Bu haqda Toshkent shahar IIB axborot xizmati xabar berdi.
Maʼlumotlarga koʻra, firibgarlar korxona yoki tashkilot rahbari nomidan Telegram messenjerida soxta akkaunt ochib qoʻl ostidagi ishchilardan biriga SMS yozadi. Muloqot davomida xodim bilan goʻyoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar qiziqayotgani va undan (rahbardan) baʼzi maʼlumotlarni soʻrashganini aytadi. Birozdan soʻng unga huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi aloqaga chiqishini maʼlum qiladi.
Firibgarning, yaʼni “oʻz rahbarini” gaplariga ishongan xodim bir necha daqiqadan soʻng u bilan aloqaga chiqqan shaxsga (goʻyoki huquqni muhofaza qiluvchi organ vakili) soʻragan barcha maʼlumotlarini berib yuboradi. Buning oqibatida firibgarlar tuzogʻiga ilingan ishchi-xizmatchilar plastik kartalaridagi pul mablagʻlaridan ayrilib qolmoqdalar.
Ogoh boʻling, shu turdagi kelgan SMS yoki boshqa xabarlarni qabul qilish va ishonishdan oldin telefon orqali qoʻngʻiroq qilib yoki shaxsan xabar yuborgan shaxsga aloqaga chiqib, xabarni qayta tekshirib koʻring.
Hurmatli fuqarolar agar Siz shu kabi holatlarga duch kelgan boʻlsangiz, Toshkent shahar IIBBning 71-206-55-00 yoki 102 raqamlariga murojaat qilishingizni soʻraymiz. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi, — deyiladi xabarda.