlari natijasida olimlarimiz tomonidan 14 ta loyiha boʻyicha aniq takliflar bildirildi. Ishchi guruh tarkibiga kiritilgan olimlar taqdim qilgan loyihalar “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan koʻrib chiqilib, moliyalashtirish uchun 3 tasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga tavsiya etildi.

    Toshkent davlat texnika universiteti kafedralarida olib borilayotgan, umumiy qiymati 20,543 milliard soʻmlik 45 ta innovatsion ilmiy tadqiqot ishining maʼlumotlar banki yaratilgan. Shu bilan birga, yirik sanoat korxonalaridan mamlakatimiz iqtisodiyotining istiqbolli texnologik rivojlanishiga doir texnik va tashkiliy muammolarni qamrab olgan 63 ta innovatsion loyiha roʻyxati shakllantirilgan.

    Yosh olimlarning tashabbusini qoʻllab­quvvatlash uchun “gʻoya — tashabbus — imkoniyat” innovatsion klubi tashkil etildi. Universitetimizning yosh olimlari va talabalarining ilmiy gʻoyalariga asoslangan jami 59 ta startap loyiha tanlandi. Shulardan 23 tasi kafedralardagi innovatsion guruhlarda yaratilgan loyihalardir. 12 ta startap loyiha ishlab chiqarishga tayyor holatga keltirilgan, 15 tasi akseleratsiya bosqichidan oʻtkazilgan va yana 20 dan ortiq startap loyiha ustida izlanishlar davom ettirilmoqda.

    Maʼlumotlarga koʻra, intellektual mulk ulushi Yevropada yalpi ichki mahsulotning 45 foizini, Xitoyda 12 foizini va Rossiyada 7 foizini tashkil etadi. 2020-yil 12-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan yigʻilish mavzusini davlatimiz rahbari “Intellektual mulkni himoya qilish Uchinchi Uygʻonish davri uchun ishonchli poydevor boʻlib xizmat qiladi”, deya nomlagan hamda patent egalari va tadbirkorlar oʻrtasidagi hamkorlikni taʼminlash zarurligiga alohida eʼtibor qaratgandi. Joriy yilda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar natijalari asosida universitetimiz professor­oʻqituvchilari va olimlari tomonidan 20 ta ixtiro va foydali model uchun patent, 1 ta tovar belgisi uchun guvohnoma va 62 ta dastur uchun guvohnomalar olindi. Intellektual mulk obyektlariga patent berish uchun qoʻshimcha 4 ta ijobiy qaror olindi hamda 50 dan ortiq talabnoma Intellektual mulk agentligiga topshirildi.

    Toshkent davlat texnika universiteti professor-­oʻqituvchilari, yosh olimlari va talabalari texnopark bilan hamkorlikda qurilmalarni ishga tushirish jarayonlarida bevosita ishtirok etdi va barcha yoʻnalishlarda yangi ishlanmalarni amaliyotga joriy qilishga bel bogʻladi. Shunday aniq maqsadlar sari universitetimiz professor-­oʻqituvchilari va iqtidorli yoshlarining fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini uygʻun holda olib borayotgan ilmiy ishlari va keng qamrovli faoliyatining samarasi Toshkent davlat texnika universitetining ikkinchi bor xalqaro miqyosda eʼtirof etilishida yaqqol aks etdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytingidagi birinchi 1000 ta oliy taʼlim muassasasi roʻyxatiga kamida 10 ta oliy taʼlim muassasasini kiritish koʻzda tutilgan. Bu borada Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda barcha oliy taʼlim muassasalari maqsadli rejalar asosida ish boshladi va “Rivojlanayotgan Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari oliy taʼlim muassasalarining 2022-yilgi reytingi” eʼlon qilindi.

    Quvonarlisi, QS mintaqaviy reytingida qayd etilgan Oʻzbekiston universitetlari ketma­ket ikkinchi yil oʻz oʻrnini yanada mustahkamladi va yuqori pogʻonalarga koʻtarildi. Bu davlatimiz rahbari tomonidan Yangi Oʻzbekistonni bunyod etish va Uchinchi Renessansga mustahkam zamin yaratish borasida oliy taʼlim tizimidagi shiddatli islohotlar rivojlanishning yangi bosqichiga koʻtarilayotganidan dalolat beradi.