Universitetlarning ilmiy va innovatsion faoliyati boʻyicha birinchi xalqaro forumi boʻlib oʻtdi

    Keyingi avlod 19 Oktabr 2022 1649

    Joriy yil 18-oktyabrda “InnoWeek.Uz-2022” Xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasida “Universitetlarning ilmiy va innovatsion faoliyati boʻyicha birinchi xalqaro forumi” boʻlib oʻtdi.

    Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari Shahlo Turdiqulova ochib berdi.

    – Taʼlim, fan, innovatsiya va ilmiy-tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish faoliyatida ijobiy tendensiya kuzatilib, soʻnggi uch yilda ilmiy-tadqiqot faoliyatidan 2017-yildagi 49,7 milliard soʻmdan 193,3 milliard soʻmga yetdi.

    Hozirgi kunda 60 ta oliy taʼlim muassasalarida OTMda faoliyat koʻrsatayotgan professor-oʻqituvchilarining davlat grantlari asosida oʻtkazilayotgan tadqiqotlardan olingan mablagʻlari 295 milliard 949,6 million soʻmni tashkil etadi, – dedi Sh.Turdiqulova.

    Forumda tabrik soʻzi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining fan va innovatsiyalar boʻyicha oʻrinbosari Hakimov Rahimjon Rasuljonovich ishtirok etdi.

    Mazkur tadbirda respublikadagi barcha oliy taʼlim muassasalari rektorlari hamda ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektorlar ishtirok etdi. Ushbu forumga, shuningdek, 10 nafar xorijlik mehmonlar taklif etildi. Ulardan Istanbul tijorat universiteti rektori Yusel Oʻgʻurlu, (Turkiya), Varvik universiteti professori Toni Liddicoat (Buyuk Britaniya), Turin politexnika universiteti professori Rikardo Vesipa (Italiya), Gumboltd universiteti professori Gafurov Abror Asrorjonovich (Germaniya) maʼruzalar bilan ishtirok etishdi.

    “Universitetlarning ilmiy va innovatsion faoliyati boʻyicha birinchi xalqaro forumi” oʻtkazilishidan asosiy maqsad globallashuv davrida oliy taʼlim muassasalarida ilmiy va innovatsion faoliyatda roʻy berayotgan yangiliklar bilan yaqindan tanishish, tajriba almashish va birgalikda sohaga doir muammolar yechimini topish; moliyaviy mustaqillikka erishgan universitetlarning ilm-fan va innovatsiyalar, shuningdek, tijoratlashtirish orqali oʻz-oʻzini boshqarishda duch kelayotgan muammolarni birgalikda hal etish; ilm-fan, innovatsiya hamda tijoratlashtirish boʻyicha xorijiy ekspertlar tajribalarini oʻrganishdan iborat.

    Forum yakunida xorijiy universitetlar bilan shartnoma va memorandumlar imzolandi, deb xabar beradi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.