Xususan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yilida ustuvor yo'nalishlar bo'yicha islohotlar dasturlari hamda “O'zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo'yicha davlat dasturi to'g'risida”gi farmoni qabul qilinishi tom ma'noda milliy taraqqiyotimizning strategik ufqlarini belgilab beruvchi voqea sanaladi. Mazkur farmon faqatgina qonunchilik akti bo'lib qolmay, balki davlat va xalq o'rtasidagi o'zaro ishonch, jamiyatdagi birdamlik hamda kelajakka bo'lgan qat'iy ishonchning amaliy ifodasi hisoblanadi.

Hujjatning muhim jihati shundaki, unda islohotlar dasturlari hamda Davlat dasturining bir-biridan farqli, ayni paytda bir-birini uzviy to'ldiruvchi xususiyatlariga chuqur urg'u berilgan. Davlatimiz rahbarining xalqimiz va Oliy Majlisga yo'llagan Murojaatnomasida ilgari surilgan g'oyalar hamda joriy yil uchun belgilangan eng muhim vazifalar aynan islohotlar dasturlarining mustahkam negizini tashkil etadi. eng ustuvor maqsadlar sirasiga mahallalar infratuzilmasini tubdan takomillashtirish, ularning har biriga yangi O'zbekistonning zamonaviy qiyofasini olib kirish, milliy iqtisodiyotni texnologik hamda innovatsion o'sish modeliga o'tkazish kabi hayotiy vazifalar kiritilgan.

SHu bilan bir qatorda, ichki bozorda talabni rag'batlantirish, zamonaviy kasblarni ommalashtirish, mehnat bozorining mutlaqo yangi arxitekturasini yaratish, ekologik barqarorlikni ta'minlash hamda suv zaxiralaridan oqilona foydalanishni yo'lga qo'yish asosiy maqsadlar qatoridan munosib joy olgan. Davlat boshqaruvi hamda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, jamiyatda o'zaro mehr-oqibat va birdamlik muhitini mustahkamlash orqali umummilliy yuksalishga erishish eng oliy maqsadlar qatorida e'tirof etilgan.

Davlat idoralari faoliyatida mutlaqo yangicha yondashuv ko'zga tashlanmoqda, ya'ni faqatgina qog'ozda qolib ketadigan hujjatlar ishlab chiqish amaliyotidan voz kechilib, bevosita aniq natijaga erishish tamoyili hayotga tatbiq qilinmoqda. Har bir ilgari surilgan tashabbusni amaliyotga joriy etishning aniq mexanizmlari ishlab chiqilgan bo'lib, yil yakuniga qadar kutilayotgan ijro natijalari bo'yicha samaradorlikning asosiy ko'rsatkichlari qat'iy belgilab qo'yilgan.

Qabul qilingan dasturlar to'g'ridan-to'g'ri amal qilish xususiyatiga ega ekanligi bilan ajralib turadi hamda ko'plab tashabbuslar yuzasidan qo'shimcha hujjatlar qabul qilinishiga ehtiyoj qoldirmaydi. Islohotlarning o'z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun har bir yo'nalishga shaxsan javobgar bo'lgan mas'ul rahbarlar, shuningdek, jarayonni muvofiqlashtirib boruvchi aniq davlat tashkilotlari biriktirilganligi mazkur tizimning qanchalik jiddiy hamda samarali ishlashini namoyon etadi.

“O'zbekiston – 2030” strategiyasini joriy yilda amalga oshirishga doir Davlat dasturida esa bevosita oqilona belgilangan maqsadli ko'rsatkichlarning amaliy ijrosi ta'minlanadi. Hujjat doirasida 337 banddan iborat bo'lgan keng qamrovli amaliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangani davlatning o'z oldiga qanday ulkan vazifalarni qo'yganligini ko'rsatadi. Joriy yilda turli sohalar kesimida 59 ta eng muhim normativ-huquqiy hujjat loyihasi hamda strategik islohotlarni o'zida mujassam etgan 12 ta yirik huquqiy hujjat ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.

YAna bir e'tiborga molik jihat shundaki, barcha loyihalarni tayyorlashda bevosita xalq bilan bamaslahat ish ko'rish, jamoatchilik fikrini chuqur o'rganish ezgu an'anaga aylangan. Global tarmoq orqali loyiha bilan besh milliondan ziyod fuqarolarimiz tanishishga muvaffaq bo'lgani, shuningdek, 22 mingdan ortiq taklif va mulohazalar bildirilgani xalqimizning mamlakat taqdiriga daxldorlik hissi naqadar yuqori ekanligini anglatadi.

Oliy ta'lim muassasalari va davlat idoralarida o'tkazilgan ellikdan ortiq muhokama tadbirlarida 10 mingga yaqin talaba-yoshlar, professor-o'qituvchilar hamda davlat xizmatchilari o'zlarining qimmatli fikrlari bilan faol ishtirok etishgan. Ayni vaqtda xorijiy davlatlarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan ham bevosita muloqotlar o'rnatilib, ularning zamonaviy yondashuvlarga asoslangan qator tashabbuslari tinglangan. CHuqur tahlillar natijasida o'zining amaliy ahamiyatiga ega deb topilgan mingga yaqin xalqchil takliflar saralab olinib, yakuniy Davlat dasturi loyihasiga to'liq kiritilgan.

Xususan, ayollar va bolalarga nisbatan qilinadigan har qanday zo'ravonlik ko'rinishlari uchun jazoni keskin kuchaytirish, pedofiliya jinoyatini sodir etganlarga nisbatan umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosini joriy qilish, aholining uy-joyga hamda zamonaviy transport vositalariga bo'lgan ehtiyojini qondirish maqsadida ipoteka hamda elektromobillar xaridi uchun ajratiladigan kredit mexanizmlarini engillashtirish kabi takliflar umumxalq e'tirofini qozongan.

SHu bilan birga, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining umumiy iste'moldagi ulushini o'ttiz foizga etkazish, korruptsiyaga qarshi kurashish jarayonlarini mutlaqo yangi, shaffof bosqichga olib chiqish, jinoyat ishlari bo'yicha sud protsesslarida xalq vakillari hay'ati ishtirokini ta'minlash kabi ilg'or g'oyalar ham dasturdan mustahkam o'rin olgan.

Mahallalar ixtiyoridagi mablag'larning sarflanishi ustidan ochiq hisobdorlikni ta'minlash, hududlarda ichki yo'llar, zamonaviy piyodalar va velosiped yo'lakchalarini barpo etish, yosh tadbirkorlar uchun biznes-inkubatorlar faoliyatini yo'lga qo'yish, sanoat zonalari qoshida kasbga qayta tayyorlash markazlarini ochish kabi amaliy tashabbuslar ham e'tibordan chetda qolmagan. Atrof-muhitni asrash maqsadida daraxtlarni noqonuniy kesganlik uchun javobgarlikni yanada qat'iylashtirish, energiya tejamkorligini baholash bo'yicha maxsus ko'rsatkichlarni amaliyotga kiritish, chiqindilarni utilizatsiya qilish va qayta ishlash zanjirini yaratish takliflari mamlakatimiz ekologik xavfsizligini ta'minlash yo'lidagi ulkan qadam hisoblanadi.

Qolaversa, dunyoning o'nlab rivojlangan davlatlari, jumladan, Amerika Qo'shma SHtatlari, Germaniya, Turkiya, Frantsiya, Kanada, Janubiy Koreya, YAponiya, SHvetsiya, Portugaliya hamda Qozog'istonda mehnat qilayotgan va izlanayotgan vatandoshlarimiz ishtirokida tashkil etilgan ochiq muloqotlarda oltmishga yaqin juda muhim hamda innovatsion takliflar kelib tushgan. Xorijdagi yurtdoshlarimiz tomonidan xususiy maktablar faoliyatini kengaytirish uchun barqaror va shaffof litsenziyalash mexanizmlarini joriy etish, o'quvchilarni kasbga yo'naltiruvchi amaliyotchi mutaxassislarni moddiy rag'batlantirish tizimini tatbiq qilish kabi ma'rifiy g'oyalar ilgari surilgan.

Aholi salomatligini saqlash borasida ayollarda uchraydigan onkologik kasalliklar xavfini erta aniqlovchi yagona raqamli skrining tizimini joriy etish taklifi alohida ahamiyatga molik sanaladi. Iqtisodiyot sohasida esa imtiyozli kreditlar ajratishda kutilayotgan samaraga asoslangan yangicha modelni qo'llash, eksportchi korxonalar uchun logistika, bojxona, sertifikatlashtirish, marketing va to'lov operatsiyalarini yagona operator orqali kompleks tarzda taqdim etuvchi zamonaviy xizmat turlarini yo'lga qo'yish kabi xalqaro tajribaga asoslangan fikrlar mutaxassislar tomonidan yuqori baholangan.

Belgilangan mazkur ulkan maqsadlarni moliyaviy jihatdan to'liq ta'minlash uchun jami 250.5 trillion so'm hamda 50.4 milliard dollar miqdorida sarmoya yo'naltirilishi ko'zda tutilgan. Kiritilayotgan yirik mablag'lar iqtisodiyotning qon tomiri bo'lib, davlatning ijtimoiy-iqtisodiy qudratini yanada yuksaltirishga cheksiz xizmat qiladi.

Qayd etilgan tizimli yondashuvlar, shubhasiz, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi hamda yangi O'zbekistonning poydevorini yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan kuchli poydevor hisoblanadi.


Muhayyo ISMOILOVA,
Ma'naviyat va ma'rifat markazi Toshkent shahar bo'limi rahbari,
DSBA magistratura bosqichi tinglovchisi