Uchrashuv davomida Ikkinchi jahon urushi yillarida Uraldagi, xususan Yekaterinburg va Chelyabinsk shaharlaridagi zavodlarda mehnat qilib, G‘alabaga o‘zining salmoqli hissasini qo‘shgan, ammo bugungi kunda mehnatlari mezbon davlatda rasman unutilib borayotgan “Mehnat armiya”sida xizmat qilgan Markaziy Osiyolik qirg‘iz, qozoq, tojik, turkman va o‘zbeklarning nomlarini abadiylashtirish maqsadida Yekaterinburgda yodgorlik o‘rnatish va Sverdlovsk viloyati gubernatori nomiga jamoaviy maktub yo‘llash bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, muqaddam Yekaterinburgdagi Bosh konsulxonamiz tomonidan Ural davlat tog‘-kon universitetining Teologiya kafedrasi mudiri Aleksey Starostin bilan uchrashuv o‘tkazilgan edi. Qayd etish joiz, u olim o‘z nomzodlik dissertatsiyasini Markaziy Osiyodan Uralga safarbar qilingan “Ishchi armiyasi”ga bag‘ishlagan.
Aleksey Starostinning maʼlum qilishicha, u ilmiy-tadqiqotlar o‘tkazgan davrida Sverdlovsk viloyatining bir qator zavodlarida Markaziy Osiyoliklar, xususan o‘zbeklar bilan yelkama-yelka turib mehnat qilgan yoshi ulug‘ sverdlovskliklar bilan suhbatlar o‘tkazgan. Uraldan bir millionga yaqin erkaklar frontga safarbar etilgani bois, ushbu hududlarda hamda Moskva, Leningrad va boshqa shaharlaridan evakuatsiya qilingan zavodlarda ishchi kuchiga ehtiyoj nihoyatda katta bo‘lgan. Shu nuqtai nazardan mehnat frontiga jalb etilgan 32 ming nafar hamyurtlarimizning xizmatlari salmoqli bo‘lgan. Ammo safarbarlik 1942 yilning kuzida boshlangani sababli Uralning sovuq iqlimi va ochlik natijasida yurtdoshlarimizning aksariyati vafot etgan.
Aleksey Starostindan olingan maʼlumotlar Markaziy Osiyo davlatlari diplomatlariga yetkazildi. Ikkinchi jahon g‘alabasiga munosib hissa qo‘shgan ota-bobolarimizning nomlarini Uralda abadiylashtirish orqali o‘sib kelayotgan mahalliy avlodga xalqlarimizga nisbatan hurmatni oshirish, hamyurtlarimizning front ortidagi qahramonliklarini targ‘ib qilish lozimligi urg‘ulandi.
Markaziy Osiyo diplomatlari ushbu taklifni to‘liq qo‘llab-quvvatlashgani barobarida yodgorlikni nafaqat Yekaterinburg, balki Chelyabinsk shahrida ham o‘rnatish taklifini bildirishdi.
Uchrashuv natijasi bo‘yicha Sverdlovsk va Chelyabinsk gubernatorlariga hamda Rossiya Federatsiyasi Prezidentining Ural federal okrugidagi vakolatli vakiliga rasmiy maktublar yo‘llashga kelishib olindi.