Xorijlik olimlar nima deydi?

    Xalqaro konferensiya mulohazali, mushohadali, qizgʻin fikrlarga boy tarzda oʻtkazildi.

    Toshkent davlat pedagogika universitetitda “Uzluksiz taʼlim: xalqaro tajriba, innovatsiya va transformatsiya” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi. Konferensiyada 10 dan ziyod xorijlik professor-olimlar ishtirok etib, pedagogika sohasidagi izchil islohotlar samaradorligini oshirishda xorijiy tajribalari va zamonaviy pedagogikaning rivojlanish tendensiyalari xususida mulohazali, munozarali, qizgʻin fikrlarga boy maʼruza qilishdi.

    Maksim Tank nomidagi Belorus davlat pedagogika universiteti rektori, pedagogika fanlari doktori, professor Juk Aleksandr Belorusda taʼlim tizimini shakllantirish va rivojlantirish tendensiyasining ustuvor yoʻnalishlari bilan tanishtirgan boʻlsa, Akakiy Seretelli nomidagi Kutaissi davlat universiteti rektori, professor Shalva Kirtadz Gruziyada intensiv taʼlimni tashkil etish omillari va tarkibiy komponentlari toʻgʻrisida tahliliy maʼlumotlarni taqdim qildi.

    Rossiya Fanlar Akademiyasi aʼzosi, Lyudmila Bosovaning “Umumiy taʼlimni oʻzgartirishning asosiy yoʻnalishlari: Rossiya Federatsiyasi tajribasi” mavzusidagi maʼruzasi konferensiya ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotdi.

    Sankt-Peterburg davlat universiteti professori Roman Demyanchukning “Taʼlimni modernizatsiyalash sharoitida oʻqituvchilarning shaxsiy va kasbiy rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash” mavzusidagi chiqishlarida zamonaviy pedagoglarga qoʻyiladigan shaxsiy va kasbiy xususiyatlarini ilmiy jihatdan asoslab berdi.

    Pedagogika fanlari doktori, Baku slavyan davlat universiteti professori Gulnara Aliyeva esa Ozarbayjon milliy pedagogika tizimi shakllanishi va rivojlanish tendensiyalarini bilan tanishtirar ekan, taʼlim va tarbiya uygʻunligini taʼminlashda milliy va umuminsoniy qadriyatlar uygʻunligiga erishish zarurligi toʻgʻrisida ilmiy asoslangan takliflarni berdi.

    Xalqaro konferensiya davomida dunyoda pedagogika fanini rivojlantirishdagi oʻz ilmiy yechimini kutayotgan bir qancha muammolar mavjudligi ham qayd etib oʻtildi. Shuning barobarida, taʼlimni raqamlashtirish, inklyuziv taʼlim, taʼlimda variativ integratsiya, oliy pedagogik taʼlimning investitsion jozibadorligini oshirish, xorijiy taʼlim va ilm-fan texnologiyalarini oʻzlashtirish va jahon hamjamiyatiga integratsiyalashining natijador mexanizmlarini takomillashtirish kabi muammolarni tadqiq qilishda oʻzaro hamkorlik va tajriba almashish zarurligi ham taʼkidlab oʻtildi. Konferensiyaning yalpi majlisi va seksiyalardagi ishida mamlakatimizdagi 120 nafardan ortiq tajribali pedagog-olimlarning maʼruzalari tinglandi.

    Konferensiya doirasida professor-oʻqituvchilarning oʻquv-metodik va ilmiy-innovatsion faoliyat doirasida olingan salmoqli natijalari, intellektual mulk namunalari, iqtidorli talabalarning ijodiy ishlari koʻrgazmalari ham tashkil etildi.

    Konferensiya materiallari asosida 2-qismdan iborat toʻplam nashr etildi. Mazkur toʻplamga kiritilgan tezislar pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari oʻquv rejalari va taʼlim dasturlarining oʻzaro uzviyligini, shuningdek, maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional hamda kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish taʼlim muassasalarining dasturlari bilan uzluksizligini taʼminlash, taʼlim muassasalarining pedagogika sohasidagi ijobiy tajribasini, shuningdek, oʻqitish va taʼlim oluvchilar bilimlarini baholashning zamonaviy uslublarini ommalashtirish, pedagogika sohasida ilm-fan va taʼlimni rivojlantirishga oid dolzarb muammolarni aniqlash, ularni keng jamoatchilik ishtirokida, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlar orqali muhokama qilish va ilgʻor xorijiy tajribalar asosida ularning yechimi boʻyicha tavsiyalar tayyorlash, pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, taʼlim dasturlari va darsliklarni takomillashtirish, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy qilish yuzasidan takliflar ishlab chiqishga xizmat qilishi shubhasizdir.

    Gulichehra DURDIYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi