Turkiy davlatlar jug'rofiya kengashi o'z oldiga qanday maqsadlarni qo'ygan?

    Poytaxtimizda shu yil 7-8 may kunlari O'zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Vengriya, Qozog'iston va Qirg'iziston geografiya jamiyatlari vakillari yig'ilishi bo'lib o'tgan edi.

    Anjuman davomida muhim voqealikka qo'l urildi. Ya'ni, doimiy qarorgohi Toshkent shahrida joylashgan Turkiy davlatlar jug'rofiya kengashi tuzildi. Qardosh davlatlar vakillarining yakdil ovozi bilan O'zbekiston geografiya jamiyati rahbari, iqtisodiyot fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD) Oybek NORINBOEV uch yil muddatga kengash bosh kotibi etib saylandi. Ushbu yangi tuzilma faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida bosh kotibga bir necha savol bilan murojaat qildik.

    — Bilishimizcha, yangi kengash O'zbekiston tomoni tashabbusi bilan tashkil etildi. Bu g'oya qanday paydo bo'ldi, umuman, yangi tashkilot tuzishga qanday zarurat bor edi? Dastlab shu xususda fikr bildirsangiz.

    — To'g'ri ta'kidladingiz, Turkiy davlatlar jug'rofiya kengashi tashkil etilishi O'zbekiston geografiya jamiyati tashabbusi bo'ldi. Siz qo'ygan savollar, tabiiyki, ko'pchilikni qiziqtiradi.

    Bugun sayyoramizda yashayotgan turkiy tilli xalqlarning umumiy soni 250 million kishidan oshadi. Ularning asosiy qismi oltita mustaqil turkiy tilli respublika — O'zbekiston, Ozarbayjon, Turkiya, Turkmaniston, Qirg'iziston va Qozog'istonda istiqomat qiladi. Ushbu davlatlarning umumiy maydoni salkam 5 million kvadrat kilometr. Bugungi kunda mazkur davlatlar o'rtasida har tomonlama hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib kelmoqda.

    Keyingi paytlarda Vengriya ham turkiy dunyoning turli tadbirlariga taklif etilyapti. Evroittifoq a'zosi, bir qarashda turkiy til va madaniyatga aloqasi yo'qdek tuyuladigan bu davlatga asos solganlarning ildizi tarixan Markaziy Osiyo hududiga kelib taqaladi. Vengerlar Sharqda mojarlar deb atalgan va bugungi kunga qadar bu atama saqlanib qolgan. Mojarchada turkiy so'zlar juda ko'p uchraydi.

    O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning 2019 yil 15 oktyabr` kuni Boku shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammiti doirasidagi samarali uchrashuvi tashkilot doirasidagi o'zaro muloqot va munosabatlarda yangi davrni boshlab berdi. Shu bois, Turkiy davlatlar jug'rofiya kengashi ta'sis yig'ilishiga Vengriya geografiya jamiyati prezidenti Loutsi Dinesh ham taklif etildi.

    Turkiy davlatlarning ilmiy jamiyatlari bir yoqadan bosh chiqarib, o'zaro tajriba almashadigan bir kengash tuzishga qaror qildik. Zero, Turkiy davlatlar tashkiloti rahbarlarining “Turkiy tsivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari” mavzusida 2022 yil 11 noyabr` kuni Samarqand shahrida o'tkazilgan yig'ilishi natijalari bo'yicha qabul qilingan Samarqand deklaratsiyasida o'zaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish masalasi alohida ta'kidlangan.

    Prezidentimiz tashkilotning Samarqand sammitida boshqa sohalar barobarida o'zaro ilmiy hamkorlik masalasining dolzarbligiga bejiz alohida urg'u bermadi. Turkiy davlatlar umumiy taraqqiyotga intilar ekan, buning uchun, eng avvalo, o'z bilim va tajribalarimiz bilan bo'lishish, tajriba almashinuvini yo'lga qo'yishga ehtiyoj bor. Buning uchun esa boshqa sohalar kabi mamlakatlarimizning eng muhim ilmiy yo'nalishi – geografiya sohasidagi o'zaro birdamlik barchamiz uchun katta zaruratga aylanmoqda.

    Istanbul universiteti fan doktori, Turkiya jug'rofiya jamiyati direktorlar kengashi a'zosi Kaan Kapan yangi kengashning ta'sis yig'ilishida ko'p yillardan beri turkiy davlatlar jug'rofiya tashkilotini qurish orzusida yurgani, bugun esa ta'sis yig'ilishida shaxsan ishtirok etayotganidan baxtiyor ekanini ta'kidladi.

    2021–2022 yillarda turkiy davlatlardagi tabarruk qadamjolarni ziyorat qilib chiqqan ushbu mutaxassis aslida barcha turkiylar bir xalq ekanini qayd etar ekan, jug'rofiyada ham birlashish uchun bor imkoniyatni ishga solish kerak, deb hisoblaydi.

    Ana shunday zaruratlarni inobatga olgan holda Ozarbayjon, Qozog'iston, Qirg'iziston, Vengriya, Turkiya va O'zbekiston geografiya jamiyatlarini birlashtiradigan Turkiy davlatlar jug'rofiya kengashi tashkil etildi.

    — Ko'pchilik geografiya maktabda o'tiladigan oddiy bir fan bo'lsa, turkiy davlatlarning geografiya jamiyatlari yangi kengash ta'sis etmasdan hamkorlik qila olmasmidi, degan o'yga borishi mumkin. Turkiy davlatlar va geografiya qanchalik bir-biriga bog'liq? Umuman, geografiyaning hayotimizdagi o'rni shunchalik ahamiyatlimi?

    — Qiziq savol. Aslida jug'rofiya juda muhim fan va sohalardan biri. Bugungi tahlikali dunyoda resurslar qisqarib, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash borasida yangidan yangi xavflar yuzaga kelmoqda. Shunday vaziyatda geoiqtisodiy, geologistik, ilmiy geografik hamkorlikka ehtiyoj o'sib borayotir.

    Birgina iqlim o'zgarishi bilan bog'liq muammolarning o'zi geografiya hayotimizda qanchalik katta ahamiyatga ega ekanini ko'rsatib turibdi.

    AQShning Jorj Meyson universiteti olimlari 2100 yilgacha Er ob-havosini modellashtirishdi va umidsiz xulosaga kelishdi: sayyorada iqlim shu qadar o'zgaradiki, 1880 yillarda Kyopper tizimi bo'yicha tuzilgan iqlim xaritalarini qaytadan chizish kerak bo'ladi. Tadqiqot “Earth’s Future” jurnalida chop etildi.

    Yangi tadqiqot ko'rsatadiki, asr oxiriga borib dunyoning 38-40 foiz hududi boshqa iqlim zonalariga o'tadi. Ya'ni Er sharining deyarli yarmi yangi sharoitlarga duch keladi. Tropik iqlim 25 foizgacha kengayadi, qurg'oqchilik 34 foizgacha hududni egallaydi. eng sezilarli o'zgarishlar Evropa va SHimoliy Amerikada kutilmoqda. Bu qit'alarning mos ravishda 89 foiz va 66 foiz hududi boshqa iqlim zonasiga o'tadi. Olimlar amaldagi o'zgarishlar modellashtirilgandagi prognozlardan ancha jiddiyroq bo'lishi mumkinligini ta'kidlashgan.

    “Associstaed Press” nashri tomonidan e'lon qilingan boshqa bir tadqiqotga ko'ra, jahondagi 2000 dan ziyod ko'l yiliga 5,7 trillion gallon suv yo'qotmoqda. Bu 1992 yildan 2020 yilgacha dunyo bo'yicha yo'qotishlar hajmi AQShning Nevada shtatidagi eng yirik suv havzasi bo'lmish Mids ko'lining 17 tasiga teng degani. Boshqacha aytganda, bu miqdor AQSh 2015 yilda ishlatgan jami suv hajmiga teng. Hattoki yog'in-sochin ko'p bo'ladigan hududlarda ham ko'llar qurib qolmoqda. “Science” jurnalida e'lon qilingan tadqiqotlarga ko'ra, bunga bosh sabab — ko'llardan suvlarning me'yordan ziyod bug'lanishiga sabab bo'layotgan issiq yoki quruq havo. Shuningdek, qishloq xo'jaligi, sanoat va boshqa ehtiyojlar uchun ko'p suv sarflanishi tufayli ro'y bermoqda.

    Mualliflar tabiiy hol sifatida uchinchi sababni ham tilga olishgan: yog'in-sochinlarning kamaygani tufayli daryo o'zanlarining o'zgarishi. Lekin shu ham iqlim o'zgarishi sabab vujudga kelgan. Tadqiqotda aytilishicha, mana shu omil erondagi Urmiya ko'li yiliga 1,05 trillion litr suv yo'qotayotganining bosh sababidir.

    Dunyo bo'yicha o'rtacha harorat 1,1 darajaga ko'tarilgan. Bu esa 2040 yilga borib o'rtacha harorat 1,5 daraja oshishini bildiradi. Nobel` mukofoti laureati Rae Kvon Chung Sibir taygasi va tundradagi muzliklar erishi oqibatida ushbu hududlardagi qadimiy kasallik hamda viruslar yana “uyg'onishi” mumkinligi, bu esa insoniyat uchun kutilmagan oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirmoqda.

    Ekologik va atrof-muhit muammolari haqida so'z ketganda, keyingi yillarda mamlakatimizning turli hududlari va Toshkent shahrida tinimsiz kuzatilayotgan qum va chang bo'ronlariga to'xtalmasa bo'lmaydi. Mutaxassislar va poytaxtliklar fikricha, Toshkent havosining ifloslanishi daraxtlar kesilishi, changni ushlab qoladigan yashillik kamaygani hamda tartibsiz qurilishlar bilan bog'liq. Ayrimlar esa bu jamoat transporti kamligi sabab shaharda avtomobillar ko'payib, ulardan chiqadigan gazlar ortib borayotgani fonida yuz berayotganini aytadi.

    Shu kabi muammolar fonida Toshkent dunyodagi havosi eng iflos shaharlar reytingida tez-tez ko'rinadigan bo'lib qoldi. Joriy yilda O'zbekiston “Legatum Institute” tomonidan ekologiyasi keskin o'zgarishlarga duch kelayotgan davlatlar qatoriga kiritildi.

    Bu kabi muammolarni tadqiq etish aynan geografiyaning vazifasidir. Bunda bitta davlat olimlarining sa'y-harakati bilan katta natijalarga erishish mushkul. Shu sababli yangi kengash doirasida ayni yo'nalishdagi faoliyatimizni uyg'unlashtirish, o'zaro tajriba almashish, ilf-fandagi yutuqlar bilan bo'lishish maqsad qilingan.

    Ozarbayjon jug'rofiya jamiyati raisi Mirnuh Ismoilov yangi kengash tashkil etilishini dunyoda mavjud vaziyat taqozo qilayotganini alohida ta'kidladi. U Turkiy davlatlar jug'rofiya kengashi ta'sis yig'ilishidagi nutqida geografiyani siyosiy ilm, deb atadi. Chunki u hududlar va chegaralarni o'rganishi, so'nggi yillarda jug'rofiy axborot tizimlari hamda makon ma'lumotlarini o'rganishga qiziqish, ehtiyoj kuchayib, buning ta'sirida geografiyaning ahamiyati ham oshib borayotganini qayd etdi. Shu jihatdan Turkiy davlatlar jug'rofiya kengashining yuzaga kelishi bugungi kun realligidir.

    — Turkiy dunyoning qomusiy olimlari merosini o'rganish va avlodlarga tanitish bugun har qachongidan ham dolzarblik kasb etgan. Chunki bir paytlar zaminimiz dunyo tamaddunining beshigi bo'lgan, boshqa xalqlar ilm-fan yutuqlarini ajdodlarimizdan o'rganishgan. Biroq asrlar o'tib ilmiy taraqqiyot G'arb tomonga yuz burdi...

    — Darhaqiqat, qadim turkiy zamin ming yillar davomida Sharq va G'arbni tutashtirib, jahon tsivilizatsiyalarini bir-biriga yaqinlashtirgan, dunyo madaniyatlarini boyitib kelgan. Biz turkiy dunyo buyuk tarixining yorqin sahifalari ulug' ajdodlarimiz tomonidan birgalikda yaratilgani bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Ana shunday bebaho merosni saqlab qolish, uni chuqur o'rganib, kelgusi avlodlarga bezavol etkazish barchamiz uchun eng asosiy vazifadir.

    O'rta asrlarda yashagan buyuk alloma va mutafakkirlarimizning tarixiy merosi, zamonaviy tsivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyatini yanada teran anglash, tadqiq etish va ommalashtirish juda muhim. Shu nuqtai nazardan ham Turkiy davlatlar jug'rofiya kengashi bu maqsadlarni samarali amalga oshirishda o'ziga xos platforma vazifasini bajaradi.

    Gap ajdodlarimizning buyuk ilmiy kashfiyotlari haqida borar ekan, Er haqidagi zamonaviy fanlar, xususan, geodeziya, geografiya, kartografiya, geologiya taraqqiyotiga beqiyos hissa qo'shgan Abu Rayhon Beruniy nomini birinchilar qatorida tilga olamiz.

    Zero, ulug' qomusiy alloma ilmiy dahosi bilan yaratilgan mislsiz kashfiyotlarga to'liq baho berishning o'zi qiyin. Beruniy qalamiga mansub 113 ta asar mavjud bo'lib, ulardan 15 tasi geografiya va kartografiyaga bag'ishlangan.

    Beruniy asarlari bilan nafaqat o'z davri, balki bugungi yuksak texnologiyalar asri uchun ham zarur kashfiyotlarni taqdim etgan. Uning asarlarida keltirilgan geografik ma'lumotlar kelgusida geografiyaning yangi avlod olimlari tomonidan taraqqiy ettirilishida katta ahamiyat kasb etdi va etadi.

    Bugungi kunda barchamiz globallashuv jarayonini kuzatmoqdamiz va iqlim o'zgarishi, ekologiya, turli pandemiyalar, energiya resurslari taqchilligi kabi global muammolar bilan bog'liq murakkab sinovlarni boshimizdan kechiryapmiz. Shu bois, hozirgi vaziyatda eng dolzarb muammolar echimi bo'yicha jamiyatlarimiz umumiy yondashuvlarni belgilab olishi, sa'y-harakatlarini o'zaro uyg'unlashtirishi nihoyatda muhimdir.

    Turkiy davlatlar jug'rofiya kengashini tashkil etish tashabbusi bilan chiqqan O'zbekiston geografiya jamiyati respublikamizdagi eng qadimiy ilmiy jamiyatlardan biri. Binobarin, 1897 yil 12 martdan buyon faoliyat yuritib kelayotgan jamiyatimiz joriy yil martida 126 yoshga to'ldi.

    Har qanday geografiya jamiyatining vazifalari nafaqat o'z mamlakati, balki butun dunyoning tarixiy-geografik merosini o'rganish bo'lgan, hozir ham shunday, kelgusida ham shunday bo'lib qoladi. Tabiiyki, 126 yillik faoliyat davomida etarlicha tajriba va ilmiy salohiyat to'plangan. Buni hamkorlarimiz bilan bo'lishish barobarida, ularning ilg'or ilm-fan yutuqlarini o'rganish niyatidamiz. Bu borada olim va talabalar uchun o'zaro maqsadli dasturlar asosida o'quvlar tashkil etishni rejalashtiryapmiz.

    Kengashimiz turkiy tilli ilmiy tadqiqot institutlari va jamoat birlashmalari o'rtasida har tomonlama hamkorlikni takomillashtirish, geografiya, o'lkashunoslik va boshqa turdosh fanlar bo'yicha nazariy yoki amaliy ish bilan shug'ullanuvchi barcha tashkilot, muassasalarga ko'maklashish, barcha jabhalarda birgalikdagi sa'y-harakatni muvofiqlashtirish borasidagi takliflarni ko'rib chiqishga doim tayyor.

    — Kengashning galdagi rejalari haqida ham to'xtalib o'tsangiz.

    — Ta'sis yig'ilishida barcha ishtirokchi davlatlar tomonidan kelgusidagi ishlarimiz bo'yicha yo'l xaritasi ishlab chiqishga kelishilgan. Turkiy davlatlar jug'rofiya kengashining doimiy qarorgohi Toshkent shahrida joylashtirildi. SHu bilan birga, kengashga kotiblik qilish uch yil muddatga O'zbekiston tomoniga ishonib topishirildi.

    Ayni shu sabablarga ko'ra, kengash faoliyatini yo'lga qo'yish, aniq loyihalar asosida hamkorlikni chuqurlashtirish uchun Turkiy davlatlar jug'rofiya kengashi yig'ilishini yiliga bir marta o'tkazish, turkiy davlatlar o'rtasida turli fan olimpiadalarini tashkil etish hamda xalqaro olimpiadalar ishtirokchilarini saralash va g'oliblarni rag'batlantirish, ilmiy tadqiqot ishlari va ilmiy konferentsiyalarni tashkillashtirish, turkiy etnosport turlari bo'yicha musobaqalar o'tkazish, turkiy davlatlar o'rtasida geografiya, kartografiya yo'nalishlarida intellektual o'yinlarni ommalashtirish va rivojlantirish kabi qator takliflar ilgari surilmoqda.

    Albatta, bu yangi tuzilgan kengash faoliyatining ilk bosqichi uchun taklif etilayotgan qadamlar, xolos. Ular boshqa hamkor davlatlarning ilmiy jamoatchiligi va geografiya jamiyatlari vakillarining takliflari asosida takomillashtirib boriladi.

    Shu bilan birga, kengash faoliyati doirasida aholining geografik va ekologik bilimini mustahkamlash, ilg'or ilmiy g'oyalar va yutuqlarni keng targ'ib qilish, kengashga a'zo mamlakatlarda tabiatni muhofaza qilish bilan bog'liq muammolarni aniqlash, tegishli masalalarni hal etish bo'yicha birgalikda faol ish olib borish rejalashtirilyapti.

    Yangi kengash xalqaro loyihalar, jumladan, fan, ta'lim, ekologik ta'lim, iqtisodiy yondashuv, madaniyat va turizm sohalarida o'zaro aloqani kengaytirish, turkiy davlatlar tarixiga oid masalalar bo'yicha mushtarak ilmiy pozitsiya ishlab chiqish, ekologiya kun tartibini ta'minlash va ko'zlangan maqsadlarga erishish kabi loyihalarda ishtirok etadi.

    Umuman olganda, kengash unga a'zo davlatlar vakillari hamkorlikda ilmiy tadqiqot olib borishi, o'zaro tajriba almashishi imkonini beradi. Shuningdek, geografiya sohasidagi innovatsiya, ilm-fan yangiliklari bilan o'rtoqlashish yo'lga qo'yiladi. Iqlim o'zgarishining tabiiy va ijtimoiy muhitga ta'siri o'rganiladi.

    Ehtimoliy xavfli vaziyatning oldini olish, turli holatga moslashish chora-tadbirlarini ishlab chiqish, geodeziya va kartografiya sohasidagi tadqiqotlarni o'zaro muvofiqlashtirish, turkiy davlatlar hududidagi moddiy va nomoddiy meros ob'ektlarini o'rganish, qadamjolar haqidagi ma'lumotlarni kelajak avlodga etkazish ko'zda tutilgan.

    Ishonchimiz komilki, Turkiy davlatlar jug'rofiya kengashi mamlakatlarimiz ilmiy jamoatchiligi o'rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, geografiya bo'yicha zamonaviy bilim va ko'nikmalarni o'zlashtirish, ilm-fan, ta'lim, innovatsiyalar, sport va turizm sohalarida o'zaro tajriba almashish uchun muhim platformaga aylanadi.

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri

    Dilshod ULUG'MURODOV suhbatlashdi.