Oʻzbek va umumturkiy adabiyotda shu choqqacha yozilgan oʻnlab romanlar nomini sanash mumkinki, ularning qatlarida, ayniqsa, lirik tasvirlar bobida Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” romanlaridan ijodiy taʼsirlar izini koʻrish mumkin. Albatta, bu taqlid emas, balki anʼanani davom ettirish, unga ergashish, undan ijodiy oʻzlashtirishdir. Yoki tarixiy roman janridagi anʼanani olaylik. Bu yoʻnalish ibdidosidanoq Qodiriy asarlari bilan bogʻliq. Oybek, Mirkarim Osim, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Muhammad Ali, Asad Dilmurod kabi yozuvchilarimizning tarixiy mavzudagi izlanishlarida Qodiriyning har ikki yirik romani tajribasi qoʻl kelgan deb bemalol aytish mumkin.
“Oʻtkan kunlar”dan taxminan oʻn yillar keyin yozilgan “Kecha va kunduz”, oʻtgan asrning turli chogʻlarida bitilgan “Sarob”, “Navoiy”, “Muqaddas”, “Uch ildiz”, “Ikki eshik orasi”, “Sevgim, sevgilim” kabi qator asarlarda Qodiriy romanlari taʼsiridan koʻz yumib boʻlmaydi. Shu maʼnoda, Oʻlmas Umarbekov, Oʻtkir Hoshimov, Tohir Malik, Xayriddin Sultonov, Isajon Sulton kabi turli avlodga mansub yozuvchilarning ijodida aynan Qodiriy anʼanalarining hayotbaxsh davomini koʻrish mumkin. Oʻlmas Umarbekov asarlarining qahramonlari yorqinligi, xushroʻy bichimga egaligi, boshqalardan har jihatdan ajralib turishi, yorqin boʻyoqlarda chizilgan portretlarining esda qolishi, Oʻtkir Hoshimov asarlari fabulasining qiziqarliligi, ziddiyatlarga boyligi, qahramonlari hayotining kutilmaganda keskin burilib, oʻrni kelganda, fojialarga evrilib ketishi, Xayriddin Sultonov uslubining mayinligi, qahramonlari xarakterining milliy ruh bilan sugʻorilgani, ular dunyoqarashidagi oʻzbekona zalvor, Isajon Sulton asarlaridagi milliy kolorit va boshqalar Qodiriy anʼanalarining hali-hamon yashab kelayotganini isbot qiladi. Yoki Tohir Malik asarlarida ulugʻ yozuvchi anʼanalarining yanada izchil, yanada kuchli bir tarzda davom qilayotganining guvohi boʻlamiz.
Xayriddin Sultonovning “Raʼno gulining suvi” nomli hikoyasida nafaqat ushbu yozuvchining, ayni paytda, umuman oʻzbek ijodkorlarining Qodiriyga, uning siymosi va asarlariga boʻlgan azim muhabbatini yorqin boʻyoqlarda oʻqib, his qilish mumkin. Hikoyaning nomi ham tagmaʼnoli. Maʼnoki, haqiqiy ijod mana shu suv – Raʼno gulining suvi ila bitilmogʻi kerak degan. Raʼno – Qodiriyning “Mehrobdan chayon” romani bosh qahramonlaridan biri. Demak, hikoya nomining oʻzidayoq Qodiriy qahramonlariga eʼtibor bor.
Qodiriy va istiqlol davri oʻzbek nasri. Bugun oʻzbek nasri yangilanib bormoqda. Kimdir bu yangilikni 90-yillardan, masalan, Nazar Eshonqul singari yozuvchilarning harakatlaridan eʼtiboran yuz berdi desa, kimdir sal avvalroqdan, masalan, 80-yillardan, xususan, Olim Otaxonov, Xurshid Doʻstmuhammad hikoyalaridagi oʻzgarishlardan ibtido olgan deydi. Aslida, davrani hech ikkilanmay kengroq olaverish kerak. Yuqorida nomlari sanalgan va yana (2000-yillarda) Nurilloh Muhammad Raufxon, Rahimjon Rahmat, Isajon Sulton, Abduqayum Yoʻldosh, Salomat Vafo, Sobir Oʻnar, Luqmon Boʻrixon, Qoʻchqor Norqobil, bulardan kattaroq avlod Ahmad Aʼzam, Murod Muhammad Doʻst, Erkin Aʼzam, Xayriddin Sultonov kabi yozuvchilar ijodidagi jiddiy hikoyalar oʻzbek nasridagi chinakam yangilanishning keyingi toʻlqinlaridir. Birinchi toʻlqin, shubhasiz, Qodiriy va Choʻlponning ijodi bilan bogʻliq. Garchi har ikki ulugʻ yozuvchining yoʻllari bir-biridan jiddiy farq qilsa-da, ularning ayrim ijodiy eksperimentlari borki, mohiyat-eʼtibori bilan bugun zamonaviy oʻzbek nasrida kechayotgan ulkan evrilishlarning debochasi boʻlib koʻrinadi. Masalan, Choʻlponning “Kecha va kunduz” romanidagi psixologizmlar, Qodiriyning “Jinlar bazmi” hikoyasidagi gʻayrioddiy tasvir va hokazo...
Demak, bir tomondan anʼana, ikkinchi yoqdan esa jahon adabiyoti badiiy tafakkuri mahsullarini oʻqib-oʻzlashtirish zamonaviy oʻzbek nasri uchun mustahkam asos boʻlib xizmat qiladi. Qarangki, bu haqda adabiyotshunos olim Talʼat Solihov bashoratnamo (prognoz) bir gapni 90-yillarning boshidayoq aytib ketgan ekan: “Nazarimda, XXI asr adabiyotining poydevorida ikkita muhim narsa boʻlishi kerak: biri milliy anʼana, adabiyotimiz, sanʼatimiz sohasidagi milliy anʼana va, ikkinchisi, jahon adabiyotining darajasi, jahon badiiy tafakkurining darajasi va jahon adabiyotida erishilgan tajriba. Ana shu narsalar poydevor asosi boʻladi, poydevorning poydevori boʻladi ”.
Aslida, tarixga chuqurroq kirib borilsa, prozada ikkita katta – bir-biridan farqlanib turadigan, ayni damda bir-birini toʻldiradigan yoʻnalish boʻlib, biri Qodiriy, boshqasi Choʻlpon nomi bilan bogʻliq ekaniga guvoh boʻlamiz. Bugungi kunda aynan Choʻlpon yoʻnalishi birmuncha jonlandi va oʻzini ramziy-maʼjoziy yoʻsinda namoyon ettirib boryapti. Shu bilan birga, Qodiriy yoʻnalishi ham oʻzining faol davomchilariga ega.
Odatda, anʼana va uning shogirdlar, kelgusi avlodlar tomonidan davom ettirilishi haqida soʻz yuritilganda, dastavval, ustoz va shogird oʻrtasida koʻzga “manaman” deb tashlanib turgan analogiyalar qidiriladi. Shunday atributlar topilsa, ikki ijod oʻrtasidagi mushtaraklik borasida soʻz yuritiladi. Topilmasa, qiyosga qoʻl urilmaydi. Lekin mohiyat ichkarida, koʻzga koʻrinmas teranliklarda yashasa-chi?.. Chunonchi, zamonaviy oʻzbek nasrini kuzatganimizda, Qodiriy anʼanalari bugunning peshqadam nosirlari ijodida turfa koʻrinishlarda davom etayotganiga guvoh boʻlamiz. Masalan, taniqli yozuvchi Sobir Oʻnar fikrlarini olaylik. U Qodiriydek ijodkordan, avvalo, eʼtiqod bobida koʻp narsa oʻrganish mumkinligini, isteʼdod shundan keyin kelishini taʼkidlaydiki, yozuvchining oʻz hayoti va ijodiga nazar tashlab, aytilgan mulohazalar bagʻoyat joʻyali ekanini anglaysan, kishi. Chunonchi, uning nasriy asarlari, publitsistik maqolalari tahlilidan kelib chiqib aytish mumkinki, Sobir Oʻnar chindan-da halollik, adolat va toʻgʻrilikni eʼtiqod darajasida kuylashga moyil adib. Zero, har qanday tadqiqotchi oʻrganilayotgan masalaning oʻziga yaqin, tanish va qadrli boʻlgan jihatiga ahamiyat beradi. Uning A.Qodiriy haqidagi maqolasining nomi ham “Qodiriy eʼtiqodi” deb nomlanadi. “Biz tenggi yozuvchilar endi yoshmiz, deyishga sira haqqimiz yoʻq. “Oʻtgan kunlar” yozilganida muallif necha yoshda edi?.. Keyinchalik zamon oʻzgardi. “Oshkoralik” degan kunlarni ham koʻrdik. Mafkuraning tizgini bir oz boʻsh qoʻyilgan kunlar edi. Imperiya qaytib bu tizginni qoʻliga ololmadi. Shu tariqa asos-yadrosi mafkuraga qurilgan shoʻro tuzumi chok-chokidan soʻkilib ketdi.
Shu vaqtda dinning, xususan, islomning oʻzi nima edi degan qiziqish tobora kuchaydi. Eʼtiqod erkinligining nima ekanini bildik.
Otabekning va demakki, Qodiriyning ham eʼtiqodi dastavval bek Kumush uyi oldidagi zilol ariqdan tahorat olgani qoʻl choʻzgani va shu holda ilk bor Kumushbibiga koʻzi tushgani esingizdami? Keyinchalik otasi Yusufbek hojining eʼtiqodiy maslaklaridan tashqari “Daloyil” oʻqib oʻtirgan holatiga eʼtibor qilganmisiz? Qodiriy hojiga xos barcha fazilatlar bilan yurt ogʻasi vazifasidagi inson tasvirida orzulari, alam-armonlari belgilarini bir necha shaxslarga singdirishi uchun, avvalo, oʻzi shu darajada iymon-eʼtiqod egasi boʻlgani ayon boʻlmaydimi?
Isteʼdod, uning kuchi esa bundan keyingi masala”.
Koʻrinadiki, zamondosh yozuvchi S.Oʻnar buyuk Qodiriy ijod yoʻlini kuzatib turib, avvalo eʼtiqod, soʻng isteʼdod degan xulosaga keladi.
Xurshid Doʻstmuhammad bugungi kun oʻzbek nasrining peshqadam vakillaridan. Uning oʻtgan asrning 80-yillarida bitgan oʻsha mashhur “Jajman” hikoyasidan tortib to keyinroq yaratilgan “Qichqiriq” hikoyasigacha, hamma-hammasida yangicha yozishga intilish elementlarini aniq koʻrish mumkin. Bu intilish asosan voqelikni ramziy idrok etishda koʻrinadi. Yozuvchining oʻzi ham A.Qodiriy adabiy merosi haqida gap ketganda “qodiriyona timsol-ramz” ga urgʻu beradi: “Jonsiz bir xabar va qoʻrqinch bir kech” faslida kulminatsiya avj pardasiga yetadi. Unda Otabek biror bir yangilik eshitish maqsadida qutidorning uyidan chiqqan ikki begona kishining izidan tushadi va ittifoqo Kumushbibining erga berilayotgani, hatto toʻy-kunlari belgilanganidan xabar topadi. Bu sovuq xabar Otabekning badanidan jonini sugʻurib oladi goʻyo, uning hushi boshidan uchadi, esankiraydi, moshinavori qadam tashlaydi, oʻzini qayoqqa urishni bilmay Margʻilon koʻchalarida tentaklarcha yugura boshlaydi. Uning bu holiga qarash yuraklarni yoradi va bu safar haqiqatda ham tasvirga qalam kuchi ojiz qoladi. Qalam kuchi ojiz qolgan daqiqalarda adibimiz... qalamni oʻz holiga qoʻyadi − qorongʻu kuzning qorongʻu bir tunida Otabek “Xoʻja Maʼoz” qabristoniga kiradi. Tasvir toʻlasicha qodiriyona timsol-ramz izmiga oʻtadi”.
X. Doʻstmuhammad A.Qodiriy oʻz asarlarida koʻproq murakkab ruhiy holatlarni mahorat bilan tasvirlay olganiga ham eʼtibor beradi va ulugʻ adib ijodini “Maktab ichidagi maktab” deb ataydi: “A.Qodiriy romanchilik maktabini yaratgani allaqachon xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan, biroq ushbu “maktab”da qahramon ruhiy holatining eng ogʻir, qaltis va tahlikali lahzalarini tasvirlash mahorati alohida mavqega egaligi, alohida maktab ichidagi maktab ekanligi yetarlicha va yaxlit holda bahosini olmagan nazarimda”.
Koʻrinib turganidek, X.Doʻstmuhammad ham A.Qodiriydan oʻziga yaqin qirralarni qidiryapti va bexato topyapti. A.Qodiriy romanlari yangi oʻzbek adabiyotida dastlabki jiddiy nasriy asarlar boʻlishi va unda koʻplab folklor va xalq ertaklari anʼanalari ishtirok etishi bilan bir qatorda oʻz davri jahon adabiyotining psixologizm kabi yangicha yoʻnalishlarining taʼsiri yaqqol koʻrinib turadi. Adiblar oʻrtasidagi yaqinlikni mana shu masalalardan qidirish oʻrinlidir.
Yozuvchi N.Muhammad Raufxon endi yozayotgan asariga A.Qodiriyni ustoz etib tanlaganini yozadiki, bu eʼtirof ulugʻ adib romanlarining oʻz ijodiga boʻlgan mislsiz taʼsirini koʻrsatadi: “...yuragimning qavat-qavat eng ichkarisida Abdulla Qodiriy siri meni oʻziga tortib, xumor etib kelgan. Abdulla Qodiriyni sogʻinch tuygʻusi, ayniqsa, keyingi yillarda juda kuchaydi, tursam ham, yursam ham hech tinchlik bermay qoʻydi. Oldindan nogʻora qoqish boʻlib tuyulmasin-u, yashirib nima qilaman, aytishimga toʻgʻri kelib qoldi: hozir yozishga kirishganim, yaxshi narsa chiqishidan umid qilib turganim yangi asarimga Bosh Hakam va Bosh Ustoz etib Abdulla Qodiriyni tanlaganman. Bugun bir kam oltmishga kirgan inson yigirma toʻrt-yigirma sakkiz yashar yigitchaga shogird tushmoqchiman. Uzoqlashgan sarimiz orqamizda tobora oʻsib borayotgan u muhtasham qoyaga oʻzimda jurʼat sezib tirmashgim kelib turibdi. Niyatimni nechogʻli eplaganim, shogirdlikka nechogʻli yaraganim, nasib etsa, asar bitganidan keyin bilinadi. Chin bahosini ham muhtaram oʻquvchilarim beradi”.
Yozuvchi R. Rahmatning “Adashvoy” degan gʻaroyib hikoyasi A. Qodiriyning “Jinlar bazmi” hikoyasiga syujet qurilishi va sirli mohiyatga egaligi bilan goʻyo anʼana va uning davom ettirilishiga oʻxshaydi. Dunyoqarash, davr, usul, uslub va yoʻnalish jihatidan bir-biridan chunonam farqlanib turadigan bu ikki adibning hikoyalaridagi uyqashlik qiziq hodisa. Har ikki hikoya sirli, gʻaroyib voqea asosiga qurilgan, har ikki asar qahramoni ham yumushni bajarib uyga qaytayotganida toʻsatdan boshqa olamga kirib qolishadi. Shu oʻrinda Ahmad Aʼzamning “Roʻyo yoki Gʻulistonga safar” romanini esga olsak boʻlarkan. Chunki bu asarda ham qahramon tugʻilgan goʻshasiga borayotib yoʻlda tamomila oʻzga olamga kirib, butun asar mohiyati oʻsha gʻaroyib dunyoda kechadi. Umuman, bu va buning kabi koʻplab jihatlariga koʻra, uchala asar bir-birining uzviy davomidek tuyuladi. Garchand biron yerda taqlid yo ijodiy oʻzlashtirish, hatto taʼsirlanish elementini koʻrmasak ham. A. Aʼzam va R. Rahmat asarlari chuqur ramziy-tamsiliy asosga ega boʻlib, har ikki yozuvchi ham asar magʻzini ana shu ramz zimmasiga atayin yuklashgan. A. Aʼzam bu bilan oʻzga olamga tushib dabdurustdan ixtiyorini yoʻqotgan, boshqacha aytganda, qulga aylangan insonlarning ayanchli va ayni damda, gʻoyat fojiali qismatini aks ettirishni maqsad qilsa, R. Rahmatning tegirmondan uyiga sholi oqlab velosipedda qaytayotgan Adashvoy nomli qahramoni kutilmaganda boshqa bir qishloqqa kirib qoladiki, eʼtibor qilsangiz, u oʻzining ongostiga tushib ketgan boʻladi. Qodiriyning “Jinlar bazmi”da esa, nazarimda, hol biroz oʻzgacharoq. Chunki bu yerda hikoya qahramoni oʻrim ishini yakunlab shom tushgan mahal uyiga qaytayotib, Hamdam xumdon uyi oldida toʻsatdan jinlar bazmiga ishtirok qilib qolgan oʻz otasi hikoyasini oqizmay-tomizmay oʻquvchiga soʻzlab berarkan, bu bilan, avvalo, ana shunday gʻayritabiiy olamlar borligiga ishora qiladi goʻyo. Chunki Qodiriy yashagan zamon va zamondoshlari kayfiyatini tasavvur qilsangiz, mana shunday sirli, gʻayritabiiy “voqea”larga nisbatan odamlarda ishonchga yaqin bir munosabat boʻlganining guvohi boʻlamiz. Bas, shunday ekan, Qodiriy asaridagi birinchi maʼno ramz emasdek tuyuladi. Hikoyaga joylangan sirli voqeaning oʻzi – uning birlamchi maʼnosi. Hikoyaning magʻzi shu yerda. Yoʻlda ketayotib oʻzga olamga kirib qolishning ongostiga tushib qolish ekanini anglab yetguncha oʻzbek yozuvchisiga oz emas, koʻp emas, bir asrga yaqin muddat kerak boʻldi. Lekin har qancha aylantirib koʻrmaylik, bu uchala asarning syujet konstruksiyasi naqadar bir-biriga oʻxshaydi. Goʻyo anʼana davom etayotgandek. Nazarimda, bu syujet konstruksiyasi oʻziga xos bir badiiy tafakkur qolipidir. Shunday qolipki, u vaqti-vaqti bilan (muhit yetilganda) u yoki bu millatning har qanday isteʼdodli yozuvchisi qalami ostidan chiqib qolishi mumkin. Lekin mazkur yagona qolip uch yozuvchi asarida uch xil maʼnoga xizmat qilayotgani eʼtiborli boʻlib, ayni shu yerda asar aslligi (originalligi) borasida soʻz yuritish joiz. “Jinlar bazmi”dagi gʻayrioddiy hodisaning mohiyati, avvalo, biz koʻnikkan mavjud olamdan oʻzgacharoq yana bir olam tasdigʻi bilan oʻlchansa, “Roʻyo” da asar voqeligining oʻzga bir xayoliy makonga koʻchirilishi ramziy maʼno kasb etadiyu, lekin mohiyat-eʼtiborda yozuvchining maqsadi qullik psixologiyasi hukm surgan ana oʻsha yarim fantastik jamiyatni badiiy-estetik jihatdan “avra-astari”ni chiqarish, siyrati mazmunini anglash va anglatish bilan bogʻlanib ketadi. “Adashvoy”da esa qolip yana oʻzga bir mazmunni – botiniy olamga safarni taʼminlagan. Bu yerda har qanday shaxsning olomon psixologiyasi taʼsiriga tushib qolishi mumkinligi, shunday hodisa yuz bersa, oʻsha odam olomonning xohish-istagiga koʻra harakatlanishi fojiasi aks ettirilgan. Demak, koʻrinib turibdiki, yuqoridagi uch asarda syujet qolipi deyarli bir xil, lekin shu bir xillik ichra uchta boshqa-boshqa asarlar dunyoga kelgan. Bunga sabab nima? Menimcha, bu sabab yozuvchi individualligi va u yashagan davrning boshqa-boshqa ekanligi bilan oʻlchansa ajabmas. Taʼkidlanganidek, Qodiriy hikoyasida oʻtgan asr avvalidagi odamlar kayfiyati va qiziqish ehtiyojlariga javob bera oladigan mazmun, oʻzgacha olamning mavjudligi haqidagi mazmun yashirin. Shu mazmunning oʻzi – maqsad. Ahmad Aʼzam va Rahimjon Rahmat asarlarida esa oʻzgacha olam – vosita. Bu vosita orqali ular real hayotga yangitdan nigoh tashlashni istaydilar. Lekin nima boʻlganda ham hozirgi nasrimizdagi ana shu tamoyilning dastlabki kurtaklari Qodiriy ijodida nish urganligining oʻziyoq anʼana haqida gapirishga asos beradi. Hatto, koʻrib oʻtganimizdek, yozuvchilar ijodi, dunyoqarashi va uslublari tamomila bir biridan farqlanib tursa ham.
Yozuvchi Abduqayum Yoʻldosh Qodiriy boshlovchi yozuvchilar orasida taqlidchilar “sonmingta” ekanligidan soʻz ochib, lekin baribir, taqlidning befoydaligini toʻgʻri taʼkidlaydi, ijodiy taʼsirlanish borasida fikr yuritadi va nazarimda, masala mohiyatiga yaqin keladi. Chunki zamonaviy oʻzbek nasrida bironta yozuvchi yoʻqki, yozgan asarlari toʻla-toʻkis Qodiriy asarlari ruhida bitilgan boʻlsin! Chunki yuqorida taʼkidlanganidek, bugun davr tamomila boshqa va u oʻz asarlarini dunyoga keltirmoqda. Qodiriydek ulkan ijodkorlarning badiiy mahorati, portret yaratish sanʼati, psixologizm, peyzaj tasviri kabi qator masalalardagi maktabi hali-hanuz koni foyda, lekin uning qarashi bilan dunyoni badiiy-estetik idrok etishga urinish yosh ijodkorni mahv etishi muqarrar. Shuning uchun ham A. Yoʻldosh “Boshlovchi yozuvchilarning aksariyati qatori, Qodiriyga ergashish, uningdek taʼsirchan yozishga urinish mening ham boshimdan oʻtgan. Shukrki, taqlidchilar son mingta, ammo Qodiriy baribir yagona. Oʻzim ham oradan maʼlum fursat oʻtgach, bu harakatim benafligini angladim”, deb yozadi va men uning iqrorlarini gʻoyat asosli deb bilaman. Agar nasrda Qodiriyning yoʻnalishi yagona boʻlganda edi, zamondoshi Choʻlpon “Kecha va kunduz”dek romanni yozib, bu sohada ham yana oʻzga yoʻllar borligini isbot qilmagan, qilolmagan boʻlardi.
Isajon Sultonning “Onaizorim” qissasining mazmun-mohiyati ham Qodiriy romanlari syujetini sirayam yodga solmaydi. Ammo bu yerda boshqa bir mushtaraklik bor: u ham boʻlsa, ijodkorlar nuqtayi nazaridagi yaqinlik. Yaʼni Qodiriy Oʻzbek oyim, Oftob oyim kabi obrazlarni yaratish bilan oʻzbek nasrida ona obrazini yaratishni boshlab berdigina emas, ayni paytda, millatga xos koʻpgina qirralarni ana shu obrazlar bagʻriga joyladi ham. Qodiriy yaratgan onalar obrazining oʻzbek adabiyotining keyingi taraqqiyotiga taʼsiri borasida fikr yuritgan professor Umarali Normatov “Qodiriy moʻjizasi” nomli fundamental tadqiqotida: “Farmon bibi obrazi (S.Ahmadning “Kelinlar qoʻzgʻaloni” komediyasinining bosh qaxramoni – U. H.) asl mohiyatini Hoji ona tipidagi timsollar emas, ayni Oʻzbek oyim, Xolniso, Hamrobuvi, Boʻston bibilar silsilasi orqali anglash, ochish mumkin”, deb yozadiki, birgina shu mulohaza asosida katta bir tadqiqot yaratish mumkin. Isajonning qissasini oʻqib ham “oʻzbek ayoli kim va qanday?” degan savolga asosli javob olish mumkin boʻladi. Mazkur asar shu jihatdan ulugʻ adib anʼanalarini davom ettiradi. Qissa oʻzbek oilalaridagi hamma onalarga oʻxshagan bir onaning qismati haqida. Gap shundaki, yozuvchi asarda oʻzbek onalarining maʼlum maʼnodagi umumlashma obrazini yarata olgan. Oddiy bir qizchaning butun boshli hayot yoʻli aks ettirilgan asarda. Yaʼni bosh qahramon Raʼnoning (eʼtibor bering: nega bosh qahramonning ismi Raʼno? Bu ism qanday assotsiyatsiya uygʻotadi? Bu nomning tanlanishida ehtimol, Qodiriyning “Mehrobdan chayon” romani qahramoni Raʼnoga boʻlgan halq muhabbatining ham qandaydir roli bordir. Axir, Isajon oddiy oʻzbek ayolining timsolini yaratmoqchi boʻlgan va shu oʻrinda koʻpchilikning simpatiyasini hisobga olib ish tutgan) beshikdan qabrga qadar davom etgan umri mobaynida boshidan kechirganlari qissaning syujetini tashkil etgan. Uning ota-onasi, soʻngra eri, undan keyin esa bolalarining obrazlari esa ikkinchi darajali qahramonlar sifatida talqin qilingan. Ularning bari dastlab qizcha, keyin ona, asar yakuniy qismida esa kampirga aylangan qahramon obrazining toʻlaqonli ochilishiga xizmat qildirilgan.
Ona oʻzbek adabiyotida koʻp ishlangan obrazlardan hisoblanadi. Lekin Isajon Sulton asaridagi ona obrazi mavjudlardan koʻp jihati bilan farq qiladi. Avvalo, asarning borliq komponentlari: detallar, qahramonlar, asar syujeti, badiiy priyomlar – hamma-hammasi boshdan oyoq shu obraz talqini atrofida jipslashadi. Qolaversa, yozuvchi ona obrazini qiziqarli va taʼsirli syujet orqali gavdalantirishni maqsad qilmaydi, aksincha, asar voqeligi yodlarga mixlanib qoladigan darajada yorqin emas, qissada aksariyat sharqlik onalarning boshidan oʻtadigan turmush tarzi tasviri bor. Lekin bu yerda boshqa narsa ham bor – nuqtayi nazar, roviyning nuqtayi nazari. Taʼbir joiz esa, butun boshli asar mazmun-mohiyati yozuvchining ona siymosiga qaratilgan muhabbatiga yoʻgʻrilgan nuqtayi nazari vositasida ochiladiki, bu jihati bilan qissa, masalan, Oʻtkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” qissasidan farqlanib turadi. “Dunyoning ishlari”da ham ona obrazi markaziy qahramon. Lekin oʻgʻil u yerda ona obrazidan kam rol oʻynamaydi. Oʻquvchining eʼtibori nafaqat onaga, balki oʻgʻilning hayot tarziga, onasi haqidagi tashvish va iztiroblariga, armonlariga sochiladi. “Onaizorim”da esa diqqat-eʼtibor, asosan Raʼnoga, yaʼni onaga qaratiladi.
Asarning yana bir eʼtiborli jihati – unda oʻzbekona marosimlardagi turli-tuman urf-odatlar (asosan, fargʻonacha) ancha batafsil tasvir etilgan. Urf-odatlarning bir oʻzbek qizining tugʻilishidan to qarigunicha boʻlgan muddat davomida unga soyadek hamroh boʻlishi badiiy dalillangan. Shu nuqtayi nazardan asarga xorijda ham katta qiziqish uygʻonishi tabiiy. Buning yorqin misoli – Qodiriy romanlari, ularda aks etgan milliy kolorit, urf-odat, mentalitet. “Onaizorim” ham xuddi Qodiriy romanlari kabi zavq bilan oʻqiladi. Bosh sababi – mavzu va tanlangan uslubda, deb oʻylayman. Chunki bu yerda modernistik boshqotirmalar, uslubiy va shakliy novatorlik qilishga atay urinishlar yoʻq, hisobi. Lekin bu, asar joʻn chiqibdi, degani emas, aslo. Aslida, eng katta badiiy-estetik durdonalar qadim-qadimdan beri sodda va ravon uslubda bitilganini yoddan chiqarmaylik. Chunonchi, Qodiriyning oʻzi ham roman yozishda xalq darajasini hisobga olib, meʼyorni saqlaganini taʼkidlaydiki, bu yerda ham shunga oʻxshash yoʻl tutilganining guvohi boʻlamiz.
Koʻrinadiki, A.Qodiriy nasri, xususan, romanlari XX asrning ilk choragidan to bugunga qadar milliy adabiyotimiz, millatimizning maʼnaviy-ruhiy hayotiga singib ketgani inkor etib boʻlmas haqiqatdir. Ijodkor esa kim, dunyoqarashiyu uslubi qanday boʻlishidan qatʼi nazar, shu xalqning bir vakili. Bas, shunday ekan, A.Qodiriyning ijodkor-ziyoli, demakki, xalqimizning ulugʻlaridan biri sifatidagi taʼsiridan tashqarida qololmaydi.
Ulugʻbek HAMDAMOV,
OʻzFA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori
instituti boʻlim mudiri,
filologiya fanlari doktori, professor