Insoniyat hamisha energiyaning eng samarali manbalarini izlab topishga harakat qiladi. Ayniqsa, bugungi kunda energetika sohasini takomillashtirish, xavfsizligini taʼminlash dolzarb ahamiyat kasb etib, yurtimizda ustuvor yoʻnalishlardan biriga aylandi. Shuningdek, ilmiy tadqiqot va innovatsiyalarni rivojlantirish hamda amaliy natijadorlikka ham katta eʼtibor qaratilmoqda.
Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi OʻzFA Sodiq Azimov nomidagi “Fizika-quyosh” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi Materialshunoslik institutida boʻlib oʻtgan “Yangi materiallar va geliotexnologiyalar” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiyada energetika sohasiga doir dolzarb masalalar xususida soʻz bordi.
Ikki kun davom etgan va Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 2-martdagi farmoyishi ijrosi doirasida tashkil etildi konferensiyada Yadro fizikasi, Ion-plazma va lazer texnologiyalari hamda Fizika-texnika institutlari, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Ilgʻor texnologiyalar markazi, Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetining olimlari, soha mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
— Ushbu konferensiya davomida oʻzimizga kerakli boʻlgan ham amaliy, ham nazariy bilimlarimizni oz boʻlsada mustahkamlashga muvaffaq boʻldik, — deydi Buxoro Muhandislik instituti dotsenti Zuhriddin Toirov.— Konferensiyada iqtisodiyotga yangi, energiya resurslarini tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish, energiya sarfini iqtisod qilishni ragʻbatlantiruvchi mexanizmlar yaratish, muqobil energiya manbalari, xususan, quyosh energiyasidan foydalanishni koʻpaytirish, raqobatli energetika bozorini ragʻbatlantirish borasida ham muhim maʼlumotlarga ega boʻldik. Ayniqsa, olimlarning yangi materiallar, geliotexnologiyalar va qayta tiklanadigan energiya manbalarini yaratish, takomillashtirish hamda ulardan foydalanish borasidagi fikrlari ongimizda yangi gʻoyalarning paydo boʻlishiga va istiqbolli rejalarning tugʻilishiga sabab boʻldi.
Konferensiyada AQSH, Germaniya, Fransiya, Janubiy Koreya, Rossiya, Belarus mamlakatlaridan tashrif buyurgan olimlarning koʻp funksional materiallarni yaratish, ulardan mahsulot ishlab chiqarishning ilgʻor texnologiyalari, shuningdek, geliotexnologiyalar va qayta tiklanadigan energiya manbalaridan amaliy foydalanish borasidagi ilmiy maʼruzalari tinglandi.
Oʻzbekistonda birinchi marta tashkil etilayotgan “Yashil texnologiyalar vodiysi” ilmiy-texnologik konsorsiumining taqdimoti ham aynan mazkur xalqaro ilmiy konferensiya doirasida oʻtkazildi. Ushbu loyiha Fanlar akademiyasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va “Oʻzkimyosanoat” AJ tashabbusi bilan tashkil etildi.
— Bugungi kunda energiya tejamkorligini oshirish, ekologik toza, noanʼanaviy va qayta tiklanuvchan energiya manbalaridan foydalanish koʻlamini yana-da kengaytirish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda, — deydi Fizika quyosh ilmiy ishlab chiqarish birlashmasini Materialshunoslik instituti direktori Odilxoʻja Parpiyev. — Mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida muqobil energiya manbalaridan foydalanishga katta eʼtibor qaratilyapti. Shularni inobatga olgan holda soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning sanoat tarmoqlariga “yashil iqtisodiyot” tizimini joriy qilish, ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, innovatsion taraqqiyotni jadallashtirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur xalqaro ilmiy konferensiyani oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad esa vodorod energetikasi texnologiyalari, karbon tolalarini olish usullari, oʻta oʻtkazuvchan materiallar sohasida ekologik toza texnologiyalarni ishlab chiqish, sinash, tajriba sinovlarini oʻtkazish boʻyicha hamkorlikdagi mega-loyihalarni amalga oshirishdir
Xalqaro konferensiyada, shuningdek, materialshunoslik va geliotexnologiyalarni rivojlantirishdagi jahon tendensiyalari, olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar darajasi, sifati va samaradorligini oshirish boʻyicha tadbirlar va ularning natijalaridan amaliyotda keng foydalanishni tahlil etish, quyosh energiyasidan samarali foydalanish masalalari xususida mulohazali, mushohadali qizgʻin fikrlar bildirilib, sohaga doir yechimini kutayotgan masalalar xususida soʻz bordi.
Shu bilan birga, yangi materiallar va geliotexnologiyalarni yaratish sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, yangi materiallar va geliotexnologiyalardan foydalanish boʻyicha tavsiyalarni ishlab chiqish, mazkur sohada kadrlar tayyorlash kabi oʻta dolzarb masalalar ham muhokama qilindi.
Bugungi kunda yurtimizda qayta tiklanuvchi energiya resurslarini tadqiq etish va joriy qilish ishlarini yana-da yuqori darajaga koʻtarish borasida istiqbolli ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur xalqaro konferensiya ham sohadagi mavjud muammolarga oʻz vaqtida tashkiliy-huquqiy, ilmiy-texnik, innovatsion yechimlar topishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Gulichehra DURDIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri