Turkiy dunyo deb ataydiganimiz qutlugʻ hududda koʻngillarni birlashtirgan eng muhim rishta mushtarak umumiy lisonimiz – turkiy tildir. Oramizda minglab kilometrlik masofa borligiga qaramay, koʻhna tilimiz va tamaddunimiz tufayli ildizi tutash maqollarni, matallarni va iboralarni qoʻllashimiz, bir-birimizning milliy sheʼr va ashulalarimizni tinglab, ayni zavqni va tuygʻuni his qilishimiz turkiy olamning butunjahon miqyosidagi eng katta boyligidir. Shunday yaqinlik tufayli minglab chaqirim olisda boʻlsak-da, qalblarimiz bitta orzu – Turk xalqlari birligi yoʻlida urib turadi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid bilan kuni kecha Navoiy shahrida boʻlib oʻtgan “Mumtoz sheʼriyat” xalqaro festivali va TURKSOY yozarlar birligining I yigʻilishida qardoshlarimiz qalbida kechgan ana shu mushtarak quvonchlar va orzular tafti haqida suhbatlashdik.
— Sirojiddin aka, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Yangi Oʻzbekistonda xalq maʼnaviyatini yuksaltirish, milliy adabiyot va sanʼatni rivojlantirish hamda qardosh xalqlar oʻrtasida madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga katta eʼtibor berilayotgani va bu turkiy dunyo uchun oʻrnak va namuna boʻlib xizmat qilishi oʻtgan tadbirlar davomida alohida eʼtirof etildi. Keling, suhbatimiz avvalida ayni madaniy-gumanitar aloqalarning, maʼnaviy-maʼrifiy hamjihatlikning roʻyobi sifatida shu yilning 7-mart kuni taʼsis etilgan TURKSOY Yozarlar birligi va bu oʻziga xos jamiyatning maqsadlari va kelgusidagi rejalari haqida gaplashsak... Turk maʼrifiy dunyosining ulugʻvor daryolari birlashuvi qanday maqsadlar roʻyobidan darak bermoqda?
— Keyingi yillarda Turkiy davlatlar kengashi doirasida madaniy-gumanitar yoʻnalishlarda hamkorliklar ham jadal rivojlanayotgani bizni behad quvontirmoqda. Xususan, qisqa vaqt davomida qardosh xalqlar oʻrtasidagi adabiy aloqalar butunlay yangi bosqichga koʻtarildi. Ushbu mamlakatlarda faoliyat koʻrsatayotgan ijodiy tashkilotlarning birgalikda adabiy anjumanlar uyushtirishi, oʻzaro tarjimalarni amalga oshirib, kitob taqdimotlarini tashkil qilishi oʻziga xos anʼanaga aylandi.
Shu yilning 5–6-mart kunlari TURKSOY xalqaro tashkilotining tashabbusi bilan Anqara shahrida Turkiya, Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmalari hamda Yevroosiyo Yozarlar birligi rahbarlari ishtirokida uyushtirilgan anjumanda bu yoʻnalishdagi ishlarni yanada rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
TURKSOY xalqaro tashkiloti qarorgohida TURKSOY rahbari Sulton Rayev ishtirokida Yozuvchilar uyushmalari rahbarlarining qoʻshma yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda TURKSOY Yozarlar birligi tashkil etilib, uning nizomi tasdiqlandi. Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi rahbari, ardoqli adib Anar muallim mazkur uyushmaga faxriy rais, Qozogʻiston Yozuvchilar uyushmasi rahbari Ulugʻbek Esdavlat rais etib saylandi. Qardosh davlatlar Yozuvchilar uyushmalari raislari mazkur xalqaro ijodiy tashkilotning oʻz mamlakatidagi vakillari sanaladi.
Yigʻilishda menga soʻz berilgan chogʻida yurtimizda qardoshlarimga aytsam koʻnglim koʻtariladigan keng koʻlamli adabiy-madaniy loyihalar va eʼtiborga molik tadbirlar amalga oshirilayotganidan faxrlanib ketdim.
Tadbirda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yurtimizda oʻzbek tilida nashr qilingan “Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildlik majmuasiga bagʻishlangan maxsus video-lavha namoyish qilindi. Eʼtiborli jihati, anjuman ishtirokchilari ushbu majmuani davrimizning buyuk adabiy bunyodkorligi, turkiy xalqlarning ulkan maʼnaviy xazinasi sifatida eʼtirof etishdi. Shuningdek, ijodkorlar Oʻzbekistondagi bugungi yangilanish va bunyodkorliklar, ayniqsa, oʻzbek adabiyotini rivojlantirish borasida qilinayotgan saʼy-harakatlarga yuksak baho berishdi.
Turkiy tilli adiblar ijodini keng yoritib boradigan xalqaro adabiy nashrlar va saytlarni tashkil etish haqidagi takliflar ham yakdillik bilan maʼqullandi.
Shu kuni qardosh xalqlar adabiyotini keng targʻib etish, oʻzaro ijodiy hamkorliklarni yanada yuksaltirish yoʻlidagi xizmatlari uchun TURKSOY xalqaro tashkiloti rahbari Sulton Rayev va mazkur tashkilotning bir guruh vakillariga Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining tashakkurnomalari topshirildi. Shuningdek, Alisher Navoiyning Toshkentda yangi chop etilgan 5 jildlik “Xamsa” majmuasi hamda hurmatli Prezidentimiz soʻzboshisi bilan chop etilgan Yunus Emro asarlari toʻplamining oʻzbek tilidagi nashri TURKSOY xalqaro tashkiloti kutubxonasiga taqdim etildi.
Siz taʼkidlab oʻtganingizdek, bu ulugʻ daryolarning oʻzaro birlashishi kelgusida ulugʻvor ummon qadar maʼnaviy-ruhiy afzalliklari va adabiy kashfiyotlari bilan koʻnglimizni nurlantirishi, shubhasizdir.
— Ulkan maʼrifiy mezonlarni oʻz maslagiga qamrab olgan “Mumtoz sheʼriyat” festivalining Navoiy shahrida oʻtkazilgani bejiz emas... Tarix sahifalariga nazar tashlasak, Sharqda Ikkinchi Renessans jarayonini boshlab bergan Temuriylar davlatidagi millat maʼnaviyati bogʻining eng gullagan davri aynan Sulton Husayn Boyqaro va amir Alisher Navoiy zamoniga toʻgʻri keladi, desak adashmagan boʻlamiz. Zero, mutafakkir bobomiz oʻz asarlarida millat madaniyati va maʼnaviy olamining rivoji uchun oʻz davlatchiligiga ega boʻlishi, ayni paytda, har bir millat davlatchiligini saqlab qolishi uchun oʻz tafakkur olamini saqlashiga, maʼnaviy olamning asoslaridan boʻlmish til va adabiyotini rivojlantirish uchun qaygʻurishi lozimligi, bu borada Amir Temur va uning avlodi oʻrnak boʻlishini bot-bot taʼkidlagan. Shunday emasmi?..
— Buyuk bobokalonimiz ayni damda koʻnglimizni nurafshon aylayotgan ulkan ruhiy koʻtarilishlarni his qilib, bugungi kunlarni orzu aylab shunday lutf qilgan ekanlar:
Olibmen taxti farmonimgʻa oson,
Cherik chekmay Xitodin to Xuroson.
Koʻngil bermish soʻzumgʻa turk, jon ham,
Ne yolgʻiz turk, balki turkmon ham.
Aynan davlatimiz rahbarining tashabbusi va xohish irodasi tufayli Turkiy dunyo birligiga beqiyos hissa qoʻshgan sheʼriyat mulkining sultoni, ulugʻ mutafakkir va davlat arbobi Mir Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni taʼsis etish haqidagi qarorning qabul qilinishi va tashkil etilishi, buning Turkiy davlatlar rahbarlari tomonidan bir ovozdan qoʻllab-quvvatlangani, ayniqsa, unutilmas voqea boʻldi. Ilk mukofotning qirgʻiz adibi Chingiz Aytmatovga topshirilgani esa adabiyot ahlini birday xursand qildi.
Barchamiz birdamlikda tiklayotgan Tinchlik va omonlik imoratiga ushbu kitoblar ham mustahkam gʻishtlar boʻlib qoʻshilmogʻiga shak-shubha yoʻq. Zero, odam bolalari uchun doʻstlikday mustahkam istehkom, kitobday sadoqatli doʻst topilmagay. Jaholatga qarshi faqat maʼrifat bilangina kurashmoq mumkin. Bunga Turonzamin xalqlari adabiyoti guvohlik berib turibdi.
Hazrat Navoiydan timsol bayt olgan,
Oʻz soʻzin dunyoga dadil aytolgan.
Ming yil qurmaganni bir yilda qurib,
Oʻz yurtin qaytadan bunyod etolgan.
Olamga taralgan shavkatim, shonim,
Mardi maydonimsan, buyuk Turonim.
Faqat bir yoʻl bordir – najotga eltar:
Millatlar, davlatlar, ellar, elatlar
Ahdlashib, doʻstlashib, qadrdonlashib,
Birlashib olamni obod etsalar...
Olam ahli bilan sayru javlonim,
Davru davronimsan, buyuk Turonim.
— “Mumtoz sheʼriyat” xalqaro festivali hamda TURKSOY Yozarlar birligining birinchi yigʻilishida atoqli adib, ustoz ijodkor, TURKSOY Yozarlar birligi faxriy raisi, Ozarbayjon xalq yozuvchisi Anar Rzayevning Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev farmoni asosida “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlanishi koʻplab adabiyotsevarlarning koʻngliga oʻzgacha yorugʻlik olib kirdi. Anar muallimning asarlari bilan ilk bora tanishganimda uning shoʻro zamonidayoq dunyo tan olgan yozuvchi sifatida tanilishi bejiz emasligini anglaganman. Siz bu ijodkorning qaysi jihatlari oʻzbek kitobxoni eʼtiborini koʻproq oʻziga jalb qilgan deb ayta olasiz?
— Anar muallim tom maʼnoda turkiy adabiyotning jonkuyari. Tavalludiga 85 yil toʻlgan bu ijodkorni adabiyot muxlislari borki, “Anar muallim”, deb ataydi. Yozuvchi umri davomida “Qobuston” sanʼat almanaxi, Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi, mamlakat Milliy Majlisi ( Parlamenti), Turkiyzabon davlatlar Yozuvchilar uyushmasida samarali faoliyat koʻrsatdi. Uning asarlarida zamon muammolari, anʼana va qadriyatlar, ularga odamlarning munosabati kabi dolzarb masalalarga keng oʻrin berilgan. Anar muallim ona tili rivoji, milliy anʼanalarni asrash, kitobxonlarning adabiy didini yuksaltirish yoʻlida jonbozlik koʻrsatayotgan ziyolilar dargʻasi sifatida eʼzozlanadi. Adib “Dantening yubileyi”, “Oq koʻrfaz”, “Besh qavatli uyning oltinchi qavati”, “Muloqot”, “Sizsiz” kabi asarlarida zamondoshlar obrazini yaratishga intiladi. Anʼanaviy tushuncha va urf-odatlar, mehr va oqibatning odamlar hayotiga taʼsirini tadqiq qiladi. Ijodkorning bir qator asarlari asosida kinofilmlar ham yaratilgan.
Anar muallim har safar Oʻzbekistonga kelganida mamlakatimizda milliy adabiyot rivoji yoʻlidagi eʼtibor, amaliy gʻamxoʻrlikni yuksak eʼtirof etadi. Yozuvchining “Men dunyo kezgan odamman, biroq boshqa biror yerda Oʻzbekistonda adiblar uchun qurib berilgan hashamatli bino kabi bir koshonani koʻrgan emasman, buni adabiyotga eʼtibor deydilar. Men oʻsha vaqtdayoq ozar matbuotida bu haqda chiqish qilganman. Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan qilinayotgan xayrli ishlar haqida havas qilib yozganman”, degan soʻzlari menga faxr bagʻishlagan. Yozuvchining davlatimiz rahbari tomonidan “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlanishi ildizi, oʻzagi tutash, bir-biridan ilhom olgan, bir-birini toʻldirgan, oʻziga xos anʼanalar bilan boyitgan turkiy adabiyotimiz rivojiga mamlakatimizda koʻrsatilayotgan eʼtiborning amaliy ifodasidir.
— TURKSOY Yozarlar birligining taʼsis etilishi turkiy tilli davlatlarning koʻplab ijodkorlari tomonidan orziqib kutilayotgan voqea edi. Mazkur tashkilotning birinchi yigʻilishida 2024-yilda Turkiy tilli davlatlar yosh ijodkorlarining xalqaro forumini oʻtkazish haqidagi taklifingiz barcha ishtirokchilar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Ayting-chi, bugungi yosh ijodkorlar ruhiyatidagi qaysi ustuvorliklar sizni xursand qiladi-yu qaysi kamchiliklar sizni koʻp tashvishga soladi?
— Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov aytgandiki, yoshlarning qilayotgan ishiga, yumushiga gʻashing kela boshladimi, demak, qariyapsan, ehtiyot choralarini koʻr. Bugungi yoshlarga gʻashimiz emas, havasimiz kelyapti. Bizning bolaligimiz qattiq mehnatda, zahmatda kechdi. Oʻquvchilik, talabalik pallalarimiz milyon egatlar orasida oʻtdi. Bugun yoshlar ega boʻlgan imkoniyatlarni koʻrib, rosti quvonaman.
Men ham toʻp tepardim. Yaqinda Prezidentimiz yosh futbolchilarni taqdirlaganida ularga juda havasim keldi. Hammasi 15–16 yashar yigitlar. Men sheʼriyatda, adabiyotda ham shunday boʻlishini orzu qilganman. Qishlogʻimdan 16 yoshimda chiqib ketganman. Onam: “Koʻrpamning tagidan chiqib ketganingga 50 yil boʻldi”, deydi. Bittigina niyat bilan kelganman. Oʻqishga kirib, ota-onamning yuzini yorugʻ qilaman-da, qishlogʻimga mashhur shoir boʻlib qaytaman, deganman. Mashhur shoir boʻla oldimmi-yoʻqmi, bilmadim, lekin men yoshligimda orzu qilgan barcha yoʻllar bugun yoshlar uchun ochiq. Mana, Zomin seminarlarimiz qayta tiklandi. Yigʻilishda Xalqaro yoshlar forumini oʻtkazish haqida taklif bildirganimda meni ishtirokchilar qoʻllab-quvvatlashdi.
Men Anar muallim va ijodkorlarning hayratlarini oʻz koʻzim bilan koʻrdim. Hattoki bir doʻstimiz: “Oʻzbekistonda qolib ketsam boʻladimi?”, deb chin dildan aytdi bizga havas qilib.
Festival ishtirokchilariga “Vatan manzumasi” adabiy-musiqiy dasturi yosh ijodkorlar tomonidan taqdim etildi. Buni koʻrib mehmonlarning koʻzida yosh qalqdi.
Toʻgʻri, yoshlarning harakatlarida, ijodiy ishlarida kam-koʻstlari bor. Lekin ularning hayajoni, gʻururi zoʻr, zavq-shavqi baland. Kitoblari 10 000-20 000 nusxada chop etilyapti. Toʻgʻri, qalam haqi kamroqdir. Lekin “Turkiy adabiyot durdonalari” majmuasi tarjimon mualliflari oʻrtacha 60–70 million soʻmdan qalam haqi olishdi. Eng kami 7 milllion soʻm.
Yoshlarda yoshlik degan buyuk imkoniyat bor. Mana shu zamonda vaqtni bekor oʻtkazmaslik kerak. Vaqt qalamqosh nigorday, ohuday tez oʻtib ketadi. Ammo vaqtni bekorga boy bermaslik kerak.
— Turkiy davlatlar tashkilotining Samarqandda oʻtkazilgan birinchi sammiti arafasida yurtimizda 100 jilddan iborat “Turkiy adabiyot durdonalari” jamlanmasi, yaʼni kitoblar turkumi nashr etildi. 629 nafar atoqli shoir, adib va mutafakkirlarning asarlari jamlangan ushbu noyob durdonani varaqlab, hozirgi turkiy xalqlar adabiyotidagi qanday mutanosibliklar va farqli jihatlarni koʻra oldingiz?
— Prezidentimiz 2019-yil 15-oktyabr kuni Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida boʻlib oʻtgan Turkiy davlatlar hamkorlik kengashining yettinchi sammitida tashkilotga aʼzo davlatlar adabiyotining eng sara namunalaridan iborat “Turkiy adabiyot durdonalari” deb nomlangan 100 jildlik kitoblar turkumini har bir mamlakatning ona tilida nashr etish gʻoyasini ilgari surgan edi. Ushbu ezgu tashabbus asosida birinchi boʻlib Oʻzbekistonda mana shu muhtasham adabiy majmua yaratildi. Mazkur keng koʻlamli, zalvorli badiiy asarlar silsilasiga umumturkiy adabiyotning eng yetuk namunalari, Oʻzbekiston, Qoraqalpogʻiston, Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Ozarbayjon, shuningdek, kuzatuvchi mamlakatlar – Turkmaniston va Vengriya davlatlarining atoqli shoir, adib va mutafakkirlarining asarlari kiritildi.
Ushbu adabiy ganjina nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun turkiy tilli davlatlar orasida ilk bor roʻyobga chiqarilgan yirik adabiy loyihaning amaliy ifodasi, aniqroq aytadigan boʻlsak, Yangi Oʻzbekistonning yangi ijodiy mahsuli, ona yurtimizda madaniyat va sanʼatga koʻrsatilayotgan ulkan gʻamxoʻrlikning, xalqimizning qardosh millatlar va ularning soʻz sanʼatiga nisbatan yuksak hurmat-ehtiromi ramzidir. Mir Alisher Navoiy bobomiz bundan besh yuz yillar avval:
Agar bir qavm, gar yuz, yoʻqsa mingdur,
Muayyan turk ulusi xud meningdur, –
deya faxr va gʻurur bilan bashorat qilgan muborak soʻzlari mana shu 100 jildlik maʼnaviy xazinada oʻz aksini topib turibdi.
Majmuada barcha turkiy tilli xalqlar adabiyoti vakillariga keng va munosib oʻrin berilganini zukko kitobxon darhol ilgʻab oladi.
Xususan, toʻplamda jami 117 nafar mashhur shoir va adibga alohida jild ajratilgan. 52 nafar ijodkorning asarlari oʻziga zamondosh, uslubi va yoʻnalishi jihatidan yaqin va hamohang boʻlgan boshqa adib va shoir bilan bitta jildga kiritilgan. “Umumturkiy adabiyot namunalari” deb nomlanuvchi dastlabki 5 jilddan Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻotit-turk”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” va Ahmad Yugnakiyning “Hibatu-l-haqoyiq”, Ahmad Yassaviy va Sulaymon Boqirgʻoniyning “Hikmatlar”i hamda Nosiruddin Rabgʻuziyning “Qissasi Rabgʻuziy” kabi mumtoz asarlari oʻrin olgan. 28 jildni tashkil etgan “Oʻzbek adabiyoti namunalari” hazrat Mir Alisher Navoiyning “Saylanma gʻazallari” bilan boshlanib, “Zamonaviy oʻzbek nasri antologiyasi” bilan yakunlanadi.
Undan soʻng ketma-ketlikda keladigan qoraqalpoq, turk, ozarbayjon, qozoq, qirgʻiz va turkman adabiyoti namunalariga ham keng va moʻl oʻrin ajratilgan boʻlib, ularni mutolaa qilgan kitobxon qondosh, qardosh xalqlar soʻz sanʼatining eng ulugʻ namoyandalari ijodi bilan oshno boʻladi.
Taniqli mojor adibi Aron Yanoshning oʻzbek sharqshunos olimi Isʼhoq Ibrohim tomonidan 19-asrda tarjima qilingan “Ajoyib suygʻunning hikoyati” nomli dostoni majmuaning yakunlovchi jildi sifatida taqdim etilganini alohida taʼkidlash lozim. Tarixiy manbalardan maʼlumki, qadimiy Mojoriston – hozirgi Vengriya xalqining azaliy ildizlari Turonzaminga borib taqaladi. Ushbu ajoyib asarda aynan mana shu tarix haqida hikoya qilinadi.
Bundan tashqari, majmuadan zamonaviy oʻzbek, qoraqalpoq, turk, ozarbayjon, qozoq, qirgʻiz va turkman adabiyotlari antologiya – bayozlari ham oʻrin olgan boʻlib, ularda ushbu mamlakatlar shoir va yozuvchilarining asarlariga atroflicha va munosib oʻrin berilgan.
Bir soʻz bilan aytganda, ushbu “Turkiy adabiyot durdonalari” majmuasi jami 450 dan oshiq muallifni qamrab olgan boʻlib, bu oʻz navbatida, ijodiy loyihaning koʻlami va miqyosidan dalolat beradi.
Shak-shubhasiz, qisqa muddatda katta mehnat, zalvorli ijodiy ish amalga oshirildi. Mualliflar va asarlar tarkibini belgilashda dastavval har qaysi mamlakatning tegishli tashkilotlari bilan birgalikda har bir milliy adabiyot vakillarining roʻyxati shakllantirildi. Turkiy millatlar adabiyotidan oʻzbek tiliga qilingan tarjimalar alohida oʻrganib chiqildi. Gʻoyat sinchkovlik va katta masʼuliyatni talab qiladigan bu zahmatli jarayonda shu kunga qadar amalga oshirilgan tarjimalar orasidan eng saralari, tarjima sanʼatining mumtoz namunalari sifatida eʼtirof etilgan yetuk asarlar tanlab olindi. Ustoz tarjimonlar mehnatining avlodlar tomonidan yana bir bor eʼtirof etilishi barobarida, uzoq yillardan beri qayta nashr etilmagan mashhur asarlarni takroran chop etish va oʻquvchilarni ulardan bahramand etish imkoni ham yaratildi.
Umuman olganda, ushbu 100 jildlik asarlar majmuasini tayyorlashda ikki yuzdan ziyod tarjimon qatnashdi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan yana yuzdan ziyod adabiyotshunos va matnshunos olimlar, adiblar, muharrir va rassomlar nashrga tayyorlash, chop etish ishlariga keng jalb etildi.
Shu oʻrinda Xalqaro Turkiy majdaniyat tashkiloti tomonidan Mojoriston (Vengriya)da buyuk mojor shoiri Shandor Petyofi tavalludining 200-yilligiga bagʻishlab oʻtkazilgan xalqaro sheʼriy tarjima tanloviga alohida toʻxtalmoqchiman. Turkiy tilli davlatlarda yashab ijod qilayotgan 100 nafardan ortiq shoirlar Shandor Petyofi sheʼrlari tarjimasi tanlovida ishtirok etgan. Shoirning 500 ga yaqin sheʼri turkiy tillarga tarjima qilingan. Nufuzli hakamlar hayʼati qaroriga binoan Davron Birikkajuli (Qozogʻiston), Toʻluq Bek Bayzoq (Qirgʻiziston), Tursun Ayan (Turkiya), Ramil Ahmed, Jovid Mavsumli (Ozarbayjon), Aqmurat Rajabov (Turkmaniston), Rustam Musurmon (Oʻzbekiston) kabi shoirlar tanlov gʻolibi deya eʼlon qilindi. Gʻoliblar Mojoristonda 2023-yilning 11–19-mart kunlari Shandor Petyofi tavalludining 200-yilligi hamda mojor xalqining milliy mustaqillik bayrami doirasidagi tadbirlarda qatnashdi va taqdirlandi. Tanlov gʻoliblari safida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoir va tarjimon Rustam Musurmonning ham mukofotlangani bizni quvontiradi. Mojoristondagi ushbu tadbirga Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Shandor Petyofining sheʼrlarining oʻzbek tilida chop etilgan “Ozodlik” nomli yangi kitobini hadya qildik.
Prezidentimiz tomonidan “Adabiy doʻstlik – abadiy doʻstlik” degan shior bekorga ilgari surilmagan. Xalqaro adabiy aloqalarimiz bundan keyin ham davom etadi.
— Bir sheʼringizda: “Hazrat Navoiyga yetmoq-chun, ey, dil, Yana besh yuz yillar yurmoq kerakdir”, degan misralar bor. Bilasizmi, nima uchun bu misralarni keltirdim... Ayni paytda, har kuni negativ xabarlarni eshitish, agressiyaga toʻla zoʻravonlik, axloqsizlikka undovchi reklamalarni tomosha qilish, oʻqish har birimizning ruhiyatimizga oʻzgacha taʼsir qiladi. Festival ishtirokchisi, taniqli qozoq shoiri, adib va tarjimon Nasipbek Aytulining taʼkidlashicha, har bir insonda ruhiy yuksaklikka undaydigan maʼnaviy-ruhoniy ehtiyojlar bor. Ayniqsa, tarbiyachilar, muallimlar, va albatta, ota-onalar inson tarbiyasida shu jihatga koʻproq eʼtibor qilishlari zarur. Alisher Navoiy qahramonlari kamolotga intilishi bilan ajralib turadi...
– Festival doirasida Navoiy viloyatining Maʼnaviyat va maʼrifat markazida 30 jilddan iborat “Istiqlol davri oʻzbek navoiyshunosligi” kitobi hamda Alisher Navoiyning Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev soʻzboshisi bilan qozoq tilida chop etilgan “Xamsa” kitobi taqdimoti oʻtkazildi. Taqdimot davomida “Xamsa” tarjimoni, Qozogʻiston Respublikasi Davlat mukofoti laureati, shoir Nesipbek Aytuliga xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini mustahkamlash borasidagi xizmatlari uchun Navoiy shahri faxriy fuqarosi guvohnomasi hamda esdalik sovgʻalari topshirildi. U Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi faxriy aʼzoligiga ham qabul qilindi. Nesipbek zamondoshlarimizning ayni global muhitdagi tashvishli holatlarini toʻgʻri taʼkidlab oʻtibdi. U bilan suhbatlashganimda “Xamsa”ni tarjima qilish jarayonida oʻz ruhiyatida sezgan ilohiy shuʼlalar, fitratida kechgan yuksalishlar haqida toʻlqinlanib soʻzladi. Ayni paytda Nesipbek mazkur asarning boshqa dostonlarini ham qozoq tiliga tarjima qilish ustida izlanishlar olib bormoqda. Bu ham adabiyot ahli va muxlislarini gʻoyat mamnun qildi.
Navoiydagi uchrashuvlar davomida mahalliy oʻqituvchilar hamda yoshlar bilan boʻlib oʻtgan muloqot va mushoirada soʻzga chiqqan eng kamgap va kamtar Anar muallim Yangi Oʻzbekistonimizda badiiy adabiyot, shuningdek, ijodkorlar mehnatiga davlat miqyosida koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlikdan ruhlanib, katta zavqu hayajon bilan shunday timsol keltirdi: “Men “Besh qavatli uyning oltinchi qavati” degan asar yozganman va ayni damlarda oʻzimni oʻsha uyning oltinchi qavatida turgandek his etyapman!” Muallimning bunday samimiy soʻzlari ona Vatanimizda roʻy berayotgan ulugʻvor oʻzgarishlarning jahonshumul eʼtirofidir.
Salim DONIYOROV suhbatlashdi.