Veneradagi gazlar unda hayot mavjudligini anglatadimi?

    Venera atmosferasida fosfin va ammiakning aniqlanishi hayot izlari mavjudligidan dalolat berishi mumkin.

    Bu haqda The Guardian xabar bermoqda.

    2020-yilda tadqiqotchilar guruhi Venera bulutlarida fosfin topilganini e'lon qilgan edi, ammo keyingi kuzatuvlar mazkur yangiliklarni tasdiqlay olmaganidan so'ng, bu kashfiyot bahs-munozaralarga sabab bo'ldi. Ammo olimlar hozirda sayyora atmosferasida fosfin va ammiak borligi haqida qo'shimcha dalillar keltirishdi.

    “Biz uch marta kuzatuvlar o'tkazdik va birinchi tadqiqotga qaraganda 140 barobar ko'p ma'lumot oldik. Hozir bizda mavjud bo'lgan ma'lumotlar fosfinning navbatdagi kashfiyotidan dalolat beradi”, deydi London Imperial kolleji astrofizika o'qituvchisi Deyv Klements.

    Kardiff universiteti professori Djeyn Grivz jamoasi boshqa tadqiqotchilar kuzatuvni turli vaqtlarda olib borgani tufayli fosfinni aniqlay olmaganligini taxmin qilmoqda.

    “Ma'lum bo'lishicha, fosfinni aniqlagan barcha kuzatishlarimiz Venera atmosferasi kechadan kunduzga o'zgarib turganda, fosfinni aniqlamagan barcha kuzatishlar esa atmosfera kunduzdan kechaga o'zgarganda amalga oshirilgan”, deya izoh berdi Djeyn Grivz.

    Klements Quyoshning ultrabinafsha nurlari kunduzi Venera atmosferasining yuqori qatlamidagi fosfin molekulalarini parchalashi va ularni aniqlashni qiyinlashtirishi mumkinligini ta'kidladi.

    Biroq, bu topilmalar Venerada hayot mavjudligining aniq isboti deb hisoblanmasligi kerak. Jamoa sayyorada hayot kashf qilganini da'vo qilmayapti, deb xabar beradi korrespondent.net.