Toshkent shahrida jamoat transportiga boʻlgan talabni toʻliq qondirish uchun yana 1000 ta katta sigʻimli avtobus zarur

    AOKAda “Toshshahartransxizmat”AJ axborot xizmati rahbari ishtirokida oʻtkazilgan brifingda bugungi kunda avtobus saroylarining haydovchilar bilan taʼminlanganlik darajasi, ularga qoʻyilayotgan talablar va yaratilayotgan sharoitlar xususida maʼlumot berildi.

    Jumladan, joriy yilda 420 ta avtobus va elektrobuslar xarid qilinib, qatnovga qoʻyilgan. Avtobuslar harakati va toʻlovlar tizimi raqamlashtirilgan.

    Aytib oʻtilganidek, jamoat transporti tizimi shahar hayotining eng muhim jihatlaridan biri. Lekin Toshkent shahrida bu soha hozirgi oʻzgarishlardan orqada qolmoqda. Xususan, soʻnggi yillarda koʻplab turar joylar qurildi, aholi soni oshdi, shahar hududi ham kengaydi. Poytaxtimizda kuniga 1 million 300 ming yoʻlovchi jamoat transportidan foydalanmoqda.

    Bu talabga javob berish uchun jamiyat tizimida avtobuslar yetishmayapti. Borlarining ham koʻpi eskirgan. Shu sababli yoʻnalishlarga rejaga nisbatan 90-100 ta avtobus kam chiqmoqda. Koʻchalarda jamoat transporti ustuvorligi yoʻlga qoʻyilmagan. Bularning oqibatida yoʻlovchilar avtobuslarni 20-30 daqiqagacha kutishiga toʻgʻri kelmoqda.

    Taʼmirtalab avtobuslarni sozlash, ehtiyot qismlar va moylash materiallari uchun Toshkent shahar hokimligi tomonidan 5 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan.

    Boʻsh haydovchi lavozimlarini jamlash maqsadida 2 425 nafar “D, E” toifali haydovchilik guvohnomasiga ega boʻlgan shaxs roʻyxati shakllantirildi. 685 nafar nomzod ishga kirish haqida ariza bilan murojaat etgan boʻlsa, shulardan 463 nafari haydovchilikka jalb etildi.

    21-dekabr maʼlumotiga koʻra, yoʻlovchilar soni va tushumlar mos ravishda 570 130 nafar hamda 629,2 million soʻmni tashkil etdi.

    Bugungi kunda “Toshshahartransxizmat” AJ tizimida 148 ta yoʻnalish mavjud boʻlib, yoʻlovchilar oqimining koʻpayish prognozidan kelib chiqib, jamoat transportining 167 ta yoʻnalishdan iborat yangi tarmogʻi shakllantirildi. Bu yoʻnalishlarni taʼminlash va Toshkent shahrida jamoat transportiga boʻlgan talabni toʻliq qondirish uchun yana 1000 ta katta sigʻimli avtobus zarur. Bu orqali avtobuslarning oraliq intervali 7-10 daqiqagacha qisqartiriladi.

    Ayni kunlarda Transport vazirligi va Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamkorlikda poytaxtga olib kelinadigan mingta katta sigʻimli avtobuslarni moliyalashtirish manbasiga aniqlik kiritilmoqda.