Tilsiz el suvsiz buloqdir

    Afsuski, bizning ongimizda haligacha mustabid tuzum taʻsiri saqlanib qolgan. Haqiqatni aytishdan tortinamiz, iymanamiz va ikkilanamiz. Qaramlikka, loqaydlikka moyilligimiz kuchli. Toʻqson foiz millatimizga mansub odamlar kirib chiqadigan oshxonalar va doʻkonlar, maishiy xizmat uylariga davlat tiliga zid nomlar qoʻyaveramiz. Unga pul toʻlab begona, milliy tilimizdan yiroq nomlarni qoʻydirayotganlar ham oʻzimiz.

    Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganidan buyon salkam oʻttiz uch yil vaqt oʻtdi. Afsuski, ona tilimizning rivoji va uning targʻiboti borasida yetarlicha kurasha olmadik. Oʻz tilini himoya qila olmagan xalqda Vatan, muhabbat va sadoqat tuygʻulari kuchli boʻlmasligi tabiiy holdir. Shu bois milliy qadriyatlarimiz va anʼanalarimizni ham asta-sekin unuta boshladik. Farzandlarimiz ruhiyatida ana shu befarqligimiz taʼsiri sezila boshladi. Axir, qush uyasida koʻrganini qiladi, deya bejiz taʼkidlashmagan. eʼtibor bilan tinglasangiz, ayni zamon yoshlari soʻzlashadigan yangicha “aralashma til” paydo boʻlganiga guvoh boʻlasiz. Bugungi avlod qadim soʻzlarimiz tugul hozirgi paytdagi mavjud soʻzlarning ham aksariyatini unutib yuborgan. Koʻchalarimizdagi gʻalati nomlanishlar jarayoniga ham odatiy holdek qarashadi.

    Masalan, Toshkent Oʻzbekistonning poytaxti boʻlishiga qaramay, bu shahar koʻchalarida hozirgi kunda ham davlat tilidagi yozuvga nisbatan rus, ingliz tilidagi xalqimizga begona va tushuniksiz yozuvlar judayam koʻp. Garchi bu haqda ziyolilarimiz bir necha bor bong urgan boʻlsa-da, natijalar koʻngildagidek emas.

    Tilning shaxs va millat taqdirida oʻynaydigan bemisl ahamiyatini buyuk ajdodlarimiz bundan ming yillar ilgari ham toʻla tushunib etgan va shu toʻgʻridagi dunyo turguncha turadigan hikmatlarini oʻtda yonmas, suvda choʻkmas holda kelajak avlod vorislarga etib kelishini nazarda tutib, toshlarga oʻyib bitik qilganlar. Ularni oʻqiganingizda tilni himoya qilish Vatanni himoya qilish ekanligini shunchalar tiniq idrok qilganlariga tahsin oʻqiysiz. Masalan, Oq qoya bitiklarida mana bunday soʻzlar bitilgan: “Ey er yigit, balo-qazo tirmashib Vataningga yov bosib kelsa, unga qarshi kurashga otlangʻil. Shunda seni tangri qoʻllayur. ey er yigit, bilgʻil tugʻilib oʻsgan Vataning hatto ota-onangdan ham azizroqdir. Vatan va xalq til bilan tirikdir. ey er yigit, tilsiz el, elsiz til boʻlmas. Ikkovini ham egam yaratdi. ey er yigit, Tilingni muqaddas tut. eling-yurting, davlating tiling bilan tirik. Tilsiz el suvsiz buloqdir”.

    Tilning xalq taqdiridagi ahamiyatini, oʻrnini bundan-da taʼsirli, hikmatlashgan va abadiyatga daxldor falsafiy maʼno-mazmun bilan toʻyintirib bera olish, hatto bugungi mana-man degan ziyolining qoʻlidan kelishi amrimahol.

    Shu oʻrinda tilning xalq millat hayotidagi oʻrni nechogʻlik katta ekanligini bundan bir ming toʻrt yuz yil avval paygʻambarimiz Muhammad(s.a.v.)ning ahli islom jamoasi bilan muloqoti chogʻida keltirgan hikmatlaridan birini keltirishni oʻrinli deb topdik. Parvardigorning suyukli zotiga ahli jamoadan shunday muhim savol tushadi:

    – Oʻz tilini qoʻyib oʻzga tilni, millat tilidan ustun koʻrib u tarafga oʻtgan insonni nimaga qiyos qilish mumkin?

    – Oʻz tilini qoʻyib oʻzga tilni afzal koʻrgan insonni oʻz otasini qoʻyib, oʻzga begonadan ota tanlagan bilan teng qoʻyish mumkin.

    Ahli jamoat Muhammad paygʻambar s.a.v.ning qisqa, ammo bagʻoyat mantiqli javobidan qoyil qolganlar. Shundan keyin arab tilining kuch-qudratini oshirish uchun arab dunyosi, islom olamining butun allomalari va buyuklari jiddu-jahd bilan harakat qilganlar. Bunda bizning buyuk ajdodlarimizning xizmatlari ham katta boʻlib, umumbashariy ahamiyatga ega boʻlib, ular uygʻonish pallasi davrining peshvolari boʻlgan edilar.

    Davlat tilining ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-maʼrifiy, qolaversa, hayot tarzimizning barcha sohalaridagi obroʻsini oshirish hamda oʻttiz yildan beri bu sohadagi sustkashlik va uning choʻzilishlarga chek qoʻyish zarur edi. Ayni vaziyatni barchadan oldin tushunib etgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning shaxsan tashabbuslari bilan Vazirlar Mahkamasi huzurida Maʼnaviy va Davlat tilini rivojlantirish Departamentining tashkil etilishi maʼnaviy hayotimizdagi katta voqea boʻldi. Bu tashkilot oʻz faoliyatini boshlashi bilanoq Respublika Prezidenti tomonidan qoʻyilgan muammolarning ijobiy yechimini topishiga alohida masʼuliyat bilan kirishdi. Ona tilimizning amaliyotga tadbiqini taʼminlamoq uchun eng tajribali mutaxassislardan iborat ishchi guruhi tuzilib, qatʼiy reja asosida ishlar boshlab yuborildi. Agarda ish yoʻsini shu tarzda davom qilsa xalqimizning milliy ong, milliy gʻururi, Vatanparvarlik, Vatanga sadoqat tuygʻulari toʻkis holga kelishi aniq.

    Nufuzi va hududi bizning katta viloyatlarga nisbatan kam boʻlgan, biroq oʻz qadrini bilishda, oʻz tilini himoya qilishda Boltiq boʻyidagi uchta – Litva, Latviya va eston xalqining gʻururi balandligiga tan berish zarur. Hech bir doʻq-poʻpisalardan hayiqmay mustaqilligini talab qildi, tilini magʻrur himoya qila oldi va putur yetkazmasdan saqladi. Davlat tilini hududida yashovchi xalqlarga ham oʻrganish muddatini qatʼiy belgilab qoʻydi.

    Afsuski, bizning ongimizda haligacha mustabid tuzum taʼsiri saqlanib qolgan. Haqiqatni aytishdan tortinamiz, iymanamiz va ikkilanamiz. Qaramlikka, loqaydlikka moyilligimiz kuchli. Toʻqson foiz millatimizga mansub odamlar kirib chiqadigan oshxonalar va doʻkonlar, maishiy xizmat uylariga davlat tiliga zid nomlar qoʻyaveramiz. Unga pul toʻlab begona, milliy tilimizdan yiroq nomlarni qoʻydirayotganlar ham oʻzimiz. Oʻz tilimizda goʻzal nomlar turib, begonalashgan nomlar qidiramiz. Bu holat nimadan darak beradi, qisqacha aytganda tilimiz, milliy qadriyatlarimiz va milliy maʼnaviyatimizga befarqlikdir. Bunday insonlarda vatanparvarlik, sadoqat tuygʻulari juda sust kechadi. Bu esa xalqning haqiqiy millat darajasiga oʻsib oʻtishida toʻsiq va orqaga tortuvchi illat hisoblanadi. Boshqa faol xalq va millatlar qisqa vaqtda bosib oʻtadigan yoʻl va egallaydigan yuksak marralarni bizlar juda uzof vaqtda kechib oʻtyapmiz. Xuddi mashina gʻildiragi bir joyda aylanganidek bunday talatoʻp zamonda taraqqiyotda orqada qolish xavfli hisoblanib, taraqqiy qilgan tajovuzkor davlatlarning iqtisodiy, gʻoyaviy qaramligiga tushib qolmasligiga hech kim kafolat berolmaydi.

    XXI asr shunday zamonki, orqada qolayotgan xalq va davlatlarni qaramlikka tushirishning katta imkoniyatlari mavjud. Shunday ekan, avvalo millat monolitligini taʼminlashda birinchi jangovar qurolimiz tilimiz orqali birlashishimiz va soʻngra qoʻlni qoʻlga berib taraqqiyotimizni taʼminlaydigan global masalalarni hal qilishga davlat rahbarimiz rahnamoligida zarbdor kuch boʻlib kirishuvimizni davrning oʻzi taplab qilib turibdi.

    Najot faqat oʻzimizda, ahilligimizda, aslo tashqaridan najot yoʻqdir. Buyuk tariximiz jahonga ulugʻ ajdodlarimiz ikki bora uygʻonishdek mislsiz maʼrifiy hodisaga boshchilik qilganidan guvohlik beradi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti xalqimizning buyuk oʻtmishidan xulosa chiqarib uchinchi uygʻonishning ham sodir etilishida yetakchi boʻlishimizga umid bildirmoqda. Bu bejiz emas, albatta. Tilimizning bemisl imkoniyatlari, buyuk oʻtmishimiz va hozirgi kundagi ulugʻ ajdodlarimizga munosib farzandlar aqliy, maʼnaviy-ruhiy va jismoniy kuchlarini shiddat bilan safarbar qilsalar, ushbu yuksak marrani bemalol zabt etsa boʻladi.

    Buning uchun oʻtgan davrdagi yutuqlar va ularga soya tashlaydigan xatolardan toʻgʻri xulosa chiqarib mamlakat ziyolilari, tadbirkorlar va turli soha egalari oʻzlarining bor aqliy, maʼnaviy-ruhiy hamda kuch va isteʼdodlarini safarbar etib respublikamiz ravnaqiga oʻz hissalarini qoʻshishlari lozim. Najot faqat xalqimizning bir yoqadan bosh chiqarib davlatimiz belgilab bergan yuksak marralarni egallashimizda qolganligini unutmaylik, azizlar.

    Jumaboy RAHIMOV,

    Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti

    Ijtimoiy gumanitar fanlar kafedrasi professori