Til millatning bosh belgisi, uning istiqbolini belgilovchi muhim omillardan biridir

    Fikr 15 Iyul 2021 2797

    Keyingi yillarda mamlakatimizda milliy tilimizning rivoji, barqarorligi, ravnaqi yoʻlida koʻzga koʻrinarli ishlar amalga oshirilyapti. Oʻzligimiz asosi boʻlgan ona tilimiz haqida donishmand inson, Oʻzbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov oʻttiz yil avval “Til millatning bosh belgisidir” — deya bong urgan, milliy tilimizning himoyasi uchun qalqon boʻlgan edi.

    Yaqinda oʻtkazilgan Oliy Majlis Senati yalpi majlisining kun tartibidan oʻrin olgan “Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun senatorlar tomonidan bir ovozdan maʼqullandi. Muhokama chogʻida bildirilgan fikrlarda davlat tiliga hurmatni qonun bilan mustahkamlash zarurati senatorlar tomonidan rad etib boʻlmaydigan darajada asoslab berildi.

    Davlat tili eng avvalo Prezidentimizning maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalishdagi davlat siyosatining ustuvor masalasi ekanligi alohida qayd etildi. Yalpi majlisda Mamlakat istiqbolining yangi davrida Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirishga doir tizimli chora-tadbirlar belgilab berildi.

    Ana shu chora-tadbirlarning muhim tarkibiy qismida, nafaqat davlat organlari yoki vakolatli tashkilotlar, balki barcha darajadagi jamoat tuzilmalaridan tortib, har bir fuqaroga masʼuliyat va javobgarlik yuklab, xususan, davlat tiliga hurmatsizlik qilish, uni kamsitish va buzib talqin etishga yoʻl qoʻyilmasligi qatʼiy belgilandi. Xususan yalpi majlisda Senat raisi Tanzila Norboyevaning davlat tilining nufuzini koʻtarish uchun davlat tiliga boʻlgan hurmat darajasini yuksak maqomlarga koʻtarish zarurligini, davlat tilini mensimaslik, uni kamsitish va buzib talqin etishga yoʻl qoʻymaslikni qatʼiy taʼkidlagani meni juda quvontirdi.

    Yangi qonun oʻzida davlat tilining mavqeini yuksaltirishning barcha jihatlarini qamrab olgan desam xato emas.

    Darhaqiqat, mamlakatimiz koʻp millatli xalq. Qonunda, shu jihatni ham unutmagan holda, davlat tilining himoyasi, rivoji uchun har birimiz masʼul va javobgar ekanligimiz alohida belgilab qoʻyilgan.

    Biz xalqimiz bilan uzoq yillar hamjihatlikda yashab, mehnat qilib kelayotgan barcha millat va elatlarning tillarini hamisha hurmat qilganmiz va ularning barcha haq-huquqlari uchun Oʻzbekistonda zarur sharoitlar yaratib kelingan va mazkur yangi qonunda ham bu anʼana bundan keyin ham saqlanib qolishi nazarda tutilgan.

    Bugun fan va texnika rivojlanib, inson aql idroki yangi-yangi ufqlar sari parvoz qilarkan, biz milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari gʻoyasini amalga oshirishda ona tilimizga yana-da eʼtiborli boʻlishimiz suv va havodek zarur ekanligi oʻz oʻzidan ayon boʻlib qolmoqda!

    Bugun davlat tiliga toʻlaqonli yondashuv mavridi keldi. Mamlakatda Ona tilimiz bilan bogʻliq mavjud holatlar oʻzgarmoqda va oʻzgarishi ham shart va muhim. Bundan ham oldin esa oʻzimiz, millatning har bir vakili oʻzini, qalbini, dunyoqarashini oʻzgartirishi, yangilashi kerak!

    Har bir oʻzbekman degan inson Milliy vaksina bilan tugʻma emlangan boʻlishi juda ham muhim. Senat raisi aytganidek, ushbu jarayonda nafaqat davlat tili masʼullari, har bir millat vakili birdek asosiy oʻrin tutadi.

    Ha, qonun qabul qilindi. Va u kuchga kirsa milliy tilimizning mavqei yana-da yuksalishi, shu boradagi saʼy-harakatlar yangi bosqichga koʻtarilishiga xizmat qiladi.

    Hozir komil ishonch bilan ayta olamanki, hassos qalb shoirimiz Erkin Vohidov shu kunlarga yetib kelganida behad sevingan, baxtiyorligini betakror bitiklarida kuylagan boʻlardi!

    Ha, koʻp bor aytilganidek, millat istiqbolini belgilovchi muhim omillardan biri, shubhasiz uning milliy tilidir.

    Akmal Roʻzitoyev,

    Toshkent shahar hokimining

    maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish,

    davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi