Festival doirasidagi tadbirlar roppa-rosa uch kundan soʻng start oladi. Saylda qovunlarning bir-biridan shirin oʻnlab mahalliy navlari namoyish etiladi. Bundan tashqari, turli meva-sabzavotlar, poliz ekinlari, qandolat va asalarichilik, hunarmandchilik, chorvachilik va baliqchilik mahsulotlari koʻrgazmasi ham tashkil etilishi koʻzda tutilgan.
Maʼlumki, Xorazm vohasi qadimdan oʻziga xos tabiati, shirindan shakar mevalari, ayniqsa, tilimi tilni yorar qovunlari bilan dunyoga mashhur. Tarixiy qoʻlyozmalarda, jumladan, mashhur arab sayyohi Ibn Battuta, venger olimi Herman Vamberi asarlarida vohaning qadimiy qovunlari yuqori baholangan. Manbalarda keltirilishicha, bu zaminda yetishtirilgan qovunlar muz bilan oʻralgan qoʻrgʻoshin qoliplarda savdo karvonlari orqali dunyoning turli davlatlariga eksport qilingan.
Qayd etish joizki, qovunning noyob xususiyatlari behisob boʻlib, u inson organizmining hayotiy faoliyatini yaxshilaydi. Shu boisdan ham qovunni tibbiyotda «Baxt garmoni» deya atashadi. Chunki uning tarkibida insonni yashartirish xususiyatiga ega serotanin moddasi, A, S, E, V1 va V2 vitaminlari mavjud. Ushbu poliz mahsuloti kasalliklarga qarshi «himoya» vositasi hamdir. U qon tomirlari devorini mustahkamlashi bilan birga insonni tushkunlikdan xalos etadi va unga koʻtarinki kayfiyat bagʻishlaydi. Hatto uyqusizlikni oldini olishda qovun samarali vosita hisoblanadi. Tabobatda qovun mevasining urugʻi jigar va buyrak kasalliklarini bartaraf etishda hamda peshob haydovchi sifatida, kamqonlikda, quvvatsizlikda qoʻllaniladi.
Xorazmda qovunning 400 dan ziyod navlari yetishtirilgani haqida tarixiy maʼlumotlar mavjud. Soʻnggi yillarda viloyatda olib borilgan izlanishlar natijasida qovunning qadimiy 7 ta navi qayta tiklandi. Amaliyotchi olimlar tomonidan hosildorligi yuqori boʻlgan, noqulay ob-havo sharoitlariga chidamli, eksportbop navlar yaratildi. Prezidentimizning tashabbusi bilan Xorazm qovunchilik maktabini qayta tiklash, voha tuproq iqlim sharoitiga mos, eksportbop navlarini koʻpaytirish maqsadida Urganch davlat universiteti qoshida qovunchilik markazi tashkil etildi va polizchilik yoʻnalishida mutaxassislar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Keyingi yillarda vohada qovunni issiqxona, hamda ochiq dalalarda yetishtirish boʻyicha ilmiy klaster loyihasini tashkil qilish borasida samarali ishlar olib borilyapti.
Shohida Ibragimova,
mustaqil ilmiy izlanuvchi.