Jahon metallurgiya sanoati haqida gap borganda, odatda AQSH va Kanadaning Buyuk koʻllari atrofi, Xitoyning Shimoli-Sharq, Germaniyaning Rur, Rossiyaning Urali, yurtimizning Qizilqum sahrosi kengliklaridagi mashhur oltin konlarimiz va albatta ulkan ishlab chiqarish quvvatlariga ega Olmaliq kon metallurgiya kombinati ham koʻz oʻngimizda gavdalanadi. Kombinat bugun mis qazib olish va ishlab chiqarish boʻyicha jahondagi eng yirik 30 ta korxona qatorida joy olgan boʻlib, 17 turdan ortiq mahsulotlarini 20 dan ortiq davlatlarga eksport qiladi.
Bu raqamlarning oʻzi uning faoliyat koʻlami va ishlab chiqarish salmogʻidan dalolat beradi. Bugun kombinat ochiq va yerosti konlari, boyitish fabrikalari, metallurgiya hamda sement zavodlari, keng qamrovli infratuzilma obyektlarini birlashtirgan ulkan sanoat majmuasi hisoblanadi. Mamlakatda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotining 7 foizi, eksport hajmining 15 foizi mazkur korxona hissasiga toʻgʻri keladi. Kombinat tomonidan soliq toʻlovlari davlatimiz byudjetining qariyb 10 foizini tashkil etib, soliq toʻlovchi korxonalar roʻyxatida 2-oʻrinni egallaydi.
Hozirgi vaqtda kombinat Toshkent, Jizzax, Namangan, Surxondaryo va Samarqand viloyatlaridagi konlarida qimmatbaho va rangli metallarni qazib olish va chuqur qayta ishlashni eng ilgʻor texnologiyalar asosida amalga oshirib, xaridorgir mahsulotlar hajmini yildan yilga oshirmoqda, ularning 70 foizdan ortigʻi eksport qilinmoqda.
8 milliard dollorlik imkoniyat
Ilm-fan va yangi texnologiyalarni ishlab chiqarishga tadbiq etishga alohida eʼtibor qaratilgani natijasida yangi konlar oʻzlashtirilib, ishlab chiqarish hajmi yildan –yilga oshib bormoqda. Xususan, Prezidentimizning 2017-yil 1-martdagi qaroriga muvofiq, kombinatda “Yoshlik-1” konini oʻzlashtirish boʻyicha dastlabki hisob kitoblarga koʻra qiymati 15,0 milliard dollarlik megaloyiha izchil amalga oshirib borilayotgani fikrimizga dalildir.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-maydagi qarori bilan kombinat faoliyatining yangi taraqqiyot davri boshlab berildi. Bu qaror bilan yangi metallurgiya kompleksi va 3-, keyinchalik 4- va 5- Mis boyitish fabrikalarini barpo etish orqali mis va oltin ishlab chiqarish hajmini 3 baravarga oshirish belgilandi.
Mazkur loyihalar uch bosqichda amalga oshirilmoqda:
– birinchi bosqichda 2021-2025-yillarda 290 ming tonna mis, 25 tonna oltin va 176 tonna kumush;
– ikinchi bosqichda 2024-2028-yillarda, 400 ming tonna mis, 35 tonna oltin va 220 tonna kumush;
– uchinchi bosqichda 2026-2030-yillarda 500 ming tonna mis, 50 tonna oltin va 340 tonna kumush ishlab chiqarish koʻzda tutilgan.
Xalqaro ekspertlarning fikricha, 2030-yilga borib elektromobillar ishlab chiqarish, elektrotexnika va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlanishi hisobiga jahonda misga boʻlgan talab 40 foizga oʻsishi kutilmoqda.
Mamlakatimizning mis sanoatidan olgan daromadi ayni paytda 2,5 milliard dollarni tashkil etadi. Mis ishlab chiqarishni 400-500 ming tonnagacha oshirish bilan bu koʻrsatkich turdosh tarmoqlarni hisobga olgan holda, 7-8 milliard dollarga yetishi nazarda tutilmoqda.
“Yoshlik-1” konining hududi 11 ming gektardan koʻproq maydonni egallagan boʻlib, oltin zaxirasi 5374 tonnani, Mis - 45,3 mln tonnani tashkil etishi bilan birga kumush, molibden, selen kabi 13 turdagi qimmatli va nodir metallar bor.
2017-yilda 35 million kub metr ustki qatlamlarni ochish ishlari bajarilgan edi, 415 million dollarga 600 ga yaqin zamonaviy kon texnikalari xarid qilingach, samaradorlik oʻn karradan oshdi. Endilikda yiliga 40 million kub metrdan koʻproq ustki qatlamlarni ochish ishlari amalga oshirilmoqda.
Oʻtgan vaqt mobaynida investitsiya loyihasi doirasida 143 million kub metr kon yuzasini ochish ishlari bajarilib, jami 1,3 milliard dollar, shu jumladan, joriy yil yanvar-mart oylarida 108 million dollar oʻzlashtirildi. 32,1 kilometr uzunlikdagi yangi temir yoʻl qurildi. Togʻ jinslarini uzluksiz oqimda tashish jarayonli texnologiyani qurish uchun 5,6 million, maʼdanni 3-mis boyitish fabrikasiga rudalarni tashuvchi texnologik maydonchasini tayyorlash boʻyicha 2,5 million kub metrdan ziyod yer ishlari bajarildi.
Megaloyihaning ikkinchi navbatida Mis eritish zavodi ishlab chiqarish quvvatini oshirish va rekonstruksiya qilinishi koʻzda tutilgan. Yangi Mis boyitish fabrikasidan olinadigan mis konsentratini qayta ishlash uchun umumiy quvvati 500 ming tonna mis chiqarishga moʻljallangan yangi metallurgiya kompleksi bunyod etiladi. Bugungi kunda yangi metallurgiya majmuasini qurilishi boʻyicha dastlabki qadamlar qoʻyildi.
Keyingi bosqichda 2027-yilga qadar karyer yanada kengaytiriladi, yiliga 60 million tonna maʼdanni qayta ishlovchi yangi 4-mis boyitish fabrikasi quriladi.
Kelajakda boyitish fabrikalarida 220 mln tonna maʼdan qayta ishlanishi inobatga olinib, barpo etilgan quvvatlarning barqaror ishlashini taʼminlash maqsadida mahalliy texnologik uskunalar, ehtiyot va butlovchi qismlarni ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan yangi mashinasozlik zavodi quriladi.
Loyiha doirasida, shuningdek, 650 megavattli elektr tarmogʻi va boshqa infratuzilma obyektlari barpo etilmoqda.
3-misni boyitish fabrikasi kombinatning nafaqat ishlab chiqarish quvvatlarini nafaqat bir necha barobarga oshiradi, balki Mis sanoati klasterini, kimyo, mashinasozlik, elektrotexnika hamda avtomobilsozlik tarmoqlarini rivojlanishiga xizmat qiladi.
Misol uchun fabrika ishga tushganda zarur boʻladigan 24 turdagi kimyoviy reagentlar va boshqa materiallarni ishlab chiqarish xajmini yanada oshirishga turtki boʻladi.
Shuningdek, mis kabel simlari, mis kukuni, mis folgasi kabi yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarishga joriy etish orqali misni qayta ishlash hajmi respublikamizda 50 foizdan 80 foizgacha yetkaziladi.
Qurilayotgan yirik obyektlar bazasida kelajakda sanoat va ilm-fan integratsiyasi natijasida kombinatdagi yosh olimlar, fan doktorlari safi kengayadi va eng muhimi, yosh konchi-metallurg mutaxassislardan iborat yetuk kadrlar zaxirasi shakllanadi.
Haqiqatan, belgilangan ishlar koʻlami va uning ishlab chiqarish quvvatlari ulkan. Yana bir investitsiya loyihamiz boʻlgan Qizilolma koni bazasida “Samarchuk” yer osti koni qurilishi imkoniyatlari ham chakki emas. 71,5 million dollar miqdorida investitsiya oʻzlashtirilishi tufayli tarkibi oltinga boy 100 ming tonna maʼdan qazib olinadi. Hozirgi kunda shaxtada konchilik ishlari nihoyasiga yetkazilib, maʼdan qazib olish ishlari boshlandi.
Asosiy ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va barqarorlashtirish dasturiga kiritilgan loyihalarga eʼtibor qarataligan boʻlsak, Mis boyitish fabrikasi, Mis eritish va Rux zavodlari quvvatlarini modernizatsiya qilish va yangilash koʻzda tutilgan. 357,5 million AQSH dollari miqdorida investitsiya oʻzlashtirilishi tufayli korxonalarning nainki joriy ishlab chiqish quvvatlari yangilandi, balki atrof-muhitga chiqarilayotgan chiqindi gazlar miqdori sezilarli darajada kamayishiga erishildi.
Amaliy natijalar va yangi maqsadlar
Amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar evaziga kombinatda ishlab chiqarish koʻrsatkichlari yildan-yilga ortigʻi bilan bajarib kelinmoqda. Xususan, 2022-yilda tovar mahsulotlari 30,5 trillion soʻmni yoki biznes-rejaga nisbatan 108,2 foizga uddalandi. 2019-yilga nisabatan oʻsish surʼati 170,2 foizni tashkil etdi. Sof foyda 6,7 trillion soʻmga (prognozga nisbatan 114,6 foiz) teng boʻldi. 2019-yilga nisabatan oladigan boʻlsak, 2,8 barabarga koʻtarildi.
Byudjetga toʻlovlar 2019-yilda 7 135 milliard soʻm atrofida boʻlsa, 2022-yilda 18 449,1 milliard soʻmga, yaʼni 2,6 barobarga koʻpaytirildi. Mahsulot ishlab chiqarish rentabelligi 21,8 foizga yetkazildi.
Mahsulot tan-narxini pasaytirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirilishi hisobiga xarajatlar 418 milliard soʻm yoki 3,8 foizga iqtisod qilinishiga erishildi.
Eksport salohiyatiga kelganda ham shunday ijobiy raqamlarni keltirish mumkin. Oʻtgan yili kombinat tomonidan 947,5 million dollarlik mahsulotlar eksport qilinib, bashorat koʻrsatkichlari 110,8 foizga bajarildi. Jumladan 75,2 ming tonna mis , 58,7 ming tonna rux mahsulotlari eksport qilindi. Selen, tellur, mis kuporosi, sulfat kislotasi, kadmiy, palladiy kukuni, molibden, qoʻrgʻoshin konsentrati kabi mahsulotlar boʻyicha ham eksport bashorat koʻrsatkichlari bajarildi. Mahsulotlar eksporti geografiyasi Ispaniya, Avstriya, Germaniya, Finlyandiya, Kanada, Janubiy Afrika Respublikasi, Senegal davlatlari kabi yangi bozorlar hisobiga kengayib bormoqda. Ushbu yangi bozorlarga umumiy qiymati 14,3 million dollarlik mahsulotlar yetkazib berildi.
Oʻtgan yil oxirida mis konsentratlaridan iborat birinchi yuk poyezdi Bolgariyaning Burgas shahriga yuborilganligi bu respublikamiz uchun ochilgan yangi transport yoʻlagi ekanligi bilan ahamiyatli boʻlib, unga 46 ta vagon va 91 dona 20 futlik konteyner yuklandi. Poyezd manzilga yetguncha Oʻzbekiston – Turkmaniston – Ozarbayjon – Gruziya – Bolgariya yoʻnalishi boʻylab 4 ming kilometrdan ortiq masofani bosib oʻtdi. Mazkur yoʻdak avtomobil yoʻliga (5 ming kilomntr) nisbatan qariyb 1 ming kilometrga qisqaroq boʻlib, bu ishlar Turkmaniston transport logistika markazi (Turkmaniston), ADY Container (Ozarbayjon) va GR Logistics and Terminals (Gruziya) kabi xorijiy hamkorlar bilan birgalikda yoʻlga qoʻyildi.
Kombinatimiz tomonidan 2023-yilga belgilangan barcha ustuvor vazifalarning bajarilishi ham taʼminlanmoqda. Jumladan, joriy yil birinchi choragida 6,8 trillion soʻmlik tovar mahsulotlari ishlab chiqarildi. Rejaga nisbatan 100,1 foizga bajarildi. Byudjetga 2,6 trln soʻm toʻlovlar amalga oshirildi (bashoratga nisbatan 144,8 foiz). Sof foyda 1,4 trln soʻmni tashkil etdi.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-avgustda qabul qilingan qaroriga binoan, “Olmaliq KMK” AJ Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish birlashmasining 2022-2026-yillarda rivojlantirish dasturi ijrosi yuzasidan bajarilayotgan ishlarga ham eʼtibor qaratadigan boʻlsak, oʻtgan qisqa vaqtda molibden tayyorlash hajmi 800 tonnadan 1200 tonnaga yetkazilganligini qayd etish lozim boʻladi. Bunig natijasida 17,2 million dollar qiymatda qoʻshimcha mahsulot ishlab chiqarilib, sof foyda 5 million dollarni tashkil etgan.
Nodir metallardan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan 5 ta loyiha ishga tushirilishi evaziga 11,1 milliard soʻmlik qoʻshimcha mahsulot olindi. Shuningdek, mis asosida rangli metallarni chuqur qayta ishlash hamda yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish boʻyicha “Deutsche Innovatsion Texnologiyalar-AGMK” qoʻshma korxonasinig faoliyati Germaniyalik hamkorlar bilan yoʻlga qoʻyildi. Ular tomonidan umumiy qiymati 32 million dollar boʻlgan 7 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda qiymati 3 million dollarlik dastlabki loyiha ishga tushirildi va 25 ta yangi ish oʻrni yaratildi.
Qaror doirasida joriy yil yakuniga qadar umumiy qiymati
26,0 million dollar boʻlgan yana 9 ta loyihani ishga tushirish koʻzda tutilgan, Ularning uzviy davomi sifatida ilmiy ishlanmalar asosida yangi turdagi mahsulotlar va texnologiyalarni joriy etish boʻyicha umumiy qiymati 90,5 mln dollar boʻlgan 15 ta loyihani joriy etish ustida ham ish ketmoqda.
Ularning 4 tasi yuzasidan (yemirilishga bardoshli qoplamalar asosida qattiq qotishmalar, kobalt oksidi, yuqori tozalikdagi indiy va molibden) ishlab chiqarish texnologiyalari oʻzlashtirildi.
“Xalqchil IPO” yoʻlidagi dastlabki qadamlar
Prezidentimiz joriy yilning 24-mart kuni davlat mulkini xususiylashtirish ishlarining ijrosi va bu borada joriy yilgi rejalar muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan yigʻilishda 40 ta yirik korxona va banklardagi davlat ulushi “xalqchil IPO” orqali sotilishi yuzasidan topshiriqlar berdi. Shu kuni imzolangan “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida ilk bor “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJning 2 foiz aksiyalari ham aholiga taklif etiladigan boʻlindi. Bunda aholiga aksiyalarni toʻgʻridan-toʻgʻri sotib olish imkoniyati yaratilib, besh yil davomida sof foydaning kamida 30 foizi dividend toʻlashga yoʻnaltiriladi.
Maʼlumki, IPO (Initial Public Offering) — bu kompaniyalar tomonidan oʻz aksiyalarini ommaga taklif qilish jarayoni hisoblanadi. Uning oʻziga xos tomoni shundaki. kompaniya qimmatli qogʻozlari chet ellik investorlarga emas, birinchi navbatda, yurtdoshlarimiz uchun savdoga qoʻyiladi. Uni sotib olgan kishilar kompaniyaning rivojlanishi va oʻsishidan foyda olish imkoniyatini ega boʻladi. Bu yillik toʻlovlar dividendlar va aksiyalar narxining oshishi orqali amalga oshadi.
Qimmatli qogʻozlar egasi boʻlgan har bir kishi ularning miqdori qancha boʻlishidan qatʼi nazar, aksiyadorlar majlisida ovoz berish yoʻli bilan biznesni boshqarishda ishtirok etadi.
Yuqorida kombinatimizda xalqaro mezonlar asosida transformatsiya qilish, zamonaviy korporativ boshqaruvni joriy etish boʻyicha amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar ham “xalqchil IPO”ni yoʻlga qoʻyishda juda asqotadi.
Prezidentimizning “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori asosida kombinatning 4 ta korxonasi aksiyalarning 50-51 foiz ulushi ommaviy savdolar orqali toʻliqligicha sotiladi.
Shuningdek, “Olmaliq KMK” AJ ustav kapitalidagi 2 foiz davlat ulushi “bitta aksiya – bitta lot” tamoyili asosida mahalliy fond bozorida 12,3 million dona aksiyalari sotuvga chiqariladi. Bu haqli ravishda xalq IPOsi boʻlib xizmat qiladi
Albatta, jamiyatga tegishli aksiyalar investitsiya vositachilari, baholovchi tashkilotlar va sotib oluvchi talabgorlarning takliflari asosida boshlangʻich narx shakllantiriladi va elektron savdo platformasiga sotish uchun joylashtiriladi.
“Olmaliq KMK” AJning aksiyalarini sotib olish bu foydali mulk egasiga aylanish demakdir. Aksiyador nafaqat jozibador dividendlar olish, balki oʻz ulushiga egalik qilish, jamiyatni boshqarishda ishtirok etish imkoniyatini qoʻlga kiritadi. Qolaversa, fond birjasida aksiyalarning narxi oshganda oʻz aksiyasini sotib, foyda koʻrishlari mumkin.
Bu borada bizda muayyan tajriba orttirilgan. Kombinat tomonidan 2017-yilda oddiy aksiyalar uchun umumiy toʻlangan dividend miqdori 110 milliard soʻmni tashkil etgan boʻlsa, bitta aksiya uchun 1233,8 soʻm toʻlangan. 2022-yilda umumiy toʻlangan dividend miqdori 6673 milliard soʻmga teng boʻldi va har bitta aksiya uchun 7085,1 soʻm toʻlandi.
Prezidentimizning ushbu qarori aholining xalqchil IPO oʻtkazish orqali moliyaviy savodhonligini oshiribgina qolmay, balki strategik ahamiyatga ega yirik korxonalarning rivojlanishida bevosita qatnashish imkoniyatini yaratadi.
Abdulla Xursanov,
“Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi