Xalqaro darajadagi kadrlar chet tillarni puxta bilishi muhim

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining shu yil 7-fevral sonida Toshkent davlat yuridik universiteti oʻqituvchilari Sarvara Akobirova hamda Muyassar Bahriddinovaning “Xalqaro darajadagi kadrlar chet tillarni puxta bilishi muhim” nomli maqolasi chop etildi. Quyida uni oʻqishingiz mumkin.

    Jahon miqyosida globallashuv va integratsiyalashuv jarayoni roʻy bermoqda. Bu esa, oʻz navbatida, barcha sohalarga ijobiy taʼsir koʻrsatib, har tomonlama rivojlanish imkonini beradi. Shunday pallada xorijiy tillarning oʻrni yuqori ahamiyat kasb etadi. Bu chet tilni bilish, fonetik, leksik, grammatik jihatdan toʻgʻri muloqot qilishnigina anglatib qolmay, balki xorij xalqining urf-odatlari, anʼanayu marosimlari, geografiyasi, tashqi va ichki siyosati, tarixi kabilarni oʻrgatish vazifalarini ham qamrab oladi.

    Bugungi kunda xorijiy tilni bilish oʻta muhim ahamiyat kasb etgani bois, til oʻqitish tizimini ham isloh etish, dars jarayonida zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda ilgʻor interfaol usullarni qoʻllash dolzarb masalalardan biridir. Prezidentimiz Murojaatnomasida Yangi Oʻzbekiston uchun eng katta investitsiya boʻlgan taʼlimni qoʻllab-quvvatlash va chet tili taʼlimini rivojlantirish, oʻsib kelayotgan yosh avlodni zamon talablariga mos yetuk mutaxassis etib tayyorlash asosiy vazifamiz ekani alohida taʼkidlandi.

    Jumladan, davlatimiz rahbarining “Bolalarimiz maktabdan ona tili va chet tillarni puxta oʻzlashtirib, kompyuterda ishlashni oʻrganib chiqishi zarur” yoki “Hozirgi ochiqlik siyosati, chet el investitsiyalari va yangi korxonalarning ortib borayotgani yoshlarimizni zamonaviy bilimlar va xorijiy tillarni oʻrganishga undamoqda. Shu bois, maktablarga yuqori malakali xorijiy oʻqituvchilarni olib kelishga majbur boʻlyapmiz”, degan soʻzlari xorijiy tillarni oʻqitishning ahamiyatini yaqqol koʻrsatib turibdi.

    Murojaatnomada taʼlim tizimining barcha bosqichida chet tillarni uzluksiz oʻqitishni tashkil qilish, yosh avlodning xorijiy tillarni oʻrganishga qiziqishini yanada oshirish va chet tillarda erkin soʻzlasha oladigan mutaxassislarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish bilan birga ularning jahon sivilizatsiyasi yutuqlari hamda dunyo axborot-resurslaridan keng koʻlamda foydalanishi, xalqaro hamkorlik va muloqotni rivojlantirishi uchun sharoit yaratish koʻzda tutildi.

    Tegishli davlat organlari, jumladan, barcha taʼlim muassasalari va chet tili oʻqituvchilari zimmasiga yosh avlodni mustaqil davlatimizning dunyo hamjamiyatidagi nufuzini yanada oshiruvchi yuksak salohiyat va bilim egalari qilib tarbiyalashdek ulkan vazifalar yuklandi. Mamlakatimizda xorijiy til taʼlimini rivojlantirish borasidagi islohotlar ijrosini taʼminlash maqsadida Toshkent davlat yuridik universitetida ham muayyan ishlar bajarildi.

    Jumladan, Prezidentimizning 2021-yil 19-maydagi “ Oʻzbekiston R yespublikasida xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan, xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Higher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1000 taligidagi oliy taʼlim muassasalari bilan aloqalar oʻrnatildi.

    Universitetning barcha xodimlari va talabalar uchun IELTS kurslari yoʻlga qoʻyildi. Haftaning har chorshanbasi “Xorijiy tillarni oʻrganishni keng ommalashtirish kuni” deb eʼlon qilindi. Hozir universitetning xorijiy tillar kafedrasida xalqaro sertifikatga ega 25 nafar chet tili mutaxassisi faoliyat yuritib, ingliz, fransuz va nemis tilida dars beryapti.

    Asosiy maqsad talabalarning kasbiy omilkorligini oshirishda xorijiy til koʻnikmalarini shakllantirish, xalqaro miqyosda raqobatlasha oladigan huquqshunos kadrlar tayyorlashdir. 2020/2021 oʻquv yilidan universitet Yevropa kredit tizimi asosida faoliyat yuritar ekan, kafedra jamoasi dunyodagi yetakchi mingtalikka kirgan universitetlar bilan muntazam hamkorlik qilib, xalqaro konferensiyalar, vebinarlar oʻtkazdi, xorijiy til mutaxassislari bilan tajriba almashdi.

    Jumladan, AQSHning Arizona universiteti, Sloveniyaning Maribor universiteti, Germaniyaning Frankfurt maktabi, Myunxen texnika universiteti professorlari kafedra oʻqituvchilari va universitet talabalari uchun ingliz va nemis tillarida juda mazmunli darslar oʻtdi. Kafedrada xorijiy tillar boʻyicha turli klublar tashkil qilingan. Angliya va Uels huquq jamiyatining xalqaro boʻlimi aʼzosi boʻlgan Global Legal English bilan hamkorlikda Toshkent davlat yuridik universiteti TOLES (Test of Legal English Skills) xalqaro sertifikatiga ega boʻlish uchun imtihon topshirish boʻyicha mamlakatimizdagi birinchi markaz deb tan olindi.

    Yoshlarimiz yurtimizni jahonning eng ilgʻor, rivojlangan davlatlari qatoriga olib chiqishi, zamonaviy fan-texnika yutuqlarini mukammal oʻrganib, xalqaro darajadagi yuksak kadrlar boʻlib yetishishi uchun xorijiy tillarni puxta bilishi muhim. Shundagina Yangi Oʻzbekiston jahonning koʻzga koʻringan mamlakatlari qatoridan munosib oʻrin olishiga, kelajagimizning buyuk boʻlishiga mustahkam zamin yaratiladi.