“Umid uchun kechmak kerak bu cho'ldan...”

    XX asrning boshlari Turkiston o'lkasi tarixida o'zining murakkabligi, jarayonlarning tez va shiddatli kechgani, odamlarning onggi va tafakkuridagi diniy va dunyoviylik o'rtasidagi kurashning ayovsiz bo'lgani bilan yodda qoladi.

    Bunda bir tomondan, eskilik an'analarini saqlab qolish maqsadidagi diniy qatlam, ikkinchi tomondan xalq va millatni zamona ruhiga mos tarbiyalash, odamlar tafakkurini ko'tarish uchun harakat qilgan taraqqiyparvarlar o'rtasidagi keskin kurash kechgan. Bu asr Turkiston xalqlari uchun erku diyonat boy berilgan, asriy urf-odat va an'analar qadrsizlangan, tafakkur qoloqlik va johillikka yuz tutgan davr sifatida tarix sahifalariga muhrlandi.

    Biroq ana shunday og'ir jarayonlarda ham XIX asr oxirida yuzaga chiqqan jadid taraqqiyparvarlarining ijtimoiy siyosiy g'oyalari XX asrning boshlariga kelib siyosiy va amaliy ahamiyatga aylana oldi. Garchi jadid taraqqiyparvarlari bu kurashda jismoniy jihatdan mag'lubiyatga uchragan bo'lsalar-da, ma'naviy g'olib bo'lgan holda, keyingi davr avlodlarining qalbida ozodlikka intilish, islom dini va aqidasiga bo'lgan sadoqat, yosh avlodda yorqin kelajakka ishonch tuyg'ularini shakllantirishda o'zlaridan chuqur iz qoldirdi. Bu tarixiy jarayonlarning kechishida G'ozi Yunusning ham o'ziga xos o'rni va roli mavjud.

    G'ozimahamat Mahamatyunus o'g'li – G'ozi Yunus 1887-yilda Toshkent shahridagi imoratsoz usta Mahamatyunus va maktabdor Zulfiya otin oilasida dunyoga kelgan. G'ozimahamat ilk ta'limni onasidan olib, xat-savodini chiqaradi. Bu haqida uning o'zi quyidagilarni yozadi: “Ibtidoi tahsilim eski maktabda bo'lub, yoshim 15 ga kirganda Baroqxon madrasasina tahsilga kirub, 8 yil istiqomatimda “Avvali ilm”dan boshlab, “Aqoid”ga etdim”.

    Jadidshunos olim Sirojiddin Ahmad G'ozi Yunusning madrasani davom ettirishiga iqtisodiy imkoniyati yo'l qo'ymaganini ta'kidlasa, filologiya fanlari doktori G'afur Umurzoqov aksincha, u madrasada tahsil olib, fors, arab, turk tillarini mukammal egallagani, o'qishni tamomlagach unga “mulla” unvoni berilgani, hatto mudarrislikka ham taklif etilgani, biroq bosmaxona ochishga doir rejalari sabab taklifni rad etganini yozadi. Avlodlari qo'lida saqlanib qolgan ilmiy merosi va o'g'li To'lqin G'ozievning xotira daftarlarini o'rganish jarayonida, guvohi bo'ldikki, G'ozi YUnus o'ziga to'q va boy oiladan bo'lib, hech qachon otasi bilan suvoqchilik qilmagan va iqtisodiy qiyinchilikda yashamagan.

    Uning o'z tarjimai holini bu tarzda o'zgartirishiga sabab davr siyosati edi. YA'ni, bol`sheviklar hukumati yo'qsullar mamlakatini qurmoqchi va tabiiyki, bunday mamlakatda o'ziga to'q va boy odamlarning bo'lishi mumkin emas edi. SHu boisdan ham G'ozi Yunus davr taqozosi bilan o'zidan “kambag'al” shaxsini yasashga majbur bo'ldi. Qolaversa, adibning avlodlari qo'lida saqlanayotgan “Otamg'a marsiya” she'rida ham otasidan erta etim qolganligini qayd etadi. Shuningdek, G'ozi Yunus madrasada bir muddat mudarrislik qilgan, diniy ilmlarda zamonasining ilg'or vakillaridan biri bo'lgan.

    1916-yilda podsho Nikolay II tomonidan “Imperiyadagi begona xalqlar erkak aholisini harakatdagi qo'shin tumanlarida, harbiy inshootlar va shuningdek, davlat mudofaasi uchun zarur bo'lgan boshqa har qanday ishlarga jalb qilish” to'g'risidagi farmoniga muvofiq Turkistonning barcha shaharlari, shuningdek, Toshkent shahridan chaqirilgan erkaklar bilan birga G'ozi Yunus ham mardikorlikka jalb etiladi. Unga rus tilini bilishligi qo'l kelib, chor qo'shinlarining “Sotnik tarjimon” harbiy unvonida faoliyat yuritadi.

    Bu haqida uning o'zi “1916-yilgacha saviyayi fikrim va ahvoli ruhiyam shu darajada o'rinsiz asosg'a qurilg'on ediki, agar yodga tushsa, yuragim tepadir. Agar Ovro'pa muhorabasi chiqub, biz turkistonliklardan ishchi kuchlar olinmasaydi, balki o'sha madrasada mutaassib jaholatning qurboni bo'lur edim. Muhorabadan mamnundirmanki, meni haqiqatga yo'liqtirdi. Ishchi bahonasi birla meni Laplandiya guberniyasig'a olib bordi va guberniyadag'i erlik xalq umumiyatla lotish xalqidan iborat ekan. To'qquz oyda bu millatning ahvoli ruhiyasi birla yaxshi tanishdim. Bu millatning ruhoniylari har bir sohada, siyosatda xalqning fikri birla hisoblasharkan, lotishlardagi taraqqiyni ruhoniylarning faoliyatida ko'rdim. Fikrimda shu darajada o'zgarish sezdimki, butun Turkiston jaholat o'chog'i ekanini yaxshi tushundim. Ruhoniylarimizning o'z manfaati shaxsiyalari uchun millatni boturmoqqa tayyor ekanliklarini angladim. Bu haqiqat menga ma'lum bo'lg'onidan keyin o'tkan umrimga pushaymondan bo'lak nima deyman? O'z turmushimizdan hech ibrat olg'onim yo'q” deb yozadi.

    G'ozi Yunus mardikorchilikda yurgan paytda yaralanadi, uchinchi guruh nogironi bo'lib qaytib keladi. Ukasi Fayzi Yunus targ'iboti bilan 1916 yildan a'zo bo'lgan “Turon” truppasi va jamiyati ishlarida qatnasha boshlaydi. Bu erda u Munavvar qori Abdurashidxonov, Ubaydula Xo'jayev, Abdulla Avloniy, Nizomiddin Xo'jayev, Badriddin A'lamov, Bashirulla Xo'jayev kabi ziyolilar ta'sirida jadidchilik harakati vakillari tomonidan ilgari surilayotgan maslak va maqsad yo'lida harakat qilishga qaror qiladi.

    G'ozi Yunus 1918-yilning yanvarida “Ishchilar komiteti” tomonidan tashkil qilinib, Hisomiddin Jaloliy mas'ul muharrir bo'lgan “Ishchilar dunyosi” jurnalida bo'lim mudiri lavozimida faoliyat boshladi. Jurnalning bir nechta sonlari chop qilingach, to'xtab qoladi. Shundan so'ng 1920-yil yanvarigacha Chernyayev uezdi Sayram ijroqo'mida ishladi. Biroq matbuot va nashriyot ishlariga bo'lgan qiziqishi ustun kelib, “Nashriyoti G'ozi Yunus” matbaasini tashkil qildi va unda M.Ordobudiyning “Andalusning so'nggi kunlari”, Abdurauf Fitratning “O'g'uzxon”, M.Uyg'urning “Turkiston tabibi” va o'zining “Zahhoki moron” asarlarini nashr ettirdi.

    1919–1920-yillarda “TurkROSTA” va “Ishtirokiyun” gazetasida adabiy muharrir, tarjimon hamda adabiy xodim vazifalarida faoliyat ko'rsatdi. 1921 yil 16 dekabrda Turkiston markaziy ijroiya qo'mitasi va TKP (b) Markazqo'mi buyrug'i bilan “Qizil bayroq” gazetasiga mas'ul muharrir qilib tayinlandi va unda 1922-yilning yanvarigacha faoliyat olib bordi. 1923 yildan boshlab “Turkiston” gazetasida ham ishladi. U “Qizil Bayroq” gazetasini jonlantirish va saviyasini kuchaytirish uchun tahririyatga Sanjar Siddiq, Shorasul Zunnun, A'zam Ayub, Karim Bakir, Vali Allamov, Muhammadjon Ahmadjonov, Muhammad Hasan va boshqa ziyolilarni jalb qildi. 1923-yilda Turkiston MK buyrug'i bilan Toshkent eski shahar ijroqo'mi G'ozi Yunusni “Mehnat va matbuot qahramoni” unvoni bilan taqdirlaydi.

    1922-yilning boshiga kelib, “Inqilob” jurnalining tahrir hay'ati a'zosi etib belgilanadi. 1922-yil sentyabr oyida Samarqandda chop qilinadigan “Kambag'allar tovushi” gazetasini jonlantirish maqsadida Turkiston KP Samarqand viloyat ijroiya byurosi G'ozi Yunusni ushbu gazetaga mas'ul muharrir etib tayinlaydi. Shu yilning o'zida Samarqandga yana qaytib, “Zarafshon” gazetasini tashkil qilishda ham jonbozlik ko'rsatadi.

    Bu to'g'rida ma'rifatparvar Hoji Mu'in “Samarqand matbuotining tarixi” maqolasida: “Turkiston jumhuriyatining markaziy firqa qo'mitasi Samarqandda “Zarafshon” otlig' muntazam bir gazeta chiqarish uchun o'rtoq G'ozi Yunusni tayinladi. G'ozi o'rtoq Toshkentdan bir necha pud yangi harf, 150 pudcha yaxshi oq qog'oz va ikkita hurufchini (harfchini-M.Alijonov) keltirib, bu erda “Zarafshon” gazetasini chiqara boshladi. G'ozi o'rtoq bu gazetani har jihatdan yaxshig'ina yo'lg'a qo'ygach, o'zi 1923-yilning boshlarida Toshkandga ketdi” deb yozgan edi. G'ozi Yunus Samarqanddan qaytib kelgach “Turkiston” gazetasida (1923-yil) bo'lim mudiri va mas'ul muharrir vazifalarida ishladi. 1922–1924-yillarda “Turkiston”, 1924-yil dekabrdan boshlab “Qizil O'zbekiston” gazetasida bo'lim mudiri sifatida faoliyat ko'rsatdi. Orada (1923-yilda) “Mushtum” jurnalining asoschilaridan biri bo'lishga ham ulgurdi.

    G'ozi Yunus shu darajada faol jamoatchi ediki, u 1917-yildanoq siquvga olina boshlanib, bir muncha muddat qamoqda ham yotadi. U donos (chaqimchilik) sabab qamalganiga ishora qilgan holda o'zining “Turma xotiralari yohud haqsizlik kasofati” nomli she'riy dostonida quyidagicha yozadi:

    Aytadurman quloq soling, muddaoni,

    Turkistonni zaharlagan bir baloni…

    Bizdan agar ko'tarilsa ushbu illat,

    Taraqqiyda javlon urgay bizning millat.

    Donos erur haqiqatda bizga balo,

    Qancha ellar donos bilan bo'ldi ado.

    1925-yildan boshlab G'ozi Yunus qaytadan siquvga olina boshlanadi. Bunga “Mushtum” jurnalida “Otto'rva soqol” imzosi bosilgan “Erlilashdirish fokusi” va “Oqpadar” taxallusi ostida e'lon qilingan “Erlilashdirish tevaragidagi lo'ttibozliklar” maqolalari sabab bo'lgan. Ayniqsa, “Qizil O'zbekiston” gazetasining 245-sonida e'lon qilingan “Ho'l balo” maqolasi uning jinoyat ishiga tirkalganiga qaraganda bol`sheviklar hukumatining qattiq noroziligiga sabab bo'lgan. G'ozi Yunus ushbu maqolasida: “Bu kun mamlakatimizda bo'lib turg'on buzg'unchiliq va yaramasliqlar to'g'risida kundalik matbuotda yozilib turg'on dod-hasratni bir erga to'plasangiz es ketar darajada bir dahshat ko'z oldingizga kelib bosadir. Atrofni tamom har xil banditlar, o'g'rilar, jinoyatchilar bosqon” deb yozadi.

    Muallif bunga sabab sifatida ilgarilari har bir shahar va har bir qishloqlarda xalqning pishiq hisobi yuritilganligini, shuningdek, chetdan kim kelishidan qat'iy nazar, ro'yxatga olinganligini, hozir esa bu amaliyot tashlab qo'yilganligini qayd etib, mahalliy hokimiyatning ish uslubini tanqid qiladi. Albatta, bunday tanqidlar sho'rolar hukumatining nazaridan chetda qolmasdan, matbuotda uning shaxsiyati va ijodidan ayb axtarish avj oldiriladi. Jumladan, huddi shu “Qizil O'zbekiston” gazetasining 1928-yil 30-mart kungi sonida Mamat Hasan (Muhammad Hasan)ning “G'ozi Yunusning ba'zi “tabdilot” va “tatbiqotlari” nomli maqolasi e'lon qilinadi. Jadidshunos olim Sirojiddin Ahmedovning ta'biri bilan aytganda, maqola muallifi G'ozi Yunusni “hunvaybinchasiga” urib chiqadi. Maqolada G'ozi Yunus tomonidan tarjima va tabdil qilingan “Hoy Sharq”, “Oktyabr gullari” va “Xonning sevgisi” p`esalarini “xolisona” tahlil qiladi. Unda eng avvalo, inqilobchi siymosiga ta'rif berib, odatda inqilobchi deganda insonning ko'z oldida umidsizlik, yig'i-sig'i degan narsani bilmaydirgan, proletariat mafkurasi bilan sug'orilgan, unga sodiq bo'lgan temir irodali kishining qiyofasi gavdalanishini yozib, G'ozi Yunus asarlarida shunday inqilob kishisi tasvirlanmaganini tanqid ostiga oladi.

    Jumladan, Mamat Hasan: “G'ozi Yunusning inqilobchilari tamom boshqacha. Biz “Hoy Sharq”da uning bir inqilobchisi bilan tanishdik (nozik ko'ngilli, 21 yoshliq yig'loq bir talaba)” deb yozib, uning qahramonlari davr inqilobiy ruhiyatiga salbiy ta'sir ko'rsatayotganini ta'kidlaydi. Keyinchalik huddi shu muallif tomonidan “Kommunist” jurnalida “Nafis adabiyot maydonida proletariat mafkurasi uchun kurash masalasi” nomli maqola ham G'ozi Yunus atrofida qora bulutlarning yanada quyuqlashishiga sabab bo'ladi. Shundan so'ng G'ozi Yunus ishlab kelayotgan davlat nashriyotidan bo'shab 1929-yil aprel-may oylarida “Sharq haqiqati” gazetasida texnik redaktor, 1929-yil iyundan to 1936-yil iyun oyigacha “Qishloq xo'jaligi” jurnalida musahhih lavozimida faoliyat ko'rsatdi va qatag'on qilinishiga yaqin bu erdan ham sababsiz bo'shatib yuborildi. Voqealar tezlik bilan rivojlanib, OGPUning vakolatli vakilligi O'rta Osiyo boshqarmasiga G'ozi Yunus shaxsiyatiga doir bo'hton va tuhmatlardan iborat chaquvlar kela boshlaydi. Natijada G'ozi Yunus 1937-yil 6-avgustda qamoqqa olinadi.

    G'ozi Yunusning turmush o'rtog'i Xadicha ayaning quyidagi xotiralari o'sha yillarning daxshatli manzarasini chizishda bizga ancha yordam beradi: “1937-yil 20-oktyabr soat sakkizlarda eshik taqilladi. Ochganimni bilaman, 9–10 nafar militsiya xodimi, bulardan boshqa yana 2–3 kishi oddiy fuqaro kiyimida. Hammasi yopirilib uyga kirishdi-yu eshikni mahkam yopib olishdi. Shulardan biri dag'-dag'a bilan gap boshladi:

    – Uyda sizdan boshqa kim bor?

    – Bolalarim.

    Men ularni boshlab bolalar ovqatlanayotgan xonaga olib kirdim. Qizlarim sakrab turib (chaynab turgan noni bilan) salom berishdi. Salom javobsiz qoldi.

    — Gap bunday. Sizlar bugundan qamoqqa olinasizlar, shuning uchun har biringiz o'zingiz ko'tara oladigan darajada kiyim-kechak, ko'rpa-yostiq olvoling. Taomlardan hech narsa olmanglar. ehtimol so'roq qilib qaytarib yuborishar, — dedi haligi gap boshlagan kishi. Ko'ylak, libos va bir donadan ko'rpa-yostiq oldik. Men mobodo “uchrab qolsa berarman” deb erimning kostyumini kiyib oldim. erim 6 avgustda qamoqqa olib ketilganida bitta ko'ylakda ketgan edi.

    Meni Toshturmada olib qolib, qizlarimni baqirtirib, boshqa joyga olib ketishdi. Kameraga kirishdan oldin qilinadigan ishlaridan keyin kameraga kiritishdi. Kirib qarasam, to'la ayollar. Bularning yarmidan ko'pini taniyman… Ayollar orasida Sobira Xoldorova – Fayzulla Xo'jaevning xotini, xullas, jamoat jam. Cho'lpon akaning xotini Katya yugurib kelib meni quchoqlab oldi. Chunki u meni yaxshi bilardi. Moskvaga borganimizda Cho'lpon akaning uyida mehmon bo'lganmiz va men shu erda turgandim. Ular Toshkentga kelishsa, bizlarning uyimizda turishardi. Bordi-keldimiz quyuq edi…

    Bir kuni meni tergovga olib borishganida, Ashurali Zohiriyni ham olib ketishayotgan ekan, tanib qoldim, ko'rishdik, so'rashdik. Menga sabr-toqat tiladi. “Domladan (G'ozi Yunus nazarda tutilmoqda – M.Alijonov) boshqa hammamiz bir joydamiz”, dedilar.

    Bir kuni meni qamoqxonaga olib kelgan odam garmushkadan “Xadicha opa kim?” deb so'radi. Meni ko'rsatishdi. Navbatim kelib tog'arachani ovqatga tutayotganimda, sekin-asta bir necha bukilgan qog'oz ham berdi. Sobira Xoldorova darrov qo'limdan oldi – bu, Cho'lpon akaning menga va men bilan birga bo'lgan o'zbek ayollariga atab yozilgan she'ri ekan. Cho'lpon aka Katyaning shu kamerada ekanligini bilmasdi. She'rda bizlarni zamona qahramonlari qilib ko'rsatgan, sha'nimizga samimiy madhiyalar aytib, ko'nglimizni ko'targan edi. Sobira Xoldorova o'zining jarangdor ovozi bilan mazkur she'rni ketma-ket, bir necha marta shoirona qilib o'qidi, bizlar rohatlanib, zavq bilan eshitdik.

    Bizlarni galma-gal ikki-uchta qilib hammomga kir yuvdirgani olib borishardi. Men shunday kezlarda doim erimning kostyumini kiyib borardim. Mobodo ko'rib qolsam, berarman derdim. Bir gal hammomning narigi bo'lak eshigi ochilib, meni birov chaqirdi. Qarasam, erim. Darhol oldiga bordim. Ko'rishdim, yig'ladim, kostyumini berdim. Menga tasalli berdi, hech bir gunohi yo'qligi, xudo xohlasa chiqib ketishini aytdi. Shu ondayoq olazarak bo'lib, tezda chiqib ketdi. 1938-yilning aprel oylari edi. Bu uchrashuv oxirgi uchrashuv bo'lib qoldi. Umr bo'yi takror-takror ko'z oldimdan, hayolimdan shu uchrashuv o'tib turadi. Mana, yoshim yuzdan oshgan bo'lsa ham o'sha kunlarni unuta olmayman…”.

    G'ozi Yunus o'z davrining etuk ziyolisi sifatida farzandlariga ham yaxshi ta'lim-tarbiya berishni muhim deb hisoblagan, shu bilan birga davr ziyolilari bilan yaqindan do'st-birodar bo'lgan, ularni qattiq hurmat qilgan. Bu to'g'rida adibning o'g'li To'lqin G'ozievning quyidagi xotiralari muhim ahamiyatga ega: “Otam G'ozi Yunus basavlat va nihoyatda mehnatkash inson edi. U kuniga 3–4 soat uxlab, faqat ijod bilan shug'ullanardi. Uyimizga tez-tez Abdulla Qodiriy, Cho'lpon, Elbek, Ashurali Zohiriy kabi yozuvchi-shoirlar kelib, yozgan asarlarini muhokama qilishardi. Bir qiziq voqea yodimda qolgan. Bir kuni onam otamga e'tiroz bildirib, “O'rtoqlaringiz uyga kelsa, ularning tagiga mening yangi ko'rpa-to'shaklarimni solmang, kir qilib yuborishyapti” deb shikoyat qiladi. Shundan so'ng otam Chorsu bozoriga tushib, yangi ko'rpa-yostiqlarni uyga sotib olib kelib, onamga qarata “Ko'rpa-to'shaklaringni yig'ishtirib olaver, mana bularni sol. Ular mening do'stlarim, kir qilib yirtib yuborishsa ham sen indama, ularning bunga haqqi bor” deb ta'kidlaydi.

    To'lqin G'oziyevning yana xotirlashicha, G'ozi Yunusning o'zi ham yoshligidanoq madrasa tahsili bilan birga rus-tuzem maktabida ham bir muddat tahsil olgan. O'g'li To'lqin G'oziyevni Toshkentning yangi qismida joylashgan rus maktabiga shaxsan olib borib, uning zamonaviy ta'lim olishini istagan. Bu ham G'ozi Yunusning davr talablarini juda yaxshi tushunganligini va shunga monand harakat qilganligini anglatadi.

    Adib, publitsist va mohir tashkilotchi G'ozi Yunus 1938-yilda Rossiyaning Vologda shahriga surgun qilinadi va shu erda 1942-yil 5-mayda ochlikdan vafot etadi. 1957-yil 22-yanvarda O'zbekiston SSR Oliy Sudining qarori bilan oqlanadi.

    G'ozi Yunus butun umri va hayot faoliyatini Turkiston xalqiga bag'ishladi. U publitsist, shoir, dramaturg va jamoat arbobi sifatida elning dard va orzularini matbuot va sahna orqali ko'tarib chiqdi.

    Haqiqatdan ham G'ozi Yunus taraqqiyparvar inson sifatida xech qanday to'siqdan qo'rqmay, qiyinchiliklarni mardonavor engib o'tdi. Adibning o'zi bu to'g'rida quyidagi misralarni yozganida qanchalik haq edi:

    Qaytmagayman, hech qo'rqmayman bu yo'ldan,

    Mayli bo'lsun ko'z oldimda mone'lar.

    Yo'lim to'sib tig' o'qtalsin yog'iylar,

    Umid uchun kechmak kerak bu cho'ldan...

    Muslimbek ALIJONOV,

    Vazirlar Mahkamasi huzuridagi

    Qatag'on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi

    katta ilmiy xodimi