Xalq ta'limi tizimi: noqonuniy xarajatlarga yo'l qo'yilgan

    Ta'lim 14 May 2020 1752

    Bugungi og'ir iqtisodiy sharoitda ijtimoiy sohaga ajratilayotgan mablag'larning samarali ishlatilishi muhim. eng katta sohalardan biri bo'lgan xalq ta'limi tizimida afsuski, mablag'larni joylarda to'g'ri tasarruf etilishi bo'yicha inson omiliga haligacha juda katta bog'liqlik kuzatilyapti.

    SHuning uchun, o'tgan bir yarim yil davomida Vazirlikning Ichki audit tizimi salohiyatini oshirib, joylardagi xato va kamchiliklarni bartaraf etish hamda ushbu xatolarga sababchi bo'lgan omillarni kamaytirish bo'yicha tizimli ish boshlangan.

    Jumladan, O'zbekiston Respublikasi Hisob Palatasi hamda Xalq ta'limi vazirligining Ichki audit va moliyaviy nazorat xizmati hamkorligida Xalq ta'limi sohasida 2018-2019 yillarda byudjetdan ajratilgan mablag'lardan foydalanish samaradorligi hamda 2020 yilgi xarajatlarni maqbullashtirish imkoniyatlarini aniqlash bo'yicha yaqinda o'tkazilgan o'rganish ham anchagina muammolarni ko'rsatib berdi.

    O'rganish natijasida jami 192,3 milliard so'mlik moliyaviy xato va kamchiliklarga yo'l qo'yilganligi aniqlanib, ushbu ko'rsatkich 2018-2019 yillarda Davlat byudjetidan tizimga ajratilgan jami 30 562,1 milliard so'm (shundan, 2018 yilda 12 037,2 milliard so'm va 2019 yilda 18 524,9 milliard so'm) mablag'larga nisbatan 0,63 foizni tashkil etadi.

    Aniqlangan moliyaviy xato va kamchiliklarning 52,5 milliard so'mi ish haqidan o'g'irlik, noqonuniy o'zlashtirish va ortiqcha to'lovlarga to'g'ri kelgan, mazkur yillarda ish haqi bilan bog'liq xarajatlarga ajratilgan jami 28 118,0 milliard so'mga (shundan, 2018 yilda 10 987,0 milliard so'm va 2019 yilda 17 131,0 milliard so'm) nisbatan 0,19 foizni tashkil etadi.

    Xususan, Jizzax viloyatida – 16,3 milliard so'm (ajratilgan mablag'ga nisbatan 1,17 %), Qashqadaryo viloyatida – 10,98 milliard so'm (0,39 %), Andijon viloyatida – 8,2 million so'm (0,33 %) va Samarqand viloyatida – 6,5 mlrd. so'mlik (0,2 %) noqonuniy xarajatlarga yo'l qo'yilgan.

    56,1 milliard so'mlik “Davlat xaridlari to'g'risida”gi qonun talablariga zid ravishda amalga oshirilgan xaridlar, 27,7 milliard so'mlik umumta'lim maktablarini ta'mirlash hamda jihozlash uchun hududlarga ajratilgan byudjet mablag'larining samarasiz sarflanishi, 56,0 milliard so'mlik boshqa xato va kamchiliklar aniqlangan.

    O'rganish natijasida aniqlangan holatlarni bartaraf etish va ularni kelgusida takrorlamaslik yuzasidan Hisob Palatasi hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda “yo'l xaritasi” ishlab chiqilmoqda.

    Xususan, xalq ta'limi tizimini boshqarish bo'yicha yagona elektron dasturiy majmuasini yaratilishi, Moliya vazirligining “UzASBO” dasturiy majmuasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning ma'lumotlar bazalari bilan integratsiya qilinishi ham belgilab olindi.

    Bugungi kungacha aniqlangan xato va kamchiliklarning 6,7 milliard so'mi undirildi hamda 23,7 milliard so'mi bartaraf etildi.

    Aniqlangan holatlarga huquqiy baho berish maqsadida rasmiylashtirilgan materiallar prokuratura organlariga yuborildi, ularning natijalari bo'yicha ma'lumotlar OAVlarda yoritilib borilmoqda.

    SHerzod SHERMATOV,

    Xalq ta'limi vaziri