Elektron pochta manzilimga yana bir yaxshi xabar keldi. Unda yozilishicha, Oʻzbekiston 2026-yilgacha Jahon savdo tashkiloti aʼzoligiga erishmoqchi. Bu masalaga befarq boʻlmagan, hatto, mamlakatimizning ushbu yoʻnalishdagi harakatlarini muntazam kuzatib boradigan iqtisodchi sifatida xabardan quvondim. Odatdagidek, buni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarim obunachilari bilan boʻlishdim. Oʻz tahlillarimni eʼlon qildim.
Bu masalada iqtisodchilar, siyosatchilar, umuman, xalqimiz turlicha yondashuvga ega ekani tabiiy. Ammo yurtdoshlarimiz orasida JST asli qanday tashkilot ekani, unga aʼzo boʻlish Oʻzbekistonga va oddiy aholiga nima berishi borasida tushunchaga ega boʻlmaganlar ham yoʻq emas. Vaholanki, oxirgi vaqtlarda mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga kirish harakatlari jiddiylashmoqda. Kelgusi ikki yilda bunga erishish qatʼiy maqsad qilingan.
Bu tashkilotning nufuzi va oʻrni dunyo iqtisodiyotida katta ekani sir emas. JSTga 1995-yil 1-yanvarda asos solingan boʻlsada, uning tarixi 1947-yilga borib taqaladi. Oʻshanda 20 dan ortiq davlat birgalikda tashkilot faoliyatini yoʻlga qoʻygan. 1995-yilga kelib faoliyati yangilanib, Jahon savdo tashkiloti nomi bilan atala boshladi. Oʻzbekiston 1994-yilda, yaʼni tashkilot tashkil boʻladi, deb aytilgandayoq unga aʼzo boʻlishga ariza bergan. Oradan 30-yil oʻtgan boʻlsada, hamon aʼzolar qatorida emas. Bu bilan mamlakatimiz ushbu tashkilotga aʼzo boʻlishga eng koʻp vaqt sarflagan, rekord qoʻygan davlatlar qatoriga kiradi.
Buning bir qator sabablari bor. Avvalo, 2005-yilda yurtimizning aʼzolikka boʻlgan harakatlari butunlay toʻxtatilib, muzlatib qoʻyilgan. Hukumat tepasiga ikkinchi Prezident Shavkat Mirziyoyev kelganidan keyin bu harakatlar yana boshlandi. 2020-yillardan ishlar yanada faollashib, mamlakatimiz iqtisodiy siyosatida xalqaro standartlarga moslashish jadallashdi, huquqiy asoslar yaratila boshshladi. Joriy yilning 3-iyun kuni qabul qilingan “Bozor islohotlarini yanada jadallashtirish va Oʻzbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni esa shu paytgacha JSTga aʼzo boʻlish yoʻlidagi qadamlarning eng kattasi va salmoqlisi boʻldi. Mazkur hujjat oʻzbek xalqi va isteʼmolchilar uchun juda koʻp tenglik berishni nazarda tutadi. Meni quvontirgani, shu vaqtgacha yurtimiz hayotida JSTga aʼzolik yoʻlida bu qadar katta oʻzgarish boʻlmagandi.
Shu oʻrinda savol tugʻiladi, xoʻsh, yirik xalqaro iqtisodiy tashkilotga aʼzolik Oʻzbekistonga nima beradi? Albatta, koʻp narsa!
Bu, avvalo, jahonning nihoyatda katta bozoriga ochiq yoʻl, degani. Inglizchada “market access”, yaʼni, bozorning kengaytirilishi, deyiladi. Shu vaqtgacha mahsulotlarimiz asosan Markaziy Osiyo davlatlariga chiqayotgan boʻlsa, endi dunyoga yoʻl ochiladi. Jahon savdo tashkilotiga aʼzo 166 ta davlat bilan keng savdo aloqalarini oʻrnatish imkoniyati yaratiladi. Dunyo savdosining 99 foizi ana shu tashkilot aʼzolari hissasiga toʻgʻri kelishini hisobga olsak, koʻlamni tasavvur qilish yanada osonlashadi. Muhimi, oʻzaro hamkorlik aloqalari bitimlar asosida imzolanib, kafolatlanadi.
Ikkinchi foydali tomoni, JSTga kirish uchun milliy qonunchiligimizni xalqaro standartlarga moslashtirishimizga toʻgʻri keladi. Yuqoridagi farmon bilan shu narsa nazarda tutilayotgani bejiz emas. Savdoga tegishli boʻladimi, investitsiyaga tegishli boʻladimi, qaytʼiy nazar, qonunchiligimizni xalqaro standartlarga moslashtiramiz. Bu savdo qonunlarining yanada yengillashishi, rivojlanishiga, shu orqali yurtimizga koʻproq investorlar, mahsulotlar kirib kelishiga yoʻl ochadi. Bozorlar toʻyinadi, narxlar arzonlashadi.
Bundan tashqari, xalqaro tashkilotga aʼzo boʻlishimiz ortidan savdo sharoitlari yanada yaxshilanib, mamlakatimiz orqali oʻtadigan yuk tashuvlari hajmi oshib, davlatga qoʻshimcha toʻlovlarni olib kiradi. Buning uchun bizda imkoniyat katta. Boisi, Oʻzbekiston Yevroosiyo mintaqasining eng markazida joylashgani sababli bir tomondan Xitoyni, boshqa tomondan Yevropani bogʻlaydi, yaʼni muhim tranzit vazifasini oʻtaydi. Agar tranzit xarajatlari bizda qimmat boʻlsa, yuk tashuvlari Qozogʻiston yoki Qirgʻiziston orqali oʻtib ketishi mumkin. Savdo sharoitlarini yaxshilashda ana shu jihatlar ham eʼtiborga olinadi.
Uchinchi masala, huquqiy va institutsional oʻzgarishlar. Davlatda bunday oʻzgarishlar jahon standartlariga moslashtirilsa va qaytishi boʻlmasa, investorlarning yurtimizga ishonchi ham, kirib kelish oqimi ham oshadi. Qaytishi, deganda qabul qilingan huquqiy qarorlarning amalda bajarilmasligi nazarda tutiladi va JSTga aʼzo boʻlingach, bu holat kuzatilmaydi ham. Boisi, 166 ta davlat bilan shartnoma imzolandimi, bundan osonlikcha voz kechib boʻlmaydi. Shuning oʻzi investorlarda ishonch paydo qiladi. Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlganining oʻziyoq qonuniy va institutsional tuzilmalari xalqaro standartlarga moslashganini ifodalaydi. Qolaversa, xalqaro tashkilotning turli davlatlar orasida kelib chiqadigan nizolarni hal qilish sudi bor. Mana shu sud orqali istalgan muammo bartaraf etiladi. Bu yurtimiz uchun ham foydali. Masalan, qaysidir tadbirkorimiz JSTga aʼzo birorta davlatga borib savdo qilishi jarayonida adolatsizliklarga uchrasa, JSTning nizolarni hal qiluvchi sudiga murojaat qilishi mumkin boʻladi. Bu yurtimiz tadbirkorlari, kompaniyalarining boshqa davlatlarda erkin, qonuniy faoliyat olib borishiga yoʻl ochadi.
Toʻrtinchi jihati, iqtisodiy reformalar, yaʼni oʻzaro hamkorlikning shaffofligi. Xalqaro tashkilotga aʼzo davlatlar bir-birining oʻyin qoidalarini JSTning maʼlumotlar data bazasi orqali bemalol koʻra oladi. Tashkilotga aʼzolik mana shu reformalarning tezlashishiga sabab boʻladi. Tasavvur qiling, iqtisodiy islohotlarni mamlakatning bir oʻzi qilgani qayerdaku, 166 ta davlat tajribasidan oʻrganib amalga oshirish qayoqda.
Beshinchisi — diversifikatsiya. Mamlakatimizda infratuzilma asosan qishloq xoʻjaligiga moslashgani koʻrinadi. Shu jihatdan, eksport mahsulotlarni diversifikatsiya qilish yurtimiz iqtisodiyoti yanada rivojlanishida juda katta rol oʻynaydi. Buni ikkiga boʻlamiz — mahsulotlar hamda eksport qilinadigan davlatlar diversifikatsiyasi. Birinchi yoʻnalishdagi qulayliklardan biri, yurtimiz eksport mahsulotlarining turi koʻpayishi ortidan ularning birining narxi tushishi butun boshli iqtisodiyotga unchalik taʼsir koʻrsatmaydi. Eksport masalasida esa, davlatlar tanlovi kengayadi. Bu iqtisodiy jihatdan daromad olib keladi va geosiyosiy barqarorlikni oshiradi, har bir sanoat nisbiy ustunligiga koʻra rivojlanib boradi.
Oltinchi qulaylik, mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi hamda Jahon savdo tashkilotining faol koʻmagi. Oʻzbekiston rivojlanayotgan davlatlar qatoriga kirgani bois, rivojlangan davlatlar investitsiyalar kiritish orqali texnik yordamlarini beradi. Bunday yordam tashkilotga aʼzo boʻlmagan davlatlarga aslo berilmaydi. Bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlaridan faqatgina Turkmaniston va Oʻzbekiston JSTga aʼzo emas. Keyingi yillarda aʼzolikka harakatlarning tezlashib borayotgani boisi ham shunda.
Imkoniyatlarimiz qanday?
Yuqoridagi Prezident farmoni JSTga aʼzolik harakatlari nihoyatda jiddiy ekanini koʻrsatadi va unda belgilangan vazifalar amaliy jarayonlarni yanada jadallashtirib yuboradi. Nazarda tutilgan jihatlar xalq uchun ham juda katta oʻzgarishlardir. Xususan, farmonga koʻra, qator monopolistlarning bir necha oʻn yillar amal qilgan va avvalgi epoxadan qolgan, keyinchalik yangi davrda kuchaygan qator eksklyuziv vakolat va huquqlari bosqichma-bosqich bekor boʻladi, yaʼni, alohida huquqlar ulardan olib qoʻyiladi. Chunki JSTga aʼzo boʻlishning asosiy shartlaridan biri iqtisodiyotda barchaga teng sharoit yaratish hisoblanadi. “Yoki hammaga bir xil preferensiyalar ber, yoki hech kimga berma, hamma halol oʻynasin”, degan aqidaga amal qilinadi.
Yurtimizda monopolistlarga beriladigan alohida imtiyozlar yillar davomida xalqni ham qiynab kelayotgan masalalardan biri ekani sir emas. Masalan, internetni sotish boʻyicha monopol tashkilotni olaylik. Shu vaqtgacha bu tashkilot mamlakatimizdagi internet provayderlariga unchalik tezkor boʻlmagan internetni nisbatan qimmat narxda sotib kelardi. Farmon bilan, 2025-yil 1-yanvardan boshlab esa internet provayderlari bu tashkilotni chetlab oʻtib, internetni toʻgʻridan toʻgʻri dunyodagi boshqa kuchliroq kompaniyalardan anchagina arzon narxlarda sotib olishi mumkin. Bu axborot texnologiyalari sohasi rivojida ham juda katta yaxshi oʻzgarishlarga sabab boʻladi va IT sanoati rivojlanishiga yaxshigina hissa qoʻshadi.
Bundan tashqari, tariflarni birxillashtirish, notarif cheklovlar va turli preferensiyalardan voz kechish koʻzda tutilgan. Davlat xaridlarida sogʻlom raqobat muhitini ragʻbatlantirish maqsadlarida jiddiy qadamlar qoʻyilishi belgilangan. Agar farmonga kiritilgan vazifalar oʻz muddatlarida ijro qilinsa, Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga kirishi harakatlari maqsadlardan amaliy reallikka koʻchadi.
Tashkilotga aʼzolik masalasida mamlakatimizda fikrlarning ikkiga boʻlinishi kuzatilayotgani ham tabiiy jarayon. Yaʼni, Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishidan ayrim sohalar zarar koʻradi, degan qarashlar ham yoʻq emas. Avvalo, aniqlashtirib olaylik, agar qaysidir sohaning zarar koʻrishi aniq boʻlsa, nima uchun JSTga aʼzo boʻlmoqchimiz? Chunki, zarar boʻlgan taqdirda ham, u yalpi foydaga nisbatan juda kichik boʻladi. Yalpi foydaning kattaligi zararni qoplab yuboradi. Undan tashqari, “zarar” deyayotganimiz chin maʼnodagi zarar emas, balki, haqiqiy bozor iqtisodiyotiga oʻtish jarayonida rusurslar taqsimotining samaradorligi oʻsishi natijasida yuzaga keladigan vaqtinchalik “oʻzgarish”, xolos. Bunda umumiy qoida shuki, savdoga erkinlik berilganda, samaradorligi past boʻlgan sohalar yoʻq boʻlib, oʻrniga samaradorligi yuqori boʻlgan sohalar keladi. Boisi, samarasiz soha — u katta yoki kichik biznes boʻlsin, xalqaro raqobat oldida turib bera olmaydi. Samaradorlikning yuqoriligi esa mahsulot sifati va miqdorini oshirib, narxini tushiradi. Eksport bozorida raqobatbardoshlik ortib, iqtisodiy farovonlik oʻsib boradi.
Xoʻsh, yurtimizda qaysi sohaning samaradorligi yuqori? Bizning holatimizda, xususiy biznes yuqori samaradorlikka ega. Davlat korxonalari esa koʻp hollarda kam samara bilan ishlaydi. Buning bir qator sabablari bor. Masalan, xususiy tadbirkorning biznes boshlashga ragʻbati bu — iqtisodiy, davlatniki esa — siyosiy. Biznes iqtisodiy ragʻbatlar sabab rivojlanadi, siyosiy sabablar bilan emas. Shuningdek, xususiy tadbirkor bankrot boʻlsa, qarzlarini oʻzi toʻlaydi, davlat korxonasinikini esa xalq soliqlar orqali toʻlaydi. Shu bois, biznes olamida “tirik qolish”ga intilish xususiy tadbirkorda kuchliroq boʻladi.
JSTga aʼzo boʻlgan davlatlardan xususiylashtirish boʻyicha islohotlar talab etiladi. Mamlakatdan har kimga bir xil, adolatli munosabatda boʻlish vaʼdalari olinadi. Natijada, xalqaro raqobatga dosh bera olmagan davlat korxonalari oʻrnini xususiylari egallaydi. Xalqda esa tanlov imkoniyati oshadi.
Oʻzbekiston 2026-yilda boʻlib oʻtadigan Jahon savdo tashkilotining vazirlar yigʻilishigacha aʼzolikka erishishni koʻzlayapti. Xoʻsh, 2-yil ichida xalqaro tashkilotga aʼzo boʻla olamizmi? Nazariy jihatdan buning imkoni bor. Bir misol, Qirgʻiziston JSTga 2-yil ichida aʼzo boʻlgan. Biroq 90-yillar oxirida aʼzo boʻlish nisbatan osonroq boʻlganini ham unutmasligimiz kerak. Ammo yana bir ishonch beradigan tomoni, JST har ikki yilda bir aʼzo davlatlar vazirlari oʻrtasida oʻtkaziladigan konferensiyaga “sovgʻa” tayyorlashni xush koʻradi. Oxirgi — Abu Dabidagi yigʻilishda ham Komor orollari va Sharqiy Timor JSTga rasman aʼzo, deb qabul qilindi.
JSTga aʼzo boʻlishda ishchi guruh yigʻilishlari juda muhim sanaladi. Bu kabi yigʻilishlarda xalqaro tashkilotning 166 aʼzosi Oʻzbekiston vakillarini savolga tutadi. Maʼlumot uchun, Qozogʻiston 20 ta, Rossiya 30 ta muzokaralar yigʻilishidan soʻng JST aʼzoligiga qabul qilingan. Bizda esa endi 8 tagina muzokara boʻlib oʻtdi. Ammo Kamerundagi konferensiya 2026-yil dekabr oyida boʻlishini hisobga olsak, bizda hali uch yilga yaqin vaqt bor.
Oʻzbekistonning soʻnggi uch ishchi guruh yigʻilishlari 2022-yil iyun, 2023-yil mart hamda noyabr oyida boʻlganiga koʻra, 2024-yil maydagi yigʻilish anchagina tez amalga oshganini koʻrish mumkin. Bu hukumat JSTga aʼzo boʻlishni tezlatishga urinayotganidan dalolat. Hozirgacha mamlakatimiz Dominikan Respublikasi, Isroil, Yaponiya va Urugvay bilan ikki tomonlama shartnomalarni tugatgan va yana 33 ta davlat bilan aktiv muzokaralarni olib bormoqda.
Valijon TOʻRAQULOV,
Markaziy Osiyo universiteti (CAU) professori
(Maqola “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 13.06.24 y, 116-sonida eʼlon qilingan)