Eng koʻp bakteriyalar qoʻl kaftida yashaydi. Inson tanasidagi koʻp bakteriyalar soch va qoʻllarda toʻplangan. Bakteriyalarning aksariyati tirnoqlar ostida, kaftlarning yon tomonlarida va terining burmalarida boʻladi.
Toza qoʻl terisi yuzasida mikroblar 10 daqiqa ichida oʻladi. Agar qoʻllar iflos boʻlsa, 95% hollarda mikroblar omon qoladi va faol ravishda koʻpayishi mumkin.
Olimlar chap va oʻng qoʻllarda mutlaqo boshqa-boshqa mikroblar yashashini aniqlagan.
Ofis xodimining qoʻllari oʻrtacha 10 million turdagi bakteriyalar bilan aloqa qiladi.
Yuzasida eng koʻp bakteriya toʻplanadigan narsalar — pul, telefon va eshik tutqichlaridir. Chunki ular doimiy muomalada boʻlib, bir kunda bir nechta qoʻl bilan ushlanishi mumkin. Shunga qaramay, katta yoshli aholining atigi 27 foizi pul ushlaganidan keyin qoʻllarini yuvar ekan.
Zamonaviy texnologiyalarning rivojlanishi bilan koʻplab mikroorganizmlar kompyuterlar va noutbuklarning klaviaturalarida, shuningdek shahar aholisining aksariyati deyarli bir daqiqaga ham ajralmaydigan mobil telefonlarida yashaydi. Masalan, mobil telefon yuzasida mikrob va bakteriyalar hojatxonadagiga qaraganda 10 baravar koʻproq boʻlarkan.
Qoʻlni kamida 20 soniya davomida va iliq suvda yuvish tavsiya etiladi. Juda issiq suvda yuvish qoʻl gigiyenasi samaradorligini oshirmaydi. Aksincha, issiq suv zararli boʻlib, qoʻlning nozik terisini quritadi va yalligʻlantirishi mumkin.
Afsuski, tez-tez qoʻl yuvish foydali mikroorganizmlarni ham oʻldiradi. Qoʻllarimizda nafaqat kasallik uygʻotuvchi, balki organizmimizni himoya qiladigan foydali bakteriyalar ham yashaydi. Qoʻllarni haddan tashqari koʻp yuvish ularning ham nobud boʻlishiga olib keladi.
Bundan tashqari, yuvish vositalaridan koʻp foydalanish tufayli teri yorilishi va bu yoriqlar infeksiyalar uchun oʻziga xos “kirish eshigi”ga aylanishi mumkin. Biroq, bu qoʻllarni kuniga bir-ikki marta yuvish kerak degani emas, ularni har safar ifloslanganidan keyin tozalash kerak.
Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.