Har bir oliy ta'lim muassasining talabasi uning farzandi kabidir. Ota-ona o'z bolalari uchun doimo qayg'urgani singari bugun ta'lim muassasalari ham talabalarning ilm olishi, kelgusi faoliyatini to'g'ri belgilashiga mas'ullikni his etadi. Talabaga ta'lim berish bilan birga, darsdan bo'sh vaqtida nimalar bilan bandligi, qanday muhitda yashashi, uning fanlardan tashqari qiziqishlari — hammasi oliy o'quv yurti uchun muhim.
Xo'sh, bu jarayonda o'tgan davrlarda oliy ta'lim muassasasi qanday ishlarni amalga oshirgan? Ma'lumki, yaqin yillargacha OTMlarda murabbiylik tizimi asosida ish olib borilardi. Bunda murabbiylik tizimi professor-o'qituvchi xohlasa-xohlamasa majburiy yuklama sifatida akademik guruhlarga biriktirilgan. Bu majburlov yuklamasidan tashqari, o'qituvchi sifatida o'zining katta mas'uliyati ham turgan. O'qituvchi bir kunda uch para darsi bo'lsa, biriktirilgan guruhlarga faqatgina tanaffus vaqtida eshikdan mo'ralab yoki guruh sardoridan shunchaki “kim bor, kim yo'q”ligini bilish, “nima muammo bor” deb so'rashdan ko'p uzoqlashmagan.
Qolaversa, bu murabbiylik tizimida oylik maoshining 25 foizigacha ustama haq to'lash belgilangan bo'lsa-da, kamdan-kam hollarda 20 foizgacha to'langan, aksariyat hollarda esa ishiga yarasha 5-15 foiz haq to'langan xolos.
Bugun ham oliy o'quv yurtlarida talabalarning mustaqil ta'lim olish faoliyatini rivojlantirishga ko'maklashuvchi murabbiylar ish olib bormoqda. Biroq endilikda ular guruh murabbiyi emas, balki tyutor maqomida. Tabiiyki, ularning vazifalari ham avvalgilaridan farq qiladi.
Respublika davlat oliy ta'lim muassasalarida tyutorlik tizimi joriy qilinganiga ko'p bo'lmadi. Prezidentimizning 2019-yil 8-oktyabrdagi “O'zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish kontsepsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi Farmoni hamda shu asosida qabul qilingan Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirining 2021-yil 30-sentyabrdagi buyrug'i va Nizomi yangicha tizimga asos bo'lgan edi. Bugun bir qancha OTMlar qatori Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida ham tyutorlar ish olib bormoqda. Ayni kunda ularning soni 72 nafarga yetdi.
Guruh murabbiyligidan — tyutorlikka
Hozirgi globallashuv sharoitida barcha sohalarning tayanchi, fundamenti — ta'limga borib taqaladi. Chunki aynan ta'lim dargohlaridan jamiyat uchun kerakli va uni boshqaradigan yetuk mutaxassislar yetishib chiqmoqda. Shu jihatdan, zamon talablariga mos, irodali, har tomonlama mulohazali, manfaatlari bunyodkorlik g'oyasiga qaratilgan yosh kadrlarni tarbiyalash bugungi kun ta'lim muassasalari oldida turgan dolzarb vazifalardan sanaladi.
Tyutorlik tizimi ham ana shu maqsadlarga yo'naltirilgan. U oliy ta'lim muassasasida tarbiya jarayonini tizimli va samarali amalga oshirishning muhim shakli va vositasidir. Tyutor esa talabalarning shaxsiy rivojlanishiga, ta'lim muassasasi, respublika va xalqaro miqyosdagi tanlov va olimpiadalarda munosib ishtirok etishiga, shuningdek, ularning bo'sh vaqtlarini mazmunli o'tkazishiga ko'maklashuvchi pedagog bo'lib, u yigit-qizlarni kasbga yo'naltirish, Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, turli ilmiy to'garaklarga jalb etish hamda muammo va kamchiliklarini o'rganib, ularga atroflicha echim topish bilan shug'ullanadi.
Har qanday yangilik kabi bu yo'nalishning ham kelib chiqish tarixi bor. Ko'p manbalarda ta'kidlanishicha, dastlabki tyutorlar XII asrda Angliyaning Oksford va Kembrij universitetlarida paydo bo'lgan. Atama ingliz tilidan olingan va “uy o'qituvchisi, o'qituvchi, murabbiy, vasiy” degan ma'nolarni anglatadi. “Tyutorlik” so'zi insonning shaxsiy ta'limini qo'llab-quvvatlashni anglatadi. Bu juda nozik, “xususiy” ish faoliyatidir.
Rus tadqiqotchisi N.V.Ribalkinaning fikriga ko'ra, XVI asr oxiriga kelib tyutor universitet ta'limi tizimida qo'l ostidagi talabalarning tarbiyasiga mas'ul bo'lgan muhim shaxsga aylanadi. XVII asrda tyutor faoliyati ko'lami yanada kengayib, endilikda unga ta'lim berish vazifalari ham yuklanadi. U talabaga qaysi amaliy mashg'ulot va ma'ruzalarga kirishni aniqlab beradi, talabalar darslarni qoldirmay yaxshi o'qishlari va imtihonlarga tayyor bo'lishlarini nazorat qilib boradi. XVII asrdan boshlab tyutorlik tizimi rasman ingliz oliy ta'limi tizimining ajralmas qismi sifatida tan olina boshlagan.
Bugungi kun ma'lumotlariga qaraganda, zamonaviy Oksfordda 90 foiz, Kembrijda esa 75 foiz tyutorlar 1 yoki 2 talaba bilan ish olib boradi. Ular maxsus ma'lumotga ega bo'lmasalarda, talabalarga ham o'qish davomida, ham ta'til paytida rahbarlik qilish, ma'nan ustozlik qilish kabi vazifalarga mas'ul.
Aniqrog'i, tyutor ishining asosiy shakli talaba bilan individual va jamoada ishlash yoki unga ta'lim-tarbiya maslahatchisi bo'lishdan iborat. Tyutorga yetakchilik, tashkilotchilik, tashabbuskorlik, intiluvchanlik, notiqlik mahorati, muloqatga kirishish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya va innovatsion pedagogik texnologiyalar bilan ishlash bo'yicha malakaga ega bo'lish, ta'lim-tarbiya jarayoniga doir normativ-huquqiy hujjatlarni bilish kabi bir qator umumiy talablar qo'yiladi.
Talabaga eng yaqin ko'makchi
Ma'lumki, talabalar birinchi bosqichga qabul qilinishi yoki o'qishini ko'chirish orqali kelgani bois, u bilan bog'liq ma'lumotlar bazasi shakllantirilmagan bo'ladi. Har bir tyutor o'ziga biriktirilgan akademik guruhdagi talabalari bilan individual o'tirib, universitet yoki dekanat tomonidan berilgan ma'lumotlar shkalasi, jamlanma shakli bo'yicha talabaning ism-sharifidan tortib toki uning yashash manzili, qiziqishlari, yaqin qarindoshlari, umuman, barcha ma'lumotlarni so'rab, belgilangan ma'lumotlar bazasini to'ldiradi. Bu ishda tyutorning mas'ulligini yanada oshirish ahamiyatli. Chunki, talabaning berilgan ma'lumoti aniqligi, to'g'ri keltirilgani, rasmiylashtirishda xatolikka yo'l qo'yilmasligi e'tiborni kuchaytirishni talab qiladi.
Ba'zan talabalar, ayniqsa, birinchi bosqich va hatto katta kurslarda oliygohning shart-sharoitidan xabardor emasligiga guvoh bo'lamiz. Mana shunday paytda unga yo'l ko'rsatib turuvchi shaxs kerak bo'ladi. Talabalar turar joylari, axborot resurs markazi, talabaning darsdan bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etishga yo'naltirilgan turli to'garak, klublar, sport majmuasi, oliygoh muzeyi, madaniyat va musiqa zallari va boshqalar bilan yaqindan tanishtirish lozim. Yigit-qizlar dastlabki o'n kunda qiziqishlari doirasida zarur binolar, shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib borishiga erishish kerak. Bu uning dastlabki kunlardanoq o'qish va izlanishlarini bir maromda tashkil etish va davom ettirish imkoniyatini yanada kengaytirishga xizmat qilada.
Oliygohlarda talabalar qiziqishlarini inobatga olish ham muhim ahamiyatga ega. Bugungi zamonaviy tizim tyutorlari talabaning bo'sh vatini maqsadli tashkil etishda vaqtbay emas balki saoatbay, minutbay mexanizmini qo'llagan holda yangicha ruhdagi, motivatsion, samarali tashkiliy-amaliy ishlarni bajarib kelmoqda. Albatta, har bir talabani to'g'ri yo'naltirish, ularning bo'sh vaqtini samarali va natijador qilib tashkil etish jamiyat uchun yanada bilimli, salohiyatli kadr etishtirishga xizmat qiladi. Ma'lumki, davlatimiz, oliy ta'lim muassasalari tomonidan nomdor stipendiyalar, grantlar joriy qilib borilmoqda. Prezident, Navoiy, Beruniy, Ibn Sino, Islom Karimov (va boshqa) nomidagi nomdor stipendiyalar shular jumlasidan. Yana, xalqaro yoki respublika miqyosidagi grantlar, loyihalarda ishtirok etib, g'olib bo'lish imkoniyati ham mavjud. Buning uchun talabani to'g'ri yo'naltirib, u bilan tizimli ishlash kerak. Bu vazifalar ham t`yutorning zimmasiga tushadi.
Ko'plab tadqiqotchi va mutaxassislar tyutorlikni qo'llab-quvvatlash uzluksiz ta'lim tizimida o'ziga xos murabbiylikni rivojlantirishning eng samarali shakllaridan biri, deb ta'kidlamoqda. Ayni paytda tyutorlik ilg'or pedagoglar tomonidan tatbiq etilayotgan innovatsion pedagogik faoliyatlardan biri sifatida ham e'tirof etilyapti. Shu bois, yurtimizda tyutorlik faoliyatiga qiziqishning ortishiga ko'p omillar sabab. Shulardan biri, oliy ta'lim muassasalarida t`yutorlik texnologiyalarini qo'llash ehtiyojining yuzaga kelgani bo'lsa, yana biri, tyutorlik g'oyalari davlat ta'lim dasturlariga kiritila boshlanganidir.
Talaba+o'qituvchi = muammo?!
Bu nima degani? Bilamizki, akademik guruh talabasi va fan o'qituvchisi o'rtasida o'zaro bir-birini tushunmaslik holatlari yuzaga kelib turadi. Bunday vaziyatda tyutordan faollik ya'ni, talaba bilan individual suhbat natijasida vaziyatga aniqlik kiritish talab etiladi. So'ng, holatning yukiga qarab, o'qituvchi, fakul`tet dekanati yoki ota-onasiga xabar beriladi, ular bilan fikr almashiladi.
Bu bir tomondan, muammo kattalashib ketishining oldini olsa, boshqa tomondan, oliy ta'lim muassasasida turli illatlar — qo'pol muomala, ta'magirlik, shaxsni haqorat qilish, zo'ravonlik, ichki tartib va odob-axloq qoidalari kodeksi talablariga bo'ysunmaslik kabilar yuzaga kelishiga to'siq bo'ladi. O'z navbatida, bu jarayonlarda tizim xodimlari mamlakatimizda olib borilayotgan “Korruptsiyasiz soha” tartibotida va oliy ta'lim muassasalarida sog'lom ma'naviy muhitni ta'minlashdek ustuvorlik berilgan vazifalarni amalga oshirishga o'z hisasini qo'shib kelmoqda. Buni “Tyutor profilaktikasi” desa ham bo'ladi.
Xolis yo'l ko'rsatuvchi
Talaba qiyofasi. Bu ham tyutorning og'riqli masalalaridan biri. Chunki, o'spirin yosh va undan o'tish vaqtida bo'lgan talabalarga yagona kiyim yoki cheklovlarga qaratilgan tartibli, odobli kiyinish gohida malol kelishi mumkin. Intizomni buzish esa uning tyutori universitet rahbariyati, dekanat yoki boshqa mutasaddilardan tanbeh eshitishiga olib keladi. Shu bois, tyutor har bir oliy ta'lim muassasalarida qabul qilingan odob-axloq qoidalari kodeksi va ichki tartib-qoidalar asosida talabani tartibga chaqirib turishi, tashqi ko'rinish borasida ham maslahatlar berishi lozim. Jarayonda samarali metodlar orqali talabalarning dunyoqarashini shakllantirish, psixologik portretini yaratgan holda ish olib borishi muhim vazifalardan sanalanadi.
O'tgan yilning 17-noyabridan 15-dekabriga qadar hududlarda respublikadagi 140 dan ortiq oliy ta'lim muassasalari tyutorlari va dekan o'rinbosarlari uchun tashkil etilgan o'quv-seminar va seminar-treninglarda trenerlar safida ishtirok etdim. Jarayonlar juda qizg'in va samarali o'tdi. Yangi tashkil etilgan tizimda faoliyat boshlagan tyutorlar o'z vazifalarini bajarishda dastlab yoki tez-tez uchrab turadigan masalalar hamda ularning yechimlari, dekan muovinlarining tyutorlar bilan hamkorlikda ishlarni qanday tashkil etishi borasidagi amaliy mexanizmlar zamonaviy metodlar orqali muhokama qilindi, o'rganildi.
Seminarlarda tyutorlar tomonidan muloqatlar jarayonlari va maxsus so'rovnoma orqali tizimni yanada yaxshilash, amaliyotga uchraydigan turli muammoli holatlar, masalalar, amaliy echimini kutayotgan ko'plab savollar, taklif va tavsiyalar olindi. Masalan, tyutorlarlarning hududiy muloqot maydonchasi va tajriba almashinuvlarini yo'lga qo'yish, moddiy-ma'naviy rag'batlantirish tizimini kuchaytirish, “Yil tyutori”, “eng faol tyutor”, “eng namunali tyutor” kabi bir qancha naminatsiyalardan iborat hududiy, respublika bosqichida o'tkaziladigan ko'rik-tanlovlarni yo'lga qo'yish, tyutorlik maqomi va darajasini yuksaltirishga oid me'yoriy asoslarni yaratib borish kabi takliflar shular jumlasidan.
Umuman, jarayonlarda tyutorlik vazifasiga bilimli, dunyoqarashi keng, pedagogik va psixologik tajribaga ega munosib xodimlar tanlanganiga guvoh bo'ldik. O'ylaymanki, yangi tashkil etilgan tizim vakillari oldiga qo'yilgan vazifalarni uddalayapti. Eng asosiysi, ular talaba yoshlarning yaqin ko'makchisi, ta'lim jarayonlarida xolis yo'l ko'rsatuvchisiga aylanmoqda.
Azizbek OMONOV,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Besh tashabbus markazi koordinatori, sotsiologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD)