“Turkiy davlatlarning iqtisodiyoti” nomli yangi kitob chop etildi

    Unda yettita turkiy davlatning 35 dan ortiq yetakchi olimlari mintaqadagi iqtisodiy vaziyatni chuqur tahlil qilgan.

    Turkiy davlatlarni birlashtirib turadigan jihatlar ko'p. Ularni nafaqat madaniyat, urf-odatlar, balki birgalikda rivojlanish maqsadlari ham umumlashtiradi. Tahlillarga ko'ra, Turkiy davlalar tashkiloti mamlakatlarining iqtisodiy salohiyati juda katta. 2023-yilda a'zo davlatlar va kuzatuvchi mamlakatlarning umumiy nominal yalpi ichki mahsuloti dunyoning 1,7 foizini, xarid qobiliyati pariteti bo'yicha esa dunyoning 3,1 foizini tashkil etdi. TDTga a'zo dalatlarning umumiy tashqi savdo aylanmasi 2023-yilda 1,2 trillion dollardan oshdi.

    Ammo bu hali etarli ko'rsatkich emas. Tahlillar asosida turkiy xalqlarning o'zaro savdo aylanmasini yanada oshirish, iqtisodiy aloqalarini kengaytirish imkoniiyatlari yuqori ekani prognoz qilingan. Ozarbayjon Respublikasi Iqtisodiy islohotlar va kommunikatsiyalar tahlili markazi (CAERC) tomonidan Turkiy davlatlar tashkiloti kotibiyati bilan hamkorlikda chop etilgan “Turkiy davlatlar iqtisodiyoti” kitobidan ana shunday tahlillar joy olgan. Unda yettita turkiy davlatning 35 dan ortiq yetakchi olimlari mintaqadagi iqtisodiy vaziyatni chuqur tahlil qilgan. Kitob taqdimoti bir necha davlat, xususan, Toshkent shahrida o'tkazildi.

    — Ushbu kitob tadqiqotchilar, siyosatchilar va tadbirkorlarga turkiy makondagi iqtisodiy jarayonlar dinamikasini tushunishga yordam beradigan tahlillarni taqdim etadi, — deydi Iqtisoiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov. — O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidentlari Ilhom Aliyevning tashabbuslarini ro'yobga chiqarish doirasida shu oyda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi delegatsiyasi mamlakatlarimiz o'rtasidagi o'zaro savdoni 1 milliard dollarga yetkazish uchun amalga oshirilmagan salohiyatni o'rganish maqsadida amaliy tashrif bilan Ozarbayjon Respublikasida bo'ldi va 20 ta vazirlik hamda idoralar faoliyatini o'rganib chiqdi. Endi bizning tahlil markazlarimiz hamkorlikning yanada samarali mexanizmlarini, shu jumladan, transport va energetika sohalarida faol ish olib bormoqda.

    Kitobda turkiy davlatlarning so'nggi o'n yillikdagi iqtisodiy rivojlanish ko'rsatkichlari, keyingi yillardagi imkoniyatlar tahlil qilingan. Taqdimotda asosiy xulosalar ham taqdim etildi. Xususan, import qiluvchi va eksport qiluvchi YAIMning savdoga ijobiy ta'siri TDT mamlakatlari o'rtasidagi iqtisodiy o'zaro bog'liqlikni tasdiqlaydi va savdo aloqalarini chuqurlashtirish uchun iqtisodiy o'sishning muhimligini ta'kidlaydi, aholining o'sishi qo'shimcha iste'mol bozorlarini yaratadi, bu esa savdo hajmining oshishiga yordam beradi, savdo hajmini oshiruvchi omil sifatida umumiy chegaraning mavjudligi geografik yaqinlik va madaniy o'xshashlikning muhimligini ko'rsatadi, bu esa yanada yaqinroq hamkorlik va integratsiya uchun imkoniyatlar yaratadi, deya ta'kidlandi.

    Taqdimotda CAERC ijrochi direktori, professor doktor Vusal Gasimli ishtirokchilarga murojaat qilib, "Turkiy davlatlar iqtisodiyoti" kitobini TDT a'zolari o'rtasida iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish uchun yo'l xaritasi, deb atadi. Uning ta'kidlashicha, ushbu nashr mintaqamiz va undan tashqarida kelajakni shakllantirish uchun katta ahamiyatga ega. “Bizning mas'uliyatimiz tez o'zgaruvchan iqtisodiy muhitda iqtisodiy integratsiya va barqaror o'sishni o'z ichiga olgan yo'lni belgilashdir. Kitobda to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar, savdo oqimlari mexanikasi va TDT mintaqasidagi yirik iqtisodiy koridorlarning mumkin bo'lgan ta'siri ochib berilgan", — deya qo'shimcha qildi u.

    CAERC huzuridagi Turkiy dunyoni tahlil qilish markazi direktori Vusala Jafarova ishtirokchilarni “Gravitatsiya modeli” va “Grafik nazariyasi” kabi asosiy metodologiyalar, shuningdek, Zangezur koridorining ko'p tomonlama savdoga ta'siri bilan tanishtirdi. Ishtirokchilar “Turkiy dunyo: 2040-yilga nigoh” prizmasi orqali iqtisodiy hamkorlikning institutsional asoslari bilan tanishdilar.

    Mutaxassislar Turkiy davlatlar iqtisodiyotiga oid tadqiqotlar yana davom etishi va ularning tahlili o'rin olgan kitoblar chop etilishini ma'lum qilishdi.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri