Bugungi davr kechagisidan keskin farq qiladi. Xorijiy tajribalarga koʻra, investitsiya nafaqat rekonstruksiya va taʼmirlash, balki yangi ishlab chiqarish korxonalarini barpo etishda ham eng muhim omil. Shu bois, Oʻzbekiston iqtisodiyotiga xorijiy kapitalni jalb qilish va undan foydalanish hozirgi bosqichda investitsiya jarayonining muhim qonuniyatiga aylanib bormoqda. Bu jarayon oliy taʼlimda ham samarador vositalardandir.
Prezidentimiz raisligida joriy yil 16-yanvar kuni investitsiyalarni keng jalb etish va eksport hajmini oshirish borasidagi ishlar natijadorligi hamda kelgusidagi asosiy vazifalar muhokamasi boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida investitsiyalarni jalb etish holati tanqidiy tahlil qilinib, ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi. Mazkur topshiriqlar ijrosini taʼminlashda oliy taʼlim muassasalarida xorijiy investitsiya va grant mablagʻlarini jalb qilish, shuningdek, taʼlim eksportini rivojlantirish boʻyicha qator chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Jumladan, Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida oʻtgan yildagi investitsiya dasturlari tahlil qilinib, istiqboldagi rejalar belgilab olindi.
2024-yilda institutda Janubiy Koreyaning oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi vazirligi (MAFRA),Xalqaro bogʻdorchilik instituti hamkorligida mamlakatda kartoshka urugʻchilik tizimini rivojlantirish uchun kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan xalqaro loyiha doirasida tovar-moddiy boyliklar (laboratoriya jihozlari, transport vositalari, asbob-uskunalar va boshqa jihozlar) xaridi boʻyicha xorijiy investitsiya oʻzlashtirildi.
Institut Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi (SDS) bilan tuzilgan kelishuvga asosan Zarafshon daryosi havzasida aholi farovonligini oshirish loyihasi doirasida ijtimoiy soʻrovnoma oʻtkazdi hamda konsalting xizmatlari koʻrsatildi.Ushbu loyiha doirasida institutga 10,5 ming dollar miqdorida xorijiy investitsiya kiritildi.
Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Tokio qishloq xoʻjaligi va texnologiyalar universiteti bilan “Samarqandda xurmo mevasini quritish orqali qishloq aholisi daromadlarini oshirish” loyihasi doirasida institut va mahalliy ishlab chiqaruvchilar oʻrtasida integratsiyani amalga oshirishda xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik oʻrnatildi hamda 100 ming dollar qiymatida xorijiy investitsiya oʻzlashtirildi.
200 ga yaqin talabamiz iqtisodiyoti rivojlangan Germaniya, Buyuk Britaniya, Polsha davlatlariga haq toʻlanadigan amaliyotga yuborildi. Natijada 972 ming dollarga teng xorijiy investitsiya olinishiga erishildi. Bundan tashqari, Latviya tashqi ishlar vazirligi grant dasturlari boʻyicha Bulduru texnikumi va institut tomonidan qoʻlga kiritilgan grant dasturi BioDigiSkills – qishloq xoʻjaligi uchun biotexnologiya va raqamli koʻnikmalarni rivojlantirish loyihasi doirasida xorijiy grant mablagʻi olindi.
Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA), Janubiy Koreya oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi vazirligi (MAFRA) kabi tashkilotlarning grant mablagʻi hisobidan institut professor-oʻqituvchilari xorijdagi hamkor universitetlarga stajirovka oʻtash uchun yuborildi.
Loyihalarimiz qishloq xoʻjaligida yetuk kadrlar tayyorlash, xorijiy ilgʻor tajribalarni mamlakatimizda joriy qilishga qaratilgan. Bu borada davomli amaliy ishlar bajarilyapti. Masalan, Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi Open Food Innovation University (OFINU) loyihasi doirasida Latviyada 10 nafar mutaxassis va professor-oʻqituvchi malakasini oshirish rejalashtirilgan. Oʻquv jihozlari sifatida non ishlab chiqarish boʻyicha laboratoriya faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab oziq-ovqat innovatsiyalari boʻyicha yevropalik professor-oʻqituvchilar bilan hamkorlikda oʻqitishning yangi shakli amaliyotga joriy etiladi va uning meʼyoriy-huquqiy hujjatlari ishlab chiqiladi.
Shuningdek, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi huzuridagi Inson resurslarini rivojlantirish boʻlimining granti yordamida institutimizning 1xodimini Tokio qishloq xoʻjaligi va texnologiyalar universitetida 3-yil davomida oʻqitish uchun 60 ming dollar grant mablagʻi ajratildi. Bundan tashqari, Erasmus+ Xalqaro kredit mobilligi (ISM) dasturi doirasida professor-oʻqituvchilar va talabalarni xorijdagi turdosh oliy taʼlim muassasalarida qisqa muddatli tadqiqot oʻtkazish va malakasini oshirishga yuborish hamda oʻqishini tashkil etish uchun 65 ming dollar grant mablagʻi ajratildi.
2024-yil sarhisobiga koʻra, institutga jami 2million 293 ming 329 dollar qiymatida xorijiy begʻaraz mablagʻ kiritildi. 2025-yilda ham institutda mazkur loyiha va dasturlarni izchil davom ettirish, taʼlim eksportini amalga oshirishga qaratilgan saʼy-harakatlar boshlab yuborildi. Jumladan, joriy yil yanvarida Erasmus+ dasturining OFINU loyihasi doirasida institutning 3 professor-oʻqituvchisi Latviya hayot fanlari va texnologiyalar universitetiga malaka oshirishga yuborildi.
Talabalar amaliyotini xorijda oʻtkazish boʻyicha loyiha tayyorlash maqsadida institutning 2 xodimi 14-19-yanvar kunlari Polshaning Ignasy Mossiskiamaliy fanlar universitetida xizmat safarida boʻldi.
Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Samarqandda xurmo mevasini quritish orqali qishloq aholisi daromadini oshirish mahalliy loyihasi” doirasida 2 professor-oʻqituvchimiz 24-31-yanvar kunlari Tokio qishloq xoʻjaligi va texnologiyalar universitetiga xizmat safariga yuborildi. Shuningdek, mazkur agentlik tomonidan moliyalashtirilayotgan loyiha doirasida Tokio qishloq xoʻjaligi va texnologiyalar universitetining bir professor-oʻqituvchisi mahorat darslarini oʻtish uchun institutimizga keldi.
Janubiy Koreya bilan hamkorlik doirasida Xalqaro bogʻdorchilik instituti prezidenti,professor Leo boshchiligidagi delegatsiya institutimizda mehmon boʻldi. 5 professor-oʻqituvchimiz esa Janubiy Koreyaning kartoshka urugʻchiligiga oid tashkilotlariga malaka oshirishga yuborildi.
Xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan bu kabi loyihalar doirasida institutga jami 177ming dollar miqdorida xorijiy investitsiya kiritildi.
Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti xalqaro grant va investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha sezilarli oʻsishga erishmoqda. 2024-yilda jalb qilingan mablagʻ 2,29 million dollarni tashkil etgan boʻlsa, 2025-yilda bu koʻrsatkichni 4,58 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Asosiy hamkorlar qatoriga Yaponiya, Shveysariya, Germaniya va Yevropa Ittifoqi kiradi. Xorijiy investitsiyalar tovar-moddiy boyliklar, konsalting xizmatlari va talabalarni xorijda amaliyotga yuborishga yoʻnaltirilgan.
Yurtimizda ilm-fanni yanada rivojlantirish, yoshlarimizni chuqur bilim, yuksak maʼnaviyat egasi etib tarbiyalash, raqobatbardosh iqtisodiyot muhitini shakllantirish borasida boshlagan ishlarimizda taʼlim va tadqiqot uchun ajratiladigan mablagʻlar kelajakda oʻz mevasini berishiga ishonamiz.
Shavkat HASANOV,
iqtisodiyot fanlari doktori,
professor
Hamkorlik materiali