“Turkiy adabiyot durdonalari” deb nomlangan 100 jildlik kitoblar turkumi nashr etildi

    Madaniyat 21 Iyun 2023 3044

    Ushbu turkumga Oʻzbekiston, Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Ozarbayjon, Turkmaniston va Vengriya davlatlaridan jami 450 dan ziyod mumtoz va zamonaviy shoir, adib va mutafakkirlarning asarlari kiritilgan.

    Shu kunlarda poytaxtimizda TURKSOY — Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti tashkil topganining 30 yilligi tanatanalari boʻlib oʻtdi. TURKSOY tomonidan oʻtkazib kelinayotgan yirik anjumanlar madaniyat va sanʼat sohasini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish bilan bir qatorda, xalqlarimiz oʻrtasidagi qardoshlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

    Maʼlumki, shu yil bahorda ana shu hamkorlikning amaliy samarasi sifatida yurtimizda “Turkiy adabiyot durdonalari” deb nomlangan 100 jildlik kitoblar turkumi nashr etildi. Ushbu turkumga Oʻzbekiston, Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Ozarbayjon, Turkmaniston va Vengriya davlatlaridan jami 450 dan ziyod mumtoz va zamonaviy shoir, adib va mutafakkirlarning asarlari kiritilgani quvonarlidir.

    Jahonning eng peshqadam alloma va adiblari mumtoz hamda zamonaviy turkiy tilli adabiyotlarning 1010 muallifi yaratgan badiiy soʻz javohirlarini jamlagan ushbu 100 jildlikka yuqori baho bermoqdalar. Mazkur ajoyib antologiyani nashrga hozirlagan bir necha yuz tarjimon, masʼul ijodkordan biri sifatida uning magʻzi, mundarijasiga muxtasar toʻxtalishga jazm etdim.

    Til – el qalbining oltin kaliti. Turkiy xalqlar ana shu kalit bilan eng qadimgi davrlardan boshlab boshqa buyuk etnoslar qatori badiiy soʻz sanʼatining boqiy chashmalarini kashf etganlar. Bu mazkur ajoyib antologiya misolida ham yaqqol koʻzga tashlanadi. Unda “Umumturkiy adabiyot namunalari” deb nomlangan rukn ostida birlashtirilgan dastlabki 5 jildning 2 jildi hammamiz uchun birdek qadrli boʻlgan ulugʻ tilshunos Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻotit turk” asarini (milodiy 1074, hijriy 466-yili yozib tugatilgan) oʻz ichiga olgan. Alloma bu durdona asarida “Ilmli, aqlli, odobli, xulqli, tarbiyali, fazilatli boʻlish barobarida ana shu xususiyatlarni odamlar orasida tarqatish ham muhimdir”, deb yozadi.

    Falsafa fanlari doktori H.Aliqulov “Devonu lugʻotit turk” Markaziy Osiyoda ijtimoiy-siyosiy va falsafiy fikr taraqqiyoti” uchun metin poydevor boʻlganini taʼkidlaganida toʻla haqdir. Mahmud Koshgʻariy ilmu hikmatga boy bir ulugʻ insonni taʼriflar ekan, “dasturxoni qattiq qish kunlarida ham ochiq edi”, deb yozgani juda eʼtiborli. Fanning yigirmaga yaqin turiga oid maʼlumotlarni jamlagan bu asarga muallif tomonidan tuzilgan dunyo xaritasi ham ilova qilingan. Oʻsha davr turkiy xalqlar tilining lingvistik, grammatik, fonetik, morfologik, frazeologik xususiyatlari keng tahlil etiladi. Asarda urugʻ va qabilalarga doir etnografik xulosalar, maqollar, matallar, hatto astronomiyaga oid kuzatishlar beriladi.

    Ota-bobolarimizning ilk qomusiy lugʻatlaridan biri sanalgan “Devonu lugʻotit turk” nainki turkiy xalqlar, balki jahon pedagogik tafakkurining noyob namunasi boʻlib, u atoqli olimimiz, filologiya fanlari doktori S.Mutallibov (asar ustida 35 yil ish olib borgan) tarjimasida oʻtgan asrning oltmishinchi yillarida 3 jildda kitobxonlarimiz qoʻliga borib yetdi. Noyob antologiya uchun ushbu nodir badiiyat namunasini isteʼdodli olimimiz, filologiya fanlari doktori H.Boltaboyev nashrga tayyorladi.

    Qoraxoniylar davrida bir emas, bir necha betakror soʻz durdonalari yaratildi. Muhtasham yuz jildlikning 3-jildiga turkiy xalqlar mumtoz adabiyotining ikki atoqli sarboni – Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” va Ahmad Yugnakiyning “Hibatul haqoyiq” asarlari kiritilgan.

    Sharq badiiy tafakkurining yana bir boqiy obidasi hisoblangan “Qutadgʻu bilig” (“Saodatga eltuvchi bilim”) milodiy 1070, hijriy 462-yili nihoyasiga yetkazilgan. Demak bir necha nomga ega ushbu asar “Devonu lugʻotit turk”dan sal avval bitilgan. Asar forsiy manbalarda “Turkiy Shohnoma” deyilgan.

    Muallif asarining “abadiy yodgorlik” boʻlib qolishini orzu qilishini yashirib oʻtirmaydi. Unda nafaqat qoraxoniylar saltanati, balki oʻsha davrdagi boshqa nufuzli davlatlar boshqaruv tizimiga doir siyosiy kuzatishlar oʻz ifodasini topgan. Oʻn birinchi asrning ulkan shoiri va olimi boʻlgan muallif, birinchi navbatda, “Xalqning sarvari zehnli, zakovatli, ziyrak, bilimli shaxs” boʻlishi kerak, degan ustuvor gʻoyani ilgari suradi. Bu va boshqa fikrlar Kuntugʻdi, Oytoʻldi, Oʻgʻdoʻlmish, Oʻzgʻurmish obrazlari, ularning falsafiy muloqoti orqali ifodalanadi.

    Asarning ilk qoʻlyozmasi Hirotda ulugʻ Alisher Navoiy tavalludidan 2 yil avval koʻchirilgan. Ajoyib asarning dastlabki nashrini tayyorlashda fidoiy olim Q.Karimovning xizmati katta boʻldi. Asarni yuz jildlikka filologiya fanlari doktori B.Toʻxliyev tayyorladi. “Qutadgʻu bilig” jahonning oʻnlab tillariga oʻgirildi.

    Qozonning qaymogʻi objuvozdan keladi, deydilar. 3-jildga kirgan yana bir buyuk asar – ulkan alloma Ahmad Yugnakiyning “Hibatul haqoyiq” (“Haqiqatlar hadyasi”) jahon mumtoz adabiyotida oʻz oʻrniga ega monumental bitiklar sirasiga kiradi. Undagi “Ilmli kishilar tillo dinordur, Ilmsizu johillar el ichra xordur”, degan satrlar asarning leymotivini belgilaydi. Birinchi qoʻlyozmasi temuriy sulton Mirzo Ulugʻbek zamonida, aniqrogʻi 1444-yili roʻyi zamin sayqalida koʻchirilgan. Asarning asosiy boblari islom taʼlimotiga, qolgan qismlari etika, estetika, tilshunoslik va fanning boshqa sohalariga bagʻishlangan. Asarning bu galgi nashri Sharq mumtoz adabiyotining beqiyos bilimdoni E.Ochilov tomonidan tayyorlandi.

    Yuz jildlikning 4-jildidan, ulugʻ Alisher Navoiy iborasi bilan aytganda, “Turkiston mulkining shayxul mashoyixi, Turkiston ahlining qiblai duosi”, turkiy xalqlar sheʼriyatining peshvolaridan biri Ahmad Yassaviy hikmatlari oʻrin olgan. Yassaviy hazratlarining oʻzi “Qul Xoja Ahmad, har bir soʻzing dardga darmon” satrli sheʼrida Yaratgan Egamning amri ila 4400 hikmat bitganini yozadi. Eng avvalo, insonni eʼzozlashga daʼvat etguvchi bu hikmatlar nihoyatda xalqchil, ravon tilda bitilgan. Buyuk shoir, karomatli ulamoning kindik qoni tomgan Sayram – Isfijob — Tiroz, unga tutash hududlardagi Yassi, Langar, Iyqon, Oʻtror, Turbat, Toroz va boshqa muqaddasu mukarram maskanlar qadimdan ulugʻ avliyolar poyqadami tekkan joylardir.

    Ahmad Yassaviyning shuhrati Sayram va Yassidan lochindek parvoz qilib Samarqandu Sigʻnoq, Qashqaru Qoʻqon, Oʻzgandu Xoʻjand, Bolosogʻunu Buxoro, Oʻshu Shosh, Gurganju Ganja, Mashhadu Marv, Izmiru Nishopur, Damashqu Hamadon, Bagʻdodu Basra, Makkayu Madinaga yetdi. “Sulton ul-orifin” adabiy merosini oʻrganish borasida taniqli olimlardan A.Fitrat, A.Saʼdiy, F.Koʻprilizoda, V.Zohidov, N.Mallayev, Ye.Bertels, A.Borovkov, A.Abuov, I.Haqqulov va boshqalarning mashaqqatli mehnatlari eʼtirofga loyiqdir.

    4-jilddan Yassaviyning zamondoshi, shogirdi Sulaymon Boqirgʻoniyning dilbar sheʼrlari ham oʻrin oldi. Azim daryolar yuksak togʻlardagi boqiy sarchashmalardan boshlangani kabi mumtoz sheʼriyatimizning Atoiy, Sakkokiy, Saroyi, Gadoiy, Lutfiy kabi ulugʻlari ijodi nafaqat Yassaviy, balki Hakim Ota, yaʼni Sulaymon Boqirgʻoniy bulogʻidan kuch oladi. Ushbu magʻzi toʻq jild isteʼdodli tadqiqotchilarimizdan S.Raʼfiddin va N.Hasan tomonidan nashrga tayyorlandi.

    5-jildga kirgan noyob badiiy soʻz yodgorligi, mumtoz nasrimizning goʻzal namunasi “Qisasi Rabgʻuziy” milodiy 1310, hijriy 710-yil erta bahorida nihoyasiga yetkazilgan. Nosiruddin Rabgʻuziy yetuk olim, ulkan shoir, sermahsul tarjimon edi. “Qisasi Rabgʻuziy”da Odam Atodan tortib Muhammad Mustafo sallollohu alayhi vassalamgacha boʻlgan paygʻambarlarga rivoyatlar vositasida tavsif berilgan. Eng eʼtiborli jihati, asar noyob rivoyatlar, hikoyatlar bilan birga muqaddas oyatlar, hadisi shariflar, ajoyib sheʼriy parchalar bilan bezatilganki, u yetti asrdan buyon badiiy adabiyot, falsafa muxlislarini maftun etib keladi. 100 jildlikka asarni “Qisasi Rabgʻuziy” ijodi ustida koʻp yillardan buyon ish olib borayotgan talantli olim H.Dadaboyev tayyorladi.

    100 jildlikning navbatdagi 6-jildi mumtoz oʻzbek sheʼriyatining eng mukammal namunalaridan tuzildi. Chunonchi 6-jild ulugʻ Alisher Navoiyning jahon tan olgan gʻazalllarini, 7-jild Zahiriddin Muhammad Boburning qomusiy “Boburnoma”si va otashin gʻazallarini, 8-jild Soʻfi Ollloyor va Mashrabning xalqchil asarlarini, 9-jild Ogahiy, 10-jild Uvaysiy, Nodira, 11-jild Muqimiy, Furqat, Hamzaning beqiyos gʻazallarini oʻz ichiga oldi.

    Shu oʻrinda sal oldinroqqa oʻtib, 100 jildlik beqiyos antologiyaning 31-jildiga alohida toʻxtalishga toʻgʻri keladi. Sababi, unga oʻzbek mumtoz adabiyotining eng sara namunalari jamlandi. Jilddagi yuzlab gʻazallarda insonning ozod, toʻq, tinch, osuda yashash orzusi yuksak nafosat orqali ochib berilgan.

    Navbatdagi 19-jildga XX asr va XXI asr boshida ijod qilgan 24 nafar atoqli adib, shoirning eng ajoyib asarlari kiritildi. Yaʼni 12-jildga Choʻlponning oʻtli sheʼrlari, realistik boʻyoqlarga boy “Kecha va kunduz” romani, 13-jildga jahondagi oltinchi klassik romanchilik maktabi asoschisi Abdulla Qodiriyning millionlab muxlislarni mahliyo qilib kelayotgan “Oʻtkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” romanlari, 14-jildga akademik Gʻafur Gʻulomning davrning tomirlari boʻrtib turgan sheʼrlari, ajoyib hikoyalari, oʻzbek adabiy tilining suluvligini oʻziga jo qilgan “Shum bola”, “Yodgor” qissalari, 15-jildga akademik Oybekning oydek yorugʻ sheʼrlari, monumental qiyofaga ega “Navoiy” romani, 16-jildga M.Shayxzodaning zarif sheʼrlari, realistik dramalari, 17-jildga A.Qahhor, M.Osim, S.Ahmadning xalqimiz hayotini toʻgʻri koʻrsatgan qissa va hikoyalari, 18-jildga H.Olimjon va Zulfiyaning maftunkor sheʼr va liro-epik dostonlari, 19-jildga U.Nosirning olovli sheʼrlari, goʻzal dostonlari, mukammal tarjimalari, 20-jildga Mirtemirning oʻynoqi sheʼr va quyma dostonlari, 21-jildga A.Muxtorning falsafiy sheʼrlari, insonparvarlikni ulugʻlagan “Ildizlar” qissasi va hikoyalari, 22-jildga O.Yoqubovning “Koʻhna dunyo” tarixiy romani, jozibali hikoyalari, 23-jildga P.Qodirovning shoh va shoir siymosini mahorat bilan chizgan “Yulduzli tunlar” romani, 24-jildga E.Vohidovning jahon sheʼriyatining nodir namunalaridan biriga aylangan “Ruhlar isyoni” dostoni, xalq qalbiga hamohang sheʼrlari, 25-jildga Sh. Xolmirzayevning nasrimiz ufqini yanada kengaytirgan qissa va hikoyalari, 26-jildga A.Oripovning hamisha barhayot sheʼrlari, “Jannatga yoʻl”, “Sohibqiron” dramalari, 27-jildga Oʻ.Hoshimovning zamona ogʻriqlariga bagʻishlangan “Tushda kechgan umrlar” romani, T. Murodning xalqona ohanglardagi “Ot kishnagan oqshom”, “Oydinda yurgan odamlar” qissalari, 28-jildga O.Matjon, 29-jildga H.Xudoyberdiyeva, 30-jildga R.Parfi, Sh.Rahmonning poeziyamizni yuksak choʻqqilarga olib chiqqan sheʼrlari kiritildi. 32-jildga zamonaviy oʻzbek poeziyasining 120 nafar taniqli vakilining betakror sheʼrlari, 33-jildga zamonaviy oʻzbek nasrining turli avlodga mansub zabardast vakillaridan S.Zunnunova, N.Fozilov, X.Toʻxtaboyev, Oʻ.Umarbekov, N.Aminov, S.Siyoyev, Murod Muhammad Doʻst, E.Aʼzam, X.Doʻstmuhammad, X.Sulton, S.Oʻnar, I.Sulton, R.Haydarova va boshqalarning magʻzi toʻq hikoyalari kiritildi.

    Bu jildlar osmondagi turkum-turkum chaqnoq yulduzlardek birgalikda porlab bugungi adabiyotimizning uzoq-uzoqlardan koʻzga tashlanadigan boʻy-bastini, mahobatini koʻrsatib turadi. Ushbu jildlarga kirgan asarlarni qayta oʻqiganingizda yana bir bor ularga mahliyo boʻlasiz, estetik dunyongiz yanada kengayadi, badiiy soʻzga yuklangan sehru sururdan sarmast boʻlasiz.

    Oʻzbek va qoraqalpoq xalqlari azaldan bir zaminda yashab, bir daryodan suv ichib, ming yillik quvonchu tashvishlarni birga boshdan kechirib, bir-birini qoʻllab-quvvatlab, betakror adabiyoti va bezavol madaniyatini uygʻun tarzda rivojlantirib, bir-birining intellektual olamini boyitib keladi. Ikki buyuk xalqning “Kuntugʻmish” va “Qirqqiz”, “Goʻroʻgʻli” va “Shahriyor” kabi dostonlari bilan birga yozma adabiyoti ham yonma-yon yuksalib, biri biridan quvvat olib kelmoqda.

    Muhtasham 100 jildlikning 34-jildiga buyuk qoraqalpoq mumtoz shoirlaridan Berdaq Qargʻaboy oʻgʻli, Kunxoʻja Ibrohim oʻgʻli, Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli asarlari jamlandi. “Navoiydan savod ochgan” Berdaq “zamon hasratidan sargʻayib yorugʻ kunlar”, Kunxoʻja nochor xalqqa non va farovonlik, Ajiniyoz boʻz tuproqli orolni tark etgan avom uchun adolat izladi. Ammo 3 buyuk shoir faqat taqdirdan nolish bilan cheklanmadi, biri belni bogʻlab xalq uchun kurashishga, ikkinchisi mehnatdan orom izlashga, uchinchisi ijtimoiy tenglikka undadi. Uchala shoir ham lirika, falsafa, satira qalami bilan XIX asrning zulmu zoʻravonlikka toʻla soʻqmoqlaridan bardosh bilan oʻtdilar.

    Bugungi turkiy xalqlar adabiyoti solnomasida ikki atoqli qoraqalpoq ijodkori – Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq shoiri, Oʻzbekiston Qahramoni I.Yusupov va Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq yozuvchisi, Oʻzbekiston Qahramoni T.Qaipbergenov adabiy merosining salmoqli oʻrni bor. Oshiq Ayoz – I.Yusupovning “Toʻmaris” dostoni atoqli zamondoshlaridan R.Hamzatovning “Onalarni asrang”, Q.Quliyevning “Yaralangan tosh”, E.Vohidovning “Ruhlar isyoni”, Oʻ.Sulaymonovning “AziYa” poemalari bilan hamohangdir. Ulugʻvor antologiyaning 35-jildi toʻliq I.Yusupov yaratgan durdonalardan tuzildi. Oʻquvchilar 36-jildda atoqli adib T.Qaipbergenovning “Qoraqalpoqnoma” roman-essesi bilan tanishadilar. Oʻzbek tiliga R.Otayev oʻgirgan bu asar “Otang bolasi boʻlma, odam bolasi boʻl”, degan ajoyib maqol bilan boshlanadi. Muallif koʻnglidan kechgan gaplar, adib ota-onasining qimmatli fikrlari, koʻcha biylarining nodir iboralari, xalq rivoyatlari orqali oʻz taqdiriga, oʻz xalqi taqdiriga, sayyoramiz taqdiriga teran nigoh tashlaydi.

    37-jildga A.Musayev, A.Dobilov, S.Nurumbetov, T. Jumamuratov, B.Qaipnazarov, X.Seyitov kabi katta avlod, T.Seytjonov, B.Ismoilov, G.Shamuratova, U.Xoʻjanazarov, T.Matmuratov, T.Qobulov, K.Rahmonov, T.Sarsenboyev kabi oʻrta avlod, K.Karimov, J.Izbosqonov, H.Ayimbetov, A.Oʻtepbergenov, X.Dauletnazarov, N.Toʻreshova, Sh.Ayapov kabi keyingi avlod, S.Ibragimov, M.Jumanazarova, K.Reymov, B.Genjemuratov, G.Dauletova, G.Nurlepesova, F.Mirzaboyeva kabi kenja avlod shoirlarining sheʼrlari jamlandi. Ularda zamon va inson, elu yurt, ona tabiat, lirik qahramonning ruhiy olami tarannum etiladi. 38-jildda esa zamonaviy qoraqalpoq nasrining eng sara namunalari bilan tanishish mumkin.

    Jahon adabiyoti marjon shodasi boʻlsa, undagi bitta beqiyos marvarid mumtoz va zamonaviy turk badiiy soʻz sanʼati hisoblanadi. Ajoyib antologiyaning 39-jildidan 55-jildigacha, yaʼni 17 jild turk adabiyoti durdonalarini oʻz ichiga oldi. Dunyodagi eng qadimiy etnoslardan birini yaratgan badiiy adabiyot, birinchi navbatda, “Oʻgʻuznoma”, “Koʻroʻgʻli”, “Dada Qoʻrqut kitobi” kabi tengsiz folklor javohirlariga tayanadi. Dastlabki davrda turk mumtoz adabiyoti fors klassik sheʼriyati bilan hamohang boʻldi. Ezgu soʻz va ezgu fikr meʼmorlariga aylangan Jaloliddin Rumiy, Yunus Emro va Tojiddin Ahmadiy ijodiyoti fikrimizning yorqin dalillari boʻla oladi. Antologiyaning turk adabiyoti qismi boshlab bergan 39-jildi ana shu 3 ulugʻ shoir asarlarini jamlagan.

    Rumiy adabiy merosi xuddi Firdavsiy, Dante, Hofiz, Saʼdiy, Navoiy, Shekspir, Gyote, Pushkin, Servantes va boshqa umumbashariy buyuklar qatori boqiy maqomga egadir. Birgina “Maʼnaviy masnaviy” orqali u eng ulugʻ mutafakkkirlar safidan joy oldi. Ulugʻ donishmand “Ishq dardiga yoʻliqqan zot bu olamdagi eng sogʻlom kishidir”, deb yozadi. Turk adabiyotida muhabbat lirikasini buyuk Yunus Emro eng yuqori pogʻonalarga koʻtargan boʻlsa, Tojiddin Ahmadiy XIV asr oxirida oshiqlar olami tarannumida yangi sahifalar ochdi. Ushbu jild sheʼr ixlosmandlari dunyosini boyitadigan ajoyib kitob boʻldi.

    Antologiyaning 40-jildiga atoqli turk adibi Nomiq Kamolning “Jaloliddin Xorazmshoh” dramasi (Xurshid Davron tarjima qilgan), sheʼrlari kiritildi. Dramaning shuhrati bois Mehmed afandi (adibning asl ismi) surgundan qaytarilib, yuqori lavozimga tayinlanadi. U XIX asrning uchinchi choragida bir necha roman ham yozib, oʻz adabiyotida ushbu janrning shakllanishiga keng yoʻl ochib berdi. “Dengiz kabi har doim joʻshqin koʻngil” egasi boʻlgan Rizo Tavfiq Fikrat ijodidan sara namunalar ham ushbu jilddan oʻrin oldi. Badiiy ijodni siyosiy faoliyat bilan uygʻun olib borgan shoir turk xalqi erk, ozod hayot lazzatlaridan bahramand boʻlishi lozimligini sheʼrlari uchun shior qildi.

    40-jildga kirgan uchinchi muallif Nozim Hikmat nafaqat ulkan shoir, balki tinchlik uchun tolmas kurashchi sifatida dong taratdi. Jilddan uning “Inson manzaralari” asari ham oʻrin oldi. N.Hikmat sheʼrlarini dastlab H.Olimjon va M.Shayxzoda, keyingi davrda R.Parfi kabi atoqli shoirlarimiz ona tilimizga oʻgirdilar.

    41-jildga Rashod Nuri Guntekinning jahonning bir necha avlod oʻquvchilariga yaxshi maʼlum boʻlgan “Choliqushi” romani, 42-jildga Mehmen Oʻnderning “Mavlono”, Xayrittin Ivginning “Manas – Oltoy togʻlari qoploni”, Dundar Alpning “Sharqning eng buyuk hukmdori – Temur” romanlari, 43-jildga atoqli adiblardan Oʻrxon Kamolning “Firibgar”, Suod Darvishning “Fosforli Javriya” romanlari, 44-jildga Umar Sayfiddin, Sabohiddin Ali hikoyalari, 45-jildga Yashar Kamolning roman va qissalari, 46-jildga Husayn Nihol Otsizning “Koʻkboʻrilar” tarixiy romani, 47-jildga buyuk satirik Aziz Nesin hikoyalari, 48-jildga Ahmad Gunbay Yulduzning “Gullar suvsaganda”, Ahmad Lutfi Qozonchining “Oʻgay ona” romanlari, 49-jildga Mehmet Akif Ersoʻy, Ziyo Koʻkalp, Mehmet Emin Yurdaqul, Najib Fozil Qisakurak, Yahyo Kamol sheʼrlari, 50-jildga Yavuz Bahodir oʻgʻlining “Xorazm” roman-dilogiyasi, 51-jildga Xolida Adib Adivar va Said Foyiq Abasiyoniqning qissa hamda hikoyalari, 52-jildga Tariq Buhroning “Usmon Gʻozi” romani, 53-jildga Bahouddin Qorakoʻch Sazoyi sheʼrlari kiritildi. Antologiyaning 54-jildiga zamonaviy turk sheʼriyati, 55-jildiga zamonaviy turk nasrining eng yaxshi namunalari joylandi.

    Jozibador 100 jildlikning 16 jildiga ozarbayjon adabiyotining eng sara namunalari kiritildi. Xususan 56-jilddan buyuk Nizomiy Ganjaviyning “Layli va Majnun” dostoni va gʻazallari, 57-jilddan Imodiddin Nasimiy, Mulla Panoh Voqif, Mahsatiy Ganjaviy, Afzaliddin Hoqoniy, Hayron Xonim, Xurshidbonu Notavonning gʻazal va ruboiylari, 58-jilddan Muhammad Fuzuliyning “Ishq izhori” devoni hamda “Layli va Majnun” dostoni, 59-jilddan Husayn Jovid dramalari, 60-jilddan Mamedsaid Oʻrdubodiyning “Qilich va qalam” romani, 61-jilddan Saidazim Shirvoniy, Muhammad Hodiy, Aliakbar Sobir gʻazallari, 62-jilddan Yusuf Vazir Chamanzaminlining “Ikki oʻt orasida” romani, Jalil Mamatqulizoda hikoyalari, 63-jilddan Samad Vurgʻun sheʼrlari, 64-jilddan Mirza Ibrohimovning “Shunday kun keladi” romani, 65-jilddan Ahmad Javod, Sulaymon Rustam, Olmos Yildirim, Mikoil Mushfiq, Rasul Rizo, Nabi Hazriy sheʼrlari, 66-jilddan Baxtiyor Vahobzoda va Xalil Rizoning sheʼrlari, dostonlari, 67-jilddan Yusuf Samadoʻgʻlining “Qatl kuni” romani, Anorning qissa va hikoyalari, 68-jilddan Sobir Rustamxonli va Ramiz Ravshan sheʼrlari oʻrin oldi. 69-jildga zamonaviy ozarbayjon nazmi, 70-jildga zamonaviy ozarbayjon nasri namunalari joylashtirildi. Ular ozarbayjon adabiyotining naqadar goʻzal va rang-barang iforli guldastalari borligini tasdiqlaydi.

    Antologiyaning navbatdagi 10 jildiga Abay, Jambul, Magʻjon, Shokarim, Axmed Boytursun, M.Avezov, S.Muqonov, Gʻ.Musrepov, Q.Abduqodirov, A.Olimjonov, Oʻ.Sulaymonov, J.Moʻldogʻaliyev, M.Maqatoyev, J.Moʻldogʻaliyev, M.Shoxonov asarlari, zamonaviy qozoq poeziyasi va prozasi namunalari kiritildi. Biz 79-jildni nashrga tayyorlab, soʻzboshi yozdik. Bir necha jildga tarjimalarimiz kirdi. Ushbu jildlar qozoq adabiyotining mavqei hamon oʻta baland ekanini, avvalgi goʻzal asarlar qatoriga yangi sheʼrlar, dostonlar, romanlar qoʻshilayotganini koʻrsatdi. Olmali bogʻlar va behisob lolazorlar diyorining gullab-yashnashiga uning adabiyoti ham salmoqli ulush qoʻshmoqda.

    82-jild “Sarchashma” rukni ostida qirgʻiz adabiyotining 13 nafar yorqin vakili asarlaridan iborat guldastani oʻz ichiga olgan. “Oltin avlod vakillari” deb nomlangan yana bir jildda esa 8 nafar atoqli qirgʻiz shoirining sheʼr va dostonlari jamlandi. 88-jildda zamonaviy qirgʻiz sheʼriyatining eng ajoyib namunalari oʻquvchiga havola qilindi. Ayni paytda 100 jildlik bugungi qirgʻiz adabiyotida proza tobora yuksalib borayotganidan darak bermoqda. Ch.Aytmatov, T.Sidiqbekov, T.Qosimbekov, M.Boyjiyev, M.Gʻapporov, T.Joʻldoʻshev, Q.Sulaymonovning roman va qissalari kitobxonga bir olam estetik zavq beradi. Qirgʻiz nasrining alohida jildida oʻnlab atoqli soʻz ustalarining hikoyalari chop etildi. Ch.Aytmatovdek ulugʻ adib asarlari orqali jahon minbariga chiqqan adabiyotning parvozi yanada baland boʻlishiga shak-shubha yoʻq.

    Amuning soʻl sohili, Murgʻob va Atrek qirgʻoqlari, Kopetdogʻning qizgʻaldoqli etaklarida boʻy tiklagan turkman adabiyoti necha asrlarki, jahon badiiy tafakkuri taraqqiyotida muhim oʻrin tutib kelmoqda. 100 jilddan Ozodiy, Maxtumquli, Mullanafas, Andalib, Mullamurod Xorazmiy gʻazallari, sheʼrlari, dostonlari oʻrin oldi. Alohida jildda turkman mumtoz sheʼriyati namunalari toʻplandi. Turkman nasri durdonalaridan atoqli adiblar X.Deryayev, B.Kerboboyev, Q.Tangriquliyev, Oʻ.Yagʻmur, O.Togʻon romanlari kitobxonga yuksak maʼnaviy boylik baxsh etadi. 99-jild “Zamonaviy turkman adabiyoti antologiyasi” deb nomlandi. Yakunlovchi jild qardosh venger adabiyotiga ajratildi. Oʻquvchilar venger Shekspiri deb nom olgan Yanosh Aron asarlaridan bahramand boʻladilar. Ularda mojor qardoshlarimizning musaffo orzu-intilishlari oʻz ifodasini topgan.

    Yangi Oʻzbekistonda beqiyos maʼnaviy bisot yaratildi. 100 jildlikni nashrga hozirlash oʻz-oʻzidan boʻlgani yoʻq. Taniqli adibimiz X.Sulton rahbarligidagi tahrir hayʼati, U.Hayitov boshchiligidagi nashriyot jamoasi, S.Xoʻjaahmedov yetakchi muharrirlar guruhi, koʻp sonli nashrga tayyorlovchilar va tarjimonlar saʼy-harakatlarining samarasi oʻlaroq monumental nashr chop etildi. Yuqorida tilga olinganlar bilan birga V.Rahmon, T.Qahhor, Z.Isomiddinov, A.Alimbekov, D.Begimqulov, M.Kenjabek, O.Ergash, B.Sharipov, K.Bahriyev, B.Karim, A.Ulugʻov, M.Ahmad, M.Omon, O.Joʻraboyev, A.Tojiyev, M.Rahmatov, X.Hamidov, A.Rustamov, T.Ahmedov, K.Mullaxoʻjayeva, Z.Rahmonova, G.Ashurova, M.Qoʻchqorova, Sh.Qosimova va boshqalar unumli mehnat qildilar.

    Bu ezgu ishlarning bardavom boʻlishiga ishonamiz!

    Yangiboy QOʻCHQOROV,

    yozuvchi,

    Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi