Vatan tuzin oqlamoq darkor

    yohud Tohir Malik yaratgan maktab

    Joriy yilning may oyida Tohir Malik nomidagi nashriyot uyida “Tohir Malik – zamondoshlar xotirasida” nomli kitob chop etildi. Nashrga tayyorlovchi Sherkon Qodiriy, nashr uchun mas'ul Sherzod Xabilov, mas'ul muharrir Orziqul ergash va boshqalar kitobni chop etishda ishtirok etishdi. Kitob uch qism: “Zamondoshlar e'tirofi”, “Zamondoshlar xotirasi” va “Adib bilan suhbatlar”dan iborat bo'lib, so'nggi so'zni Sherkon Qodiriy yozgan.

    Kitobga o'z xotiralarini yozib bergan adibning do'stlari, maslakdoshlari va shogirdlari bo'lgan insonlar qirqqa yaqin. Xotiralar Sherkon Qodiriy va adibning o'g'li Sherzod Xabilovning iltimosiga ko'ra to'plangan edi. Bu haqda ular adibning janozasi chog'i xabar berishgan. Men ham o'z xotiralarimni bir hafta ichida yozib berdim, ko'pchilik shunday qildi, biroq pandemiya tufayli ushbu to'plamni vaqtida chop etishning iloji bo'lmadi. Va nihoyat, shu yilning 5 may kuni to'plam olam yuzini ko'rdi. Kitob chop etilgach, albatta uning taqdimotini o'tkaziladi. Adib faoliyat yuritgan IIV Akademiyasi taqdimotni birinchi bo'lib o'tkazar, deb o'yladim, chunki Tohir Malik bu erda 21 yildan ziyod mehnat qilgan.

    Taqdimotni O'zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida o'tkazadigan bo'ldik. Taqdimot ham kitobning nomida bo'ldi: “Tohir Malik — zamondoshlar xotirasida”. Taqdimotga O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, tanqidchi Sherkon Qodiriy va adibning shogirdi Hasan Abdurazzoqovlar taklif etildi. Tadbir juda qiziqarli o'tdi. Tadbirga jalb etilgan 3-kurs kursantlari va universitet professor-o'qituvchilari adib haqida “tesha tegmagan” ma'lumotlarni eshitib, ulkan taassurotlar olishdi. Tohir Malik yaratgan “ustoz-shogird” maktabi haqida ma'lumotlar berdik.

    Adibning maktabini o'tagan shogirdlari keyinchalik ilmiy tadqiqot izlanishlarida katta yutuqlarga erishishdi. YUridik fanlar doktorlari hamda professorlari Shuhrat Yoqubov, Baxtiyor Murodov va Axrorjon Xudoyberdievlar shular jumlasidandir. eng qizig'i shundaki, hozir Oliy ta'lim tizimidagi mas'ul lavozimlardan birida ishlayotgan, adibning shogirdi Shuhrat Yoqubov o'z doktorlik dissertatsiyasi himoyasini ustozning tavallud kunlariga to'g'riladi. Tohir akaning xursand bo'lganini ko'rsangiz edi. Xuddi o'zlari himoyaga chiqqandek edilar. CHiroyli nutq so'zlab, yig'ilganlarning e'tirofiga sazovor bo'ldilar.

    Sadoqatli shogird o'z ustozining tavallud kuniga ajoyib himoyasini sovg'a qilgan edi. Bunday munosabatni buyuk Alisher Navoiy ustozi Abdurahmon Jomiyga nisbatan qilgan edi. Betakror shoir, atoqli davlat arbobi Abdurahmon Jomiyning yosh o'g'illariga birinchi bo'lib salom berar, savol nazari bilan qaraganlarga: “Ustoz Jomiyning o'g'illari bo'ladilar”, — deb javob berarkanlar. Mana, buyuklar o'z ustozlariga qanday munosabatda bo'lishgan. Shuhrat Yoqubov adib umrining oxirigacha u kishiga nisbatan shunday munosabatda bo'ldi.

    2022-yilning 12-avgustida O'zbekiston Respublikasi FVV Akademiyasida mazkur taqdimotni o'tkazdik. Universitetdan farqli o'laroq, Akademiyada kitoblar yarmarkasini tashkil etdik. Kursantlar Tohir Malik qalamiga mansub kitoblarning anchasini harid qilishdi. Keyinchalik shunday kitob yarmarkalarini har bir taqdimotda tashkil qiladigan bo'ldik. 2022 yilning 15 avgustida Chirchiq Oliy harbiy tank qo'mondonligi va muhandislari bilim yurtida kitob taqdimotini o'tkazdik. Kursantlar o'quv dala poligonida bo'lib, tadbir ofitser va serjant, harbiy xizmatchilar ishtirokida bo'ldi. Harbiylar adib haqida qiziqarli ma'lumotlarni olishdi. Yozuvchining shaxsiy fazilatlari bilan alohida qiziqib, savollar berishdi. Kitob yarmarkasi ularga ma'qul bo'ldi shekilli, mana shunday tadbirlarni ko'proq tashkil etishimizni so'rab qolishdi.

    Joriy yilning 22-avgustida taqdimot O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Akademiyasida o'tkazildi. Bu erda ham kursantlar poligonda bo'lib, tadbir Akademiya professor-o'qituvchilari va harbiy xizmatchilar ishtirokida o'tkazildi. O'sha kuni oliy dargohning o'quv-uslubiy yig'ini bo'layotgani sababli jamoaning aksariyat qismi shu erga to'plangan edi. Tadbir davomida ofitserlar o'zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olib, kitob yarmarkasidan ham unumli foydalanishdi.

    Nihoyat, 26-avgust kuni IIV Akademiyasida ham kitobning taqdimoti bo'lib o'tdi. 2 va 3-kurs kursantlari ishtirok etgan taqdimot g'oyat jonli o'tdi. Taqdimot tadbirlari qaysi oliy harbiy ta'lim muassasalarida o'tkazilmasin, deyarli barchasi adibning “Vatan tuzin oqlamoq darkor” hamda “Vatanni ko'z qorachig'idek asranglar, kabi o'gitlari ruhida o'tdi. Adibning sara asarlari haqida ham qiziqarli ma'lumotlar berildi.

    Halollik, adolat va insonparvarlik tamoyillariga sodiqlikka asosiy urg'u berildi. Fikrimcha, bunday tadbirlarni oliy harbiy ta'lim muassasalarida muntazam o'tkazish kerak, zero, harbiylarni ona Vatanga, xalqiga, ona tiliga muhabbat ruhida tarbiyalashga, shuningdek kitobga oshufta etishda ularning o'rni g'oyat muhim.

    To'lqin SAYDALIEV,

    O'zbekiston Respublikasi FVV Akademiyasi dotsenti, iste'fodagi podpolkovnik