Toyloqda suv nazorati sohasida 74 ta qonunbuzilishi holatlari aniqlandi

    Toyloq tumanida joriy yilning oʻtgan 9 oyi davomida suv nazorati boʻyicha 148 ta nazorat tadbirlari oʻtkazilgan.

    Suvning har bir tomchisini qadrlash naqadar zarurat ekanligini bugun hayotning oʻzi taqoza qilmoqda. Shu maʼnoda, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalari ham dolzarb ahamiyatiga ega boʻlmoqda. Suv isteʼmolchilarining ushbu talablarga rioya etishlari hamda joylarda sodir etilishi mumkin boʻlgan qonunbuzilishi holatlarining oldini olish ustidan “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi va tuman boʻlimlari tomonidan doimiy nazorat oʻrnatilgan.

    Toyloq tumanida joriy yilning oʻtgan 9 oyi davomida suv nazorati boʻyicha jami 148 ta nazorat tadbirlari oʻtkazilgan. Shundan tekshirishlar 45 ta, monitoring tadbirlari 103 tani tashkil etadi. Oʻtkazilgan nazorat tadbirlari davomida 74 ta qonunbuzilish holatlari aniqlanib, mazkur huquqbuzarlik holatlari yuzasidan 48 ta maʼmuriy jarima, 26 ta holatda bajarilishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatma berildi.

    Aytish joizki, qishloq xoʻjaligida suvga boʻlgan talab va ehtiyojning yildan yilga ortib borayotgani, taqchillik kuzatilayotgani sugʻorish ishlarida jiddiy munosabatni oʻrnatish kerakligini eslatmoqda. Bu borada inspektorlar tomonidan ekin maydonlarini suv bilan ishonchli taʼminlash va suv tanqisligini oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

    Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishda sugʻorishning samarali yoʻllari, isteʼmolchilarning suvdan foydalanish boʻyicha madaniyatini oshirish bilan bogʻliq muhim vazifalar yuzasidan joylarda tushuntirish, targʻibot ishlari olib borilmoqda. Biroq shunga qaramay, ekinlarni koʻllatib sugʻorish, noqonuniy suv olish, kollektor-drenajlarga oqizish, suvni oʻz holiga tashlab qoʻyish singari holatlarga duch kelinmoqda.

    Misol uchun, tumanning Jumabozor agrofirmasiga qarashli “Nodir” nomli fermer xoʻjaligi tomonidan suv resurslaridan foydalanishda isrofgarchilikka yoʻl qoʻyilganligi aniqlandi.

    Bunday huquqbuzarlik holatlari tumanning Baxshitepa agrofirmasiga qarashli “Usmonov Obloqul” nomli fermer xoʻjaligi tomonidan ham sodir etilgan. Ularga nisbatan amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga asosan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Oʻtkazilgan nazorat tadbirlari davomida Toyloq tuman irrigatsiya boʻlimiga qarashli “Sariosiyo” kanalining suv boʻlish nuqtasi nosozligi tufayli irrigatsiya boʻlim boshligʻiga nisbatan ogohlantirish berildi.

    Bu kabi qonunbuzilishi holatlariga koʻplab misollar keltirish mumkin. Lekin shunisi aniqki, suv va suv resurslaridan foydalanish sohasida ham qoida va meʼyorlar, talablar mavjud. Bu qonun va qonun osti hujjatlari bilan mustahkamlab qoʻyilgan. Uni mensimagan, amal qilmagan yoki chetlab oʻtganlarga esa jazo muqarrar.

    Z.Eshonqulov,

    “Oʻzagroinspeksiya”ning Toyloq tuman

    boʻlimi boshligʻi