Bahrayn suvlarga chaydim yuzimni,
Nasimlar esdilar iliq, arabiy.
Bir osmon toʻldirib keldi koʻksimni —
Vatan qolar ekan, vatan abadiy.
Biz, endigina hayotning ranglari bilan tanishayotgan bolalar qoʻlimizni parta ustiga qoʻyib, deraza ortida oppoq gullagan bodomga tikilgancha sheʼrni maroq bilan tinglar edik. Toʻgʻri, sheʼrning mazmunini toʻliq tushunmasdik, biroq undagi birgina Vatan soʻzi oʻzgacha ohangda eshitilar, uning nima ekanini bilishga oʻch edik. Oradan yillar oʻtib, oʻsha sheʼrning davomini yana qayta oʻqidim:
Bobo qirlardagi bir xas yo tikan,
Shu ham kimlargadir zoʻr armon ekan.
Koʻp ekan zar topib, zor boʻlib yurgan,
Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.
Olmon tuprogʻida bir nemis ayol,
Koʻzda yosh, oʻzbekcha ayladi savol.
Xalqim, nonu tuzing hamisha halol,
Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.
Hozir bu goʻzal sheʼrda nima haqda gap borishiyu qanday tuygʻular tarannum etilganini juda yaxshi anglayman. Biroq baribir yana oʻsha davrlarga qaytib, aynan shu rangpargina oʻqituvchining tilidan sheʼrni qayta tinglamoqqa borimni berishga-da tayyor boʻlaman baʼzan. Bizga Vatan haqida ilk marta oʻylatgan oʻsha ustozimizga chin koʻngildan rahmat aytishni sogʻinaman, nega oʻshanda rahmat aytmaganman, deya oʻzimni koyiyman.
Biz u paytlar oʻyinqaroq edik, darsda zavqlanib oʻtirsak-da, qoʻngʻiroq chalinishi bilan oʻqituvchidan oldin koʻchaga otilardik. Ha, bolalik faqat yugurish bilangina oʻtarkan. Tanaffusda maktab stadioniga, dars tugagach esa quvalashib uyga yugurardik. Yagona burchimiz maktabga kelib-ketish, deb bilar, koʻnglimizda zigʻircha ham qoʻrquv yoki hadik yoʻq edi. Bir-birimiz bilan tortishib qolmasak, bizga begona biror kishi ziyon yetkazmasdi.
Maktab uyimizdan taxminan toʻrt chaqirim uzoqda joylashgan. Baʼzan sinfdoshlarim bormagan kunlari bir oʻzim ham ketaverardim. Chunki Vatanimiz tinch edi, shu sababli butun dunyoni ana shunday tinch, deb tasavvur qilar edik. Maktabdagi tarbiya soatlarida terrorizmu boshqa ofatlar haqida koʻp va xoʻp gapirilgani bilan ular asl hayotda qanday boʻlishini hech qachon koʻz oldimizga keltira olmaganmiz. Boshqa davlatlarda oʻquvchilar maktabga qoʻriqchilar himoyasida borib-kelishini eshitib, kulgimiz qistagani ham bor gap. Axir biz qoʻriqchi bilan kelish tugul, maktab yoʻlidagi bogʻdan hali xom olma oʻgʻirlab chiqqanimizda ham keksa bogʻbon boboning hassa bilan oʻdagʻaylagancha quvlab qolishidan boshqa xavf koʻrmas edik. Shu bois, bogʻdan pishmagan olmalarni har kuni qayta-qayta oʻgʻirlab chiqaverardik.
Bizdan katta bolalar — akalarimizning armiyaga nega borishiga esa umuman, aqlimiz yetmas edi. Nega armiyaga boradi? Kim bilan urishadi? Hammayoq tinch-ku! Tinch davlatga armiyaning nima keragi bor ekan, derdik. Biroq dunyoning katta qismi tugul, atrofimizdagi mamlakatlar ham allaqachon xavf-xatar oʻchogʻiga aylanib boʻlganini yoshimiz ulgʻaygach, tushunib yetdik. Mana shu ofat oʻchoqlari bilan yonma-yon yashab, biz, bolalarni urush nimaligini bildirmay ulgʻaytirgan davlatning fuqarosi ekanimizdan faxrlandim. Bir safar urushlar haqida oʻta ayanchli xabarlarni oʻqiyotib, pasportimni ochgancha koʻzimdan yosh chiqib ketgani esimda.
Bugungi dunyo — yashirin xavf-xatarlar uyasi. Kimning kimligini bilish amri mahol, sababi barcha xalqaro harakatlar oshkoradan pinhonga koʻchgan. Dunyo xuddi, “Kelinlar qoʻzgʻaloni” filmidagi hovliga oʻxshaydi. Azaliy odatlarga koʻra, bir stol atrofida samimiy suhbatlar bilan taomlanishadi-yu, oʻz hujrasiga qaytgandan keyin hamma oʻz bilganicha — gʻiybat, yashirin tarafkashlik hamda manfaatlar kurashi. Farmonbibi rolidagi dunyoning asosiy murosasozi — Birlashgan Millatlar Tashkiloti ham bulardan goʻyo bexabar, chora koʻrmoqqa ojizdek. Kimga ishonishni esa bilmaysan. Yagona chora — oʻzingga ishonish. Tafakkurda darhol shu savol yarq etadi — biz oʻzimizga ishonamizmi? Mamlakatning asosiy iroda kuchi uning xalqidir. Xalqni xalq holida saqlab turuvchi bosh mezon esa — birdamlik.
Mingyilliklar qaʼrida shakllangan xalqimiz uchun birdamlik hissi bugun har qachongidan dolzarb. Aynan ichki birdamlikni mustahkamlamas ekanmiz, tashqi xavflarga qarshi immunitet koʻrsatkichlarimiz soʻroq holicha qolaveradi. Nimalarga qodir ekanimizga ham aniq tashxis qoʻya olmaymiz. Lekin birdamlikni qanday aniqlasa boʻladi? Oyogʻing ostidagini osmondan izlama deganlaridek, birdamlik deganda bir necha yildan buyon yashab kelayotganim — poytaxtning Yashnobod tumanidagi Mashinasozlar mahallasining odamlari koʻz oldimga keladi, uning oz aholisi orqali butun xalqimizni tahlil qilmoqqa chogʻlanaman.
Barchamiz uchun Vatan ostonamizdan, mahallamizdan boshlanadi. Hammamizning oʻz mahallamiz bor. Biz shu mahallada yashaymiz, shu mahalla odamlarining yaxshi-yomon kunidan baholi qudrat xabardor boʻlamiz. Mahalla bir qarashda oddiy tuzilma kabi koʻrinsa-da, haqiqiy maʼnodagi kichkina Vatan. Ogʻrib qolsak, mahallamizdagi uy shifokorini yoʻqlab, eng avval undan maslahat soʻraymiz. Uyimizda nimadir taʼmirtalab boʻlsa ham mahalladosh chilangarga qoʻngʻiroq qilamiz. Baʼzan nimadir soʻrab, qoʻshnimiznikiga chiqamiz. Toʻy-maʼrakalarimiz ularsiz oʻtmaydi. Ijobiy oʻzgarishlarning ham natijasini dastavval oʻz mahallamizda his qilamiz. Mashinasozlar mahallasining ham ichki yoʻllari toʻliq asfaltlanganda qishda loyning azobini totgan oyoqlarimizni eslab, qancha quvongan edik.
Shuningdek, mahallamizning hasratini-da oʻz hasratimizdek qabul qilamiz. Bir safar yolgʻiz yashaydigan onaxonning uyida baxtsiz hodisa sabab yongʻin sodir boʻlganda biz ham oʻzimizni uyi yongan odamdek his qilgan edik, oʻz onamizdek jonimiz achigandi — qoʻldan kelgancha mahalladoshlar yordamini ayamagan.
Yana bir voqea, chamasi ikki yilcha oldin mahallaga bir “tadbirkor” koʻchib keldi. Hali mahallada uzoq muddat yashamay, odamlarni toʻla tanib ulgurmay, mahalla ichidagi koʻp qavatli uylarning shundoqqina yoniga koʻchma doʻkon qurishga kirishib ketdi. Poytaxtda bugungi kunda bir kaft yerning bahosi tilloga teng, mahalla ichida esa sotiladigan yerning oʻzi yoʻq. Uning yagona chorasi shu yerda doimiy yashovchi aholining roziligini olish va biror koʻp qavatli uy atrofiga koʻchma doʻkonini oʻrnatib olish edi. Lekin bunga odamlar rozi boʻlarmikan? Derazasining ostida kechayu kunduz shovqin boʻlishiga kim koʻnarkan? Bu shundoq ham qonunan mumkin boʻlmagan ishligi ravshan-ku! Menga voqealar rivoji qiziq tuyuldi.
“Tadbirkor” ishni eng avval uyma-uy yurib, har xil vaʼdalar berib, aholining rozilik imzosini yigʻishdan boshladi. Ishonasizmi, qanday vaʼdalar bilan koʻndirganidan bexabarman, “tadbirkor” mingga yaqin rozilik imzosi yigʻa oldi. Yaʼni shuncha odam shundoqqina derazasining ostida kechayu kunduz ishlaydigan doʻkon qurilishiga rozilik berdi. Lekin bir necha jonkuyar nuroniyning jiddiy qarshiligi bilan u baribir mahalla ichida koʻchma konstruksiyali doʻkonini joylashtira olmadi va boshqa joyga koʻchirib ketdi. Meni qiziqtirgani esa bunga qarshi boʻlganlarning orasida birorta ham yosh yoʻq edi.
Nahotki, yangi avloddagi xayrixohlik hissi keksa avlodga nisbatan koʻtarilish oʻrniga susayib ketgan boʻlsa? Balki mening oʻz mahallam misolida umumiy xulosa chiqarishim xatodir, shuning uchun siz-da oʻz mahalla yoki qishlogʻingizda shu mezonlar asosida tahlil oʻtkazishingizni hamda xulosalarni taqqoslab koʻrishingizni iltimos qilgan boʻlardim.
Men esa xonadonining tinchligiga befarq boʻlgan yoshlarning Vatan tinchligiga xayrixoh boʻlishiga soʻroq nazari bilan qarayman. Sababi, azaldan ota-bobolar Vatanni ovulu mahalladan boshlanadi, deb hisoblagan. Biz uchun Vatan — shu yer. Hammamiz oʻz mamlakatimizning maʼlum qismidagina yashaymiz, ishlaymiz, xalq oldidagi xizmatimizni oʻtaymiz hamda hayotimiz ham bevosita shu makon bilan bogʻliq. Tajriba tariqasida mahallamiz odamlari orasida “Mamlakatimizdagi hamma viloyatga borganmisiz?” degan kichik soʻrovnoma oʻtkazdim. Natija shuki, oʻn chogʻliq kishining atigi ikki nafarigina deyarli barcha viloyatga borgan ekan , ikkalasi ham kasb taqozosi tufayli.
Ayon boʻlganidek, Vatan tushunchasi katta sarhadlarni ichiga oluvchi hudud mazmunini anglatsa-da, vatanparvarligimiz atrofimizdagi maʼlum hududdagina namoyon boʻladi. Koʻpchiligimiz esa allaqachon uni tadbirbop tushunchaga aylantirib, asl mohiyatidan uzoqlashib ketganimizdan dil xira. Bugun vatanparvarlik tuygʻusi har qachongidan ham zarurat ekan, uni asliga qaytarish uchun harakat qilish zamon talabiga aylandi. Buning uchun esa xos manzil sifatida mahalladan-da yaxshiroq joy boʻlmasa kerak.
Davlatimiz rahbari joriy yil 12-yanvar kuni Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida “Bugungi kunda har birimiz amalda Vatan himoyachisi boʻlishimiz, yoshlarimizni ham shu ruhda kamol toptirishimiz zarur”, deya taʼkidladi. Vatanparvarlik tushunchasiga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilayotgan bugungi kunda bu burch eng quyi boshqaruv tuzilmasi boʻlgan mahallalarda qanchalik amalga oshirilayotgani, albatta, qiziq.
— Mahallalarda masʼuliyatli, oʻzini jamiyat hayoti bilan bogʻliq hisoblaydigan yoshlar doimo boʻlgan. Lekin sinchiklab nazar solsak, soʻnggi paytlarda ularning salmogʻi avvalgiga nisbatan kamaygandek, — deydi “Mashinasozlar” MFY raisi Mukarram Xudoyberdiyeva. — Elni birlashtiradigan tadbirlardan boʻlgan hasharlarda bu, ayniqsa, yaqqol koʻzga tashlanadi. Koʻz oʻngimizda ulgʻaygan mahallamiz yoshlari hashar boʻlayotgan hududni panalab oʻtishga harakat qiladi, biror zarur yumushi boʻlsa ham mayli edi, nariroqqa borib, telefon oʻynab yoki boshqa arzimas ishlar bilan band boʻlib turganiga koʻp guvoh boʻlamiz.
Toʻgʻri, hashar majburiy emas, biroq bizning yoshlik davrimizda hammamiz oʻzimiz bilib hasharlarda qatnashardik, kichik vatanimiz boshqa mahallalardan chiroyliroq boʻlishini, nuroniylarning duo qilishini yaxshi koʻrardik, yoshimiz ulgʻaygani sayin mahallaga boʻlgan mehrimiz shahrimizga, shahrimizga boʻlgan mehr esa butun Vatanimizga boʻlgan sevgiga oʻzgara bordi. Shuning uchun eskilar “Vatan ostonadan boshlanadi”, degan boʻlsa, ajab emas.
Lekin hozir biz yoshlikda unday edik, biz oʻsmirlikda bunday edik, deb hikoyanavislik qilishning oʻzi bilan ish bitmaydi. Bugun xayrixohlik hissi haminqadar boʻlgan yoshlar bilan alohida ishlashimiz, ularning dunyoqarashidagi yot fikrlarni yoʻqotishiga yordam berishimiz, Vatanni sevish insoniylikning asosiy tayanchlaridan biri ekanini uqtirishimiz kerak. Mashinasozlar mahallasining raisi sifatida buni mahallamizdagi nuroniylardan ham, ota-onalardan ham koʻp iltimos qilaman. Chunki mahalla ham, Vatan ham bizdan keyin shu yoshlarimizga qoladi.
Mahalla raisining suhbatini tinglab, yoshi kattalarning vatanparvarligiyu hozirgi avlodning vatanparvarligi orasidagi tafovutni taqqoslab koʻrish ishtiyoqi paydo boʻladi.
— Shimolda harbiy xizmat chogʻida bir kuni oʻzga millat vakillari suhbatlashib, Toshkent va toshkentliklarning shaʼni haqida kurakda turmas gaplarni ayta boshladi, — deydi 68 yoshli Farhod bobo. — Qonim qaynab ketdi, hammasini ayamay ura boshladim, lekin ular koʻpchilik, men yolgʻiz. Boʻlarim boʻlgan, lekin koʻnglim xotirjam. Sababi xalqimning, tugʻilgan yurtimning shaʼnini himoya qilishga hech yoʻqsa harakat qildim. Ishonasizmi, oʻsha zoʻravonlar xizmatning oxirigacha qaytib Toshkent haqida yomon gapirmadi. Chunki u yerda bitta boʻlsa ham oʻzbekning qoni qaynoq bolasi bor edi. Otamiz bizga shunday tarbiya bergan. “Noningdan soʻrasa, och-nahor boʻlsa, ber. Lekin tuprogʻingdan soʻrasa, kim boʻlishidan qatʼi nazar, bir hovuch ham berma”, derdi. Vatan degan tushuncha ongimda shunday muhrlanib qolgan.
Oʻylab qolaman, bugun ham farzandlariga shunday nasihat qiladigan, Vatanga mehr-muhabbat bilan farzand tarbiyalaydigan otalarimiz koʻpchilikmi? Til oʻrgatib, hunarga oʻqitib, pul topmoqqa shaylab, Vatanni sevishni oʻrgatmoqni yodidan chiqarib qoʻyishmayaptimi?
Faxriy oʻqituvchi Raʼno buvining hikoyasi yanada qiziq.
— Endigina universitetga kirgan yillarim otamning yaqin oʻrtogʻining oʻgʻlidan sovchi keldi. Onamning qistovi va maqtovi bilan uchrashuvga chiqishga rozi boʻldim, — deydi Raʼno buvi. — Yigit xushmuomala, shirinsuxan ekani shundoq koʻrinib turardi. Lekin menga uning koʻproq dunyoqarashi muhim edi. Undan kelgusidagi rejalari haqida soʻradim. U esa bu yerlarda qolish niyati yoʻqligi, imkon topilsa, bugunoq Vatanni tark etishga, oʻsha yerlarda bir umr qolib yashashga tayyorligini aytdi. Shu-shu, uyga bordimu onamga uzil-kesil rad javobi berishini tayinladim. Sababi, oʻsha paytlardayoq yaxshi sharoitga uchib, tugʻilib oʻsgan makonini tashlab ketishga tayyor yigitni turmush oʻrtoq siymosida koʻra olmaganman. Keyinchalik eshitdim, u baribir xorijga ketibdi.
Deyarli barcha suhbatlarimdan bitta xulosa chiqaveradi — Vatanni seva olmagan odam hech narsani chin dildan seva olmas ekan. Biroq vatanparvarlik shunday fazilatki, qaniydi uni maktabdagi bitta fan yoki alohida taʼlim dargohi orqali barchaga birdek yuqtirib boʻlsa! Yoʻq-yoʻq, vatanparvarlik inson umri davomida orttiradigan boylik, shirin darddir. U ilgʻor mamlakatlar safida yurti nomini koʻrsa, quvonadigan shodlik, biror vatandoshi magʻlub boʻlsa, qoʻshilib oʻksiydigan mushtiparlikdir. Qaniydi, bu jahon maydonida hammamiz bir xil shodumon, bir xil mushtipar boʻlolsak. Tomirlarimizda oqayotgan qon Jayhunu Sayxun suvlari ekanini birdek anglasak. Toʻrt faslini telbalarcha sevib, “oʻzimizniki” degan tasavvur ila kapalagiga ham ozor bermasak, daraxtlarini kesmasak, oltin tuprogʻini qogʻozga alishtirmasak, uning nomini toptaganni tilini sugʻurib olgudek shashtimiz olovlanib tursa. Qaniydi, Vatan himoyasi faqat qoʻlda qurol bilan chegaralarni qoʻriqlash emas, uning shaʼni va nomini ham qoʻrish ekanini hammamiz birdek tushunsak. Bizdan zoʻri, bizdan vatanparvari boʻlarmidi?!
Soʻzimni esa yana oʻsha maktab darsliklarida oʻqiganim — takrori yoʻq goʻzal misralar bilan yakunlashga ruxsat bergaysiz:
Vatan — ona soʻzi naqadar laziz,
Sensan har narsadan moʻtabar, aziz,
Hurmatingni saqlar har bir oʻgʻil-qiz,
Muqaddas, moʻtabar, ulugʻ Vatanim,
Oʻlsam ayrilmasman quchoqlaringdan…
Jonibek ALIJONOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
("Yangi Oʻzbekiston" gazetasi, 2024-yil 14-mart, № 53)