Transformatsiya dasturlarining ijrosi va rejalar koʻrib chiqildi

    Prezident Shavkat Mirziyoyev 2-dekabr kuni metallurgiya korxonalarining transformatsiya dasturlari hamda 2025-yilgi rejalari bilan tanishdi.

    Soʻnggi yetti yilda bu sohada ishlab chiqarish 1,5 barobar oʻsgan. Xususan, yillik oltin qazib olish hajmi 2016-yilga nisbatan 26 tonnaga, kumush 77 tonnaga, mis 32 ming tonnaga oshgan.

    Oxirgi besh yilda togʻ-kon va metallurgiyaga qariyb 9,5 milliard dollar investitsiya jalb qilinib, 15 ta yirik loyiha ishga tushirildi. Natijada bu soha iqtisodiyotni transformatsiya qilishda eng muhim drayverga aylanmoqda. Mamlakatimiz sanoati hajmining uchdan biri uning hissasiga toʻgʻri kelayapti.

    Togʻ-kon sanoati elektrotexnika, qurilish materiallari, kimyo, zargarlik kabi tarmoqlar uchun xomashyoni koʻpaytirib, ularning oʻsishiga katta turtki berayapti. Shuningdek, kombinatlar 60 dan ortiq kichik va oʻrta korxonalar bilan kooperatsiya asosida yaqindan ishlayapti.

    Bularni davom ettirib, iqtisodiy samaradorlikni oshirib borish – zamon talabi. Tarmoq korxonalarini jahon moliya bozorida jozibador kompaniyalarga aylantirish kerak.

    Yigʻilishda togʻ-kon sanoati va geologiya vaziri hamda kombinatlar rahbarlari shu boradagi rejalar boʻyicha axborot berdi.

    Jumladan, 2025-yilda togʻ-kon va geologiya sohasidagi loyihalarga 1 milliard dollar investitsiya jalb qilish koʻzda tutilmoqda. Kaolin ishlab chiqarishni 50 foiz oshirish, koʻmir qazib olishni 10 million tonnaga yetkazish moʻljallanmoqda.

    Navoiy togʻ-metallurgiya kombinati bu yil ilk bor xalqaro bozorda yevrobond joylashtirib, 1 milliard dollar arzon resurs jalb qildi. Kelgusi yil yana 500 million dollar yevrobond chiqarish rejalashtirilgan.

    Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 3-mis boyitish fabrikasini hamda Oʻzbekiston metallurgiya kombinatida yangi quyuv prokatlash majmuasi ishga tushiriladi. Oʻzbekiston texnologik metallar kombinatida “yashil iqtisodiyot” uchun muhim boʻlgan noyob metallar xomashyosi kengaytiriladi.

    Davlatimiz rahbari kelgusi yilda kombinatlar transformatsiya orqali dunyo bozorida raqobatdoshligini oshirish boʻyicha katta oʻzgarish qilishi zarurligini taʼkidladi.

    Bunda tannarxni tushirish, faoliyatni toʻliq raqamlashtirish, xalqaro bozorlardan mablagʻ olib kelish, yangi texnologiyalarni joriy qilib, ish jarayonini avtomatlashtirish eng muhim vazifalar ekani koʻrsatib oʻtildi.

    Korxonalar jahondagi oʻzgarishlarga tez moslashib, yangi tashabbuslar koʻrsatishi zarurligi aytildi. Tejamkorlik va samaradorlik tamoyili asosida xarajatlarni kamaytirish, sanoat tarmoqlarini xomashyo bilan uzluksiz taʼminlash choralari belgilandi.