Xorij tajribasini o‘rganish oliy ta’lim tizimidagi islohotlarning uzviy qismidir

    “Yangi O‘zbekiston” gazetasining shu yil 25-oktyabr sonida oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimovning “Xorij tajribasini o‘rganish oliy ta’lim tizimidagi islohotlarning uzviy qismidir” nomli maqolasi chop etildi. Quyida uni o‘qishingiz mumkin.

    Mamlakat taraqqiyotida ta’lim asosiy o‘rin egallaydi. Tarixga nazar tashlasak, rivojlangan davlatlar bu sohaga yurt kelajagi, taraqqiyotning muhim sharti sifatida e’tibor qaratib kelganiga guvoh bo‘lamiz. Hatto hozir ham iqtisodiy jihatdan barqaror yurtlar o‘z byudjetining asosiy qismini o‘qitish sifati va samaradorligini oshirish uchun sarflaydi.

    Shu bois, ularning ijobiy tajribasidan unumli foydalanish, ta’lim jarayonini integrasiyalash asnosida jamiyat rivojining muhim yo‘nalishlarini belgilash mamlakatimizdagi bugungi islohotlarda hal qiluvchi o‘rin tutadi.

    Keyingi yillarda O‘zbekiston va Rossiya Federasiyasi o‘rtasida oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik ko‘lami kengayib bormoqda. Birgina 2021-yilda mamlakatimizda Rossiyaning 4 ta nufuzli oliy ta’lim muassasasi filiali ochilgani bu sohadagi samarali hamkorlikning yorqin namunasidir.

    Ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro akademik almashinuv yo‘lga qo‘yilib, professor-o‘qituvchilarning malaka oshirishi, talabalarning turli grant loyihalarda qatnashishi muntazamlik kasb etmoqda.

    Ta’limdagi hamkorlik rivojida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda “Rossotrudnichestvo” agentligi o‘rtasidagi izchil munosabatlar e’tiborga molik.

    2019-yilning yanvar oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi delegasiyasi Rossiya Federasiyasi Fan va oliy ta’lim vazirligida bo‘ldi. Yig‘ilishda oliy o‘quv yurtlari filiallarini tashkil etishning yagona mexanizmini ishlab chiqish, filiallar ochilishi munosabati bilan Rossiya Federasiyasi oliy ta’lim muassasalari hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish va boshqa masalalar muhokama qilindi. Hamkorlikdagi vazifalarni bajarish yuzasidan bayonnoma qabul qilindi. Shuningdek, vazirliklar o‘rtasida ikkita videokonferensiya o‘tkazildi. Bu boradagi sa’yharakatlar izchil davom ettirilmoqda.

    Bu yil ham O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Rossiya Federasiyasining tegishli tashkiloti va tuzilmalarining mutasaddilari mamlakatlarimiz oliy ta’lim tizimidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish va yanada rivojlantirish bo‘yicha bir necha bor uchrashuv, yig‘ilish, onlayn muloqotlar o‘tkazdi. Ularning samarasi o‘laroq ikki davlat oliy ta’lim tizimi hamkorligining yangi istiqbollari belgilandi.

    Jumladan, shu yil 22-24 sentyabr kunlari Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Rossiya ta’limi. Toshkent — 2022” mavzusidagi ko‘rgazma-yarmarka yuqori saviyada o‘tkazilgani ayni hamkorlikning amaliy ifodasidir. Bu loyiha “Rossotrudnichestvo”ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Ko‘rgazmada Rossiyaning 56 ta oliy o‘quv yurti qatnashdi.

    “Rossotrudnichestvo” agentligi mutasaddilarining ma’lum qilishicha, mamlakat oliy ta’lim muassasalarida 2023/2024 o‘quv yili uchun o‘zbekistonlik abituriyentlarga federal byudjet hisobidan o‘qish kvotasi 800 o‘ringa oshirilgan. Joriy o‘quv yili uchun bu ko‘rsatkich 750 o‘rinni tashkil etgandi.

    O‘zbekiston va Rossiya oliy ta’lim tizimining hamkorlik mexanizmi chuqur, tadrijiy, izchillik tamoyillariga tayanadi. Keyingi 4-5 yilda ikki davlat o‘rtasida oliy ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishga doir ikki tomonlama platformalarning ko‘plab shakllari yaratildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federasiyasi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya huzuridagi Fan va ta’lim bo‘yicha quyi qo‘mita mamlakatimiz Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq tuzilgan. O‘zbekiston tomonidan hamrais Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Rossiya tomonidan esa Ta’lim va fan vazirligidir.

    Shu kungacha quyi komissiyaning to‘rtta majlisi bo‘lib o‘tdi. Kichik qo‘mita yig‘ilishlarida maktabgacha, umumiy o‘rta, kasb-hunar va oliy ta’lim sohasidagi hamkorlikka oid keng ko‘lamli masalalar, ilmiy aloqalar muhokama qilindi.

    Ikki mamlakat oliy ta’lim tizimini rivojlantirishga doir munosabatlarda O‘zbekiston — Rossiya ta’lim forumi ham alohida o‘rin egallaydi. Ushbu platforma kun tartibidan davlatlarimiz o‘rtasida ta’limning barcha bosqichi, jumladan, maktabgacha ta’limdan to ilmiy hamkorlikkacha bo‘lgan masalalar o‘rin olgan.

    2018-yilning 18-oktyabr kuni Toshkent shahrida birinchi O‘zbekiston — Rossiya ta’lim forumi bo‘lib o‘tdi. Ikkinchi forum Prezidentimizning 2021-yil 16-17 noyabr kunlari Rossiya Federasiyasiga davlat tashrifi arafasida Moskva shahrida o‘tkazildi.

    Rossiya va O‘zbekiston universitetlari rektorlarining hududlararo konferensiyasi ham ikki davlat oliy ta’limidagi muhim platformalardan. Ushbu hamkorlik doirasida universitetlar o‘rtasidagi o‘zaro muloqot muhokama qilinadi. Hozirgacha O‘zbekiston va Rossiya oliy o‘quv yurtlari rektorlarining mintaqalararo uchta konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

    Masalan, Buxoro shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston va Rossiya oliy o‘quv yurtlari rektorlarining hududlararo uchinchi konferensiyasida ikki davlat oliy ta’lim sohasi mutasaddilari bilan birga rektor va prorektorlar ham ishtirok etdi. Anjumanda 23 ta universitetlararo hamkorlik shartnomasi imzolandi. Umuman olganda, O‘zbekiston va Rossiya oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha 800 ga yaqin shartnoma va memorandum mavjud.

    Davlatlarimiz o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari fizika, kimyo, materialshunoslik, spektroskopiya, astronomiya va astrofizika kabi muhim sohalarga qaratilgan.

    O‘zbekiston va Rossiya oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlari, talabalari har ikki tomonda o‘tkaziladigan o‘quv, ilmiy-texnikaviy va madaniy tadbirlarda muntazam ishtirok etyapti.

    Bugungi kunga qadar O‘zbekistonda Rossiyaning 15 ta yetakchi oliy o‘quv yurti filiallari tashkil etilgan. Ulardan 12 tasi 2018-2021 yillarda ochilgan. Mazkur filiallarda 6 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda, 267 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. Filiallarda 47 ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv jarayoni olib boriladi.

    Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya oliy o‘quv yurtlarida 49 mingga yaqin O‘zbekiston fuqarosi ta’lim olmoqda va mamlakatdagi talabalar soni bo‘yicha Qozog‘istondan keyin ikkinchi o‘rinda turadi.

    O‘zbekiston yoshlari Moskva, Sankt-Peterburg, Qozon, Voronej, Ufa, Tver, Ivanovo va boshqa shaharlardagi oliygohlarda muhandislik, veterinariya, suv resurslari, konchilik, metallurgiya, biotexnologiya, texnologiya, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash, gidrotexnika qurilishi, meteorologiya xizmati, atom energiyasi kabi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha ta’lim olmoqda.

    Bundan tashqari, Rossiya oliy o‘quv yurtlarining O‘zbekistonga keluvchi komissiyalari orqali mamlakatimizdan har yili 1000-1500 nafarga yaqin abituriyent ushbu davlatdagi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kiradi. Umuman, har yili Rossiyaning 50 ta universiteti malaka oshirish, ta’lim ko‘rgazmalarini o‘tkazish va potensial abituriyentlar bilan uchrashish uchun imkoniyat yaratadi.

    “Rossotrudnichestvo”ning Toshkentdagi vakolatxonasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2018/2019 o‘quv yilida Rossiya oliy o‘quv yurtlarida federal byudjet hisobidan o‘qish uchun o‘zbekistonlik abituriyentlarga kvota 203 o‘rinni tashkil qilgan. Ularning barchasi Toshkentdagi Rossiya fan va madaniyat markazida imtihon topshirib, mamlakat oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga qabul qilingan. 2019/2020 va 2020/2021 o‘quv yillari uchun kvota 230 ta etib belgilangan. 2021/2022 o‘quv yili uchun 420 o‘rin ajratilgan. Joriy o‘quv yilida Rossiya tomoni O‘zbekiston Respublikasi uchun kvotani 750 o‘ringa yetkazdi.

    Mamlakatimiz Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi har yili yurtimiz iqtisodiyoti uchun talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar ro‘yxatini tuzadi va Rossiya Federasiyasi Ta’lim va fan vazirligiga tavsiya sifatida taqdim etadi.

    Ikki davlatning oliy ta’limdagi hamkorligida qo‘shma ta’lim dasturlari muhim o‘rin egallaydi. 2021/2022 o‘quv yilida Rossiya Federasiyasi oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlariga O‘zbekistondan abituriyentlarni qabul qilish bo‘yicha umumiy kvota 4530 tani tashkil etdi. Jumladan, bakalavriat yo‘nalishlari bo‘yicha 3937, magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha 593 o‘rin ajratilgan.

    O‘tgan o‘quv yilidan Rossiya universitetlari bilan ta’limning ko‘plab yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma dasturlar tuzilgan. Bular: tibbiyot, jumladan, dorixona, stomatologiya, pediatriya, muhandislik-texnik mutaxassisliklar, iqtisodiyot va moliya.

    Ikki davlat oliy ta’lim tizimidagi yangi rejalar, istiqboldagi chora-tadbirlarni belgilashda shu yilning 26-27 oktyabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkaziladigan O‘zbekiston — Rossiya uchinchi ta’lim forumi katta ahamiyatga ega. Forumda ikki tomondan 200dan ortiq oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, ishlab chiqarish korxonalari vakillari, vazirlik va idoralar mas’ullari ishtirok etadi. Yakunda 100ga yaqin hamkorlik shartnomalari imzolanishi kutilmoqda.

    Shartnomalarning aksariyat qismi Rossiyada rivojlangan texnologik ishlab chiqarish sohalari tajribasini mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarida tatbiq etishga qaratilgan.

    Forum doirasida O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari va Rossiya ishlab chiqarish sektorlari o‘rtasida integrasiyani yo‘lga qo‘yish, muhandislik, texnologiya, energetika, kimyo sanoati sohalarida kadrlar tayyorlash va malaka oshirish jarayoni kengaytiriladi.