U kunlarni unutib boʻlmas...

    1941-yil sentyabr oyining boshlari edi. Bir guruh harbiylar biz yashab turgan joyga keldi.

    Ukasi, “Qizil yulduz” ordeni sohibi Aminboy haqidagi bu hikoyani bobom Odamboy Qodirov aytib bergan edi. Uni sizlarga bobom tilidan soʻzlab berishni lozim topdim.

    Biz uyda ota-onam, ukam va ikki singlim bilan yashardik. Ikkinchi jahon urushi boshlanib, favqulodda ­eʼlon qilingan ommaviy safarbarlik oilamizni ham chetlab oʻtmadi. Ukam Aminboy bilan birga temirchilik qilib, odamlarning roʻzgʻoriga kerakli anjomlar va qishloq xoʻjaligi uskunalari yasardik. Mehnatimiz ortidan ham aholiga, ham oilamizga ozmi-koʻpmi nafimiz tegib turardi. Safarbarlik paytida meni oʻz ishimda qoldirishib, endigina 19 yoshni qarshilagan ukam Aminboyni urushga olib ketishdi.

    1941-yil sentyabr oyining boshlari edi. Bir guruh harbiylar biz yashab turgan joyga keldi. Keyin bilsam, ular qishlogʻimiz yigitlarini urushga olib ketishga kelgan ekan. Kuzatish marosimida yoshu qari — hamma yigʻildi. Onam bechora dagʻ-dagʻ titragancha hech narsa deyolmas, qaltiroq bosgan qoʻllari bilan bitta nonni ukamga zoʻrgʻa tishlatdi-da, uni mahkam bagʻriga bosib, uzoq koʻz yosh toʻkdi. Keyin dadam ham sekin ukamning yoniga borib, peshonasidan oʻpdi.

    “Aminboy oʻgʻlim, biz senga ishonamiz va sen bilan doim faxrlanamiz. Tez orada gʻalaba bilan qaytasizlar, shunda akang Odamboy bilan ikkalangni birga uylantirib, qoʻshaloq toʻy qilamiz. Oq yoʻl, oy borib, omon qayt”, deya xayrlashdi otam. Ukaginam mayin tabassum bilan hammamiz bilan quchoqlashar ekan, faqat bir soʻzni takrorlardi: “Xayr, yaxshi qolinglar, biz albatta qaytamiz...”.

    Dastlab har ikki-uch oyda ukamdan oʻzi va birga ketgan safdoshlari, qayerda xizmat qilayotgani haqida yozilgan xatlar kelib turdi. Xat kelgan kun uyimizda bayram boshlanar, hammamiz qayta-qayta oʻqirdik. Onam esa xatni yostigʻi ostiga qoʻyib uxlardi. Xat kelishi choʻzilsa, onam darrov oʻgʻlimdan xat kelmadimikan, deya pochtachining uyiga borishni kanda qilmasdi.

    Shu zaylda oradan yillar oʻtdi. Keyinchalik uyimizga, umuman, xat kelmay qoʻydi. Dadamning gʻamgin nigohlari, onamning oʻychan koʻzlari yoʻlda qoldi. 1943-yil. Urushning suronli yillari, qish yaqinlashib qolgan, havoning avzoyi buzuq, izgʻirinli kunlarning birida odatdagidek ustaxonada bel, ketmon yasayotgan edim. Otam yonimga kelib ohista oʻtirdi va qilayotgan ishlarimni zimdan kuzatdi. Men hassaga suyanib xayolga choʻmgan otamning, gapirmasa-da, dilida nimalar kechayotganini soʻzsiz tushunardim. Chunki qariyb 6 oydan buyon ukam Aminboydan xat kelmagandi. Qishlogʻimizdan urushga ketgan baʼzi yigitlarning uyiga “qora xat” kelar va butun qishloq aza ochardi...

    Shu oʻy-xayollar bilan ishimni qilayotgandim, kimdir eshikni sekin ochdi. Qishlogʻimiz pochtachisi... Yuragim shuv etib ketdi. Otam u bilan salomlasharkan, pochtachi bergan xatni qoʻliga zoʻrgʻa olib, majolsizgina joyiga oʻtirib qoldi. Keyin lablari titrab: “Buni koʻnglim sezgandi, oʻgʻlim, bolaginam, oxirating obod boʻlsin”, deya oʻkirib yubordi va yuziga fotiha tortdi.

    Bu sovuq xabardan, ayniqsa, onam bechora adoyi tamom boʻldi. Deyarli har kuni: “Hech boʻlmasa bolaginamning qabrini ziyorat qilsam edi”, deya tinmay koʻz yosh toʻkardi. Oradan koʻp oʻtmay, otamning qaddi bukilib, toʻshakka mixlanib qoldi. U ukamning oʻlimini koʻtara olmadi. Ikki oycha oʻtib, vafot etdi. Qoʻlimda jon berar ekan, hech nima demas, faqat bir nuqtaga tikilgancha nimalarnidir oʻylardi. Keyin qoʻlimni mahkam siqqanicha, koʻzimga uzoq tikilib turib, menga sabr-bardosh, kuch-quvvat tilaganday, oilamiz nomusi va shaʼnini senga topshirib ketyapman, deganday boʻldi-da, koʻzlarini yumdi...

    1944-yil erta bahor kunlarining birida dalada ketmon chopib yurgan edim, uzoqdan odamlarning “Seyitmambet qaytdi, Seyitmambet qaytdi”, degan ovozlari eshitildi va qoʻlimdagi ketmonni tashladim-u, yon qoʻshnimiz Seyitmambetning uyi tomon chopdim.

    Chunki Seytimambet ukam bilan birga urushga ketgan, bitta frontda, bitta joyda xizmat qilgandi. Bir zumda barcha qishloq ahli shu uyda jam boʻldi. Yigʻilganlar urushda bir oyogʻidan ayrilib kelgan Seyitmambet bilan hol-ahvol soʻrashar ekan, tinimsiz savollarga tutardi. Men ham oʻzimda zoʻrgʻa bir kuch topdim-da:

    — Seyitmambet, sen bilan birga ketgan ukam Aminboyga nima boʻldi? — deya soʻradim. U esa sekin yuzimga boqib:

    — Odamboy ogʻa, bandachilik, Allohning irodasi ekan, — dedi.

    Seyitmambetning hikoya qilishicha, ularni avval Moskva yaqinida tankchilikka oʻqitishgan. Keyin Stalingrad frontiga yuborishgan. Ukam jasorati tufayli tank batalyoni komandiri darajasiga erishgan. Lekin janglarning birida halok boʻlgan. Oʻlimidan keyin Aminboy Qodirov frontda fashistlarga qarshi kurashda koʻrsatgan qahramonligi uchun “Qizil yulduz” ordeni bilan taqdirlangan...

    * * *

    Har safar Nukus hamda Toshkent shahri markazidagi Xotira maydoniga kelib, ajdodlarimizni ziyorat qilganimda, Vatan uchun, shu el uchun jon bergan amakimning nomi ham “Xotira daftari”da zarhal harflar bilan yozilganini koʻrib, qalbimni faxr va iftixor tuygʻusi egallaydi. U kunlarni unutib boʻlmas...

    Quvondiq QODIROV,

    Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining

    yoshlar bilan ishlash boʻyicha prorektori