Vatan, istiqlol va taraqqiyot qayg‘usi

    Vatan va istiqlol tushunchalari bir-biriga chambarchas bog‘liq. Chunki o‘z mustaqilligiga ega bo‘lmagan Vatanning Vatanligi qayerga boradi?

    Vatanimiz mustaqillikni ham, mustamlakani ham ko‘p ko‘rgan. Ammo Vatan himoyasi uchun kurash hech qachon to‘xtamagan. Xalqimiz Doro hujumlariga ham, Iskandar Maqduniy, arab istilochilari, Chingizxon, rus bosqiniga qarshi ham mardonavor kurashgan. Har gal mustaqilligini qo‘lga kiritganida bu yurtda taraqqiyot qayta yuz ko‘rsatavergan.

    1991-yili erishgan mustaqilligimiz esa bizga milliy davlat qurish imkonini berdi. O‘tgan 33 yilga yaqin davr mobaynida biz dunyo xaritasida o‘rnimizga ega bo‘ldik, hech kimdan kam bo‘lmaganimiz, hech kimdan kam emasligimiz va hech kimdan kam bo‘lmasligimizni ko‘rsatdik. Boshqalar ham biz bilan hisoblashadigan bo‘ldi.

    Yildan-yilga oldinlab boryapmiz. “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida 2030 yilga borib yalpi ichki mahsulotni qariyb ikki barobar oshirish, uni jon boshiga yiliga 4 ming dollarga yetkazish oldimizdagi ulkan vazifa qilib qo‘yildi. Sanoat, turizm, qishloq xo‘jaligi, ilm-fan, madaniyat, sport, adabiyot, san’at va boshqa sohalarda yuksak marralarni ko‘zlaganmiz.

    Shunga qaramay, ba’zan chetdan turib, ba’zida ichkaridan ham ana shu suveren davlatimizni, xalqimiz ravnaqini ko‘rolmagan ayrim kuchlar erkinligimizga bolta uradigan turli g‘arazli g‘oyalarni tarqatyapti, dag‘dag‘a va diversiya qilyapti. Bu esa biz xalq sifatida jonajon Vatanimiz va istiqlolimizni har kuni, har soat asrab-avaylashimiz lozimligini qayta-qayta uqtirib turganday bo‘lyapti.

    Biz qadim-qadimdan davlatchilik ko‘rgan xalqmiz. Hatto temuriylar qurgan markazlashgan saltanat o‘z zamonasida davlatchilikning Yer yuzidagi eng yuksak namunasi bo‘lgan edi. Buni o‘zimizgina aytayotganimiz yo‘q, butun dunyo tan olyapti.

    Temuriylarning bevosita davomchilari bo‘lmish boburiylar sulolasi Hindistonda naqd 332 yil hukm surib, amalda o‘zbek davlatchiligi va madaniyatini o‘sha paytlarda nisbatan qoloq hisoblangan bu o‘lkaga olib bordi.

    XIX asrning ikkinchi yarmida yuz bergan rus bosqiniga qadar ham Markaziy Osiyoda uch o‘zbek davlati hukmronlik qilar edi. Qo‘qonda minglar, Buxoroda mang‘itlar, Xivada qo‘ng‘irotlar urug‘i vakillari taxt egasi edi.

    Yer yuzida topilgan ilk turkiy runik yozuvlarning tili boshqa qirqqa yaqin turkiy lison orasida, avvalo, bugungi o‘zbek tiliga eng yaqin. Keyinchalik “chig‘atoy tili” deb atalgan zabonda yaratilgan merosga ham birinchi galda biz da’vogarlik qilamiz. Shuning uchun bugungi o‘zbek adabiy tili, asosan, o‘zbeklarning qadimdan o‘troqlashgan bir qismi bilan uyg‘urlar mansub bo‘lgan qarluq-chigil lahjasiga asoslanadi.

    Bu faktlarni shuning uchun keltiryapmizki, chetdan turib ba’zilar millatimizni kechagina paydo bo‘lganga chiqaryapti. To‘g‘ri, 1924 yilning 27 oktyabrida Buxoroda O‘zbekiston Sovet Sosialistik Respublikasi e’lon qilindi va shu kundan boshlab o‘zbek so‘zi bugungi o‘zbeklar barcha qavmlarining yagona nomiga aylandi. Bu asossiz emas edi, albatta.

    Biroq unutmaslik kerakki, bir millatning paydo bo‘lishi uning nomi bilan bevosita bog‘liq bo‘lmasligi ham mumkin. Ya’ni bir tilda so‘zlashuvchi xalq oldin paydo bo‘lishi, turli davrlarda turlicha nomlanishi, keyin boshqa nom bilan atalishiga tarix guvoh. Jahonda buning ko‘plab misollari bor. XV asrdagi o‘zbek nomi bugungi millatimizning bir qavmini, ya’ni qipchoq lahjasida so‘zlashuvchi insonlarni anglatgan. Ular qarluq-chigil va o‘g‘uz lahjalari vakillari bilan yonma-yon, aralash-quralash yashadi. Bora-bora bir qismi qarluq-chigil, bir qismi qipchoq, bir qismi o‘g‘uz lahjalarida so‘zlashuvchi bir millat yuzaga keldi. 1924 yili aynan ana shu millatga rasman o‘zbek deb nom berildi.

    Bu hech qanaqasiga o‘zbek millati aynan shu yili paydo bo‘lganini anglatmaydi. Boshqacha aytganda, bir xalq bo‘lib birikkan uch qavmdan birining nomi umumiy nom sifatida tanlandi, vassalom.

    Bunday iddaolardan ko‘zlangan maqsad nima? Xalqni parokanda qilish. Kamsitish. Oxir-oqibat shu tariqa uning istiqloliga raxna solish. Bunga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

    Tarix guvohlik beradiki, mustamlakasidan ayrilgan yirik imperiyalar vakillari barcha zamonlarda ham o‘zi yo‘qotib qo‘ygan avvalgi davrlarni qo‘msash his-tuyg‘usini oshkor etadi. Qo‘yib bersangiz, yana o‘sha hududlarga ko‘z olaytiradi.

    Yo‘q! Tarix orqaga qaytmaydi.

    Vatanni va uning istiqlolini himoya qilish hech qachon dolzarbligini yo‘qotmaydi. Bugun shu gapni qayta-qayta takrorlashimiz, buni har birimiz qalbimizga joylashimiz darkor.

    Yangi O‘zbekistonda biz inson qadri ustuvor bo‘lgan farovon jamiyat va iqtisodiyoti taraqqiy topgan davlatni barpo etishni maqsad qilganmiz. Ushbu ulug‘vor g‘oya asosida xalqimiz yangi islohotlarning muallifiga aylanib bormoqda.

    O‘tgan qisqa davr mobaynida jamiyat hayoti, milliy iqtisodiyot, ilmu fan, ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash, madaniy-ma’rifiy sohalar yangilandi. Tadbirkorlik butun mamlakatda keng quloch yozib, yangi mulkdorlar sinfi shakllandi, O‘zbekiston taraqqiy topgan xorijiy davlatlar bilan bo‘ylasha boshladi, bundan-da muhim o‘zgarishlarni qamrab olgan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi ishlab chiqildi va hayotga tatbiq qilina boshladi.

    Bugun biz murakkab va tahlikali zamonda yashayapmiz. Atrofga qarang, dunyoda nimalar bo‘lyapti?! Bu esa bizdan oliy darajadagi hushyorlikni, ogohlikni, kurashchanlikni talab qiladi. Binobarin, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining o‘tgan yil 22 dekabrda o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishida Prezidentimiz masalaga diqqat qaratib, bunday dedi: “O‘zimizga bir savol berib ko‘raylik: biz hozirgi keskin sharoitda g‘oyaviy-mafkuraviy sohada raqobatga tayyormizmi? Yosh avlodimiz tarbiyasi murakkab zamon talablariga javob beryaptimi? Mana, bugun ma’naviy-ma’rifiy sohada masala qanday o‘tkir va ko‘ndalang bo‘lib turibdi. Bular oddiy savollar emas. Odamni jiddiy o‘ylantiradigan, tashvishga soladigan savollar.

    Agar biz bu yorug‘ dunyoda “o‘zbek”, “O‘zbekiston” degan nomlar bilan yashab qolishni istaydigan bo‘lsak, bu savollarga bugun javob topishimiz va ularni hal etish bo‘yicha amaliy harakatlarni aynan bugun boshlashimiz shart. Ertaga kech bo‘ladi”.

    Bahrom ABDUHALIMOV,

    O‘zbekiston Fanlar akademiyasi

    vise-prezidenti,

    tarix fanlari doktori, professor