баннер
24 Apr 2025
02:32

    Xotin-qizlar huquqi va imkoniyatlarini kengaytirish adolat va barqarorlik yoʻlidir

    Bugun milliy davlatchiligimiz tarixiy tajribasi asosida sivilizatsiya rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk ajdodlarimizning ilmiy-madaniy merosini oʻz ichiga olgan insonparvar demokratik davlat, ochiq va adolatli jamiyat — yangi Oʻzbekiston barpo etilmoqda.

    Yangi taraqqiyot bosqichida ayol-qizlar ulugʻlanib, ularning haq-huquqlarini taʼminlash, gʻoya va maqsadlari amalga oshishi, jamiyatda chinakam baxtli yashashi uchun munosib sharoit yaratish masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Bu yoʻnalishda hozirga qadar yuzga yaqin normativ-huquqiy hujjat qabul qilingani fikrimiz tasdigʻidir.

    Prezidentimiz Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻshma majlisida xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ishtiroki kuchaygani jamiyatimiz rivojiga ijobiy taʼsir koʻrsata boshlaganini, muhtarama ayollarimiz, azmu shijoatli yoshlarimizni qoʻllab-quvvatlash bundan buyon ham izchil davom ettirilishi, bu bugungi siyosatning ustuvor yoʻnalishi ekanini taʼkidladi.

    Xalqaro maydonda mamlakatimiz nufuzi oshmoqda

    Dastur va loyihalar doirasidagi izchil saʼy-harakatlar Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi imiji, xalqaro reyting va indekslardagi oʻrniga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.

    Jahon banki tahlillariga koʻra, Oʻzbekiston soʻnggi yillarda gender tenglikka erishish yoʻlidagi islohotlari bilan eng katta muvaffaqiyatga erishgan besh mamlakat — Iordaniya, Malayziya, Syerra-Leone va Togo qatoridan oʻrin olgan.

    Bu hammasi emas: “2022-yil oktyabr oyidan buyon Oʻzbekistonda xotin-qizlarning mavqeini oshirishga qaratilgan toʻrtta muhim huquqiy islohot amalga oshirildi”, deyiladi Jahon banki hisobotida. Oʻzbekiston reytingda 11,9 punkt koʻtarilib, mamlakat “Ayollar, biznes va qonun 2024” indeksida maksimal 100 balldan 82,5 ball toʻpladi.

    Oʻzbekiston Singapur, Turkiya va Birlashgan Arab Amirliklari bilan bir xil ball toʻpladi, shuningdek, Markaziy Osiyoda eng yaxshi natija koʻrsatdi”, deyiladi hisobotda.

    Ochiq gender maʼlumotlari indeksi butun dunyo boʻylab genderga oid maʼlumotlar mavjudligi va ochiqligini baholaydi. Open Data Watch tashkilotining soʻnggi hisobotida Oʻzbekiston 69,7 ball toʻplagan holda Ochiq gender maʼlumotlari indeksida jahondagi eng yaxshi 20 mamlakat orasidan joy olgani qayd etilgan. Vaholanki, 2023-yilda Oʻzbekiston 37 ball toʻplagan holda 56-oʻrinni egallagandi. Mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarning nufuzli xorijiy tashkilotlar tomonidan xolis baholanishi kelgusida baland marralarni zabt etishga ruhlantiradi.

    Ijtimoiy-siyosiy hayot va parlamentda gender tenglik

    Bugun xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 35, tadbirkorlik sohasida 45, siyosiy partiyalar tarkibida esa 49 foizga yetdi. Boshqaruv xodimlari orasida xotin-qizlar ulushini 2030-yilgacha 30 foizga yetkazish talabi davlat korxonalarining ijro organlari, jumladan, direktorlar va kuzatuv kengashlari tarkibini shakllantirishga ham tatbiq etilishi belgilandi.

    Ayni vaqtda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 38 foizi, Senat aʼzolarining 27 foizi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahri kengashlari deputatlarining 32,6 foizi ayollardan iborat.

    Bu esa mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy maydonida xotin-qizlarga ishonch yuqori ekani, bu borada yaratilayotgan imkoniyatlar samara berayotganining yorqin ifodasidir. Yangi deputatlar orasida ayollar va yoshlar ulushi tarixiy ahamiyatga ega boʻlib, xalq vakillarining 57 nafarini ayollar tashkil etgani mintaqa uchun eng yuqori koʻrsatkich hisoblanadi. Bu koʻrsatkichlar Oʻzbekistonning gender tenglik borasidagi ishlari haqiqiy yangilanish va jahon miqyosida tan olinishining tasdigʻidir.

    Milliy parlamentlar boʻyicha xalqaro reytingda (IPU Parline) Oʻzbekiston parlamentdagi xotin-qizlar salmogʻi boʻyicha jahondagi 193 davlat orasida 49-oʻrindan 34-oʻringa koʻtarilgani davlatimizning demokratiya va gender tenglik sohasidagi katta yutuqlaridan dalolat beradi.

    Yangi Oʻzbekistonning kelajagi yanada barqaror va tenglikka asoslangan boʻlishi uchun vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklarda gender tenglikni taʼminlash va xotin-qizlarning boshqaruvdagi ishtirokini oshirish amaliyoti davom etadi.

    Taʼlim bilan qamrov koʻrsatkichlari

    Mamlakatimizda xotin-qizlarning taʼlim olishi va kasbiy koʻnikmalar orttirishiga har tomonlama koʻmaklashish uchun qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Birinchidan, ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga umumiy kvotaning 4 foizi miqdorida (2 mingta oʻrin) grant ajratilib, talabgorlar Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi tavsiyanomasi bilan davlat granti asosida imtiyozli oʻqishga qabul qilinishi yoʻlga qoʻyilgan edi.

    Shu asosda 2020-2024-yillarda ehtiyojmand 8653 xotin-qiz oliy taʼlim muassasalariga qoʻshimcha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilindi.

    Ikkinchidan, 5 yillik mehnat stajiga ega, lekin oliy maʼlumotli boʻlmagan 500 xotin-qizga qoʻmita tomonidan tavsiyanomalar berish tizimi orqali xotin-qizlarni oliy taʼlim muassasalariga toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilish tartibi joriy etildi. Bu tizim asosida 2022-2024-yillarda 1256 xotin-qiz oliy taʼlim muassasalariga imtiyozli ravishda oʻqishga qabul qilindi.

    Uchinchidan, 2021-yildan boshlab muhtoj yolgʻiz ayollar va boquvchisini yoʻqotgan qizlarning oliy taʼlimdagi kontrakt toʻlovini qoplab berish tartibi yoʻlga qoʻyildi. 2021-2024-yillarda 6000 ga yaqin talaba xotin-qizning kontrakt toʻlovi mahalliy byudjet mablagʻi hisobidan qoplandi.

    Toʻrtinchidan, davlat oliy taʼlim muassasalari magistratura bosqichida oʻqiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt toʻlovi qoplab berilishi tizimi joriy qilinishi hisobiga 2022-2024-yillarda 15 mingdan ziyod magistrant qizning kontrakt summasi toʻlab berildi.

    Beshinchidan, oliy taʼlim muassasasi, texnikum va kollejlarda kunduzgi taʼlimda oʻqiyotgan xotin-qizlar kontraktini toʻlash uchun 7 yilga foizsiz kredit berish tartibi joriy etildi. Oʻtgan qisqa muddatda 181,5 mingdan ziyod talaba xotin-qizga 7 yil muddatga foizsiz taʼlim krediti ajratildi. Natijada oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan 1 million 479 ming 384 talabaning 52,2 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Bu koʻrsatkich 2017-yildagi 39 foizga nisbatan sezilarli oshgani taʼlim imkoniyatlari xotin-qizlarimiz hayotida aks etayotganini koʻrsatadi.

    Shuningdek, magistratura bosqichida tahsil olayotgan 24 ming talabaning 60 foizi yoki 17 mingdan ziyodi xotin-qizlardir. Bu koʻrsatkich 2018-yilga nisbatan 3,8 barobar ortgan. 2023-yildan boshlab esa kollej va texnikumlarda qurilish, transport, kommunal, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish sohalaridagi kasb hamda mutaxassisliklar boʻyicha xotin-qizlar toʻliq grant asosida oʻqishga qabul qilinadigan boʻldi.

    Yangi ish oʻrinlari va tadbirkor ayollar

    Davlatimiz rahbari 2024-yili xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan oʻtkazilgan tadbirda xotin-qizlar bandligini taʼminlash, tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish va rivojlantirish, mehnat bozorida talab yuqori kasb-hunarlarga oʻqitish barcha masʼullarning asosiy vazifasi ekanini belgilab, bu yoʻnalishda “favqulodda holat” eʼlon qildi.

    2024-yilda 889 ming 567 xotin-qizning bandligini taʼminlashga koʻmaklashildi. Jumladan, 284 ming 41 xotin-qiz mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitildi. Birgina mana shu yoʻnalishni 2017-yil bilan solishtirganda oʻsha yili qamrov bor-yoʻgʻi 4200 nafarni tashkil etganini hisobga olsak, qisqa muddatda bu jarayon qanchalik jadallashib ketgani, unga ehtiyoj va talab nihoyatda katta boʻlganini anglash qiyin emas.

    Shuningdek, 197 ming 789 xotin-qizga 3,3 trillion soʻmlik kredit ajratildi. Natijada tadbirkor ayollar ulushi 2017-yildagi 21 foizdan 45 foizga koʻtarildi. Tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish, oʻzini oʻzi band qilish istagidagi 43 ming 504 xotin-qizga 240 milliard soʻmlik subsidiya berildi. Bundan tashqari, xotin-qizlarni pillachilikka keng jalb qilish uchun 967 ming nafarining ipak qurti parvarishlashda bandligi taʼminlandi. 2024-yilning oʻzida 520 dan ortiq mahallada xotin-qizlar bandligini taʼminlash va salomatligini mustahkamlash markazi ochildi.

    Xotin-qizlar bandligini taʼminlashga koʻmaklashish maqsadida 5 ta tuman tajribasi mamlakat boʻyicha ommalashtirildi. Jumladan, xonadonlarda uchtadan ortiq daromad manbaini yaratish boʻyicha Sayxunobod tajribasi, hunarmandchilikni rivojlantirish orqali ayollar bandligini taʼminlash boʻyicha Jondor tajribasi, aholi daromadini oshirish — xonadonda moliyaviy paketlarini joriy qilish boʻyicha Nishon, Shofirkon tajribasi, xotin-qizlar bandligini taʼminlashga qaratilgan kooperatsiyalar tashkil etish boʻyicha Bagʻdod tajribasi, kashtachilik maktabi va qoʻy yungini qayta ishlashni yoʻlga qoʻyish boʻyicha Shahrisabz tajribasi keng joriy etildi.

    Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda “Xotin-qizlar bandligini taʼminlash” yagona avtomatlashtirilgan monitoring axborot platformasi ishga tushirildi hamda tegishli tizimlar bilan integratsiya qilindi.

    Tadbirkor xotin-qizlar hamda tadbirkorlik qilish istagidagi ayollarning biznes loyihalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida iqtisodiy idoralar bilan birga mamlakatning barcha hududlarida “Ayollar biznesini qoʻllab-quvvatlash” uchrashuv-muloqotlari tashkil etilmoqda.

    Ishsiz xotin-qizlar xatlovi natijalariga koʻra, mahalla, tuman, shahar va hududlarning 2025-yilda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, bandligini taʼminlash, tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish, oila institutini mustahkamlashga qaratilgan dasturlari, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari boʻyicha ­“ombor” kitobi ishlab chiqildi.

    Bunday dasturlar xotin-qizlarning ijtimoiy rolini mustahkamlab, ularni biznes va ishlab chiqarish jarayoniga faol jalb etishga xizmat qiladi. Zero, har bir ayolning hayotidagi kichik qadamlar butun boshli mamlakat taraqqiyotiga eltuvchi katta islohotlarga aylanadi.

    “Masʼuliyatli ota-onalik” loyihasi

    “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish borasida “Oilalar mustahkamligi uchun barchamiz masʼulmiz”, “Farovon oila — kelajak poydevori” tamoyillari asosida oilaviy, milliy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha konseptual vazifalar belgilab berilgan.

    Oila qadriyati har qanday xalq, davlatning asosiy kuchi va ijtimoiy-maʼrifiy qudrati timsolidir. Oilalari mustahkam va totuv boʻlgan yurt taraqqiy etadi, farovon boʻladi, odamiylik, umuminsoniy fazilatlar va yuksak qadriyatlar gullab-yashnaydi.

    Bizning oilalarimiz oʻziga xos milliy mezon va bebaho insoniy meroslarni mujassam etgan qadriyat maskanidir. Shu bois, oilani asrash butun millatni, undagi jami maʼrifiy qirralar, mezonlarni asrash, deganidir.

    Bugun mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish deb atalayotgan ulkan oʻzgarishlar davri kechmoqda. Yangi maʼnaviy makon yaratish, yangi Oʻzbekistonning axloqiy qiyofasi rivojida oila va nikoh munosabatlarining oʻrni har qachongidan muhim.

    Insonga odamiylik, yaxshi xulq, taʼlim-tarbiya va umuman, ijobiy xislatlarni oʻrgatuvchi maktab oiladir. Xalqimizda “Qush uyasida koʻrganini qiladi” degan maqol bor. Demak, tarbiya oiladan boshlanadi. Birinchi tarbiyachi ota-onadir. Shu bois, “Masʼuliyatli ota-onalik” loyihasi ishlab chiqildi.

    Farzand koʻrish yoshidagi ayollar uchun “Tibbiy koʻmak berilishi lozim boʻlgan xotin-qizlar bilan ishlash tartibi” joriy etildi. Unga koʻra, 99 ming 976 xotin-qizga tibbiy maslahatlar (targʻibot tadbirlari) berildi hamda aksariyatini sogʻlom turmush tarziga qaytarishga erishildi.

    “Sogʻlom oila — kelajak poydevori”, “Erta va yaqin qarindoshlar nikohiga qarshi birga kurashamiz” risolalari, “Reproduktiv salomatlik tamoyillari” mavzusida tibbiy axborot materiallari ishlab chiqilib, mahallalardagi xotin-qizlar faollariga yetkazildi. Reproduktiv maslahatga muhtoj xotin-qizlar bilan ishlash tartibi yaratildi. 337 ming 654 xotin-qiz bilan individual ishlandi. Natijada qariyb 224 mingi sogʻlom turmush tarziga qaytdi.

    80 mingdan ziyod sport musobaqasi oʻtkazilib, unda 2,8 milliondan ortiq xotin-qiz ishtirok etdi. Xususan, vazirlik, idora va tashkilotlar xodimlari hamda oila aʼzolari oʻrtasida oilaviy sportni rivojlantirish maqsadida 25 ta jamoada 300 dan ziyod ayol va farzandlari ishtirokida Gimnastrada festivali oʻtkazildi. 298 mingdan ortiq targʻibot tadbiri tashkil etildi, 206 mingdan ziyod targʻibot materiali berildi.

    Ayollarni ehtiyojmandlikdan chiqarish — ustuvor vazifa

    “Ayollar daftari”ga kiritilgan 1 million 237 xotin-qizning qariyb 995,5 ming nafariga yordam berildi. Ularning 549 mingga yaqini yangi ish oʻrinlari va jamoat ishlariga joylashtirildi. 36 mingga yaqiniga tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishi uchun 362,4 milliard soʻmlik imtiyozli kredit ajratildi.

    Boquvchisi yoʻq, nogironligi va nogiron farzandlari bor 404,5 ming ayolga 402,8 milliard soʻmlik bir martalik moddiy yordam berildi. Uy-joyga muhtoj, ehtiyojmand 5891 xotin-qizning 432 nafari uy-joy bilan taʼminlandi, 5459 nafariga ijara kompensatsiyasi toʻlab berildi. 210,5 ming xotin-qiz va ularning voyaga yetmagan 48,5 ming farzandi tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi.

    Shuningdek, 180 mingdan ziyod xotin-qizga huquqiy yordam koʻrsatildi. 2682 nafariga dehqonchilik bilan shugʻullanish uchun jami 725 gektar yer ajratildi. Oliy oʻquv yurtida tahsil olayotgan 388 xotin-qiz va “Ayollar daftari”dagilarning 150 nafar farzandi oʻqishi uchun kontrakt toʻlovining bir qismi toʻlab berildi.

    Bu kabi koʻrsatkich va imkoniyatlar, avvalo, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga samarali yordam berishga qaratilgan. Ular turli qiyinchiliklarni yengib oʻtib, yangidan hayotga qadam qoʻyishi uchun davlat tomonidan koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik oʻziga xos ragʻbat va qoʻllab-quvvatlovdir.

    “Xavfsiz oila” tamoyili amalda

    Yangi Oʻzbekistonda ayollar va bolalar huquqlarini taʼminlash hamda har tomonlama himoya qilish uchun xalqaro standartlarga asoslangan huquqiy va institutsional baza shakllantirildi.

    Mamlakatimizda “Ayolni eʼzozlash — ezgulik va adolat mezoni” degan gʻoyani hayotga tatbiq etish maqsadida ayollarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy, huquqiy, psixologik, tibbiy yordam berish tizimi yoʻlga qoʻyildi.

    Jamiyatda xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikka murosasiz muhit yaratish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash uchun izchil chora-tadbirlar koʻrilmoqda. “Zoʻravonlikka qarshi 16 kun” kampaniyasi va xalqaro konvensiyalar asosida Oʻzbekistonda jamiyatdagi barqarorlikni mustahkamlash uchun kompleks ishlar bajarilmoqda.

    “Ayolni eʼzozlash — ezgulik va adolat mezoni” degan gʻoyani hayotga tatbiq etish maqsadida ayollarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy, huquqiy, psixologik, tibbiy yordam berish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Oʻtgan yilning oʻzida tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish borasida 2 ta qonun, Prezidentimizning 1 ta qarori, Vazirlar Mahkamasining 2 ta qarori qabul qilindi.

    2024-yilda “Xavfsiz oila” moduli orqali 156 mingdan ortiq oiladagi nizolar hal etildi, 74 ming 278 oila yarashtirildi, 13 ming 57 xotin-qizga himoya orderi berildi. Yanvar oyida 42,5 mingga yaqin oiladagi nizolar tahlil qilinib, qariyb 11 ming oilaning muammolarini hal etish chorasi koʻrildi, 579 nafariga himoya orderi taqdim etildi. Bu amaliy ishlar jamiyatda xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikka barham berish va ijtimoiy-iqtisodiy holatini yaxshilashga yordam beradi.

    Oilaning taʼlim-tarbiyaviy salohiyatini mustahkamlash, jamiyatda oilaviy qadriyatlarni saqlash, maʼnaviy-axloqiy muhitni yaxshilash va farovonlik darajasini oshirish hamon jamiyatimizdagi dolzarb masalalardan biri boʻlib qolmoqda.

    Oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarni yangicha yondashuv asosida olib borish, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, huquqiy savodxonligini oshirish, psixologik yordam berish, mustahkam, totuv va baxtli oila yaratishga koʻmaklashish, oilaviy nizolarni hal etishda mediatorlik institutini rivojlantirish, tez daromad topadigan kasb-hunar oʻrgatish, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish maqsadida joylarda “Oila va xotin-qizlar maskanlari” tashkil qilinmoqda. Jumladan, Jalaquduq, Bagʻdod, Uychi, Oqdaryo, Shayxontohur, Vobkent, Olot, Qorovulbozor, Buxoro, Bandixon, Qumqoʻrgʻon, Amudaryo, Shumanay tumanlarida hamda Ohangaron, Olmaliq, Kogon shaharlarida “Oila va xotin-qizlar maskanlari” ochilib, faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

    Kelgusida yoshlarni oilaviy hayotga tay­yorlash, oilaviy nizolarning oldini olish hamda xotin-qizlarga huquqiy-tibbiy va psixologik yordam koʻrsatish maqsadida barcha tumanlarda “Oila va xotin-qizlar maskanlari” faoliyatini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.

    Har bir xotin-qizga eʼtibor va hurmat koʻrsatish, fikr va gʻoyalarini amalga oshirishi uchun imkon berish jamiyat tinch va barqaror boʻlishining kalitidir. Yangi Oʻzbekistonda xotin-qizlarning huquqlarini mustahkamlash va ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishidagi izchil islohotlar oilalardagi maʼnaviy, axloqiy va ijtimoiy barqarorlikni taʼminlaydi, pirovardida yurtimiz taraqqiyotining asosini tashkil etadi.

    Zulayho MAHKAMOVA,

    Bosh vazir oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi

    Telegram kanalimiz
    Text to speech