Uchinchi Renessans — jadidlar maslagi

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining shu yil 5-noyabr sonida filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori Shahnoza Nazarovaning “Uchinchi Renessans — jadidlar maslagi” nomli maqolasi chop etildi. Quyida uni oʻqishingiz mumkin.

    hayotimizda yangi davr boshlandi. Fikr odamlariga, milliy gʻururni uygʻotadigan kishilarga qaytadan juda katta zarurat tugʻilmoqda. Talatoʻp dunyoda mana shu ehtiyoj yurtimizdagi tinchlik va farovonlikni saqlab, qadriga yetishga undab turadi. Uning har bir zarrasida milliy hurriyatimiz aks etadi. Prezidentimiz mustaqilligimizning 31 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimda soʻzlagan nutqida “Biz uchun inson, uning qadr-qimmati qanchalik aziz boʻlsa, uning xotirasi ham shunchalik muqaddasdir.

    Shu sabab Vatan ozodligi yoʻlida qurbon boʻlgan ota-bobolarimizning nomlarini oqlash, ularning faoliyati, ilmiy va ijodiy merosini oʻrganish, xotirasini eʼzozlashga yanada muhim ahamiyat qaratmoqdamiz”, dedi. Bayram tabrigidan soʻng yangragan “Goʻzal Turkiston” milliy qoʻshigʻiga joʻrovoz boʻlayotgan minglab bayram ishtirokchilari, televizor qarshisidagi millionlab yurtdoshlarimiz hayajonini koʻrib, ichimizda yonib turgan hurriyat shami yanada qoʻr olgani, merosiy haq botinimizda tirik ekaniga ishonchimiz komil boʻldi.

    Bundan bir asr muqaddam koʻnglimizga, xalqimiz shuuriga istiqlol, maʼrifat urugʻini qadab ketgan jadid bobolarimiz haqli ravishda eslanishga, unutilmaslikka munosib. Zotan, bugun ularni faqat biz emas, balki afkor omma eʼtirof etadi, xizmatlarini tan oladi. Dunyoning turkiy xalqlar jadid adabiyotini oʻrganayotgan yetakchi ilmiy markazlari va oliy taʼlim muassasalari bobolarimiz merosi tadqiqiga alohida eʼtibor bilan yondashayotgani fikrimiz dalilidir.

    Jumladan, AQSHning Kolumbiya, Michigan, Chikago, Kaliforniya universitetlari, Yaponiyaning Tokio xorijiy tadqiqotlar universiteti, Rossiya Fanlar akademiyasi, Rossiya islom instituti, Qozon federal universiteti, Turkiyaning Anqara, Eje, Istanbul universitetlari, Ozarbayjon Fanlar akademiyasi, Qoʻlyozmalar instituti, Boku davlat universiteti, Qozogʻistonning Yevroosiyo milliy universiteti, Turkmaniston Fanlar akademiyasi kabi nufuzli ilm oʻchoqlarida bobolarimiz merosi hijjalab oʻrganilmoqda. Dunyo ilm-fanida jadidchilik harakati, jadid adabiyotiga doir eng yangi ilmiy izlanishlar olti yoʻnalishda olib borilyapti.

    Birinchisi, jadidchilik falsafasi va mafkurasi boʻlib, bu yoʻnalish tarixiy, siyosiy-mafkuraviy jarayonlarni qamrab oladi. Qozon federal universiteti, Xakas davlat universiteti, Boku davlat universiteti, Anqara va Eje universitetlarida ayni yoʻnalishdagi tadqiqotlarga eʼtibor qaratilgan.

    Ikkinchi yoʻnalish jadid ziyolilari koʻtargan muammolarni qamrab oladi. Bu milliy, diniy, ijtimoiy jihatlar, til, imlo, maorif, xotin-qizlar masalalarini nazarda tutadi. Qizigʻi, bu muammolarning hech biri bugun ham bashariyat kun tartibidan tushgani yoʻq. Yuz yil avvalgi masalalar hozir ham qaynoq va dolzarb.

    Uchinchisida jadid adabiyoti tarmogʻida sheʼriyat, nasr, dramaturgiya, adabiy tanqid masalalari oʻrganiladi. Turkistonda jadidchilik harakatining gʻoyaviy asoslarini aniqlash va ularning oʻzbek jadid nasri, dramaturgiyasi, sheʼriyatida aks etishi, oʻzbek jadid sheʼriyati morfologiyasi masalalari tadqiqi Kolumbiya, Michigan universitetlarida, jadid adabiyoti namoyandalari, adabiy siymolarini bibliografik aspektda tahlil etish Yevroosiyo milliy universiteti, Turkman jahon tillari milliy institutida yoʻlga qoʻyilgan.

    Toʻrtinchisi, jadid matbuoti va noshirlik faoliyatiga doir tadqiqotlar Ozarbayjon Fanlar akademiyasi Adabiyot instituti, Anqaradagi Hoji Bayram valiy universitetida olib borilmoqda. Mazkur tadqiqot markazlarida jadid atamashunosligini ishlab chiqish borasida ham muayyan natijalarga erishilgan.

    Beshinchisi, xayriya va adabiy jamiyatlar, vaqflar, fondlar faoliyati, yangi adabiy harakatlar, shart-sharoitlar Kaliforniya universiteti va Karlton kollejida alohida tarmoq sifatida oʻrganilgan. Bu muhim yoʻnalish boʻlib, oʻzbek yoshlarining chet elda oʻqitilishi, yangi maktablar ochilishi, gazeta-jurnallar chop etilishi kabi maʼrifiy masalalar, asosan, xayriya mablagʻlari hisobidan hal etilgan.

    Oltinchisi, jadid teatri va sanʼati, oʻzbek jadid dramasi va sheʼriyatiga bagʻish langan ilmiy tadqiqotlar Tokio xorijiy tadqiqotlar universtiteti, Michigan va Eje universitetlarida olib borilgan. Teatr sanʼati orqali xalqni uygʻotish, maʼrifatli qilish, muammolarni gavdalantirish jadid bobolarimiz gʻoyaviy qarashlarining muhim jihatlaridan.

    Shu kunlarga kelib, jadid adabiyotshunosligiga yondosh tarzda jadid tilshunosligi, folklorshunosligi, tarjimashunosligi, pedagogikasi kabi yoʻnalishlar ham shakllandi. Shunisi ahamiyatliki, jadid adabiyoti, badiiyatiga doir asosiy nazariy tadqiqotlar aynan Oʻzbekistonda olib borilgan. Dunyo ilm-fani jadidchilik harakatlarini koʻproq siyosiy-tarixiy jarayon sifatida oʻrganadi va manbalarga shu nuqtayi nazardan yondashadi.

    Shu tariqa jadidchilik va jadid adabiyotiga doir ilmiy izlanishlar xalqaro miqyosda erishilgan ilmiy natijalarni umumlashtirish va qiyoslash yoʻliga chiqdi. Xalqaro fan tarmogʻi sifatida 2002-yildan beri anʼanaviy tarzda Zamonaviy turkologik tadqiqotlar simpoziumi oʻtkazib kelinadi. Zero, mazkur davrdagi milliy adabiyotga daxldor yangilanish omillari va tamoyillarini tadqiq etish milliy adabiyotning dunyo adabiyotidagi oʻrni va qiyofasini belgilash imkonini beradi.

    Fitrat, Choʻlpon sheʼrlari yangi avlod tilidagina emas, yuragida ham aks-sado bera boshladi. Renessans orzusi, balki, asrlar mobaynida qonimizda oqib yurgan milliy gʻurur tuygʻusini mana shunday harakatga keltirayotgandir. Chunki jadid bobolarimiz milliy istiqlol gʻoyasini birinchi boʻlib koʻtargan edi. Ular markazlashgan, hududi, qoʻshini, iqtisodi, taʼlim tizimi, madaniyatiga ega, musulmon Renessansidan ulgi olgan va ayni vaqtda taraqqiy etayotgan dunyoga qoʻshilib ketishga qodir davlat bunyod etish orzusi bilan yashadi va shu yoʻlda shahid ketdi.

    Fitrat 1917-yili Turkiston muxtoriyati eʼlon qilingandan bir oy oʻtmay quyidagilarni yozgan edi: “Kuchga tayangan har buyrugʻga boʻyinsundik, butun borligʻimizni qoʻldan berdik. Yolgʻiz bir fikrni bermadik, yashirunturdik, emgaklarimizgʻa oʻrab saqladik: Turkiston muxtoriyati!” Bu hurriyat yoʻli bizni yangi Renessansga olib chiqishi kerak edi. Ammo bu orzu armon boʻlib yuraklarimizga choʻkdi va endi mustaqillik havosida shu armon ushalishni istaydi.

    Ular orzulagan tamaddun eshigini ochmagunimizcha shahidlar qoni bizni harakatga undayveradi. Jadid adabiyoti oʻta keskin ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda tugʻildi. Adabiyotimizning buguni va ertasi aynan oʻsha davr aks-sadosidir. Ammo oʻzbek adabiyoti uchun muhim boʻlgan bu davrning xolis tadqiqi mustaqillikka qadar cheklandi. Ularni ilmiy-nazariy baholashda izchillik bilan ish tutilmadi.

    Shu maʼnoda, davr adabiyoti, tarixiga oid oʻziga xosliklar va ularning yuzaga kelish omillarini ilmiy-nazariy jihatdan toʻgʻri baholash muhim vazifalardan biri edi. Istiqlol sharofati bilan XX asr boshlarida oʻzbek adabiyoti, tarixini har jihatdan izchil oʻrganish uchun keng imkoniyat vujudga keldi. Istiqlol muhitida fikri yetilgan yangi avlod tadqiqotchilari endi bu borada oʻz soʻzini aytishi kerak. Adabiy davrlar chegarasini belgilash, adabiy avlodlar zanjirini yaxlit tasavvur qilish, yangi manbalarni oʻrganish, oʻrganilgan manbalarni qayta baholash va ularning barchasini istiqlol muhitida qayta idrok etish shular jumlasidandir.

    Faqat endi bir ishga ulgurish kerak. Ustozlar boshlagan sharafli yoʻlni ogʻishmay, kechikmay davom ettirish, milliy uygʻonish davri manbalarini saqlab qolish zarur. XX asr boshlarida jadid bobolarimiz jasorati bilan chop etilgan gazeta-jurnallar, qoʻlyozma, toshbosma kitoblardan yaqin 5-10 yilda hech narsa qolmasligi mumkin. Ular shiddatli vaqt boʻronlarida yoʻqolib bormoqda.

    Hali keng jamoatchilikka maʼlum boʻlmagan, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti asosiy fondida saqlanayotgan “Sabzazor” (1914), Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi nodir qoʻlyozma, toshbosma va bosma asarlar fondida saqlanayotgan “Milliy ashʼori Tarjimon” (1910), “Milliy sheʼrlar majmuasi yoxud adabi din” (1912), “Yangi adabiyot” (1915), Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonaning nodir kitoblar boʻlimida saqlanayotgan “Oʻzbek yosh shoirlari” (1922) bayoz, majmua, sheʼr toʻplamini izoh va tadqiqi bilan qaytadan mukammal nashr etishga ulgurish lozim.

    Ularning saqlanish holati toʻliq xalqaro talablar darajasida deb boʻlmaydi. Yangi, sifatli qogʻozlarga nusxalari koʻchirilmagan, elektron variantlar ham tiniq va sifatli boʻlmay, foydalanuvchilar uchun yopiq holatda. Germaniya, Turkiya, Rossiya, hatto Niderlandiya fond va arxivlarida Choʻlpon, Fitratning bizga nomaʼlum asarlari, tarixiy hujjatlari bizni kutayotgani ehtimoldan xoli emas. Bunday keng koʻlamli ishlarni bajarish, xorijdagi materiallarni aniqlash, yigʻish, olib kelish, avvalo, ularni belgilangan tartibda talab qilish uchun aniq huquqiy asoslarga va harakat doirasiga ega boʻlish zarur.

    Xalqaro talablarga javob beradigan sharoitda saqlash, manbalardan foydalanishda ochiqlikka erishish, barcha ilmiy natijalarni bir nuqtada jamlash va ularni milliy gʻurur timsoli sifatida oʻrganish uchun xalqaro jadidchilik ilmiy-tadqiqot markazi, uning oʻz harakat dasturi zarur. Yangi uygʻonish nuqtasi aynan bizdan boshlanishi kerak. Chunki bu borada bizda 90 yosh ostonasida turgan ustozimiz, akademik Naim Karimov hamda koʻplab olimlarimizning bilim va tajribasi mujassam. Oʻtyurak shoir Usmon Nosir tavalludining 110-yilligi kunlarida shu orzuni amalga oshirsak, bir milliy armonimiz arigan, Renessansga yanada yaqinlashgan boʻlar edik.