“Universitet 3.0” — fan-taʼlim va innovatsiya modeli

    O'zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasida hayotimizga bosqichma-bosqich “Universitet 3.0” tushunchasini joriy etish masalasi ta'kidlangan. Bu tushuncha nimani anglatadi?

    Universitetlar tarixiy rivojlanish yo'lida bir nechta modellar orqali o'tib kelmoqda.

    eng birinchi navbatda, an'anaviy va mumtoz “Universitet 1.0” modeli mavjud bo'lib, unda faqat ta'lim berish ustuvor vazifa bo'lgan. Muallim ma'ruza o'tadi, talaba konspekt yozib boradi.

    “Universitet 1.0”, ya'ni “birinchi avlod universiteti” faqat ta'lim berish makoni bo'lib, uning maqsadi bilim etkazib berishdan iborat.

    Keyinchalik shakllangan “Universitet 2.0” (“ikkinchi avlod universiteti”) modeli ta'lim berishga qo'shimcha ravishda ilmiy tadqiqot ham olib borishga ixtisoslashgan dargoh sanaladi. XIX asrdan boshlab rivojlangan ta'lim muassasalari “tadqiqot universitetlari” deb ataladi. “Universitet 2.0” ilmiy tadqiqot faoliyati orqali yangi bilimlarni yaratadi; bozor ishtirokchilari uchun konsal`ting xizmatlari markazi bo'ladi; sanoat tomonidan buyurtmalar bo'yicha ilmiy tadqiqotlar olib boradi, yangi texnologiyalarga asos soladi.

    “Uchinchi avlod universiteti”, yoki «Universitet 3.0, esa fan-ta'lim bilan bir qatorda innovatsiya va ilmiy-tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish faoliyati bilan ham shug'ullanadi.

    “Universitet 3.0”da tadbirkorlik madaniyati rivojlangan bo'lib, ishbilarmon doiralar vakillari bilan samarali muloqot o'rnatilgan bo'ladi. Bunday universitetda texnologik startaplar yaratilib, patentlar muntazam ro'yxatdan o'tkaziladi. Kaliforniya shtatidagi Kremniy vodiysi bunga yaqqol misol.

    Tadqiqotlarga ko'ra, dunyo universitetlari umumiy sonining atigi 0,3 foizi “Universitet 3.0” modeliga mos, deb tan olinar ekan.

    Mamlakatimiz universitetlari oldida 2030-yilga qadar ilmiy-tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish masalasi qo'yilgan. Bu holda oliygohlarimiz xalqaro e'tirof etilgan tashkilotlar reytinglarida yuqori o'rinlarni egallash imkoni bo'ladi.

    Va nihoyat Universitet 4.0 yuqoridagi barcha sifatlarni o'zida jamlab, u raqamlashtirilgan va biznes jarayonlari avtomatlashtirilgan makon sanaladi. “Universitet 4.0” yuqori texnologiyali sanoatni rivojlantirishda etakchiga aylanib, ommaviy ishlab chiqarishdan iste'molchilarning individual talablari asosida xizmatlar etkazadi.

    Bu borada “Universitet 4.0” talabalarning individual ehtiyojlari asosida o'quv reja va dasturlar tayyorlaydi. “Universitet 4.0” talabalarning nafaqat bilimi, balki ijtimoiy ko'nikmalariga ham ustuvor e'tibor qaratadi.

    Axborot haddan ziyod tarqalgan bir davrda aynan “uchinchi” va “to'rtinchi” avlod universitetlar o'quv jarayonini shiddat bilan o'zgarayotgan voqelikka moslashtirish qobiliyatiga egadir.

    Yа’ngi avlod universitlariga bosqichma-bosqich o'tish global ta'lim jarayonlariga integratsiya imkoniyatini beradi. An’anaviy universitetlar zamon talablariga mos kela olmayapti. Ta'lim berish muhim, lekin kifoya emas. Nazariy tadqiqotlar muhim, lekin ular voqelikdan uzilgan bo'lsa, nazariy darajada qolib ketadi. Bugungi avlod universitetlarimiz ilmiy-tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirishni o'rganishi kerak. Bu ularni mahalliy va xalqaro darajada nufuzini va ishonchini oshiradi. Faqatgina moslashuvchan oliygohlargina raqobatga dosh bera oladi.

    Sardor Usmanov,

    Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi
    Axborot xizmati rahbari.