Tyutor — talaba uchun ko‘makchi

    Ijtimoiy hayot 7 Iyun 2021 29191

    Toshkent davlat yuridik universiteti rektori tegishli buyrug‘iga asosan mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari ichida birinchilardan bo‘lib universitetda tyutorlik faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

    Xosh, mazkur faoliyatning mazmun-mohiyati qanaqa, uning talabalar hayotidagi ahamiyati, foydali jihatlari qanday? Tyutorlarning qanday huquq va majburiyatlari bor? Shu va boshqa savollar bilan TDYUning yoshlar masalalari va manaviy-marifiy ishlar boyicha prorektori Ahrorxon Hoshimxonovga murojaat qildik.

    Ahror Mominovich, aytingchi, tyutor kim va ushbu faoliyatdan kozlangan asosiy maqsad nima?

    — Tyutor — talabalarning shaxsiy rivojlanishiga, universitet, respublika va xalqaro miqyosdagi tanlov va olimpiadalarda munosib ishtirok etishiga, shuningdek, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishiga ko‘maklashuvchi inson bo‘lib, u yigit-qizlarni kasbga yo‘naltirish, Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, turli ilmiy to‘garaklarga jalb etish hamda muammo va kamchiliklarini o‘rganib, ularga atroflicha yechim topish bilan shug‘ullanadi. TDYUda rektorining buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Toshkent davlat yuridik universitetida tyutorlik faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi nizomda tyutorlar asosiy faoliyat yo‘nalishlari, huquq va majburiyatlari, maqsad va vazifalari ko‘rsatib o‘tilgan.

    Nizomga ko‘ra, tyutorlarning asosiy maqsadi — ta’lim va tarbiya jarayonini samarali tashkil etishda universitet va talabalar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, talabalarning universitet hayoti va ta’lim jarayoniga moslashishiga ko‘maklashish, ularga uslubiy, ijtimoiy va psixologik yordam ko‘rsatish va talabalarda tanlagan kasbiga muhabbatni oshirishdir. Shu bilan birga ular yigit-qizlarning dars mashg‘ulotlarini muntazam tahlil qilib boradi va sifatini oshiradi, ularning darsdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishini ta’minlaydi hamda ijtimoiy ahvolidan doimiy xabardor bo‘lib turadi.

    — Tyutorlar qaysi yo‘nalishlarda o‘z faoliyatini olib boradi?

    — Tyutorlar ma’naviy-ma’rifiy va ahloqiy-tarbiya, o‘quv va o‘quv-uslubiy hamda ilm-fan, innovatsion va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida o‘z faoliyatini olib boradi.

    — Tyutorlarning ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha vazifalari xususida ma’lumot bersangiz.

    — Har bir tyutor o‘ziga biriktirilgan guruh talabalarini besh muhim tashabbus doirasida tashkil etilgan klub va to‘garaklarga jalb etib boradi hamda ularning ijodiy qobiliyati va iste’dodini namoyon etishi uchun imkon yaratadi. Talabalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qiladi, ularning ta’lim olishi, ilm bilan shug‘ullanishi, yashashi va dam olishi uchun sharoitlar yaratishga ko‘maklashadi va bu boradagi yangiliklardan xabardor qilib boradi.

    Shuningdek, yigit-qizlarning o‘quv intizomini mustahkamlash, ularda ijodiy fikrlash, halollik, to‘g‘ri so‘zlik kabi xislatlarni shakllantirish borasida tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yadi. Iqtidorli va iste’dodli talabalarni aniqlab, ularning turli tanlov va olimpiadalarda munosib ishtirok etishiga hamda talabalarning loyiha va startaplarini amalga oshirishga ko‘maklashadi.

    Bundan tashqari, talabalarning darslarni o‘zlashtirish darajasini nazorat qilib boradi, ularning innovatsion ta’lim texnologiyalari va o‘quv-uslubiy materiallar, axborot-resurslari bilan ta’minlash va ushbu manbalardan keng va unumli foydalanishi uchun zamin yaratadi.

    Shu bilan birga tyutorlar talabalarni o‘ylantiradigan qator masalalar, xususan, talabalarni turar joy bilan ta’minlash, qoldirilgan darslarni o‘zlashtirishiga yordam berib boradi.

    — Tyutorlarning qanday huquq va majburiyatlari mavjud?

    — Har bir tyutor o‘ziga biriktilgan akademik guruhlarning darslarini, talaba davomatini va dars sifatining monitoringini olib borish maqsadida kuzatish, talabalarga yuklatilgan majburiyatlarning bajarilishini talab qilish, TTJga joylashishi uchun e’lon berish va bu boradagi komissiya yig‘ilishida talabaning ishtirokini ta’minlash,talabaga tavsifnoma va akademik ta’til berish masalasini hal qilishda ishtirok etish, ularni rag‘batlantirilishi yoki jazolanishi, turli stipendiyalarga tavsiya qilishda xulosa va fikrnoma berish huquqiga ega.

    Shuningdek, har bir tyutor talabalarning sha’ni va qadr-qimmatini, obro‘sini hurmat qilish, ularning jismoniy, ruhiy va psixologik holatidan muntazam xabardor bo‘lish, o‘quv, ma’naviy va ilmiy faoliyatini monitoring qilib borish, yigit-qizlarning darslarda ishtirokini nazorat qilish, yoshlarning ota-onalari va o‘zi bilan doimiy muloqot qilib borishga majburdir.

    — Samimiy suhbat uchun rahmat!

    Javlon Vafoyev suhbatlashdi.