2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq, yurtimizda huquq ustuvorligini taʼminlash, sud-huquq tizimini takomillashtirish, biznes yuritish sharoitlarini yaxshilash va investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishga doir muayyan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, nizolarni hal etishning muqobil usullariga alohida eʼtibor qaratilayotganligi fuqarolar, tadbirkorlar, xorijiy investor va Oʻzbekiston bilan savdoiqtisodiy hamkorlikka kirishuvchi shaxslar uchun vujudga kelishi mumkin boʻlgan nizolarni oʻzlariga qulay usulda hal etish imkoniyatini yaratadi.
Xalqaro tijorat arbitraji ana shunday vositalardan biri hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida”gi qonuni ushbu sohani mamlakatimizda rivojlantirishda huquqiy asos boʻlmoqda. Shu oʻrinda xalqaro arbitraj mazmun-mohiyatini anglash muhim. Xalqaro arbitraj nodavlat sudi boʻlib, xalqaro tijoriy nizolarni maxsus hakamlik sudi vositasida hal etishni anglatadi. Bunda taraflar oʻrtadagi nizolarni oʻz xohishlariga koʻra, mustaqil va erkin boʻlgan tashkilot orqali hal qilish imkoniga ega boʻladi. Nizoli ishni koʻrib chiquvchi va qaror qabul qiluvchi arbitr (hakam)lar, odatda, bir yoki uch kishidan iborat tarkibda faoliyat yuritadi hamda nizolashuvchi taraflar tomonidan tanlanadi.
Taraflar arbitraj muhokamasini xalqaro arbitraj instituti yoki hech qanday muassasa ishtirok etmaydigan ad hoc (bir martalik arbitraj) tarzida tashkil etishlari mumkin.
Nizo doirasida qoʻllaniladigan qoidalar arbitraj instituti yoki taraflar tanlagan boshqa qoidalardan iborat boʻlishi mumkin. Taraflar arbitrlar va qoidalardan tashqari, arbitraj muhokamasi oʻtadigan joy va tilni ham tanlash vakolatiga ega.
Arbitraj taraflarga katta erkinlik berish bilan birga, nizolarni hal etish jarayoni ustidan nazorat qilish imkoniyatini ham taqdim etadi. Bu, ayniqsa, xalqaro tijorat arbitrajida muhim omil sanaladi. Chunki bir taraf ikkinchi tomonning sud tizimi talablarini bilmasligi, pirovardida boshqa taraf ustunlikka ega boʻlishi mumkin. Xalqaro arbitraj betaraf forumni taklif etadi va unda arbitr hamda taraflar nizoni hal etishda faqat adolat bilan yondashadi. Bundan tashqari, nizolarni hal qilish jarayonini taraflar manfaatlariga muvofiqlashtira olishi mumkinligi, uning moslashuvchanligi va nizo predmeti yuzasidan chuqur bilimga ega boʻlgan har qanday mutaxassisni arbitr sifatida tanlash imkoniyati mavjudligi arbitraj jozibadorligining oshishiga xizmat qiladi. Ish yurituvining sir saqlanishi esa nizoli taraflarning nomi, tijorat siri va obroʻ-eʼtiboriga ziyon yetkazmaydi.
Yuridik, tijorat, moliyaviy yoki boshqa soha boʻyicha mahalliy yoki xorijiy mutaxassis arbitr sifatida tanlanishi, xalqaro ekspertlar jalb qilish mumkinligi, xalqaro arbitraj qarori yakuniy xarakterda boʻlishi va uni dunyo miqyosida ijrosi taʼminlanishi imkoniyati mavjudligi ham ana shunday afzalliklar sirasiga kiradi.
Mazkur afzalliklar bugungi kunda xalqaro tijorat arbitraji nufuzini oshiryapti, koʻplab xalqaro biznes operatsiyalari doirasidagi nizolarni hal qilishda undan foydalanilmoqda. Maʼlumotlar bugungi kunda yirik nizolarning 80 foizi xalqaro tijorat arbitrajlarida koʻrib chiqilayotganini koʻrsatmoqda. Masalan, Qirolicha Mariya nomidagi London universiteti White & Case xalqaro yuridik kompaniyasi bilan birgalikda oʻtkazgan tadqiqotida soʻralganlarning 97 foizi soʻnggi yillarda xalqaro tijorat arbitraji nizolarni hal qilishning asosiy vositasiga aylanganini taʼkidlagan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida”gi qonuni BMT Xalqaro savdo huquqi boʻyicha komissiyasi tomonidan tayyorlangan. U barcha xalqaro talablarga mos keladi. Bu esa, oʻz navbatida, mamlakatimizda xalqaro tijorat arbitraji faoliyatining huquqiy asosi mavjudligini anglatib, uni rivojlantirish imkoniyatini yaratadi. Birinchidan, Oʻzbekistonda xalqaro amaliyot va talablarga javob beradigan, mustaqil va xolis xalqaro arbitrajning faoliyat yuritishi ham mahalliy, ham xorijiy tadbirkorlik subyektlari uchun qoʻshimcha kafolat boʻlib xizmat qiladi. Buning natijasida mahalliy biznes yuritish muhiti hamda mamlakatimiz investitsiyaviy jozibadorligi oshadi.
Ikkinchidan, mashhur xalqaro tijorat arbitraj institutlarining Oʻzbekistonga kirib kelishi va faoliyat yuritishi mamlakatimizga xorijiy investorlar qiziqishi ortishiga xizmat qiladi.
Uchinchidan, xalqaro tijorat arbitraji milliy iqtisodiyotga qoʻshimcha xorijiy mablagʻlar kirib kelishiga sabab boʻladi. Chunki nizoni hal qilish uchun muayyan toʻlovlar amalga oshiriladi, yurtimizga xorijdan arbitrlar, taraflarning yuristlari va advokatlar jalb etiladi, ularga xizmat haqi toʻlanadi, taklif etilganlar, tabiiyki, mehmonxonalarda istiqomat qiladi, ovqatlanadi, tarixiy joylarni borib koʻrishlari mumkin, sovgʻa-salomlar sotib oladi.
Toʻrtinchidan, milliy huquqshunoslik sohasi rivojiga taʼsir koʻrsatadi, jumladan, xalqaro yuridik kompaniyalar kirib keladi, xalqaro talablarga javob beradigan huquqshunoslarga ehtiyoj ortadi, huquqni qoʻllash jarayoniga xalqaro tajriba va amaliyot joriy etiladi. Qolaversa, ayni paytda, Oʻzbekistonni Markaziy Osiyo va MDHda xalqaro tijorat nizolarini hal etish markaziga aylantirish uchun barcha imkoniyat mavjud. Oʻzbekistonning jugʻrofiy oʻrni qulayligi, Buyuk ipak yoʻlida joylashgani, barcha rivojlangan mamlakatlar bilan aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyilgani, zamonaviy mehmonxona va infratuzilmaning mavjudligi, shuningdek, mamlakatimizning betakror iqlimi, qadimiy obidalari, milliy urf-odat, anʼanalari, turistik salohiyati, shirin taom, meva va sabzavotlarining mashhurligi arbitrlarni jalb etish, nizolarni aynan shu hududda hal etish imkoniyatini oshiradi.
Islombek RUSTAMBEKOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti prorektori,
yuridik fanlar doktori, professor, xalqaro arbitr