Uchinchi Renessansga bizni faqat sifatli ta'lim etkazadi

    Bugun ilm-maʼrifat ham, kelajak avlod tarbiyasi ham oʻqituvchi faoliyati bilan bogʻliq. Shuning uchun ham bu sohaga katta mablagʻ ajratilmoqda. Xoʻsh, taʼlim tizimidagi holat yoki manzara qanday?

    Soʻnggi yillarda mamlakatimizda taʼlim bozori shiddat bilan rivojlanmoqda. Uning moddiy-texnik bazasini shakllantirish va mustahkamlash borasida ibratli ishlar bajarildi. Oʻqitayotgan va bilim olayotgan kadrlar uchun oʻquv-meʼyoriy hujjatlarni xalqaro andazalarga moslashtirish borasida ham uzluksiz ishlar davom ettirilyapti.

    Oʻzbekiston taʼlim bozorini maktabgacha, umumiy oʻrta, professional, oliy taʼlim, ilmiy tadqiqotlar va malaka oshirish taʼlim bozorlari tashkil etadi. Ularda inson kapitalini rivojlantirish uchun juda katta mablagʻ ajratilyapti. Shu oʻrinda Prezidentimiz “Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan, taʼlim-tarbiya tizimidan boshlanadi” degan fikrni bejiz taʼkidlamagani yaqqol namoyon boʻladi. Bu gʻoya taʼlim bozorida mehnat qilayotgan oʻqituvchilarga juda katta masʼuliyat yuklamoqda. Pedagog endi diplomida qayd etilgan muayyan fan boʻyicha oʻqituvchilik qilishi emas, balki shu sohaning mutaxassisi maqomi uchun tinimsiz oʻz ustida ishlashi kerak boʻlyapti.

    Islom olami tarixiga murojaat qilsak, musulmon ummati doimo ilmni oʻqituvchi (mudarris)dan oʻrganib kelganiga guvoh boʻlamiz. Kitob yoki qogʻozdan ilm oʻrganish makruh sanalgan. Musulmonlarning ilohiy kitobi Qurʼoni karimni Muhammad alayhissalom ham Jabroil alayhissalomdan oʻrgangan va, oʻz navbatida, Ollohning bu kalomini ummatlariga oʻqitgan hamda oʻrgatgan. Oʻqituvchilik maqomiga mashaqqatli mehnat evaziga erishilgani uchun ham Olloh taolo oʻz kalomida “Olloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga koʻtarur”, deb marhamat etgan.

    Olim kishining bir kunlik ibodati ilmsiz obidning qirq yillik ibodatiga teng ekani, qiyomatda ilm shafoat qilishi, agar ilmli taʼlim bersa, Yer va osmondagi barcha jonzot Ollohdan unga magʻfirat soʻrashi va boshqa koʻp bashoratlar sahih hadislar orqali rivoyat qilingan. Tarix shohid: islom dini nozil boʻlgach, undan keyingi ikki yuz yilda taʼlim tez rivojlandi. Uning bunday tez taraqqiy etishida jamiyatda oʻqituvchi maqomining ulugʻlangani muhim ahamiyat kasb etdi. Ilm oʻrganib, ustozlik maqomiga erishish uchun Imom Buxoriy va Imom Termiziy yigirma yillab xorijiy yurtlarda taʼlim oladi va vataniga oʻz sohasining yetuk mutaxassisi boʻlib qaytadi. Islomdan avvalgi davr haqida maʼlumot beruvchi manba Abulfaraj Isfahoniyning “Kitob ul-agʻoniy” asari sanaladi. U kishining asarlari 20 jilddan iborat boʻlib, “Agʻoniy ul-kabir” (Qoʻshiqlar katta kitobi) nomi bilan mashhur. Bu manbada ham islomdan avvalgi davr johiliyat davri deb ataladi. Yevropada ham cherkov davri uyqudagi davr deb nomlanadi. Qachonki islom paydo boʻlib, boshqa oʻlkalarga tarqalib, maʼlum davr oʻtgach turli hududlarda Uygʻonish davri paydo boʻla boshladi. Ayniqsa, bu Sharq mamlakatlarida yaqqol koʻzga tashlandi. Ilm-fandagi yangiliklar Gʻarb dunyosiga ham taʼsir oʻtkazdi. Tarixda bu davr fransuzcha “Renaissance”, yaʼni uygʻonish maʼnosini beradi.

    Movarounnahrda Uygʻonish davri ikki bosqichda oʻrganiladi. Birinchi bosqich bu IX-XII asrlarni oʻz ichiga olsa, ikkinchi bosqich esa XV-XVI asrlarni qamrab oladi. Bu davrdagi ilm-fan taraqqiyoti va movarounnahrlik mutafakkirlarning unga qoʻshgan hissasi haqida tarixiy manbalarda juda koʻp maʼlumot keltirilgan. Movarounnahrda Uchinchi Renessansni XX asr boshlarida jadidchilik maʼrifatparvarlari boshlab berdi, ammo bolsheviklar mafkurasi va uning qatagʻon mashinasi buni amalga oshirishga yoʻl qoʻymadi. Abdulla Avloniyning bundan bir yuz sakkiz yil avval yozilgan “Turkiy guliston yoxud axloq” asarining “Tarbiya zamoni” bobini oʻqigan kishi bobolarimizning tafakkuriga qoyil qoladi. Ushbu bobni Abdulla Avloniy quyidagi fikrlar bilan xulosalaydi: “Alhosil, tarbiya bizlar uchun yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat, yo saodat — yo falokat masalasidur. Rasuli akram nabiyi muhtaram sallollohu alayhi vassalam afandimiz: “Insonlarning karami dinidadur, muruvvati aqlindadur, hasabi axloqindadur”, deganlar. Abdulla Avloniyning bunday xulosaga kelishiga nima sabab boʻldi? Chunki XX asr boshlarida oilada farzandga ona tarbiyasi gʻarib, ota tarbiyasi zaif edi. Muallim metodikani bilmasligi, mudarrisning manfaati osh boʻlgani uchun bolalar hukumat maktabidan zarur bilimlarni ololmagan. Shu davrda yana bir maʼrifatparvar bobomiz Mahmudxoʻja Behbudiy yoshlarga qarata bir necha murojaat qilib, arab, fors, turk va rus tilini mukammal oʻrganishga daʼvat qilgan. Bu milliy uygʻonish gʻoyalaridan hadiksiragan bolsheviklar ideologiyasi jadidchilik maʼrifatparvarlarining hayotiga suiqasd uyushtirib, ularni bir-biriga qarshi qoʻydi. Natijada ilm-maʼrifat zarar koʻrdi. Mahalliy xalqlarning milliy uygʻonishiga tushov boʻldi. Bu jarayonlarni va jadidlar tarixini oʻrgangan tadqiqotchilar manbalarida batafsil maʼlumotlar keltiriladi. Shuning uchun ham Prezidentimiz “Ming afsuski, jadid bobolarimiz oʻz oldiga qoʻygan ezgu maqsadlarni amalga oshirishga mavjud vaziyat, ijtimoiy tuzum yoʻl bermadi. Maʼrifat fidoyilari oʻsha davrning turli johil kimsalarining tuhmat-malomatlariga duchor boʻldilar. Avval chor hukumati, keyinchalik sovet hukumati ularni ayovsiz quvgʻin va qatagʻon qildi. Shu tariqa milliy uygʻonish va taraqqiyot harakati el-yurtimiz uchun armon boʻlib qoldi”, deb taʼkidlagan edi.

    Bugun ilm-maʼrifat ham, kelajak avlod tarbiyasi ham oʻqituvchi faoliyati bilan bogʻliq. Shuning uchun ham bu sohaga katta mablagʻ ajratilmoqda. Xoʻsh, taʼlim tizimidagi holat yoki manzara qanday?

    Mamlakatimizda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan oʻqituvchilarga toifalar berib boriladi. Yaqinda shu soha boʻyicha xalq taʼlimi vazirligining statistik maʼlumoti tarqatildi. Respublikada oʻqituvchilarning toifasi boʻyicha taqsimotning tahlili quyidagicha ekan: “Oliy toifalilar 3 foiz, birinchi toifalilar 11 foiz, ikkinchi toifalilar 23 foiz, toifasizlar 48 foiz, oʻrta maxsus maʼlumotlilar esa 15 foizni tashkil etmoqda”. Davlat tomonidan oʻqituvchilarga yaratilayotgan sharoitlarga qaramay, yuqori toifaga intilish sust kechmoqda yoki bilimi sohasi boʻyicha past boʻlgani uchun maqomini himoya qilolmayapti. Bu esa, oʻz navbatida, maktab bitiruvchilarining oliy taʼlim muassasalariga kirishiga ham salbiy taʼsir koʻrsatadi. Maktab bitiruvchilarining oliy taʼlim muassasalariga kirish koʻrsatkichlari tezkor maʼlumotlar tahliliga koʻra, respublika boʻyicha 2020-yili bitiruvchilar soni 449 ming 861 nafarni tashkil etgan. Shundan 70 ming 418 nafari (15,7 foizi) oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirgan. Respublika boʻylab eng yuqori koʻrsatkich Navoiy viloyati (29,8 foiz) va Toshkent shahri (26,6 foiz) hissasiga toʻgʻri kelmoqda. Eng past natijalarni esa Samarqand (10 foiz) va Qashqadaryo (10,9 foiz) viloyatlari koʻrsatmoqda.

    Tahlillardan kelib chiqib, Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan maktablardagi pedagoglar faoliyati qizil va yashil kategoriyalarga ajratildi. Maktablarda malakali oʻqituvchilarga talab yuqori. Chunki ota-onalar ham farzandlarining shunday oʻqituvchilardan saboq olishini talab qilmoqda. Maktablardan tashqarida repetitorlik oʻquv kurslarining mavjudligi — bu umumiy oʻrta taʼlim tizimida oʻqitishdagi zaif nuqtalarning mevasidir. Agar maktablarda fan oʻqituvchilari oʻz sohasining yetuk mutaxassisi boʻlib, dasturda berilgan bilimlarni oʻquvchiga yetkazganda edi, ota-onalar qoʻshimcha xarajat qilib, repetitor izlab yurmas edi. Yuqoridagi statistik tahlillardan koʻrinib turibdiki, xalq taʼlimi tizimidagi oʻqituvchilarning 14 foizi intellektual sotsial “tovar” sifatida eʼzozga loyiq. Qolgan 86 foiz oʻqituvchini malaka oshirish va qayta tayyorlash tizimi strukturasi shakllaridan foydalanib, yangi metodika (Uchinchi Renessans poydevori talabiga mos) asosida oʻqitishga ehtiyoj sezilmoqda. Buning uchun esa yangi oʻquv reja va dastur ishlab chiqish kerak. Asosiy jamiyatga intellektual sotsial “tovar” yetkazib berayotgan uchinchi taʼlim bozorida yetakchi xorijiy taʼlim muassasalarining 29 ta filiali, 58 ta qoʻshma dasturlar asosida 8124 ta kvota ajratilishi hamda nodavlat oliy taʼlim muassasalari va ularga davlat kvotalarining ajratilishi bu bozorda asta-sekinlik bilan raqobatni vujudga keltirishga xizmat qiladi.

    Respublika oliy taʼlim bozorida bugun 122 ta oliy taʼlim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Bu oliy taʼlim muassasalarida klassifikatorga muvofiq 7 ta bilim sohasi boʻyicha 300 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishi hamda 570 ta mutaxassislik boʻyicha 500 ming talabaga 29998 nafar professor-oʻqituvchi dars beryapti. Ilmiy-pedagogik salohiyat 2016-yili 31,9 foizga yetgan boʻlsa, bugun 38 foizni tashkil etmoqda. Oliy oʻquv yurtlaridagi ilmiy pedagogik salohiyat oxirgi uch yilda birmuncha jonlandi. Xususan, 2020-yili 1252 nafar professor-oʻqituvchi fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) darajasi uchun dissertatsiyalarini yoqladi. Bu taʼlim bozorida bitiruvchilarning, yaʼni ishlab chiqarish va xalq xoʻjaligining turli tarmoqlariga borayotgan kadrlarning sifati qanday degan savolga bugun hech kim javob berolmaydi. Buning montoringi ham olib borilmaydi. Faqat oliy taʼlim muassasalari rektorlari raqamlar bilan faxrlanib yuribdi. Kvotaning oshgani va kunduzgi, kechki, sirtqi hamda qoʻshma dastur boʻyicha oʻquv shaklini ochdim, deb maqtanish — jarayonning shakli, xolos. Vaholanki, oʻquv jarayonining mazmuni yaxshilansa, kadrlar sifati yaxshilanishi isbot talab qilmaydigan aksiomadir.

    Bugun oliy taʼlim bitiruvchilariga nisbatan xalq xoʻjaligi tarmoqlari rahbarlarining eʼtirozi katta. Chunki deyarli oliy taʼlimda dual taʼlim rivojlanmayapti. Oliy taʼlimda dars berayotgan professor-oʻqituvchilarning oʻz sohalarida ish tajribasi kam. Ishlab chiqarishdagi eng yangi texnologiyalarni deyarli bilmaydi. Bilganlari ham ijtimoiy tarmoqlardagi nazariy fikrlar bilan cheklanib qolmoqda. Shuning uchun davlat tomonidan katta sarf-xarajatlar bilan keltirilgan laboratoriyalarni ishga tushirish va talabalarni foydalanishi uchun biriktirishda muammolar paydo boʻlmoqda.

    Oliy taʼlimda professor-oʻqituvchilarning fan dasturi va unda qoʻyilgan davlat talablarining auditoriyalarda va auditoriyalardan tashqarida talabalarga qanday yetkazilayotganligini qatʼiy monitoring qiladigan vaqt keldi. Chunki shunday qilmasa, kadrlar sifati yaxshilanmaydi. Ikkinchidan, professor-oʻqituvchilarni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish yoki ustama belgilash, yoki davlat mukofatlariga tavsiya etishda dars berish metodikasini, albatta, hisobga olish lozim. Chunki taʼlim tizimida xoh nazariy, xoh amaliy yoki seminar, laboratoriya mashgʻuloti boʻlsin, metodikadan xabarsiz muallimning darsi besamara boʻladi. Bu sohadagi koʻz ilgʻamas korrupsion holatlarga chek qoʻyish lozim.

    Jamoatchilik korrupsion sxemalarni baribir oʻzaro muloqotlarda bir-biriga aytadi. Bu esa dars berishga ishtiyoqni soʻndiradi. Pandemiya va uning sotsial oqibatlari taʼlim tizimidagi bozorlarga nihoyatda sifatli intellektual salohiyatli “tovar” chiqarishni talab qilmoqda. Taʼlim bozorida mahalliy ishbilarmon tadbirkorlarning ishtiroki va ularga huquqiy vakolatlar berilishi kadrlar tayyorlash sifatiga ijobiy taʼsir qilishi sir boʻlmay qoldi. Aksincha, taʼlim bozorida adolatli, halol raqobat paydo boʻladi. Bugun dunyo taʼlim bozorida ishtirok etayotgan milliarder tadbirkorlarning kitoblarini va ular haqida yozilgan asarlarni ona tilimizga tarjima qilib, mahalliy tadbirkorlarga ham yetkazish va oʻqitish vaqti keldi. Chunki bugun dunyo xalqlari AQSHlik tadbirkor Ilon Mask va u rahbarlik qilayotgan kompaniyalarning onlayn toʻlov tizimi, avtomobil va energiya sanoati hamda fazo industriyasida amalga oshirayotgan inqilobini hayrat bilan kuzatib turibdi.

    Mamlakatimizda taʼlim bozoriga tadbirkorlarni jalb qilish yigirma yillar kechikdi. Chunki mustaqillikning dastlabki yillarida oʻziga toʻq kishilar xususiy oliy taʼlim muassasalari tashkil eta boshlaganda ularning faoliyati darrov toʻxtatilgan edi. Bugun Ilon Mask laboratoriyasida dunyoning 4000 ga yaqin eng sara olimi IT sohasi boʻyicha ishlayotgan ekan. Bizning oliy taʼlim muassasalarimizdagi baʼzi holatlarni kuzatib, muallimlarning shogirdiga qoʻyayotgan talabi va tinglovchi talabalarimiz bergan savollarning naqadar zaifligini sezib, bunday holatda qachongacha davom etish mumkin deb oʻyga toladi kishi. Hijob diniy libosmi yoki yoʻqmi, soqol qoʻyish, juma namozi, dunyoviy ilm yoki diniy ilm farzmi, oʻgʻil va qiz bolalarni ajratib oʻqitishga oid berilayotgan savollar XX asrning 80-90 yillarida koʻtarilgan edi. Bugun taʼlim muassasalarida bu masala yana takrorlanishi esa dunyoqarashimizda hali zaif nuqtalar koʻpligidan dalolat beradi. Shu oʻrinda ham dunyoviy ham diniy oliy taʼlim muassasalari talabalari mantiq faniga ehtiyoj sezayotgani maʼlum boʻlmoqda.

    Sharq falsafasida xususan, islom falsafasida ham mantiqni oʻrganish qadimdan buyuk mutafakkirlarimiz oʻqigan maktablarning oʻquv dasturi eʼtiborida boʻlgan. Aks holda ular buyuk yunon faylasuflarining asarlariga raddiya berolmas edi. XXI asr boshlariga kelib, bu fanga soha vazirligining tegishli boshqarma mutaxassislarining va tayanch oliy oʻquv yurtlarining loqaydligi tufayli ertaga tayyorlayotgan mutaxassislarimiz tushuncha, hukm, xulosa chiqarish, tafakkur qonunlari, raddiya, isbotlash kabi mantiq ilmidan bexabar boʻlib chiqadi. Maʼlum bir vaqt oʻtgandan soʻng esa oʻzi oʻqimagan fan boʻyicha yana malaka oshirish tashkil etaveramiz. Ijtimoiy tarmoqlardagi falsafiy dunyoqarashimizga zid va islom dini falsafasini notoʻgʻri talqin qilayotgan fikr egalariga raddiya berayotgan olim va imom domlalarimiz barmoq bilan sanarli ekani buni isbotlab turibdi. Aks holda yana buyuk mutafakkir bobolarimiz merosi bilan faxrlanib yurib, oʻzimiz shu merosga munosibmizmi, ularning kashfiyotlarini kim davom ettiryapti degan savollarga javob berolmay qolamiz.

    Dunyoni eng soʻngi axborot texnologiyalari asosida intellektul salohiyatli kadrlar boshqarishi sir boʻlmay qoldi. Mamlakatimizda tashkil etilayotgan Prezident universiteti, nodavlat oliy taʼlim muasasalari va Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar bu missiyani bajarishiga ishonch mavjud. Chunki shu vaqtgacha mavjud oliy taʼlim muassasalarida tayyorlanayotgan bakalavr taʼlim yoʻnalishi va magistratura mutaxassisliklarida oʻzaro raqobat shakllanmadi. Respublikada bir yoʻnalish yoki mutaxassislik boʻyicha bir nechta oliy taʼlim muassasalari kadr tayyorlasa ham ular oʻrtasida raqobat boʻlmadi. Buning sababi esa oʻquv reja va fan dasturlarining haddan tashqari markazlashuvi, regionlarni va ulardagi kadrlar salohiyatini inobatga olmaslik, oliy taʼlim kadrlarini tanlash va saralashda nepozitizm, proteksionizm va lobbizm unsurlarining saqlanib qolgani xalal berdi.

    Prezidentimiz “Bugun hayot yangicha fikrlash va ishlash, milliy “aql markazlari”mizni shakllantirishni talab etmoqda. Afsuski, atrofimizdagi barcha siyosiy-ijtimoiy jarayonlarni chuqur tushunib, taʼsirchan tilda yetkazib beradigan tahlilchi va ekspertlarimiz juda kam. Bunday vaziyatda jamiyatimizni maʼnaviy tahdidlardan himoya qilish borasidagi ilmiy-amaliy tadqiqotlarni tubdan qayta koʻrib chiqish zarur”, deb bejiz taʼkidlamadi. Bu gʻoya taʼlim bozoriga kadrlar tayyorlayotgan taʼlim muassasalarining intellektual sotsial “tovar” tayyorlash sifatiga kreativ yondashuvini talab qiladi. Buning uchun esa taʼlim muassasalaridagi nepozitizm, proteksionizm va lobbizm holatlari bilan halollik bilan kurash olib borish kerak. Aks holda yana hech narsa oʻzgarmay qolaveradi. Bu unsurlar bilan hozir koʻpincha taʼlim muassasalari rahbarlari ommaviy axborot vositalarida piar qilish orqali kurash olib bormoqda. Real hayotda yoki taʼlim bozoridagi bugungi holat davlat talablariga javob bermaydi.

    Ulash MUSTAFOYEV,

    Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi

    malaka oshirish markazining Surxondaryo viloyati

    mintaqaviy filiali kafedra mudiri,

    falsafa fanlari nomzodi