Uch kun davomida Namangan viloyatida 1 ming 540 dan ziyod xonadon va qariyb 1 ming 460 ta obyekt oʻrganilib, aniqlangan 478 ta masaladan 416 tasiga yechim topildi.
Masalalarga avvalo mahalliy sharoitlardan kelib chiqib yechim topish, shart-sharoit va imkoniyatlar yaratish bilan bogʻliq jihatlar, amalga oshiriladigan ishlar, loyihalaru rejalar eng quyi tizim vakillari bilan muhokama qilindi va muammolarga yechim izlandi.
Masalan, Yangiqoʻrgʻon tumanida oʻtkazilgan oʻrganishlarda Abdufattoh Barnoyev “Gulshan” mahallasida 5 yildan beri ishlamayotgan oilaviy shifokorlik punktini zamonaviy asosda qayta ishga tushirish, Madina Mamajonova esa Yangi Bogʻiston mahallasida yangi maktab barpo qilish bilan bogʻliq masalalarga yechim soʻradi. Bu ikki masala viloyat darajasida hal qilib beriladigan boʻldi. “Oqsuv” mahallasida yashovchi Salimaxon Ermatovaning ham uy-joy bilan bogʻliq muammosiga oʻsha yerning oʻzida yechim topildi.
Aslida aksariyat muammoning ildizi – roʻzgʻordagi yetishmovchilik, daromad kamligi bilan bogʻliq. Shu bois ham Xalq qabulxonalari va sektorlar rahbarlari oilalar daromadlarini oshirish, osuda, obod va farovon turmushning mustahkam poydevorini yaratishda mahalla raislari boshchiligidagi yangi tizim vakillariga har tomonlama koʻmak bermoqda. Ayni shu hamkorlikning ilk natijalari esa koʻplab mahallalarda boʻy koʻrsatib qoldi.
Aytaylik, Kosonsoyda parrandachilik – qoʻshimcha daromad drayveriga aylanmoqda. Ayni paytda tumandagi 37 mingdan ortiq xonadonning qariyb 16 mingtasida 150 mingdan ziyod tovuq boqilmoqda. Bu – tumandagi 43,2 foizdan ortiq xonadon vakillari nainki qoʻshimcha daromad manbaiga, balki tovuq parvarishlash boʻyicha yaxshigina malakaga ham ega boʻlmoqda, degani. Yana bir misol: «Ququmboy» mahallasida yashovchi 27 yoshli Oqilbek Xoldorov akasi bilan uyida 8 turdagi «Bramma» zotli 100 dan ziyod tovuqlarni boqib, yaxshigina foydaga kirgan. Moʻjaz inkubatorida joʻjalar ochirib, koʻpaytirmoqda. Oqilbekning aytishicha, bir dona «Bramma» tuxumini eksportyorlar 6 dollardan sotib olib, MDH davlatlari, Ruminiya va Fransiyaga eksport qilmoqda. Masʼullarning hokim yordamchisi va yoshlar yetakchisi bilan oʻrganishlaridan soʻng bu aka-uka faoliyatini rivojlantirish, birinchi qoʻl eksportchiga aylantirish, shu asosda boshqa kam daromadli oilalarni ham kooperatsiya asosida ularga biriktirish reja qilindi. Buning uchun Oqilbek Xoldorovga dastlab 33 million soʻm kredit ajratiladigan boʻldi.
Yana bir misol – Uchqoʻrgʻon tumani “Sohil” mahallasida yashovchi yosh tadbirkor Dilshodbek Otamirzayev “Har bir oila – tadbirkor” dasturi asosida xonbaliq yetishtirish boʻyicha 9,2 mlrd. soʻmlik loyihani amalga oshirmoqda. Kooperatsiya usulidagi bu yangi loyihaga Uchqoʻrgʻonning besh mahallasidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj ellikka yaqin oila vakillari qamrab olinmoqda. Hozirda intensiv usulda baliq yetishtirish uchun qurilish ishlari olib borilmoqda. Oʻrganishlar davomida bu kooperatsiyalarni xonadonlarga olib kirish, shu asosda aholi daromadlarini oshirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Uchqoʻrgʻonlik Shahnoza Sayfiddinova ham kooperatsiya asosida baliq parvarishlashni niyat qilgan ekan, 2-sektor rahbari va mahalla masʼullari unga bu borada yordam berishga kirishdi. Umuman, oʻrganishlar davomida viloyatda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 77 nafar kishiga 1 mlrd. 213 mln. soʻm kredit ajratildi, 634 nafar fuqaro ishga joylashtirildi, 200 nafar kishi kasbga oʻqitishga yuborildi.
Oʻrganishlar davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan ham xabar olindi, olis-chekka va chegaradosh qishloqlardagi qariyb 81 ming nafar kishi chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi, 70 nafar bemorga davolanish uchun yoʻllanma, 10 ming 860 nafardan ziyod insonlarga bepul dori-darmonlar berildi, ijtimoiy yordam koʻrsatildi. Ichki ishlar vazirligi masʼullari Kosonsoy tumanidagi koʻzi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati faoliyati bilan ham tanishib, qalb koʻzlari ravshan yigit-qizlar bilan suhbatlashdi. Maktabning 243 nafar oʻquvchisiga maktab kiyimlari, sport anjomlari va boshqa sovgʻalar topshirildi. Dasturxon yozilib, konsert va xayriya tadbiri tashkil etildi.
Bundan tashqari, Respublika idoralararo ishchi guruhining Namangan viloyatidagi faoliyati yakuni boʻyicha Xalq qabulxonalari, sektorlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mahalla raislari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va profilaktika inspektorlari hamkorligini mustahamlash boʻyicha oʻquv-seminarlar tashkil qilindi.
Oʻrganishlar natijalari tanqidiy tahlil qilingan yigʻilishda “Inson qadri uchun!” gʻoyasini amalga oshirish, islohotlar natijalari har bir oilada, har bir inson hayotida sezilishi uchun «mahallabay» ishlashning yangi tizimini samarali amalga oshirishdagi oʻzaro hamkorlik mexanizmlarini mustahkamlash boʻyicha sektorlar kesimida aniq vazifalar, muddat va masʼullar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi. Viloyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli nisbatan ogʻir boʻlgan 54 ta mahallani har tomonlama rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirish va ijtimoiy muhitni yanada yaxshilash boʻyicha har bir mahallaning “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi.