Eng baland imoratlar ham poydevordan boshlanadi. Xoʻsh, vatanparvarlik tarbiyasi-chi? Har bir bola tarbiya asosini, eng avvalo, oiladan, keyin ijtimoiy muhitdan oladi. Lekin har bir oila yetarlicha tarbiya berish salohiyatiga egami? Yaʼni, bolaning asosiy tarbiyachilari — ota-ona har doim uning yonida boʻla oladimi? Ota oila boqishi — ishlashi kerak. Bugungi ayollar ham tinch oʻtirmaydi — ishlaydi, turmush oʻrtogʻiga koʻmaklashadi yoki uyda biror hunar bilan shugʻullanadi. Bunday hollarda bolaga yetarlicha vaqt ajratish imkoni boʻlmaydi, albatta.
Bola koʻp vaqtini enaga oldida yoki bogʻchada, keyin maktabda oʻtkazishiga toʻgʻri keladi. Bu — axloqiy tafakkuri shakllanish vaqtida unga enaganing, bogʻchaning, taʼlim muassasalarining taʼsiri katta boʻladi, degani. Demak, jamiyat oʻz aʼzolarini tarbiyalashda taʼlim-tarbiya muassasalaridan keng foydalanishi lozim.
Oʻgʻil-qizlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda taʼlim tizimi oiladan keyingi oʻrinda, ayrim holatlarda undan ham ustun turadi. Prezidentimiz “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” asarida bogʻcha tarbiyachisi, maktab muallimi, keyingi taʼlim bosqichlaridagi professor-oʻqituvchi va ilmiy-ijodiy ziyolilarni Yangi Uygʻonish davrining toʻrt tayanch ustuni sifatida bejiz qayd etmadi. Bu gap zamirida oʻqitish tizimimizdagi sharqona va milliy qadriyatga aylangan “tarbiya asosida taʼlim berish” tamoyili asos boʻlib turibdi. Taʼlim-tarbiya bir-biri bilan uzviy bogʻliq. Demak, maʼrifat va maʼnaviyatni ham bir-biridan ajratib boʻlmaydi. Baʼzi yurtdoshlarimizning Uchinchi Renessans poydevorida asosiy ustun sifatida faqat maʼrifatni koʻrayotgani, umumiy oʻrta taʼlimda tarbiya darslari kamligi, oliy taʼlimda esa ixtisoslik fanlarining oʻzi bilan yetuk malakali kadr yetishtirish mumkinligi haqidagi nuqtayi nazari tufayli ijtimoiy-gumanitar fanlarni oʻqitishdan voz kechish yoki ularni qisqartirish tashabbusi bilan chiqayotgani taʼlimni tarbiyadan ajratishga urinishdir. Vaholanki, davlatimiz rahbari “Milliy maʼnaviyatimizni rivojlantirish, uni xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz hayotiga singdirishda ijtimoiy-gumanitar fanlar tizimining ahamiyati katta”, deb taʼkidladi.
Maʼnaviy qashshoqlik davlat va jamiyatni zaiflantiradigan eng katta kuch. Davlat va jamiyat zaif boʻlgan joyda ilmni rivojlantirish haqida gapirish mushkul. Rivojlangan taqdirda ham yoshlar bu ilmni davlat va jamiyat manfaatlariga qarshi ishlatmasligiga hech kim kafolat berolmaydi. Ularga vatanparvarlikdan, milliy va umuminsoniy axloqdan, Vatan oldidagi burchdan kim saboq beradi? Kim ularda milliy gʻurur shakllanishiga koʻmaklashadi, ularni milliy gʻoya bilan qurollantiradi? Taʼlimni mafkuralashtirish va milliy gʻoya bilan qurollantirish oʻrtasidagi farqni bilmaydiganlar ham oramizda uchrab turibdi.
Milliy gʻoyaning qadriyatlashuvi milliy axloqni shakllantirish, jamiyat aʼzolarini maʼnan boyitish, yuksak fazilatlar ruhida tarbiyalashga koʻmaklashadi. Jaloliddin Manguberdi qalbidagi ozodlikka intilish tuygʻusi qadriyat darajasiga koʻtarilmaganida, unga oʻt va shijoat bera olarmidi? Yoki Sohibqiron Amir Temur davrida el-ulusni birlashtirish, “Kuch adolatda” ekani milliy gʻoya darajasiga koʻtarilmaganda, u shunday buyuk davlat qura olgan boʻlarmidi?
Mutasaddilardan biri talabaning ustoziga savol berayotganda hatto oʻrnidan turishni istamaganini erkinlik, deb taʼrifladi. Shu oʻrinda savol tugʻiladi: ertaga oʻgʻlimiz “Dada, turing, toʻrda men oʻtiraman!” yoki qizimiz “Ona, tanishing, bu kuyovingiz, biz farzand kutyapmiz!” desa ham ularning gapini erkinlik, deb qabul qilamizmi?!
Erkinlik, demokratiya nima oʻzi? Xohlagan gapini gapirib, xohlagan ishini qilish deganimi? Afsuski, koʻp yoshlarda mana shunday tushuncha shakllanib boryapti. Shu bois, ular oʻrnidan turmay, stulda oʻtirgancha ustoziga savol beryapti. Oʻsmir yoshdagi qizlar oʻqituvchi doskaga oʻgirilganda tap tortmay derazadan sakrab chiqib ketyapti. Buni olqishlaganday boʻlgan oʻquvchilar oʻqituvchi ustidan kulyapti. Biz-chi, biz nima qilyapmiz? Oʻqituvchining bu qizga tanbehini muhokama qilamiz, uni ota-onalar oldida uzr soʻratamiz, tarbiya bilan shugʻullanadigan ijtimoiy-gumanitar fanlarni qisqartirishga koʻmaklashamiz. Bunga shu fanlar oʻqituvchilarining ayrimlari taʼmagirligini sabab qilib koʻrsatamiz. Bu burgaga achchiq qilib koʻrpa yoqish emasmi?!
“Axloq falsafasi” darsini oʻtishga kirgan dastlabki kunim talabalarga savol berdim: “Nima deb oʻylaysiz, nomutaxassis yoʻnalishdagi talabalar uchun ijtimoiy-gumanitar fanlar kerakmi?” Ularning aksariyati kerak emas, deb javob berdi. Ular uchun qoʻshimcha fan – qoʻshimcha imtihon, qoʻshimcha oraliq va yakuniy nazorat, degani. Fanni oʻtib boʻlgandan soʻng talabalar oʻrtasida kichik debat oʻtkazdim. Oʻrtaga tashlangan savol quyidagicha edi: “Nima deb oʻylaysiz, nomutaxassis yoʻnalishidagi talabalar uchun ijtimoiy-gumanitar fanlar kerak ekanmi?”
Albatta, ular orasida bir-ikki talaba “Mutaxassisligimiz uchun bu fan kerak emas”, dedi. Bular koʻp dars qoldiradigan, past bahoga oʻqiydigan, kasb etiketiga rioya qilmaslik, savolni oʻrnidan turmay berishni erkinlik deb biladiganlar edi. Ammo talabalarning 90 foizdan ortigʻi bu fanlar, albatta, oʻqitilishi lozimligini eʼtirof etdi. Ularning quyidagi fikri diqqatimni tortdi: “Biz Gʻarbda qabul qilinayotgan axloqsizliklar demokratiya oqimi ostida bizga ham koʻchib oʻtishi mumkinligini hozir tasavvurimizga sigʻdira olmaymiz. Agar milliy tarbiyani yoʻqotsak, 40–50 yil oʻtib, biz ham bu holni gʻarbdagiday xotirjam qabul qilishimiz mumkin”.
Talabalar haq edi. Tarbiyaga oid fanlar natijasini ehtimol bir kun, bir oy yoki bir yilda koʻrmasmiz, lekin bularni siqib chiqaradigan boʻlsak, natijani yigirma yo oʻttiz yillardan soʻng talaba aytgan darajada koʻrishimiz dahshat emasmi?! Umuman olganda, talabalarga demokratik madaniyatni, demokratiyani eksport qilib boʻlmasligini, demokratik tamoyillar milliy qadriyatlarsiz amal qilishi milliy oʻzlikni yemirishga olib kelishini qaysi fanlar oʻrgatadi? Albatta, ijtimoiy fanlar.
Biz koʻpincha “olomon madaniyati Gʻarbdan kirib keldi”, der ekanmiz, goʻyo bu “madaniyat” Gʻarbda azaldan hukm surib kelganday qaraymiz. Yaqinda ingliz adabiyotidan Sharlotta Brontening “Jeyn Eyr” asarini va Gʻarb adabiyotiga oid yana bir qancha asarlarni rus tilidan oʻzbek tiliga oʻgirdim. Har bir davr adabiyoti oʻsha paytdagi ijtimoiy muhit, axloqiy-tarbiyaviy qadriyatlar, milliy xususiyatlarni ham aks ettiradi. Mana shu asarlarda ifodalangan ikki-uch asr oldingi Gʻarb hayotida bugungi “ommaviy madaniyat” unsurlarini koʻrmadim. Ularda mustahkam oila qadriyatlari, yuksak darajadagi etiket qoidalari aks etgandi. Bundan xulosaga kelish mumkinki, Gʻarb yoshlarining bugungi “erkin” qiyofasi azaldan kelmayapti. U aynan tarbiya taʼlimdan uzib qoʻyilgani tufayli shakllangan.
Biroq har qanday rivojlangan, demokratik tamoyillar ustuvor davlat ham vatanparvarlik tuygʻularini shakllantirishda taʼlim tizimidan foydalanishining guvohi boʻlamiz. Masalan, hatto AQSHda ham vatanparvarlik gʻoyalari taʼlim tizimida singdirilishi mustahkamlab qoʻyilgan. Aytaylik, mashgʻulotlardan oldin davlat madhiyasini ijro etishda biror oʻquvchi oʻrnidan turmasa yoki qoʻlini koʻksiga qoʻymasa, oʻsha kuniyoq oʻqishdan chetlatiladi. Shuningdek, har bir sinfda mamlakat bayrogʻi osilgan boʻladi. Koʻp hollarda unga sodiqlik qasami qabul qilinadi.
Xitoyda esa vatanparvarlik mafkurasi nafaqat yurti, balki shahri, viloyati, oilasi, shuningdek, xitoy tilini sevish va faxrlanish asosiga qurilgan. Vatanparvarlik tarbiyasi Xitoy pedagogikasining asosiy vazifasi. Bunda ular Vatan tarixi, milliy bayramlar, milliy qadriyatlarni oʻqitish, musiqa darsida Vatan haqidagi qoʻshiqlarni oʻrgatishni asos qilib olgan. Targʻibot ishlarida ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalaniladi. Anonim izohlar yozish taqiqlangan. Davlat va fuqarolar oʻrtasida ham, talaba va oʻqituvchilar oʻrtasidagi ijtimoiy aloqalar internet orqali yoʻlga qoʻyilgan.
Shu oʻrinda Yaponiya taʼlimiga oid bir fakt yodimga tushadi. Yapon taʼlim tizimida birinchidan to oltinchi sinfga qadar “axloq tomon yoʻl” dasturi asosida dars oʻtilarkan. Bu darslarda yapon bolalari faqat axloq, etiket qoidalari, odamlar bilan muomalani oʻrganadi. Janubiy Koreyada ham ham shunday: tarbiyaviy darslar bilan birga musiqa, tasviriy sanʼat mashgʻulotlari oʻqitiladi. Bu — qalb tarbiyasi degani. Ularning jamiyatida ustozning ulugʻlanishi alohida eʼtiborga molik. Ehtimol, shuning uchun ularda tartib-intizom qadriyat darajasiga koʻtarilgandir?!
Bugungi globallashuv va integratsiya kuchayib borayotgan davrda maʼnaviy hayotimizdagi oʻzgarishlar bilan bogʻliq xususiyatlarga alohida ahamiyat qaratishimiz zarur. Chunki globallashuv bilan bogʻliq axborot xurujlari, turli gʻoyaviy-mafkuraviy tahdidlar aynan milliy oʻzlik va milliy maʼnaviyatga chang soladi. Yoshlar hayotiga begona taʼsirlarning adabiyot, sanʼat, ijtimoiy tarmoq orqali olomon madaniyatining kirib kelayotgani bugun global muammodir.
Aslini olganda, globallashuvni ijobiy hodisa, deb baholash mumkin. Shuningdek, insoniyat va jamiyatlar taraqqiy etarkan, globallashish hodisasi muqarrar va tabiiy jarayon. Ammo har qanday taraqqiyot dialektik tarzda amalga oshadi. Uning bir maromda koʻringan dinamik rivojlanishida oʻziga xos qarama-qarshiliklar, ichki ziddiyatlar namoyon boʻladi. Xususan, umumbashariy qadriyatlarning shakllanishi va takomillashuvi milliy-maʼnaviy qadriyatlarning yemirilishiga olib kelishi mumkin. Biroq milliy-maʼnaviy omillarsiz umumbashariy qadriyatlarning yashovchanligi ham kamayadi. Ularni joriy etishda ham oʻziga oʻziga xos muammolar yuzaga keladi. Bu kabi ziddiyatlar globallashuvning salbiy tomonlari bilan bogʻliq masalalarni yuzaga chiqaradi.
Ana shu salbiy jihatlar sirasida xalqlarning asrlar mobaynida ajdodlardan avlodlarga oʻtib kelayotgan milliy urf-odatlari, qadriyatlari umumbashariy tamoyillar va qadriyatlar birlashuvi taʼsiri ostida yoʻqolib ketish xavfi ostida qolayotgani kabilarni aytish mumkin. Bunday tahdidlarga qarshi qurollanish faqat taʼlimni tarbiya asosida berish orqaligina amalga oshadi.
Jamiyat taraqqiy etishi uchun, birinchidan, taʼlim va tarbiyaning uygʻunligini taʼminlash lozim. Bunda tarbiyaning asosi boʻlmish milliy qadriyatlarimizdan foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.
Ikkinchidan, tarbiyaga oid fanlar oʻqitilishining oʻrta maxsus va oliy taʼlimdagi uzviyligini yoʻlga qoʻyish kerak. Bunda maktabning har bir oʻquv yilida dasturga, albatta, tarbiyaga oid fanni kiritish zarur. Masalan, 1–4-sinflarda “Odobnoma”, keyingi yillarda bir-birini toʻldiruvchi uzviy ketma-ketlikda “Vatan tuygʻusi”, “Ekologik madaniyat”, “Etiket qoidalari”, “Maʼnaviyat asoslari”, “Huquqshunoslik”, “Jamiyatshunoslik”, “Axloqshunoslik”, Estetika” kabi fanlarni oʻqitish lozim, deb oʻylaymiz.
Uchinchidan, jamiyatda ustoz-muallimlarga yuksak ehtiromni shakllantirish choralarini koʻrish tizimli davom etishi kerak. Oʻqituvchi malakasini oshirish, moddiy sharoitini yaxshilash, ragʻbatlantirish, huquq va shaʼnini himoya qilish masalalari ham bu chora-tadbirlarga kiradi.
Toʻrtinchidan, maʼnaviyat va maʼrifat markazlari hamda ularning boʻlimlari faoliyatini taʼlim tizimi bilan uygʻunlashtirish lozim. Yaʼni taʼlim muassasalarida tarbiyaviy ishlar boʻyicha rahbar oʻrinbosarlari faoliyati markazlarning hududiy boʻlimlari bilan birga muvofiqlashtirilishi maqsadga muvofiq.
Shahlo AHROROVA,
Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar
instituti katta ilmiy xodimi,
falsafa fanlari boʻyicha falsafa doktori